background
logotype

Ekran qarshisidagi bola

O‘z hayotingni yasha

Ba’zan uy burchagida har xil o‘yinchoqlar bilan andarmon bo‘lgan yoki “zangori ekran”dan ko‘z uzmay multfilm ko‘rayotgan bolalarni uchratsam o‘ylanib qolaman. Beixtiyor o‘zimning bolalik davrim esga keladi. Butun qishloq bolalari yig‘ilishardi, o‘shanda. Oramizda mo‘ylovi sabza urgan o‘smirlar, bo‘y yetib, yonog‘i rang olib qolgan qizlar ham bo‘lardi. Yoshi kattaroqlar turli o‘yinlar o‘ylab topishar, kichik bolalar esa kattalarga ergashib chopqilashib yurishardi. Butun mahalla bolalarning quvnoq kulgisiga to‘lardi. Shodon qiyqiriqlarni eshitgan kattalar tinch hayotning nash’asini tuyardilar. 
O‘sha o‘yinlarimizning barchasi harakatli o‘yinlar edi. Saraton jaziramasiyu chillaning qahraton sovug‘i bizni to‘xtata olmas, aksincha, bu — issig‘u sovuqlarga xos o‘yinlarimiz bor ham edi. Eng zavqlisi, o‘yinchoqlarni o‘zimiz yasab olardik. Ular rogatka, kamon, shaytonarava kabilar edi. Hatto bir safar deltoplan yasaganmiz. Yaxshi hamki, hajmini kichikroq qilib qo‘ygan ekanmiz, bizni yerdan ko‘tarolmadi. Chunki uni boshqaradigan mexanizmi yo‘q edi.
Xullas, biz ulg‘aya boshlagach, o‘zidan o‘zi davra siyraklashdi. O‘smirlik davrimizga kelib biz ham sipo tortib qoldik. Endigilar esa o‘z uylarida, onalarining bag‘rida o‘ynay olishadi, xolos. Ba’zan mahallada birga o‘sgan tengdoshlar biror sababga ko‘ra yig‘ilishib qolganimizda o‘sha davrlarni qo‘msaymiz. “Nega hozirgi bolalar o‘ynamaydi?” deb hayron bo‘lamiz. Bu savolga hech kim tayinli javob ayta olmaydi. 
Masalaga sharoit nuqtai nazaridan baho beriladigan bo‘lsa, bugungi bolalarning bizdan o‘n barobar ko‘p o‘ynashga haqqi bor. Negaki, bugunga kelib insonning umri bizning davrimizga nisbatan o‘rtacha o‘n yoshga uzaydi. Bizning bolalik paytimizda o‘rtacha umr oltmish yil bo‘lsa, bugun yetmishvoy, saksonvoylar gurillatib to‘y qilib, uylanib yotibdi... 
Inson yoshiga qo‘shilgan o‘n yilni umrning to‘rt fasliga taqsimlaymiz. Ayon bo‘ladiki, bugungi bolalarning bizning avlodga qaraganda ikki yarim yil vaqti ko‘p ekan. Xo‘sh, ular bu vaqtdan qanday foydalanishyapti? Ularning yarmi televizor qarshisiga “mixlangan”, yarmi esa kompyuter bilan band. Ayrim yerga ursa ko‘kka sapchiydiganlarni hisobga olmasangiz, qolganlari mutlaqo o‘ynamaydi. Ota-onasining orzu-havasini amalga oshirish uchun tug‘ilgan zahoti aniq bir kasb, hunar o‘rganishga yo‘naltirilganlar ham yo‘q emas. Bu yaxshimi yoki yomonmi? 
Bir hisobda bolaligimni eslab huzurlanganim, maqtanganim o‘rinliday tuyuladi. Axir ertayu kech televizor, kompyuterga termulib ko‘zning nurini boy berish, tana harakatini sustlashtirishdan ko‘ra toza havoda, tabiat bag‘rida harakatli o‘yinlar o‘ynab mushaklarni chiniqtirish, o‘zining o‘yinini o‘ynash, demakkim, o‘zgalar hayotiga tomoshabin bo‘lib ulg‘ayishdan ko‘ra o‘z hayotini yashash yaxshi-da. 
Bolaligimizda sinfdoshlar, tengdoshlarimiz bilan orzu-havaslarimizni sirlashganimizni eslayman. Barchamiz tezroq ulg‘ayishni xohlardig-u, ammo kelajakda kim bo‘lish, qaysi kasbni tanlashga doir qarashlarimiz beqaror edi. Ba’zilar egallamoqchi bo‘lgan kasbini tez-tez o‘zgartirib turishi sababli biror kasbga doir adabiyotu amaliy ko‘rgazmalar bilan tanishib olish haqida o‘ylamas, ayrimlar ”Dehqon bo‘lamiz-da” degan o‘yda o‘ta xotirjam edi. Chunki dehqonchilik o‘sha davrda eng oson egallanadigan kasb edi. 
Endilikda biz dehqonchilik deb dalaga suv tarab, ekin chopiq qilib yurganlarimiz — asl dehqonchilikning juz’iy qismi ekani ma’lum bo‘ldi. Dehqonchilik nima ekaniyu dehqonning kimligi yer egasini topa boshlaganidan keyingina ayon bo‘ldi. Fermerlik harakati boshlangach, tabiatan dehqonchilikka moyil, hayotini yersiz tasavvur qila olmaydigan haqiqiy dehqonlar bir parcha yerga ega bo‘lish uchun astoydil harakat qildi. Qolganlar esa ishsiz qoldi... Endi ular nima qiladi? Diplom yo‘q, hunar yo‘q. Ishlari binoyidek fermerlar ham yeriga yaqinlashtirmaydi, yumushi bola-baqrasidan ortmaydi. Demak, dehqonchilikni mas’uliyati kam, javobgarligi yo‘q tinchgina kasb deb hisoblaganlar ham yutqazishdi. 
Mana, “boshidan suvning bir o‘zanga solib yuborilmagani”ni oqibati.

