background
logotype

Ehtiyot bo‘ling, velosipedchilar!

Velosiped juda foydali transport vositasi. Undan foydalangan insonning tanasi sog‘lom, ruhi tetik bo‘ladi. Yana bir muhim jihati, velosiped atrof-muhit uchun zararsiz, moddiy tarafdan esa qulay va ixchamdir. Bundan tashqari, velosipedni hordiq vositasiga ham kiritish mumkin. Shuning uchun hozirgi kunda velosipeddan foydalanish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng tar­qalmoqda.

Darvoqe, velosipedni boshqarish uchun maxsus o‘quv kurslarini tugallash va imtihon topshirib, alohida huquqqa ega bo‘lish talab etilmaydi.

Shunga qaramay, “egarga” o‘tirmoqchi bo‘lgan shaxs velosipedni boshqarish uchun zarur talablarni bilishi lozim. Negaki, velosipedchi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik nafaqat haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklarni keltirib chiqaradi, balki uning salomatligiga ham zarar yetkazish ehtimolini oshiradi. Demak, xavfsiz harakatlanish yo‘l harakatining barcha ishtirokchilari uchun shart.

14 yoshga kirdingizmi?

O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘l harakati “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 11 dekabrdagi “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va bosh­qa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Velosiped - odam kuchi bilan harakatlantiriladigan, ikki yoki undan ortiq g‘ildirakli transport vositasi. Kam uchraydigan osma dvigatelli velosipedlar esa mopedga tenglashtiriladi. Bundan kelib chiqqan holda, mantiqiy nuqtai nazardan ta'rif beriladigan bo‘lsa, velosipedchi - velosipeddan transport vositasi, dam olish usuli yoki sport turi sifatida foydalanadigan shaxsdir. Bu doimiy ishga velosiped bilan qatnaydigan shaxs, dunyo kezuvchi sayyoh, professional sportchi-velopoygachi, vaqtini chog‘ o‘tkazayotgan o‘smir yoki boshqa maqsadlarda velosipedda harakatlanayotgan inson bo‘lishi mumkin.

Velosipedni boshqarish uchun yoshga nisbatan talab qo‘yilmagan, uni hamma boshqarishi mumkin. Biroq, unutmaslik kerakki, yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, yo‘llarda velosiped boshqarish 14 yoshga to‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi. Ushbu talabga rioya qilishga bolaning ota-onasi mas'uldir.

Velosipedga «qanday talablar qo‘yiladi?

Velosipedda harakatlanish xavfsiz bo‘lishi uchun uni doim barcha texnik talablarga javob beradigan holatda tutish darkor. Xususan, u tovush bergich moslamasi bilan jihozlangan va tormozi soz bo‘lishi zarur. Old tomoniga oq rangli, orqa tomoniga qizil rangli chiroqcha yoki qizil rangli nur qaytargich, yon tomonlariga esa zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargich o‘rnatilishi kerak.

Velosipedchi harakatlanishdan oldin velosipedning texnik sozligi, jihozlanganligini ko‘zdan kechirishi, harakatlanish vaqtida texnik holatini soz holda bo‘lishini ta'minlashi maqsadga muvofiqdir.

Shu o‘rinda yana bir ma'lumot: veloshlem, tirsak va tizzalarni himoyalovchi vositalar ham mavjud. Ularni taqish majburiy hisoblanmaydi, ammo jarohatlanishlarning oldini olish, muqarrar jarohatlarni yengillashtirish, harakatlanish va sog‘liq uchun muhim bo‘lgan tana a'zolarini asrash maqsadida ulardan foydalanish tavsiya qilinadi.

Harakat qoidalari

Ta'kidlash lozimki, velosipedda harakatlanishni, avvalambor, u uchun ajratilgan maxsus yo‘lkalarda amalga oshirish lozim. Biroq bizda hozirgi vaqtda bunday yo‘lkalar kamligi sabab harakatlanishning boshqa alternativ imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.

