background
logotype

Jo‘ra Sa‘dullayev. Oq ajal iskanjasida

“Kayf-safoli hayot” cho‘qqisi — giyohvandlik umuminsoniy qadriyatlarni poymol etib, XXI asr boshiga kelganda tarix qatlarida kuzatilmagan yangi bir dard — OITSni keltirib chiqardi. Bu kasallik tez sur’atlar bilan tarqalib, bugun insoniyat uni “Asr vabosi” deb atamoqda. Bugun unga qarshi bir kishi, bir mamlakat, bir hududning emas, balki butun insoniyat, butun jahon jamoatchiligi kurashishi lozimligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Davlat va jamoat arboblari, jahon hamjamiyati namoyandalari tinchlik, taraqqiyot va xalqaro xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun ko‘pincha Toshkentga to‘planishlari biz uchun iftixorli an’anaga aylandi. Bu mustaqil O‘zbekiston, uning global jarayonlardagi nufuzini, dolzarb xalqaro muammolar, chunonchi, narkotik moddalar noqonuniy tarqatilishining oldini olish, bu borada xalqaro hamkorlikni faollashtirish, axborot almashinuvi va maxsus operatsiyalarni samarali muvofiqlashtirishni yo‘lga qo‘yish masalalarini hal etishga qo‘shayotgan munosib va salmoqli hissasining e’tirofidir.

Butun jahon miqyosida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan giyohvandlikning xuruji hamon susaymayotir. Bugun shu narsa aniqki, uning keng tarqalib borishidan turli uyushgan jinoiy guruhlar, transmilliy sindikatlar nihoyatda manfaatdor. Shuni hisobga olib, 1998 yili BMT Bosh Assambleyasining maxsus sessiyasi chaqirildi, giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolar qizg‘in muhokama qilindi.

Xo‘sh, muammoning ildizlari qayerda? Bu baloi ofat ildizlarini quritib, insoniyat boshidagi mash’um qora ko‘lankani ko‘tarib tashlash shunchalik mushkulmi? Giyohvandlikning “alifbosi”ni nimalar tashkil etadi?

Giyohvand moddalar tayyorlanadigan va eng ko‘p tarqalgan o‘simlik — nasha deyarli barcha mamlakatlarda yovvoyi yoki madaniy holda o‘stiriladi. Undan tayyorlangan giyohvand moddalarni hozirgi kunda kurrai zaminimizning 200 milliondan ortiq aholisi iste’mol qiladi. Boshqacha qilib aytganda, bugun yer yuzida yashovchi har 10 ming odamdan 25 nafari surunkali nashavand. Ularning 70 foizini 30 yoshga to‘lmagan yigit-qizlar tashkil etadi.

Ta’kidlash joizki, jahon hamjamiyati xufyona sindikatlarga qarshi tobora samarali kurashayotir. Afsuski, narkotiklar bilan bog‘liq vaziyat bugungi kunda ham Markaziy Osiyoda murakkabligicha qolmoqda. Afg‘oniston hamon giyohvand moddalar yetishtiruvchi yirik markaz bo‘lib qolayapti. Bu holat jahon hamjamiyatida, ayniqsa, qo‘shni mamlakatlarda alohida tashvish tug‘dirayotir.

Mamlakatimizda narkotik moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish va iste’mol manzillariga yetkazib berilishining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbirlar izchil o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1994 yil 30 aprelda qabul qilgan qaror bu harakatlarga, shuningdek, narkotik moddalar va psixotrop vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi tadbirlar dasturini amalga oshirishni tezlashtirdi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar muttasil amalga oshirib kelayotgan maxsus “Qoradori” tadbirlari birmuncha samarali tus oldi.

— Yangiyo‘lga Toshkent shahridan kelin bo‘lib tushganman, — hikoya qiladi yoshgina juvon. — Erim haydovchi, olis-olis yurtlarga yuk tashirdi. Qaynona-qaynotam insofli, diyonatli odamlar edi. Ish, uy yumushlari bilan bo‘lib vaqt o‘tganini sezmas, erimning xorij yo‘llarida eson-omon yurishini Yaratgandan tilab tong orttirardim.

Lekin ko‘p o‘tmay, haydovchi er og‘ir shamollab, yuqori harorat bilan Yangiyo‘l kasalxonasiga tushib qoldi. Ikki kun ichida uni boshqa kasalxonaga o‘tkazishdi.

— U geroinga ruju qo‘yganini, allaqachon OITSga chalinganini do‘xtirlardan eshitdim, — hikoyasini davom ettiradi ayol. — Meni ham tekshirib shu bedavo dardni yuqtirib olganligimni aytishdi. Bir soniyada butun hayotim, orzu-umidlarim sarobga aylandi-qo‘ydi. Bedavo dardga chalinganimni aytishganida olti oylik homilam bor edi. Do‘xtirlar obdon tekshirishdi. Xayriyatki, u kasallik virusidan holi ekan. Meni hayotga, yashashga talpintirib turgan shu’la mana shu...

Giyohvandlik illatidan bugun butun jamiyat jabr chekmoqda. “Oq ajal” xurujini, undan saqlanishni o‘rganmay turib, ongli, bahamjihat harakatlarsiz bartaraf qilib bo‘lmaydi. Azaliy haqiqat bu o‘rinda nihoyatda dolzarb: kasallikdan ko‘ra, uning oldini olgan oson. Ham oson, ham ishonchli. Vaqt o‘tgandan keyingi pushaymondan aslo naf yo‘q.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.