“Bolajon, kim bo‘lmoqchisan?”

Kompyuter o‘yinlariyu televizor qoshiga mixlangan bolalarni hisobga olmasangiz, bir maqsad sari yo‘naltirilganlar ko‘p narsa yutadi. Yo‘naltirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi: bola gapga tushunadigan bo‘lib qolganidan so‘ng unga ulg‘ayganda qaysi kasb egasi bo‘lishi lozimligi uqtiriladi. Keyin o‘sha bolaning o‘yinlari ham shunga moslashtiriladi. Uning o‘yinida ota-onasining xohishi aks etadi. Maktab davrida ham asosiy e’tibor tanlangan kasbga qaratiladi, qo‘shimcha darslar olinadi va qarabsizki, bir yo‘ldan chalg‘imay ketayotgan bola oliy o‘quv yurtiga kirguniga qadar tap-tayyor kadr bo‘ladi. 
Yoshlarimiz tarbiyasi, ularning kelajagi to‘g‘risida gap borganda masalaning ana shu jihatiga jiddiy e’tibor bermoq lozim. Chunki hozir ham farzandlarimizning ma’lum bir qismigina kichik yoshdaligidan bir kasbga yo‘naltirilmoqda. Aksariyati esa xuddi bizning davrimizdagidek xotirjam ulg‘aymoqda. 
Amerikaning sobiq prezidenti Bill Klintonning rafiqasi Xillari Klintonning xotirlashicha, universitet talabasi paytida Klinton bilan tanishganida u o‘zini Amerikaning bo‘lajak prezidenti deb tanishtirgan ekan. Demak, Klinton talabalik davridanoq o‘z kelajagiga ishongan. Chunki bolalagidanoq unga shu gap muttasil uqtirib borilgan. Buning uchun u nimalarni o‘rganish, o‘zini qanday tutish, aholining qaysi qatlami bilan yaqindan tanishish, siyosiy davralarda ishtirok etish uchun kimlar bilan hamkorlik qilish va boshqa masalalarda puxta bilim hamda psixologik tayyorgarlikka ega bo‘lgan. 
Amerika Qo‘shma Shtatlarida mazkur tajriba keng qo‘llanadi. Bu juda samarali usul. Inson bolaligidanoq bir kasbga yo‘naltirilgandan keyin u, tabiiyki, bu kasbni miridan sirigacha o‘rganib oladi, mustaqil ish boshlaganda esa u ish o‘rganish ustida emas, o‘z sohasini yangi ixtirolar bilan boyitish uchun bosh qotiradi.
Aksariyat kishilar buni Amerika tajribasi deb biladi. Bu xato. Tarbiyaning bu usuli aslida Sharqda, ya’ni o‘zimizda keng tarqalgan. Amerikaliklar uni yanada takomillashtirib amalda joriy etishgan. Sharqda dastlab u mavjud bo‘lgan holida kosibning bolasi kosiblikka, temirchining bolasi temirchilikka, shahzoda podshohlikka tayyorlangan. Juda kam hollardagina bolalar ota kasbi o‘rniga boshqa kasbga o‘rgatilgan. E’tiborga molik joyi shundaki, bolaga faqat hunar o‘rgatish bilan cheklanilmagan. Unga o‘sha o‘rganayotgan hunarida ish boshlaganidan so‘ng jamiyatda qanday mavqega ega bo‘lishi, qaysi toifa bilan qay yo‘sinda muomala qilishi kerakligi puxta o‘rgatilgan. Hunar o‘rganish vositasida bola hayotga tayyorlangan. Shuningdek, Sharq mamlakatlarida oddiy fuqarolar kabi shahzodalarga ham saltanat ishi qatorida bir hunar o‘rgatish urf bo‘lgan. Jumladan, Kaykovus “Qobusnoma” asarida yozishicha, “...Xos kishilarning farzandlariga adab va hunardin yaxshiroq meros yo‘qtur va omiy xaloyiqning farzandlariga hirfa (savdo, hunar), pesha (kasb)din yaxshiroq meros yo‘qtur. Pesha qilmoq (o‘rganmoq) muhtashamlarning farzandlariga nomunosib ko‘rinur. Ammo pesha haqiqatda barcha hunarlarning ulug‘idur. Agar xos odamlarning farzandi yuz hunar bilsa va lekin hech kasbni qilmasa ayb emasdur. Hunar esa bir kun ishga yaragusidur”. 
Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Farhod o‘tkir zehni tufayli barcha ilmlarni qisqa fursatda o‘rganib olgach, Boniydan me’morlik, Moniydan naqqoshlik, Qorandan toshtaroshlik sirlarini o‘rganadi. Farhod arman elining e’tiborini savlatli shahzoda sifatida emas, usta hunarmand sifatida qozonadi. Shirinning muhabbatiga odamlarga ezgulik ulashuvchi samimiy inson bo‘lgani uchun sazovor bo‘ladi. Bu doston Husayn Boyqaroning o‘g‘li — shahzoda Badiuzzamonga bag‘ishlangan. Demak, mazkur asar vositasida shoir shahzodalarga hunar o‘rganishni targ‘ib etgan.

