background
logotype

Ichkilikxo‘rlik asoratlari

"Strategiya Rossii" jurnalida iqtisod fanlari nomzodi Lyudmila Smirnovaning "Urush ochish vaqti yetdi..." nomli maqolasi chop etildi. Maqola muallifi Rusiyadagi nufusiy fojia (tug‘ilish keskin kamayib ketishi)ning bosh sababchisi bo‘lgan mast qiluvchi ichkiliklarga qarshi amaliy kurashga chaqiradi. Maqolada ochiq-oydin aytilgan: "Rusiyada eng katta ijtimoiy muammo jamiyatning spirtli ichkiliklarga mukkadan ketganidir. Hozir mamlakatda 2,4 million ashaddiy ichkilikxo‘r mavjud. Ammo shifokorlar tasdiqlashicha, bu raqam kamida o‘n marta kamaytirib aytilgan. Aslida 25 million rusiyalik ichkilikka butkul berilgan yoki spirtli ichimliklarni haddan tashqari ko‘p iste'mol qiladi. Ularning yaqinlari, qarindoshlari ham bu fojia ta'siridan chetda emas. Shunday qilib, Rusiya aholisining teng yarmi ichkilikxo‘rlik asoratlaridan u yoki bu darajada   jabr chekmokda.

Eng birlamchi, erkaklar ichkilikka ruju qo‘yishgan. Mamlakatda ishlab chiqariladigan spirtli ichimliklarining 70 foizini ular iste'mol qilishadi. Shu boisdan ko‘pchiligi nafaqa yoshigacha yetolmaydi. Ichkilik tufayli jigar qurishi, oshqozon ichki kasalliklari, shuningdek, sovuq ko‘chalarda aganab yotish, mushtlashuvlar, o‘zini o‘ldirishlar keskin ko‘payadi, yo‘l-transport hodisalarida o‘lganlar yana qancha.

Qadimgi Rusda ayollar aroq ichishmasdi. Hozir esa, ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ishlab chiqariladigan aroqning 30 foizini ayollar ichadi. Shu bois ayollar orasida ichkilikka bog‘liq ruhiy xastaliklar ko‘payib boryapti.

Rusiya kelajagi uchun katta xavf yoshlar orasida ichkilikbozlik tez urchib borayotganidir. Hozir mamlakatda 12-17 yoshli o‘smirlarning 20 foizi spirtli ichkilik iste'mol qiladi. Pivo ichish yoshlar orasida ayniqsa keskin kuchaymokda. Pivoga mukkasidan ketganlar avlodi shakllandi. Pivo ishlab chiqaruvchilar va ularning homiylari "sharofati" bilan bu ichkilik uzoq vaqt mast qiluvchi hisoblanmay kelindi. Shu bois u ichkiliklar bozorini tartibga soluvchi turli qonunlar ta'siriga tushmadi, pivo ishlab chiqarish jadal rivojlandi. Keyingi olti yil mobaynida Rusiyada aholi jon boshiga pivo iste'mol qilish uch baravarga ortdi. Odamlar, ayniqsa, yoshlar, oynai jahonda tez-tez va ko‘p reklama qilinayotgan pivoni zararsiz ichimlik deb o‘ylashadi. Shifokorlar esa pivoning inson tanasiga keskin salbiy ta'sir ko‘rsatishini aniqlashdi. Afsus, bunday haqiqatlar to‘g‘risida gapirilmaydi...

Ichkilikbozlikning millat salomatligiga juda yomon ta'siri bor. Ichkilikka mukkasidan ketganlar ichmaydigan odamlardan o‘rtacha 15-20 yil kam umr ko‘rishadi. Ularning faqat to‘rtdan bir qismi 50 yoshdan ko‘proq hayot kechirishi mumkin. Bu hol mehnatga yaroqli aholi sonining keskin kamayishiga olib keladi.

Olimlar, amaliyotchi shifokorlar fikricha, ichkilikxo‘rlik jamiyatga mislsiz iztiroblar keltiradi. Vaziyat tahlili ko‘rsatishicha, bu uqubatlar aroqxo‘rning atrofidagi kishilar - eng birinchi xotini, bolalari, ota-onasi, yaqin qarindoshlari chekiga tushadi.

Rusiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmati akademiyasi ijtimoiy tizimlarni tashkil etish kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi D. Xalturina olib borgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, mamlakatda faqat ichkilikxo‘rlik tufayli har yili 600-700 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi. Xullas, ichkilikxo‘rlik mamlakatda ulkan ijtimoiy fojia tusini olgan.

"Hidoyat" jurnalidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.