background
logotype

Harlem Shake: bema’nilik ildizi qayerda?


Ayni kunlarda internetda keng tarqalgan videoviruslardan biri Harlem Shake qisqa vaqt ichida millionlab insonlarni o‘zining bema’nilik, behayolik to‘la girdobiga tortib oldi. Vikipediya ensiklopediyasi yozishicha, yarim daqiqadan iborat ushbu rolikning avvalgi 14-15 sekundida bir ishtirokchi noodatiy bosh kiyim bilan raqsga tushadi, ayni damda boshqa ishtirokchilar o‘z ishlari bilan band bo‘ladilar. Shundan so‘ng hamma ishtirokchilar turli noo‘xshov kiyimlarda yoki deyarli yalang‘och holda tartibsiz harakat qilib, noodatiy usulda havoda yoki sahnaga qarab erotik pozani namoyish etib, raqs ijro etadilar. 

“Harlem Shake” aslida nima?


O‘zlarining aytishicha, bulutli havoda bekorchilikdan nima qilishni bilmagan avstraliyalik 5 nafar o‘spirin yuqoridagidek “raqs”ni ijro etishadi va 2013 yilning 2 fevral kuni rolikni Youtube ga joylashadi. Qisqa vaqt ichida ushbu rolik jahon bo‘ylab tarqalib, internet foydalanuvchilarini “telba” qiladi, uning turli muqallidlari yuzaga keladi. Dunyo bo‘ylab, “Harlem Shake”ning “original” variantini 40 000 000 kishi, uning parodiyalarini 500 000 000 dan ortiq kishi tomosha qilgan. 
“Harlem Shake” telbalari dunyoning turli joylarida turli fleshmoblar tashkil etib ushbu bema’ni raqsga o‘ynab, turli roliklarni suratga olmoqdalar. Isroilning Tel-Aviv shahrida bir paytning o‘zida 70000 kishi shu raqsni ijro etib rekord o‘rnatishdi (shaharda jami 400000 kishi istiqomat qiladi).
Inglizchadan tarjimasi “Harlemcha jilpanglash” bo‘lgan ushbu raqs turi Nyu-Yorkning Harlem tumanida yashovchi alkogolik El Bi tomonidan 80-yillar boshida “kashf qilingan”.  

“Harlem Shake” O‘zbekistonda


Internetda “Harlem Shake”ka taqlidan o‘zbekistonlik yoshlar tomonidan suratga olingan 50 dan ortiq rolik tarqalgan. Harlem Shake nomi bilan mover.uz da 220 dan ortiq, mytube.uz da 50 ta rolik o‘rin olgan. O‘znetdagi eng mashhur rolik “Toshkentcha Harlem Shake” hamda  Korzinka supermarketida tasvirga olingan rolik bo‘lib, mover.uz da ikki rolikni 30000 dan ortiq, mytube.uz da 4000 dan ortiq kishi tomosha qilgan. Birgina mover.uz dagi “Harlem Shake” bilan bog‘liq roliklarni 250 000 kishi ko‘rganligi qayd etilgan.
Eng achinarli jihati aksariyat “o‘zbekona Harlem Shake”lar o‘spirinlar, asosan, maktab va kollej o‘quvchilari, universitet talabalari tomonidan suratga olingan va tarmoqqa joylashtirilgan. Roliklarning maktab sinf xonalarida o‘quvchilar tomonidan ijro etilgani hayratlidir. Hatto ayrim roliklardagi behayo qiliqlar har qanday tomoshabinni bu kabi yoshlarning taqdiri haqida o‘ylashga majbur etadi.

Jazavaning oqibatlari 


Tunis ta’lim vazirligi tomonidan ushbu raqs ma’naviy va diniy tuyg‘ularni masxara qilgani uchun taqiqlandi. Misrdagi ehromlar yonida raqs ijro etgan talabalar tarixiy obidalarga behurmatlik qilgani uchun hibsga olindi. Pensilvaniyaning Saskuexann universiteti futbol komandasidan 11 futbolchi “Harlem Shake” raqsini ijro eta turib, jinsiy aloqa holatini aks ettirgani uchun jamoadan chetlatildi. Nyu-York xokkey jamoasi yechinish xonasida yarim yalang‘och va bir ishtirokchi qip-yalang‘och holda ushbu raqsga rolik ishlagani uchun o‘yinlardan chetlatildi. AQShda 30 nafar o‘quvchi “Harlem Shake” raqsi orqali rasizmni targ‘ib qilgani uchun maktabdan haydaldi. Bu mamlakatda ayni shu raqs sabab 100 dan ortiq o‘quvchi va talabalarning o‘quv yurtlaridan chetlatilgani haqida xabar berildi. Shuningdek, 15 nafar oltin koni ishchilari ish joylarida ushbu raqsni ijro etgani uchun ishdan chetlatilib, umrbod oltin qazish uchun litsenziyalari bekor qilindi. Bu kabi xabarlarni har kuni ommaviy axborot vositalaridan o‘qimoqdamiz.

