background
logotype

Baxtiyor Rizo. Ham tahdid, ham tahqir

Hech shubha yo‘qki, bizda xushxulqli, odobli, iffatli, hayoli xotin-qizlar millatimizning bebaho boyligi, sog‘lom kelajakning asosi hisoblanadi va e’zozlanadi.

Diskotekalar esa mana shu boyligimizga rahna soladigan, qadriyatlarimizni emas, qadrimizni ham havoga sovuradigan maskandir.

Hamma davrlarda bo‘lgani kabi hozirgi paytda ham faqat kunini bir amallab o‘tkazish xayoli bilan yashayotgan yoshlar ham yo‘q emas. Bir guruhi puldor ota-onalarning arzandasi, bir guruhining esa yengil-elpi hayot istagida o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, ko‘zlagan maqsadiga yeta olmasdan hafsalasi pir bo‘lgan. Bu toi­fadagi yigit-qizlarni bitta narsa — ma’naviy qashshoqlik, dangasalik, maqsadsizlik birlashtirib turadi. Shamol tabiatli bu to‘daning o‘ylari, rejalari ham fe’llari kabi yengil, beqaror va shu darajada ma’nosizki, xurmacha qiliq va qilmishlarini ko‘rib, shularning ham inson farzandi ekaniga aqling bovar qilmay qoladi.

Albatta, bu xildagi hayotga, o‘zining taqdiriga osmondan turib qaraydigan, yashashning ma’nosini lahzalik huzur-halovatda deb biladigan yoshlarning ham bir-birini izlab topadigan, uyushadigan joyi bor. Diskoteka klublari ana shu toifaga mansub kimsalarning doimiy makoni, desak xato bo‘lmaydi.

Bu maskanlarning shakli-shamoyili va andozasi bizga ummonlar osha G‘arbdan kirib kelgan. Ba’zi yoshlarning nuqtai nazariga ko‘ra, u dargohga o‘ralashish, shov­qin-suronli, jazavali xorijiy nag‘malar ohangida holdan toyguncha irg‘ishlash, emin-erkin behayo qiliqlar bilan mashg‘ul bo‘lish, allaqanday qurama tilda muloqot qilish “yuksak madaniyatlilik” belgisi hisoblanadi.Ular shu asnoda o‘zlarini g‘arb­lik tengdoshlarini quvib-etgan, jilla qursa ularning izidan borayotgan “il­g‘or yoshlar” deb bilishadi, ilm bilan, mehnat bilan shug‘ullanayotgan tengdoshlariga mensimasdan qaraydilar, hayotdan orqada qolgan madaniy qoloq tabaqa sanaydilar. Biroq, o‘zining qadr-qimmatini biladigan o‘sha teng­qurlarining ulardan hazar qilishini xayollariga ham keltirmaydilar.

Achinarlisi, bu “erkatoylar” o‘zlari sig‘inayotgan, taqlid qilayotgan, “yuksak madaniyat namunasi” deb bilgan, ammo boshdan-oyoq axloqsizlikka asoslangan o‘sha hayotning tarixi, mohiyati bilan qiziqmaydilar va bilmaydilar...

* * *

Biz bilan “yuksak rivojlangan” mamlakatlar aholisi o‘rtasidagi tafovutni, sodda qilib, o‘zimizning oddiy o‘zbek mahallasi va qo‘p qavatli bino misolida tushuntirish mumkin.

Ma’lumki, mahallada azal-azaldan bir-birini biladigan, taniydigan kishilar quda-andachilik va qarindosh-urug‘chilik rishtalari bilan chambarchas bog‘liq holda istiqomat qilishgani bois barcha oilalarning, katta-yu kichikning hayoti qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘z oldida kechadi. Natijada o‘zaro hurmat, mehr-oqibat ustuvor bo‘ladi, hech kim mahallasida nojo‘ya ish bilan shug‘ullanishga jur’at etmaydi. Elning sinchkov nazari ostida voyaga yetgan yigitlar odob-andishaga qanchalik rioya qilgan bo‘lsa, qizlar o‘n chandon o‘z sha’ni va nomini asrashga intiladi. Bu an’ana hozirgacha ham davom etib kelmoqda.

