background
logotype

Kindigi ochilmagan qiz...

Gapning rosti qizlarimizning ibo-hayosi, kiyinish madaniyatiyu o‘zlarini tutishi to‘g‘risida faqat erinchoq odamgina yozmadi va nimadir demadi. «Qiz asraguncha, tuz asragan afzal» deyishgan qadimgilar. Nega? Chunki qiz bola shu qadar nozik hisoblanganki, u sal narsaga aynib ketishi mumkin.

Top-toza oq sutga bir tomchi siyoh tomsa, qanchalik bulg‘ansa, qiz bolaning tashqi ko‘rinishining ochilib - sochilib ketishi ham  shunchalik uning butun borlig‘u nomusiga dog‘ bo‘lib tushadigandek. Biroq hozir gap qiz bola tugul hatto  o‘g‘il bolalarimizning kiyinish «madaniyati»  to‘g‘risida ham emas, balki qanday kiyinganidan, fe'l atvorining kengu torligidan qat'i nazar - ko‘z o‘ngimizda o‘z-o‘zicha   shakllanib kelayotgan  bu odam nima eshitib, nima ko‘rib ulg‘ayayotganligi haqida.  Boshidanoq aytib qo‘yaylik: qadrli ota-onalaru aziz va mo‘'tabar ustozlar bizni kechirsinlaru, ammo tan olmay ilojimiz yo‘q - hozirgi kunda  farzandlarimiz  tarbiyani bizdan emas, intertelevideo atalmish rahnamosidan olib yotgani bor gap. Bir qaraganda  shunisi ham yaxshidek. Axir biz uzzukun o‘g‘il-qizimizning  tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan bo‘lsak, bola-chaqani kim boqadi?

Shu boisdan ham biz charchab-horib ishdan kelamiz, bir luqma ovqatimizni naridan-beri yeymiz, so‘ng to‘ygami, tug‘ilgan kungami yo boshqa bir tirikchiligimizga otlanamiz: «Bolam, salom, bolam, xayr. Pul kerakmi,  ma, ol, bolam. O‘tgan yilgi paltoying kaltayib qoldimi? Mayli, yanagi maoshda yangisini olamiz. Maktabga borayapsanmi o‘zi? Ha, barakalla. Novvosga qaradingmi? Uyni yig‘ishtirdingmi?» va hokazo va ...  bo‘ldi. Shu. Bolamiz bilan bo‘ladigan eng uzoq va «mazmunli» suhbatimizning mohiyati faqat shulardangina  iborat xolos.

Intertelevideo esa uning ham otasi, ham  onasi, opasi, dugonasi, do‘sti, tarbiyachisi bo‘lib qolganini shundan keyin ham tan olmay ko‘ringchi. Ammo bu «do‘st»ning  bolalarimizga o‘rgatayotgan juda ko‘p narsalarini shu yoshga kirib, ba'zan mahramingizga ham aytolmaysiz.  Masalan, 7 yoshdagi qizaloqlar ayol kishi boshi aylanib, behol bo‘la boshladimi, bu homiladorlikdan nishona ekanligini qaerdan biladi? 5 yoshdagi bolakay esa chaqaloqlarni kasalxonadan olib kelishmaydi, ularni ayalar xuddi mushuklarga, bo‘ri yoki tulkilarga o‘xshab «tug‘ishiyu», katta  bolalarini esa «chaqaloqni sotib oldik» deb aldashlarini ham harholda ularga o‘zimiz yonimizga o‘tirg‘izib, erinmay, batafsil tushuntirmagan yoxud bu haqda ularga bog‘cha opasi  maxsus mashg‘ulot o‘tib gapirib bermagandir?

Bir tanishimning qizi esa oddiy maktabdan nufuzli gimnaziyaga o‘qishga qatnay boshladi. Eh qizlar, qizlar. Ular xoh  yetti yoshda bo‘lsin, xoh o‘n yettida gaplashadigan mavzulari albatta moda yoki kiyim-kechakdan bo‘ladi. Nima gap o‘tsa o‘tganki, yangi kelgan qizaloq dugonalari bilan gurunglasha turib hali umrida  «topik» ( qorinning tepasidan keladigan maykacha) kiyib ko‘rmaganini aytib  qoladi. Qizlar piqirlashib kulishgan, «Vey, seni qarayu, kindigi ochilmagan qiz!» deb uni mazax qilishgan. Buni qarangki, bu gaplar qizaloqqa og‘ir botadi. Go‘yoki kindigini ochib yurmaslik - uyatdek, xo‘rligi kelib, ota-onasini yozg‘iradi: mana, sizlarning tartib-qoidalaringizni deb o‘rtoqlarimga kalaka bo‘ldim! Ha, bu ne gapki, endilikda bor-yo‘g‘i boshqalarga nisbatan axloqli bo‘lish ham ayb hisoblansayu, jamoa undaylarning ustidan kulsa, yanayam aniqrog‘i kiyim kiyishdagi oddiy me'yoriylikni tabiiy qabul qilolmasalar ?

