background
logotype

Antiqa kelin tanlash yoxud sovchi “makler”lar

Nikoh to‘yi xalqimizning eng quvonchli marosimlaridan biri. Ana shu marosimda oila, deb atalgan muqaddas qo‘rg‘onga asos solinadi. Unga taraddud esa to‘ydan ancha avval boshlanadi. Ya’ni kelin tanlanganidan so‘ng har ikki tomonning bir bitimga kelib, fotiha o‘qishlari uchun sovchi yuboriladi. O‘z-o‘zidan ayonki, duch kelgan odamdan sovchi chiqmaydi. Sovchilar ham tanlab-tanlab qo‘yiladi. Ko‘p hollarda yoshi ulug‘ yoki el-ulus orasida muayyan obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan kishilar sovchi bo‘ladi.

Tanlangan sovchilar ham duch kelgan xonadonning eshigini qoqib boraverishmaydi. Kuyov tarafning yaqinlari tomonidan tanlangan, odatda, iboli, hayoli, axloqli, ma’lumotli va biror kasb-hunarli farzand o‘stirgan xonadonlarga sovchi bo‘lib borish sovchilarning o‘zi uchun ham yoqimli va savob yumush hisoblanadi.

Biroq bugungi globallashuv davrining kayfiyati va ta’siri ikki yoshning taqdirini bir-biriga qo‘shib, muqaddas oila yaratishdek eng nozik va mas’uliyatli jabhaga ham “bosh suqayotgan”ga o‘xshaydi. Ilgari bir-birini yoqtirib qolgan yoshlar arzi-holini turfa iboli, xalqimiz mentalitetiga xos yo‘llar bilan ifoda etishgan. Aytaylik, bir-birlariga xat jo‘natishgan, opa-singil yoki xolalari orqali ko‘ngil so‘rashgan, rizolik belgisi sifatida kashtali dastro‘molcha olishgan va hokazo.

Mobil telefonlari ko‘payib ketgani esa endilikda bunday nihoyatda go‘zal udumlarni ham yoshlarimiz hayotidan siqib chiqarayotganga o‘xshaydi. Ayrim yengiltak o‘smirlar yoqtirgan qizlarining telefon raqamini bilib olib, avvaliga telefondan xat jo‘natishsa, so‘ng bunga ham qanoat qilmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon orqali muhabbat izhor qilayotganlari qulog‘imizga chalinib turibdi.

Men aytmoqchi bo‘layotgan “makler” sovchilar oldida esa hali bularni holva ekan, deysiz. “Makler” sovchilar hozir kuyov tomonning “buyurtmasi“ga ko‘ra, qizlar tahsil olayotgan kollej va oliy o‘quv yurtlariga tap tortmasdan kirib kelishmoqda. Tanaffus bo‘lishini poylab turishadi-da, auditoriyaga yopirilishadi. Ajablanarli jihati, qizlarni birma-bir turg‘azib, qaddi-qomati, ko‘rinishini tomosha qilishadi. Qizning nasl-nasabi, kelib chiqishi, oilaviy ahvoli haqida ularning o‘zidan so‘rab bilish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? “Makler” sovchilarning bunday surbetligiga hali odatlanmagan, ularga “Bor ishingni qil”, deyishga qizlik hayosi yo‘l qo‘ymay, iymanib turgan talabalar o‘zini qanday tutishni bilmay qiynalayotganlarini tasavvur etish qiyin emas. Qaysi o‘zbek qizi bunday “antiqa savollar”ga javob bera oladi? O‘ylab qolasan, ko‘pincha “yoshlar, yoshlar“, deymiz-u, ayrim kattalarning o‘zlari ham yoshlarning tobora sharttaki bo‘lib qolishiga yo‘l ochmayaptilarmi?

— Shaxsan men o‘qishga kelib qiz bolaning o‘zidan uy manzili, telefon raqami va boshqa ma’lumotlarni so‘rab olishni madaniyatsizlik, deb tushunaman, — deydi talaba Sevara Usmonova. — Bu qiz bolaning sha’niga, qolaversa, ota-onasi va oilasi sha’niga hurmatsizlik.

— “Makler“ sovchilar talabalar o‘qiyotgan guruhga xuddi do‘konga borgan bozorchidek kirib kelishadi, — deydi talaba Nazokat Saidova. — Go‘yo biz bir buyumu, ular xaridor. Hatto ayrimlari yoshi katta yoki oilasi bilan ajrashgan o‘g‘illariga ham o‘n sakkiz-yigirma yoshli qizlarni tanlashayotganiga hayron qolasiz.

Talabalar o‘qiyotgan joylarga tap tortmay kirib kelayotgan vositachilar orasida aslida kuyov bo‘lmishga hech qanday qarindosh bo‘lmagan, birov undan hech narsani iltimos qilmagan bo‘lsa-da, qaerda qanday qiz borligi va ular haqidagi ma’lumotlarni ro‘yxat qilib yurganlar ham ozmuncha emas. Ular mahallama-mahalla kezib, o‘z xizmatini taklif qilishadi va ishni pishitishni zimmasiga olib, yigit tomondan pul ham undirishadi. Endi shunday savol tug‘iladi: o‘sha vositachi “makler“ sovchilar yordamida qurilgan oilaning mustahkam bo‘lishiga kim kafolat beradi? Sovchilarning o‘zimi yoki qarindosh-urug‘chilikni o‘zlari tanimaydigan yetti yot begonaga topshirib qo‘yayotgan ota-onalar? Mo‘may pul topish umidida xalqimizning nozik tuyg‘ulari va urf-odatlari bilan hisoblashmay yosh talaba qizlarni so‘rab-surishtirayotgan o‘sha “makler“ sovchilarning o‘zlarini ham bir surishtirib qo‘yish kerak emasmi? Qolaversa, kollejlar va oliy o‘quv yurtlarining mutasaddilari ham bu holga befarq va loqayd qarab turmasliklari zarur, deb o‘ylaymiz.

Saidabonu Madiyorova,

O‘zMU jurnalistika fakulteti talabasi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 4-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.