Albatta, el orasida bilibmi-bilmay jinoyat qilgan, yo nomunosib qilig‘i bilan ahli mahallani ranjitganlar ham uchrab turadi. Bunday kimsalar yo jamoatchilikning ta’siri orqali to‘g‘ri yo‘lga solinadi, yo eldan chiqadi. Mana shuning o‘zi ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, milliy qadriyatimizning, eng go‘zal insoniy fazilatlarning asrlar osha yashab, xalqimizning ma’naviy pokligini asrashga xizmat qilgan va qilmoqda...

Ko‘p qavatli uyga esa taqdir-taqozosiga ko‘ra turli millatga, elatga mansub bo‘lgan deyarli notanish xonadonlar jam bo‘ladi. Qo‘shnilar bir-birini tanimaganidan so‘ng, bir-birlarini tan ham olmaydi. Shu asnoda birovdan uyalishga, tortinishga, andisha qilishga aslo ehtiyoj qolmaydi. Har kimning o‘z bilganicha, o‘ziga ma’qul kelgan tarz­da yashashiga imkoniyat tug‘iladi. Albatta, o‘zining insoniylik qadrini yaxshi bilgan, ma’naviy jihatdan xalqidan, millatidan ajralmagan xonadonlar tinch-totuv yashash bilan birgalikda, farzandlarini ham odobli, iffatli qilib tarbiyalaydi, ota-ona o‘z ibrati, nasihati bilan yot ta’sirlardan muhofaza qiladi.

Bu — hamma ko‘p qavatli uylar ham shunday maskanga aylanib borayapti, degani emas. Yurtimizda, aksincha ko‘p qavatli uylar, dahalarga mahalla ruhi kirganiga, ularda yashayotgan xonadonlar o‘rtasida ham milliy qadriyatlar ustuvor bo‘lib borayotganiga ancha bo‘ldi.

Yuqoridagi misolni keltirishdan maqsad shuki, bizga shaxs erkinligi niqobi ostida xudbinlikka, axloqsizlikka asoslangan o‘z madaniyatini singdirishga urinayogan ayrim davlatlar shakli va mohiyatiga ko‘ra, xuddi o‘sha avvalgi ko‘p «qavatli uy»ning bir nusxasidir, demoqchimiz xolos

* * *

Dunyoning barcha hududlaridan mo‘may daromad, erkin hayot istagida kelgan turfa xalqlar, turli elatlarga mansub kimsalar o‘zlari intilgan “erkin dunyo­ga” kelgach, tabiiyki milliy zaminidan uziladi, endi uning ota-bobolari e’tiqod qilgan dinga, urf-odatlarga rioya qilishiga ehtiyoj qolmaydi. Eng muhimi pul topishning uddasidan chiqilsa bo‘ldi, qanday yashash esa har kimning o‘z ixtiyori. Shu tarzda faqat o‘zi uchun yashash aqidasi butun jamiyatning hayot tamoyiliga aylanadi va ma’lum ma’naviy-axloqiy muhitni vujudga keltiradi.

“O‘zing uchun o‘l yetim” qabilida yashash, kun kechirish uchun kurashish zaminida individualizm ruhi paydo bo‘lgan. “Men jamiyatga emas, jamiyat menga xizmat qilishi lozim”, degan qatiy tushuncha aholi barcha tabaqalarining qoniga singgani sababli, xudbinlik katta-yu kichikning ongini o‘rgimchak to‘ridek qoplab olgan.

