background
logotype

Dunyo Zoda. Ayol baxti... ko‘chada emas

Odamlar orasida qachondan boshlab “mardikor ayol” degan ibora muomalaga kirdi. Bu so‘z quloqqa chalinganida uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa, bozor-o‘char yukini nozik yelkalariga ortmoqlab ketayotgan ojizayu mushtipar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Yana ayol bozorga chiqadimi yoki yo‘qmi, degan muammolar haqida ham to‘xtalaveramiz. Biroq, ba’zi sog‘lom, baquvvat erkaklar soyada yotib ayolini bozorga chiqarib qo‘yishi – bu tashvishga soladigan holat. Shunday emasmi?

Tiriklik degani ayol emasmi? Uning allasidan yetmish ikki tomirimizda Vatan degan ulug‘ so‘z uyg‘onsa, aql-zakovatidan, nazokati va hayosidan millat tarbiyalanadi.

Hazrat Payg‘ambarimiz: “Agar odam odamga sajda qilib, sig‘inish joiz bo‘lganda men farzandlarni o‘z onalariga sajda qilishga, ayollarni esa o‘z erlariga sajda qilishga buyurgan bo‘lur edim” deganlar muborak hadislarida. Ayolning bu qadar ulug‘lanishi uning e’tiqodi, diyonati, axloq-odobi, halolligidadir.

Odamlar orasida qachondan boshlab “mardikor ayol” degan ibora muomalaga kirdi. Bu so‘z quloqqa chalinganida uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa, bozor-o‘char yukini nozik yelkalariga ortmoqlab ketayotgan ojizayu mushtipar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Yana ayol bozorga chiqadimi yoki yo‘qmi, degan muammolar haqida ham to‘xtalaveramiz. Biroq, ba’zi sog‘lom, baquvvat erkaklar soyada yotib ayolini bozorga chiqarib qo‘yishi – bu tashvishga soladigan holat. Shunday emasmi?

...Kuni kecha Chorsu bozoriga xarid qilish asnosida yo‘lim tushdi. Bozorning avtomobillar to‘xtash shohobchasiga to‘xtagan mashinaning oldiga yugurib borib “Nima xizmat bo‘lsa, biz tayyormiz”, deya javrab turgan besh-olti nafar mardikor ayollarga duch keldim. Salom-alikdan so‘ng mijozi bilan savdosi kelishmagan ayollar bilan tanishish maqsadida gap boshladim:

– Hormanglar, ish izlayapsizlarmi deyman, deya suhbatga chorlagan bo‘ldim ularni. Mana shu tirikchilik bilan qancha pul topasizlar?

– Kuniga 10-15 ming so‘m ishlaymiz. Bu degani bir oyga 300 ming so‘mdan ortib ketadi, – deya savolimga javob berdi ayollardan biri.

– Sovuqni-sovuq, issiqni-issiq demay ertadan kechgacha bozorda bo‘lsangiz. Ro‘zg‘or yumushlari, farzandlar tarbiya­si bilan kim shug‘ullanadi, dedim hayratlanib.

– ...

O‘rtada og‘ir sukunat cho‘kdi.

– ...Ko‘proq nima ish bilan shug‘ullanasizlar?

– Masalan, deylik, – dedi men bilan bahsga kirishgan o‘zini asli Andijondanman deya tanishtirgan Azizaxon. – Nima ish bo‘lsa ham bajarib ketaveramiz. Bizga pulini yaxshi to‘lashsa bo‘lgani. Ayniqsa, to‘y mavsumida bozorimiz qaynaydi. Davlat idorasida ertadan-kechgacha o‘tirib topgan bir oylik maoshimni bozorda omad chopsa bir kunda ham ishlashim mumkin. Lekin bizga o‘xshaganlarga oson tutmang. Ba’zan ish jarayonida har xil vaziyatdan chiqib ketishga to‘g‘ri keladi. Sizga bir voqeani gapirib bersam. Yaqinda meni Qorasaroy dahasiga to‘yga olib ketishdi. Yaxshi xizmat qilganim uchun sarpo ham berishdi. To‘yning ertasi kuni esa o‘sha mijozim kelib meni “Xizmat bor”, deya yana olib ketdi. Avval boshda men hayron bo‘ldim. To‘yxonaga kirgach, to‘y egasi kelini o‘rniga kelin salom qilishimni tayinladi. Tashrif buyurgan mehmonlarga kelin salom berayotgan paytimda kelinning o‘rniga men chiqqanligimni mahalla maslahatchisi sezib qoldi. Davrada shov-shuv ko‘tarilib, janjalga aylandi. O‘shanda to‘yxonadan “ish haqim”ni ham ololmay, malomatdan arang qochib qutilganman, – deydi hasratidan chang chiqib Azizaxon.

E’tiborimni tortgan ayollardan yana biri namanganlik Maqsuda opa bo‘ldi. U ham boshidan kechirgan tashvishlarini bayon etdi.

– Mardikor bozoriga chiqa boshlaganimga hali unchalik ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Qizim oliy o‘quv yurt­larining birida kontrakt­da o‘qiydi. Qizimning o‘qishiga pul topib berish maqsadida mardikorlik qilayapman. Uning dugonalari ko‘rib qolmasin, deb ko‘pincha bozorga kechga yaqin chiqaman. Qizim ham yordam berib turadi. Sovuqda turaverib, kasalga chalindim. Qizimning o‘qishi bitgach, qishloqqa qaytib ketmoqchiman, – deydi Maqsuda opa ko‘zlariga allanechuk iztirob cho‘kib.

Davrada gap qizigandan qizib borar, ayollar boshidan kechirgan kechinmalarini, bajargan ishlarini goh alamli, goho hangoma bilan so‘zlab berishardi. Meni esa beixtiyor yana mardikor ayollarning qismati o‘ylantirdi. Bu bilan ayol bolasini qo‘ltiqlab, to‘rt devor uyda o‘tirsin degan fikr­dan yiroqmiz. Mustaqilligimiz sharofati bilan amalga oshirilayotgan barcha qutlug‘ ishlar ayollarni jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun imkon yaratmoqda. Milliy hunarmandchilik rivojlanib boryapti. Ayol erki dahlsiz, biroq, bozorda mardikorlik qilayotgan ayollarimiz momolarimizdan meros bo‘lib qolgan kashtachilik, zardo‘zlik, tikuvchilik hunarlarini o‘rgansalar ham oilasiga, ham el-yurt ravnaqiga hissasi qo‘shiladi.

Shu o‘rinda ayol turmushning quli emas, balki jamiyatning guli bo‘lib sog‘lom farzandlarni dunyoga keltirib, o‘z ilmi, iste’dodi, mehnatining hamma ko‘rinishlari bilan Vatanga nihoyatda zarur ekanligini yurakdan his etib yashashlari­ni istardim. Zero, ayol – kimningdir volidasi, kimningdir yori, yana kimningdir munis singlisi. Nima bo‘lganda ham ayolning baxti ko‘chada emas, oilasida ekanligini unutmasligini xohlardim.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.