     Ha, bolalarning ko‘zi tugul kindigi ham ochilib ketgani endi yangilik emas. Ular maktab  dasturidan  to‘rt qator she'rni  bilmasligi mumkin, ammo har bir ma'ni-ma'nisiz reklama roliklarini to‘tiqushday yoddan takrorlaydi:»Keltirdingmi! Ha, shef!» , «Sizni prostata, adenoma bezovta qilayaptimi?», «Leykers bilan gazni bos!», «Yaxshi ko‘rasanmi?Jeyk!» va hokazo. Homiladorlikdan saqlovchi vositalar reklamasi berilayotganda siz-ku e, bolam baribir hech narsani tushunmaydiku, deb xotirjam o‘tiraverarsiz, ammo bolalar bir-biriga zimdan ko‘z urishtirib, piqir-piqir kulishadi. Bizning ahmoqligimizning ustidanmi yoki o‘zlarining aqlli bo‘lib ketganliklaridanmi, bilmaysiz....

Bular hali halvosi. Kabelli televidenie sharofati bilan uzzukun namoyish etilayotgan  filmlarni-ku  aytmay qo‘ya qolaylik. Shu o‘rinda yana bir jihatga e'tibor bersak: o‘zbek dublyaj san'atining baribir betakrorligiga shak keltirmagan holda shuni qayd etish mumkinki, ba'zan  bu betakrorlik chet elning saviyasi past filmlarini ohanraboli va yoqimli ovoz hamda talaffuz bilan  qiziqarli qilishga qodir bo‘lgani holda, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan videofilmlarni aksincha, sun'iy va zerikarli, jonsiz, faqat stilistikaga urg‘u berib «gapirtirish»lari orqali shundoq ham zerikarli syujetlarni yanada mujmallashtirishlari bilan ajoyib.  Biroq shunga qaramay,   to‘rt ko‘z tugal - TV niki. Istaymizmi yo‘qmi biz ulardan ko‘z uzmaymiz. Biroq bilmaymizki, asosan tungi kanallarda namoyish etiladigan ko‘plab badiiy filmlar kunduz kuni takroriy namoyish etiladi. Ya'ni siz tunda  uyingizda bolalar soatini joriy qilganingiz bilan kunduz kuni farzandingiz siz o‘zingiz uxlab qolib ko‘rolmagan erotik filmlarni ham maza qilib tomosha qiladi. Bu hali bor-yo‘g‘i ularning  ko‘rayotganlari. Rus tilini tushunadigan bolalarning eshitayotgan gaplari-chi? Bunday kinofilmlar tabiiyki asosan detektiv yoki triller janrida bulib, undagi so‘z va jumlalar ham shunga yarasha - kriminal ibora va jargonlardan iborat bo‘ladi. Ayrim shunaqa filmlar borki, ularning originalligini saqlash maqsadida rus tiliga qilingan tarjimalarida deyarli har bir so‘zning orasida o‘rischa «mat»ning takrorlanib turishi, ingliz tilidan sinxron tarjima qilingan filmlarda esa istaysizmi yo‘qmi «fak of» jumlasi xam tez-tez quloqqa chalinib qolishi tabiiy hol. Balki yot tildagi so‘kinch so‘zlar o‘zimizning «he, onagni»chalik qo‘pol eshitilmas. Ammo shunisi borki, aynan o‘sha inglizlarning o‘zida «fak of» jumlasini tele yoki kinoda personajlar tilidan  qo‘llanilishiga nisbatan juda qattiq chora ko‘riladi. Masalan bir paytlar  mashhur  «Shamollarda qolgan hislarim» filmidagi  «la'nati» -«damn» degan birgina so‘zning ketib qolgani uchun ham film ijodkorlari javobgarlikka tortilgan ekan. To‘g‘ri o‘sha davrlardan  buyon ko‘p vaqt o‘tib ketgan bo‘lsada, ammo hali hamon baribir g‘arbda yetmishinchi yillardan keyingina  vaziyatning  biroz yumshaganining o‘ziyoq Amerika filmlarini shu darajaga olib borib qo‘yganki, kino qahramonlari tilidan chiqadigan so‘kinishlarni tushunsa bormi, Toshpo‘lat tajangning ham uyatdan lavlagisi chiqib ketardi. Ammo shunisi e'tiborliki, naqadar «demokratlashib» ketganiga qaramay, AQShda bolalar uchun chiqariladigan filmlardagi so‘z tsenzurasi nihoyatda qattiq olib boriladi. Birgina «Indiana Jons» yoki «Garri Potter» filmlarini misol tariqasida ko‘rib o‘tadigan bo‘lsak, u yerda hattoki «shet»  (axlat) jumlasi ham  ishlatilmaydi. Fahshu razolat avjiga chiqqan shu mamlakatda ham tsenzuradan tashqari so‘zlarni ishlatish, tananing yalang‘och qismini ko‘rsatish, zo‘ravonlik va narkotik vositalarni iste'mol qilish mavzusini namoyish qilish qat'iyan taqiqlangan. Kim bo‘lishidan qat'i nazar bu qonun-qoidani buzgan kishi, katta miqdorda jarima to‘lashi va hattoki jinoiy javobgarlikka tortilishi ham shubhasizdir. To‘g‘ri bu sehrli atalmish o‘lkadagi  g‘irrom tuzumning o‘ziga xos nayrangbozchiligi bo‘lishi mumkindir, ammo shunga qaramay bolalar masalasida chegaradan chiqib ketish, ya'ni bolalar adabiyotlari, filmlari, ko‘rsatuvlar,shuningdek adabiyotlar, multfilmlarda ahloqqa zid jumlalarning ishlatilishi yoqi g‘ayritarbiyaviy ko‘rinishlarning namoyish etilishini qat'iyan taqiqlovchi qonunning baribir  borligi ijobiy hol emasmi?