Kim yaxshi yashashga haqli? 

Bolani tug‘ilgani zahoti bir maqsad sari yo‘naltirish haqida o‘ylashning afzal jihatlari ko‘p. Bunda ba’zan bolakayning o‘zi kasb tanlaydi. Ya’ni bu uning qaysi o‘yinchoqlarni boshqalaridan ko‘proq yoqtirishi yoki qanday sport turiga moyilligida ko‘rinadi. Buni ota-ona o‘z vaqtida ilg‘ay olishi ijobiy natija beradi. Masalan, Alisher Navoiy to‘rt yoshida ”Mantiq-ut tayr”ni yodlab olgan, Rustam Qosimjonov bolaligidan shaxmatga mehr qo‘ygan. Biroq onalari ularni bizning onamiz kabi ayagan. Alisher Navoiydan sevimli asari yashirib qo‘yilgan. Ammo u asarni yodlab olishga ulgurgan edi. She’riyatga astoydil mehr qo‘ygani, so‘z san’atidan boshqa narsani o‘ylamagani uchun o‘n ikki yoshida malik-ul kalom Lutfiyni qoyil qildi. Rustam Qosimjonovga onasi shaxmat o‘ynashni taqiqlab qo‘ygan edi. Miyasi zo‘riqmasin degan-da. U yotar chog‘ida shaxmatni o‘zi bilan ko‘rpaning tagiga olib kirib ketar ekan. Bu yo‘lda o‘ta qat’iyatli bo‘lgani uchun ham ko‘pchilik tengdoshlari hali qaysi kasbni tanlashni bilmay yurgan vaqtlarda u tanilib qolgan sport ustasi maqomini qo‘lga kiritgan edi. Yana shuni ham ishonch bilan aytish mumkinki, Qosimjonovning ayrim tengdoshlari hali ham tayinli biror kasbning etagini tuta olgani yo‘q
Balki, she’riyat bilan sport kasb emas, qismatdir. Ammo kasbga bolaligidan shunday mehr qo‘yganlar katta natijaga erishganlar. Jumladan, dunyo bo‘yicha birinchi raqamli milliarder Bill Geyts bolaligidanoq kompyuter jinnisi bo‘lgan. Hech narsaga chalg‘imasdan kompyuter titkilashi bora-bora unga cheksiz imkoniyatlar eshigini ochdi. O‘zimizda ham bolaligidanoq otasining savdo ishlariga ko‘maklashib yurib, tijorat sirlarini puxta o‘rganib olgan yoshlar ulg‘ayib katta ishlarga qo‘l urgach, jur’atli biznesmenlar bo‘lib yetishganiga guvoh bo‘lganmiz. 
Shunday ekan, bolalarimizni mustaqil hayotga esini tanigan kundanoq tayyorlashni boshlashimiz, buning uchun avvalo ota-onaning o‘zi uzil-kesil bir qarorga kelib olishi zarurdir. Aks holda farzandlarimiz mustaqil hayotga o‘z bilimiga ishongan, jamiyatdagi mavqeini to‘la anglagan holda dadil qadamlar bilan kirib kela olmaydi. Bu esa ularning hayotda erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarini yo batamom cheklab qo‘yadi yoki nihoyatda kechiktirib yuboradi.

Damin Jumaqulov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 27-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.