Ziyolilar nima deydi?


Shu kunlarda ko‘pchilik ziyolilarni ranjitayotgan ushbu muammo haqida ziyo ahli nima deydi? Ommaviy madaniyat deya g‘arbona targ‘ib asosida tarqatilayotgan shu kabi «virus»lardan kim manfaatdor? Bundan maqsad nima? Yoshlarimizning shu kabi bema’ni odatlarga berilishlariga kim sababchi? Bunday nomaqbulchiliklarning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Tursunali Qo‘ziyev, madaniyatshunos:
— Bu kabi aksilinsoniy ko‘rinishdagi harakat jahon ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lishi bilan ziyolilar avvaliga hayron bo‘lishdi. Bugungi kunda jahondagi eng taraqqiy etgan davlatlardagi beqarorlik, o‘sha jamiyatlarda hukm surayotgan ertangi kunga ishonchsizlik tufayli yuzaga kelgan ma’naviy inqirozlar u yerdagi sarosimaga tushgan yoshlarni chalg‘itib qo‘ydi. Bunday harakatlar umuminsoniy qadriyatlarga mutlaqo zid, manqurtlikning yangicha bir ko‘rinishidir. 
Insonning estetik didi, madaniyati uchun hech qanday izohlab berish mumkin bo‘lmagan,  vahshiy hayvonot olamiga ham yot bo‘lgan bunday harakatlardan xorijdagi ba’zi doiralar manfaatdor bo‘lib, ular hali oq-qoraning farqini anglab ulgurmagan yoshlarni chalg‘itish uchun turli aksilma’naviy texnologiyalarni ishlab chiqishmoqda. Tobora ildiz otayotgan bu kabi odatlar umuminsoniy qadriyatlar u yoqda tursin, oddiy insoniy madaniyat tushunchalariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Buyuk allomalar, jahonning g‘ururi bo‘lgan madaniyat peshvolarining vorislari va avlodlari bo‘lgan o‘zbek yoshlari ichida ham taqlidchilar paydo bo‘lishini izohlash qiyin. 
Bugun yoshlarga ta’lim berayotgan har bir pedagog, o‘z farzandining ertangi taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir ota-ona, mahalla-ko‘y, mutaxassislar bunga qaytadan, yana bir bora jiddiy e’tibor bilan qarashi zarur. Yoshlarimiz esa, barkamol shaxs bo‘lib yetishishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga nisbatan o‘z munosabatlarini chin yurakdan, samimiy namoyon etishlari kerak. Ular nafaqat o‘zlari, balki yon-atrofidagi tengdoshlarini ham hatti-harakatlariga befarq bo‘lmasliklari zarur. 