Endi birgina Rossiya kanali orqali namoyish etilayotgan «Brigada» filmining takrori  kunduzgi vaqtda ko‘rsatilishiga nima deysiz!? Yalang‘och xotinlaru, kokain hidlayotgan bangilarmi - bularning bari-barini rus tengdoshlari qatori bizning bolalar ham ko‘rib yotishibdi. Yo‘ldoshli antenna orqali namoyish etiladigan film va ko‘rsatuvlarning aksariyati shu va shunga o‘xshash filmlardan iborat bo‘lgandan keyin bizning o‘zbek tijorat kanallari ham tomoshabin reytingini oshirish uchun qo‘shiq emas, «qiypanglash»dan iborat kliplarni aylantirishni avjiga oldirib yuborganidan hayratlanmasa ham bo‘ladi. Qolaversa, sobiq tuzum davrida estradaning unchalik taraqqiy etmagani sabab ko‘pchilik «Modern Toking», «Abba», «Boni-M»larni eshitib o‘sgan va tabiiyki ularning birorta ham so‘ziga tushunishmagan. Aslida esa jahonga mashhur bunday guruhlarning aytayotgan ashulalarida  ham ma'no mazmunning o‘zi bo‘lmagan. Chunki G‘arbda eng muhimi ohang hisoblangan. Buni hozirda ingliz tilini sizu bizdan ko‘ra yaxshiroq o‘zlashtirib borayotgan bolalarimiz bilishmaydiku. Ammo koshki ular hech qursa o‘z  ona tilida yangrayotgan qo‘shiqlarda ham tuturuqli jumlalar eshitishayotgan bo‘lsa. Axir bizning estradamiz ham g‘arb san'atiga qarab  yurib emas, naq yugurib ketmoqda. Shuning uchun ham  farzandlarimizdagi ko‘rish, anglash , tushunish kabi hissiyotlar arzon-garoviga pala-partishiga  qabul qilishga aylanib qolgan. Bundan bir necha yil ilgari kino ekranlarimizda «Ramayana» filmi namoyish etilganda kichik yoshdagi barcha bolalar paykon otishga berilib ketgani kabi, hozir o‘smir yoshidagi o‘g‘il bolalar o‘z imidjini Shohrux yo Shohruxxon va Shahriyorga o‘xshatishga urinishadi. Birinchi sinf qizaloqlarning katta tanaffus vaqtida oyijonlari shosha-pisha nonlariga bir bo‘lak saryog‘ surib, tayyorlab bergan «buterbrod»larini kavshay turib qizg‘in ravishda muhokama qiladigan mavzusi ham shunga o‘xshash: «Zerdaxonimning bolasi tug‘iladimi yo‘qmi? Esma Salimga tegadimi Demirgami? Manga «Kechalar» qo‘shig‘i yoqadi, sangachi?» Va hokazo.