O‘sha mamlakatlar turmush tarzining qoidasiga aylangan, xudbinlikning ham o‘ziga xos ijobiy tomonlari bor, albatta. Har bir yigit-qiz hech kimga suyanmasdan, tayanmasdan, mo‘’jiza yuz berishini kutmasdan, o‘z bilimi, kuchiga tayanib yashaydi, intilib, zaxmat chekib, boy-badavlat bo‘lishga, jamiyatning yuqori pog‘onalaridan o‘rin olishga, kiborlar guruhining kishisi bo‘lishga tinmay intiladi. Bu yo‘lda o‘zini ayamasdan harakat qiladi, uning jonkuyarligi pirovardida mamlakatining taraqqiyotiga xizmat qiladi. Zero, shaxsiy manfaatdorlik tuyg‘usi bozor iqtisodiyotini harakatga keltiradigan kuch bo‘lgani bois, ishlab chiqarishning barcha tarmoqlari intellektual salohiyatga tayanadi, bu esa fan-texnikaning rivojiga turtki beradi.

Biroq, ota-ona bilan farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar, hatto, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarning insoniy tuyg‘ularga emas, qat’iy hi­sob-kitobga asoslangani o‘zaro hurmat va mehr-shafqatni yemirib tashlagan. Hech kim hech kimga tahdid solmasligiga erishish ehtiyoji inson huquqlari haqidagi tayinli-tayinsiz qonunlarini tug‘dirgan.

Bu gaplarni aytishdan maqsad shuki, jamiyat ichida yolg‘iz o‘zining dardi, quvonchi, orzu-armonlari, g‘ussa-yu anduhlari bilan yashash, boshqa har qanday kimsa timsolida do‘st emas, balki o‘zi tanlagan sohadagi hamkori yoki raqibini ko‘rish o‘z-o‘zidan yurakdagi barcha ezgu tuyg‘ularni so‘ndirib, o‘rnini zardobga to‘ldiradi. Yolg‘izlik hissining quliga aylangan kimsa o‘zgalarni mensimaslik, o‘zgalardan tortinmaslik, hayo qilmaslikka o‘rganadi va ko‘ngil ochadigan turli xil ermaklarni izlaydi.

Ana shu ermaklardan biri esa diskotekadir. U yerdagi musiqa ohanglariga yo‘g‘rilgan «jo‘shqin» muhit, hech qanaqa ta’qibni tan olmaydigan erkinlik, sarxushlik, bir necha soat uchun zarur bo‘ladigan juftini topishdagi qulaylik har qanday yigit-qizni o‘ziga tortishi tabiiy hol.

Ammo, G‘arb mamlakatlarida ham diskotekaga hamma boravermaydi. Xususan, o‘zini aslzoda sanagan va oilasining, o‘zining sha’nini yuksak bilgan, kelajakda yuksak martabalarni ko‘zlab, tarjimai holini har qanday dog‘lardan xoli saqlashga harakat qilgan yoshlar u dargohning ostonasiga qadam qo‘ymaydi. Asosan ishi, daromad manbai tayin­li yigit-qizlar hamda hayotda o‘rnini topa olmagan, bir xumordan chiqishga talpinganlar makon tutadi. Shuning uchun bunday maskanlar o‘sha jamiyat uchun g‘ayritabiiy, axloqqa tahdid soladigan joy sanalmaydi.

Albatta, o‘sha ellarda ham diskotekaning kunda-shundalari ham bor. Ular o‘sha ermaktalablar hisobidan kun ko‘radi, ularning ko‘nglini ovlaydi va shundan lazzat topadi. Ertasiga ko‘chada ko‘rsa bir-birini tanimaslikka olib ketaveradi, bu tabiiy hol hisoblanadi. Ichki mohiyati hamda u yerdagi qilg‘iliklarning shakl-shamoyiliga ko‘ra, diskotekalar o‘sha yurt yoshlarining ma’naviy ehtiyo­jini bir qadar qondiradigan, ya’ni ovutadigan, taskin beradigan madaniy maskan hisoblanadi. Hatto, bu dargohda kimlardir o‘zining baxtini topishi ham mumkin.

