background
logotype

Inson tabiati imzolarga ko‘chganda…

Quyida esa biz Ayk Nadjning “Qanday qilib insonning imzosiga qarab fe’l-atvorini aniqlab bo‘ladi” kitobiga asoslanib imzolarning yo‘nalishi, uzunligi, harflarning katta-kichikligi, qayrilganligi, o‘tkir uchliligi, bir-biri bilan ulangan yoki ulanmaganligi hamda harflarning ishonchlilik bilan (ya’ni bosib) yozilganligiga qarab, imzo egasi qanday fe’l-atvorga ega ekanligini bilib olamiz. Manbalarda keltirilishicha, me’yor bo‘yicha imzolar 1,5-2 santimetr, harflarning katta kichikligi esa 0.5 santimetr bo‘lishi lozim.

Imzolarning yo‘nalishi qaerga qaratilganiga diqqat bilan qarang. Yuqorigami, to‘g‘rigami yoki pastgami?

Agar imzoning oxiri yuqoriga qarab yo‘naltirilgan bo‘lsa, bu imzo egasining fe’l-atvorida optimizm, ya’ni nekbinlik (turmushga, kelajakka hamisha umid bilan qarash, ishning muvaffaqiyatli chiqishiga ishonish) hissi ustun. Bu kabi insonlarning hayotidi umidsizlik, ruhiyatining tushish hollari yuz bersa, u bularni muvaffaqiyatli yengadi. Va osongina o‘zida yangi kuch, yangi umid va fikrni topa oladi. Bu toifadagi insonlar ko‘proq badiiy ijodga moyil bo‘ladi.

Imzoning oxiri to‘g‘riga yo‘nalgan bo‘lsa, bu shundan guvohlik beradiki, shaxsda optimizm va pessimizm kayfiyatlari teng bo‘ladi. Va atrof-muhitning ta’siri boshqa shaxslarga qaraganda kamroq.

Agar imzoning oxirida pastga qarab hoshiya tortilsa, bu imzo egasida pessimizm hissi kuchli bo‘ladi. Badiiy ijoddan uzoq, qat’iyatsiz, birovning fikrini doimo tasdiqlaydigan va shunga qarab ish yuritadigan atrof-muhitning ta’siri kuchli bo‘lgan shaxslardir. Bu singari insonlar sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratishlari lozim.

Imzolarning uzunligi. Imzosini uzun qilib qo‘yadiganlar vazmin bo‘lishadi. Shoshmashosharlikni umuman yoqtirmaydi. O‘ylaydigan maqsadiga erishish uchun bor imkonini namoyon qila oladi. Shu bilan birgalikda doimo tanqidiy qarash alomati mavjud. Biroq, ular buyrak va asab tizimining ish faoliyatiga jiddiy e’tibor qaritishi zarur bo‘ladi.

Aksincha, imzo qisqa qilib qo‘yilsa, demak, shoshish alomati biroz kuchliroq, ishga yuzaki qaraydi. Uni oxirigacha o‘rganib chiqib, tahlil qilishga umuman sabri chidamaydi. Bu imzo egalari ko‘pincha bir xil vazifani bajarsalar, toliqib qoladi. Bu toifa odamlarni natija emas, balki vaqt qiziqtiradi. Ular suhbatdoshining vazmin odamlar bo‘lishini yoqtirmaydi. Bu turdagi insonlarning sog‘lig‘ida

muammo tug‘ilishi mumkin.

Harflarning katta-kichikligi. Tabiati injiq va atrof-muhitga talabchan insonlarning imzosi bosh harfi keyingi harflardan kattaligi bilan sezilarli darajada ajralib turadi.

Jiddiy insonlarga nisbatan g‘arazgo‘yligi yo‘q shaxslarning imzosida harflarning kengligi qisqa, bosh harfi keyingi harflar singari tenglikka ega bo‘ladi.

Oilada tejamkor va aqlli insonlarning imzosi kichik harflar bilan qo‘yiladi. Agarda harf­larni haddan ziyod kichraytirib yuborsa, xudbinlik va baxillik hissidan darak beradi.

Yirik harflar bilan (yosh bolalardek, bosib) imzo qo‘yadigan insonlar xayolparast, qaysidir darajada sodda, ishonuvchan bo‘ladi.

Aylana va qirrali harflar bilan qo‘yilgan imzolar. Burama harflar bilan imzo chekadigan shaxslar ko‘ngilchan, xotirjam yuruvchi insonlar hisoblanadi. Aksincha, tik uchli harflar va chiziqlar bilan qo‘yadiganlar o‘jar, o‘z fikrini tasdiqlaydigan, o‘zini sevadigan insondir.

Bog‘langan va ajratilgan harflar bilan qo‘yilgan imzolar. Agar imzolarning harflari bir-biri bilan bog‘lanib ketgan bo‘lsa, bu kabi kishilar mantiqan fikrlaydigan va doimo hamma narsaga tanqidiy qaraydigan insondir.

Dunyoqarashi sustroq insonlarning imzosida uzilish alomatlari bo‘ladi.

Haddan ziyod ko‘p uzilishlar bilan imzo chekadiganlar orzuga beriluvchan, odamlarni o‘ziga qaratishga harakat qiladigan va ularda taassurot qoldirishni xohlaydigan insonlar toifasidir.

Imzolardagi harflar ishonchlilik bilan (bosib) qo‘yilsa, bu toifa insonlar o‘ziga ishonuvchan va qat’iyati kuchlidir. Aksincha qo‘yilsa, bu toifa insonlar o‘ziga biroz ishonchsizroq bo‘ladi.

Ruhshunos fikri:

O‘zbekiston Milliy universiteti pedagogik psixologiya va pedagogika kafedrasi mudiri, psixologiya fanlari doktori, professor Botir Qodirovning ta’kidlashicha, grafologiya, ya’ni inson imzosiga qarab fe’l-atvorini aniqlash ilmiy tadqiqotchining ishi emas, shu bilan birgalikda ilmiy muammo ham emas. Ammo psixolog, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Shahnoza Halilova esa grafologiya tarixi qadimgi Gretsiyaga borib taqaladi, deydi. Uni notiqlik san’ati vujudga kelgan davrda Suqrot va Sitseron asarlarida asos solingan. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Yevropada qiziqish uyg‘ongan va 60-yillarda ilmiy tadqiqotlar boshlangan. Umuman, psixologiyada XXIasrga kelib, grafologiya bir yo‘nalish sifatida tatbiq etilayotir. Hozirgi kunda ilmiy-ommabop tadqiqot sifatida qaralmoqda.

E’tiqod Otaqulova

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.