Mana shunaqa ruhda o‘sib ulg‘aymoqda qizlarimiz. Voyaga yetmoqda o‘g‘illarimiz. Balki dersiz : «O‘zbekiston» kanalidan boshqasini ko‘rishga ruxsat bermay qo‘ying bolalaringizga. Axir bir paytlar sizga ham ota-onangiz faqat «Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvi bilan paxtakorlarga bag‘ishlangan kontsertlardan boshqasini tomosha qilishga ruhsat berishmaganku.» To‘g‘riku-ya, ammo bu kanalda xam ishlar «chakki» emas-da. Kuni kecha yosh bir san'atkorning yangi qo‘shig‘ining klipi namoyish etildi. Qo‘shiq-ku tuppa-tuzuk, ammo klipdagi voqeani ko‘ring-a: Er va xotin so‘rida  o‘tirishibdi. 15-16 yoshlardagi qizi ularga choy olib kelib qo‘yib ketadi. Ona: «Dadasi, mana qizimizning ham bo‘yi yetib qolibdi» deydi he-besiz. Ota ham biro-oz jim qolib, javob berayapti: «Ha... O‘zim ham a-anchadan beri sezib yuribman.» Tavba , hech zamonda ota-ona qizining yetilib qolgani haqida ham shunaqa ohangda gaplashadimi? Xo‘p, ana,  qizining «masalasi» to‘g‘risida shu tarzda o‘z fikrini bildiradigan ota-onalar bordir. Ammo ularning televidenie orqali ibrat qilib ko‘rsatadigan qanday jihati bor? Ota bo‘lmishning tamshanib, qizining yetilib qolganiga anchadan beri zimdan nazar solib yurganini xotiniga aytib o‘tirishi kishida allaqanday shilimshiq bir his uyg‘otmaydimi?  Va  eng qizig‘i, nihoyat klipda qo‘shiq yangragach,  boshlanadi:

«Bo‘-o‘y yetib,qo‘shni qiz...» degan jumlalardan keyin  bo‘yi yetgan qo‘shni qizning devoridan bir «bo‘z» yigit o‘g‘riday mo‘ralaydi. Bir  yigitki, naq o‘ttiz yoshning nari-berisida. Darhaqiqat yetilib, pishib ham bo‘lgan.....

Bu   klipmi, maynabozchilikmi yoki milliy o‘ziga xosliklarning beo‘xshov karikaturasimi, bilolmaysiz. Shukr qilasiz: harna yarim yalang‘och bo‘lib qiypanglashmayaptiku, deb.

So‘zni muxtasar etadigan bo‘lsak, jazavaga tushib, baqirib-chaqirish - ojizlarning ishidir. Lekin yuqorida qayd etilganlarning barchasiga jimgina qarab turaverish ham to‘g‘ri emas. Biz demokratik davlatda yashayapmiz. Ammo, masalan  Rossiyaga Iroq demokratiyasi kerak emas ekan, nega biz  telekanallarimizda  boshqa davlatlarning demokratiyasi hazm qiladigan g‘oyalarni jimgina «eb» kelaverishimiz kerak? Bu bilan jahon kino va tele sanoatida mavjud dasturlar va filmlarning berilishi taqiqlansin demoqchi emasmiz. Aksincha,ko‘pgina sifatli  chet el filmlari o‘zining axloqiy-tarbiyaviy jihatlari   bilan bizga  namuna bo‘lishga ham arziydi. Biroq o‘zbek tomoshabini, qolaversa, ekranlarga termulib o‘sayotgan farzandlarimizning didi qachon va qay tarzda shakllanishidagi muhim bir lahzani qo‘ldan boy berib qo‘ymaslik uchun nima qilmoq kerak? Javob tayyor: albatta, ekran mahsulotlarining sifatlilarini  o‘zimiz ishlab chiqarishimiz va namoyish etishimiz kerak. Biroq sifat har doim ko‘p vaqt va katta pul talab etib qoladi-da. Xo‘sh, nima bo‘pti? Axir davlat ta'minoti   shuning uchun ham mavjud emasmi? Qolaversa, ishonchimiz komilki, O‘zbekistonda tafakkur saviyasi yuqori odamlar juda ko‘p. Faqat afsuski, negadir hech ularning faolligi  ko‘rinmaydi. Balki ular ham sizu bizga o‘xshab, qizimiz kindigi haligacha ochilmaganidan o‘kinib kelganda, jiddiy tashvishga tushib qolishar?  

Dilfuza Qo‘ziyeva, 
jurnalist

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.