Chunki, milliy qadriyatlar qadrini butunlay yo‘qotgan jamiyatlarda ommani ovutadigan, turmush tashvishlaridan, ayniqsa yolg‘izlik g‘amidan chalg‘itadigan, ko‘ngliga vaqtincha bo‘lsa-da taskin beradigan har bir narsa qadrli, ma’qul va manzur bo‘laveradi.

Ushbu jihatlarini diskotekalarning ijobiy xususiyati, deb hisoblasa bo‘ladi. Biroq, salbiy tomonlari o‘n, balki, yuz baravar ko‘proqdir.

* * *

Yurtimizda diskotekalar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Oltmishinchi yillardayoq yoshlarning madaniy hordiq chiqarishlariga mo‘ljallab tashkil etilgan “raqs maydoncha”lari keyinchalik ancha mukammallashgan shaklga kirib, diskoteka yoki “tungi klub” nomini oladi. Oradan yarim asrdan ortiq vaqt o‘tganiga qaramasdan bu maskanlar o‘zbek yigit-qizlari uchun begona dargoh bo‘lib qolaverdi. To‘g‘risi, turli millatga mansub yosh-yalanglar to‘planadigan bu makonlardan ayrim o‘zbek yigitlari bebahra qolgan emas, ayniqsa, yengil ko‘ngil xushi istagidagi yengiltak mahalliy millat vakillari ham boshqalarga taqlidan o‘sha atrofda o‘ralashib “ommaviy lazzat”dan bebahra qolmagan.

Lekin, hech qachon va hozir ham barcha yoshlar uchun “muqaddas” maskan sanalmagan. Chunki, yengil daromad orqasidan quvgan tadbirkorlarning epchil qo‘li bilan ular uchun mo‘may daromad manbai, xalq uchun kasofat o‘chog‘i bo‘lib ko‘rinadigan bu dargohlar bugungi kunda ommalashib borayotgan, shaklan va mazmunan g‘arbdagi maskanlarga o‘xshash bo‘lsa-da, milliy xususiyatlarimiz, axloqiy qadriyatlarimiz, insonning qadri to‘g‘risidagi tushunchalarimiz, o‘zaro munosabatlarimizga zid bo‘lgani bois, uni tom ma’nodagi ma’rifiy-madaniy dargoh sifatida qabul qila olmaydi.

Hech shubha yo‘qki, bizda xushxulqli, odobli, iffatli, hayoli xotin-qizlar millatimizning bebaho boyligi, sog‘lom kelajakning asosi hisoblanadi va e’zozlanadi.

Diskotekalar esa mana shu boyligimizga rahna soladigan, qadriyatlarimizni emas, qadrimizni ham havoga sovuradigan maskandir.

Bu gap yengil kayf-safoni yaxshi ko‘radigan, xorijiy kuy-qo‘shiqlarga mukkasidan ketgan ayrim yoshlarga yoqmaydi, g‘ashini keltiradi. Shu haqda gap ochgan kishini, albatta “zamondan orqada qolgan, madaniyatsiz kimsa”, deb hisoblaydi.

Ammo, beozor ko‘ngilochar dargohlarning kimgadir yetkazgan iqtisodiy zarari yoki foydasi haqida so‘z yuritib o‘tirmaymiz, balki ma’naviy zarari haqida to‘xtab qo‘yaqolamiz.

Avvalo, diskotekaga yoki tungi klublarga asosan ayrim badavlat ota-onalarning ilm­ning ko‘chasini chetlab o‘tadigan, mehnat so‘zini eshitsa labiga uchuq chiqadigan tantiq erkatoylari, allaqanday yengil yo‘llar bilan pul topgan va shunday sovuradigan yigitlar hamda ularning cho‘ntagini ko‘zlagan qizlar boradi. (Mas’ul ish, haqiqiy tadbirkorlik, tijorat bilan shug‘ullanadigan, vaqtining ham, tiyinining ham qadriga yetadigan, biror sohaning egasi bo‘lishni ko‘zlab kasbi-korning yoki bilimning ortiga tushgan yoshlarning sandiroqlab yurishga vaqti ham, toqati ham yo‘q, shu bois uzoqdan bo‘lsa-da bunday joylarga qarab qo‘yishni ham lozim deb bilmaydi).