Velosipedni boshqarish paytida yo‘lning chetki o‘ng tomonidan bir qator bo‘lib harakatlanishga yo‘l qo‘yiladi. Ammo mazkur qoida velosiped yo‘lkalari mavjud bo‘lgan yo‘llarda taqiqlanadi. Shuningdek, velosipedchilar agar piyodalarga xalaqit bermasa, yo‘l yoqasida harakatlanishga ruxsat etiladi. Ma'lum hollarda, yo‘l harakatini tartibga soluvchi shaxsning talabiga binoan velosipedchi trotuarda ham harakatlanishi mumkin.

Avtomobillarning katta tezlikda harakatlanishiga mo‘ljallangan, boshqa yo‘llar bilan tutashmaydigan avtomagistrallarda velosipedlarning harakatlanishi taqiqlanadi. Shu bilan birga, “Velosipedda harakatlanish taqiqlangan” yo‘l belgisi o‘rnatilgan yo‘llarda ham harakatlanish mumkin emas.

Signal va ishoralar

Avtotransport vositalarining harakatlanishi yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari uchun tushunarli va ko‘rinarli bo‘lishi uchun ularda turli yorug‘lik (chiroq) moslamalari o‘rnatilgan. Velosipedda bunday moslamalarning yo‘qligi bois, ushbu vazifani velosiped haydovchisi bajaradi.

Velosipedchi harakatlanishni boshlashdan, qayta tizilish, burilish va to‘xtashdan oldin ishora berishi lozim. U chap qo‘lini yonga uzatsa yoki o‘ng qo‘lini yonga uzatgan holda tirsakni tepaga to‘g‘ri burchak ostida buksa, bu velosipedchi chapga burilishini bildiruvchi ishora sanaladi. O‘ngga burilish uchun esa qo‘llarning harakat tartibi almashadi, xolos, ya'ni ta'kidlangan tartiblar o‘ng va chap qo‘llarda bajariladi.

To‘xtash ishorasi chap yoki o‘ng qo‘lni yuqori ko‘tarish orqali bildiriladi.

Tegishli harakat ishorasini berish manyovr boshlanishidan oldin bajarilishi va tugaganidan so‘ng darhol to‘xtatilishi lozim.

Ko‘rish mumkinki, ogohlantiruvchi ishoralar ko‘p emas va sodda. Binobarin, ishora berish velosipedni xavfsiz haydashning muhim qismi hisoblanadi.

Javobgarlik

Yo‘l harakatining boshqa qatnashchilari singari velosipedchilar ham huquqbuzarlik uchun to‘liq javobgar hisoblanadi. Dastlab ma'muriy javobgarlik xususida. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘­risidagi kodeksda quyidagi normalar mavjud:

- velosipedchining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta'siridan yoki o‘zgacha tarz­da mastligi yoki mast emasligini belgilangan tartibda aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi - eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (136 modda);

- velosiped haydovchining alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta'siridan yoki o‘zgacha tarzda mast bo‘lgan holda yo‘l harakati qoidalarini buzishi - eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (138 modda).

- velosiped haydovchilarining yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi - eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida, yo‘l harakati qoidalarini buzishi oqibatida avariya holatini vujudga keltirishi - eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (138 modda).

Tavsiyalar

Yo‘llarda yuqori xavfsizlik va har jihatdan qulay harakatlanish uchun malakali velosipedchilar quyidagi tavsiyalar beradi:

- yuqori tezlikda yurmaslikka harakat qiling - me'yordagi tezlikda vaziyatni nazorat qilish osonroq;

- velosipedingizni chiroqlar va yorug‘ qaytargichlar bilan jihozlang - yo‘llardagi yaxshi ko‘rinish to‘qnashuv xavfini kamaytiradi;

- yo‘l yoqasidagi avtomobillardan ehtiyot bo‘ling - ular to‘satdan harakatga kelishi yoki kutilmaganda eshiklari ochilishi mumkin;

- harakat zich bo‘lgan yo‘llarda yurmaslikka harakat qiling yoki bunday yo‘llarda piyodalar safiga o‘ting;

- yon-atrofdagi vaziyatni bilish uchun doim yo‘llarni ko‘zdan kechiring.

Oq yo‘l!

Jahongir Sotiboldiyev,

Adliya vazirligi mas'ul xodimi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2013).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.