Jaloliddin Hamroqulov, Toshket islom instituti “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri,  Toshkent shahar “Novza” jome’ masjidi imom xatibi:
— Ommaviy madaniyat - axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, g‘araz g‘oyalarni tarqatish, buning ortidan boylik orttirish, xalqlarning bir necha ming yillik an’ana va qadryatlari, turmush tarzini ma’naviy ildizlaridan qo‘porishgacha olib boruvchi salbiy illatdir. 
G‘arb davlatlarida erkak bilan erkak, ayol bilan ayol o‘rtasidagi nikoh - hayratlanarli hodisa bo‘lmay qolayotganligi nazar tutilsa, «ommaviy madaniyat» targ‘ib etayotgan ma’naviy tubanliklar, behayoliklar, qabohatlar naqadar chuqurlashib ketganligini tasavvur etish qiyin emas.
Ma’lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun avvalo kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham farzandlarimizni ona vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni kuchaytirishimiz zarur. Ana shundagina turli yovuz niyatli kimsalarning biz uchun mutlaqo begona bo‘lgan puch g‘oya  va da’volaridan saqlangan bo‘lamiz. 
Muqaddas Islom dini insoniyatga ikki dunyo baxt-saodatini taminlash uchun yuborilgan dindir. Uning ta’limotlari beshta maqsadni: inson hayoti, aqli, dini, nasli va molu mulkini muhofaza qilishni o‘z ichiga olgan. Ommaviy madaniyat ayni mana shu maqsadlarga qarshi g‘oyaviy tahdid hisoblanadi. Hozirgi kunda ommaviy madaniyatning birlamchi zarari insoniyatni  buyuk ajdodlarimizning asl ma’naviy qadriyatlarini mensimasdan, balki ularni eskilik sarqiti deb qarab, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solayotganligi juda achinarlidir. 
Shu bilan birga ommaviy madaniyat jamiyatni parchalaydi, barcha ishlarni buzadi va insonni o‘zligini yo‘qotishigacha olib boradi. Bunday yomon illatlar ta’siriga tushib qolgan kimsalarga nisbatan boshqalar befarq bo‘lmasliklari, balki ular ham ommaviy tarzda kurashishlari shart. Shunda qolganlar ham bunday kishilar tufayli turli yomon illatlarning zararli oqibatlariga duch kelmaydilar. Bu holatni quyidagicha tasvirlash mumkin. Ikki qavatdan iborat bo‘lgan kemaning  ikkinchi qavatidagi kishilar tepadagilarni bezovta qilmasdan suv olish maqsadida o‘z qavatlarini teshmoqchi bo‘ladilar. Agar tepadagilar ularni tek qo‘yib bersa, ular ham o‘zlari ham halok bo‘lishadi. Agar ularni bunday qilishdan qaytarsalar barchalari eson-omon manzillariga yetib olishadi. Ota-bobolarimizdan bizga boy meros bo‘lib sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuyg‘u va tushunchalar biz uchun bebaho merosdir.
Hozirgi davr zamonaviy axborot almashinuvi va globallashuv jarayoni o‘zining ta’siri ko‘rsatmoqda. Dunyoning bir burchagida bo‘lgan yangilikni targ‘iboti, axborot almashinuvi, yangiliklardan tezda xabardor bo‘lish albatta ijobiy holat. Lekin kirib kelayotgan axborot oqimi xalqimiz uchun foydalimi? Globallashuv jarayonida turli axborotlar ma’naviyatimizga yetkazishi mumkin bo‘lgan tahdidni qanday qilib bartaraf etish mumkin. Umuman olganda ommaviy madaniyatni ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlari axloqiy buzuqlik, zo‘ravonlikning salbiy oqibatlarini to‘la anglayapmizmi? Jamiyatning ma’naviy yuksalishiga rahna solayotgan bunday tahdidlarga qarshi kurash faqatgina yuksak ma’naviyat bilan amalga oshiriladi. Bu yo‘lda ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ayniqsa, oilaning o‘rni ahamiyatli. Zero, ta’lim-tarbiya oilada shakllanadi. 
Muqaddas dinimizda zino jinoyati qoralanib harom qilinishi bilan bir qatorda zinoga olib boruvchi va unga sabab bo‘luvchi narsalar ham harom qilingan. Zinoga olib boruvchi sabablarning biri “ko‘z zinosi”dir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasiga zinodan bo‘lgan nasibasi yozilgandir. Ikki ko‘zning zinosi nazar solishdir. Tilning zinosi gapirishdir. Ikki quloqning zinosi eshitishdir. Ikki qo‘lning zinosi ushlashdir. Ikki oyoqning zinosi yurib borishdir. Nafs orzu va ishtaha qiladi, farj esa, uni yo tasdiqlaydi, yo yolg‘onga chiqaradi”, deya ogohlantirganlar.
Bundan tashqari fahshni targ‘ib qiluvchi filmlarni ko‘rish, mana shunday harakatlarni tasvirga olib tarqatish yer yuzida fisqu fasod, yomonlik va fahshni yoyishga kiradi. Alloh taolo bunday qabih ishlardan qaytargan.
“Albatta, iymon keltirganlar ichida fahsh ishlar tarqalishini yaxshi ko‘radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar.” (Nur surasi 19 oyat).

Davronbek Tojialiyev tayyorladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.