Boisi peshlavhasi yarqirab, nimqoron­g‘u xonalari allaqanday sirli lazzatlarni va’da qilib turgan bu dargohlarning sog‘liqning ham, umrning ham, kelajakning ham zavoli ekanini aqli butun kimsa yaxshi tushunadi.

Chunki, diskoteka, deganda ko‘z oldingizga beixtiyor ola-quroq yoshlarning jazavali xorijiy nag‘malar ohangida jin chalgandek ming xil muqom qilib ma’nosiz-matrasiz raqsga tushayotgani keladi.

Odam bolasi sarxushlangan sari kim bilandir gaplashgisi, o‘zining mardu maydon ekanini aytib maqtangisi yoki hayotining nobopliklaridan zorlangisi keladi. Bunaqa gaplarni o‘z jinsdoshingdan ko‘ra boshqa jins­ning vakiliga aytish ham maroqli, ham zavq­li. Bu borada esa muammo yo‘q. Ulfatidan jonini ayamaydigan hotamtoylarning dardini olishga shay qizginalar bir imo-ishoraga mahtal bo‘lib, davrada irg‘ishlab yuribdi. Ularga mulozamat, xushomad shart emas, bir-ikki ma’noli qarab qo‘yilsa kifoya, o‘rgatilgan qushdek yoningizga qo‘nadi, xumor ko‘zlarini suzgancha, tamshanib turaveradi. Maydek mayin, maydek muloyim, ariqdan oqqan suvdek tekin.

Kayfiyati chog‘, ruhi baland kimsalar uchun millatning, irqning, hatto jinsning ham ahamiyati yo‘q. Hozirgina topishgan, bir-birining ismini ham arang biladigan yigit-qizlar shu tariqa... Ko‘pincha ma’naviy bot­qoq bag‘rida kechirilgan vaqtinchalik rohat-farohat ortidan aqli raso kishi nomini ham tilga olishga jirkanadigan dardlarni orttiradilar. Ha, aynan tasodifiy tanishuvlar va aloqalar zamirida umr­ga zomin bo‘ladigan OITS va teri-tanosil kasalliklari yotadi...

* * *

Odatda “milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida” degan iborani ko‘p ishlatamiz. Buning teran mazmuni bor. Gap shundaki, biz xalqimizning tarix sinovlaridan o‘tgan necha asrlik urf-odatlari, axloqiy fazilatlarini umumbashariy qadriyatlarga almashtirmoqchi emasmiz, aksincha jahon xalqlarining, ayniqsa ilm-fanda taraqqiyotga erishgan xalqlarning ma’naviyatimizni boyitadigan qadriyatlarini ham o‘z hayotimizga singdirmoqchimiz. Toki, ­dunyoga chiqqanda har bir elning, elatning turmush tarzi, yashashi, odobi va madaniyatdan yaxshi xabardor ekanligimizni ko‘rsataylik, hatto ularni o‘zimizning bilimimiz, aql-farosatimiz bilan qoyil qoldiraylik. Ammo, ko‘r-ko‘rona tarzda ularga ergashib, o‘zimizning bebaho qadriyatlarimizdan ham ayrilib qolmaylik.

Shuning uchun ham diskotekalar, tungi klublar, qimorxonalar jamiyatimizga, ayniqsa yoshlarimizga nima beradi, nimani o‘rgatadi, bizga nima nafi tegadi, degan savolni keng jamoatchilik chuqur o‘ylab ko‘rishi, milliy qadriyatlarimizga nafaqat tahdid soladigan, balki tahqirlaydigan shu singari dargohlarga nisbatan o‘zining qat’iy va qonuniy munosabatini bildirishi tayin.

Chunki, millatimiz ma’naviyatining ham, obro‘sining ham, shon-sharafining ham himoya­chisi o‘zimiz.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.