background
logotype

Kiyimlarimiz o'zgarib ketayapti...

Yigit bilan qiz avtobusda ketishyapti. Qiz yigitga deydi:
— Xohlaysanmi, ko‘richagim olib tashlangan joyni ko‘rsataman.
Qiz badanini ko‘rish umidida bo‘lgan yigit: “Ko‘rsat”, deydi. Shunda qiz: “Anavi binoda”, deya kasalxonani ko‘rsatadi. Hozir bunday latifaga deyarli hech kim kulmasa kerak. Chunki qizlarimiz shunaqangi kiyinishadiki, badanlaridan ko‘richak olinadigan joylari u yoqda tursin, undan  pastlari ham ochiq ko‘rinib turadi.

Yaqinda bir anjumanda qatnashishga to‘g‘ri keldi. Anjuman ishtirokchilariga tarqatilgan materialdagi bir nech­ta faktlar o‘ylantirib qo‘ydi. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi bir asrda erkaklarimizning ham, ayollarimizning ham kiyimlari jiddiy o‘zgarib ketibdi. O‘tgan asr boshlarida Sharq ayollarining libosi — keng, uzun ko‘ylak, kamzul va kalish-maxsi bo‘lgan. An’anaga ko‘ra ayollar ko‘ylagi badanning past-baland joylarini bilintirmaydigan darajada keng bo‘lishi, yenglari esa bilaklarini to‘la yopib turishi kerak edi.

Oradan o‘tgan 60-70 yil mobaynida ayollarimizning ki­yimlari tubdan o‘zgarib ketdi. Hozirgi kunda nafaqat qizlar, balki 40-50 yoshli ayollar ham tor ko‘ylak va tor shim bilan bir qatorda mini yubka, juda ham tor shimlar kiyishmoqda.

“Endi kiyim ayollarning avratini yashirishga emas, yanada bo‘rttiribroq ko‘rsatishga xizmat qila boshladi”, deb ta’kidlanadi tarqatilgan materialda. Darhaqiqat, avvallari ayollar badanining atigi 5-6 foizi ochiq bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda yoz fasllarida ayollarimiz badanining 50-60 foizi ochiqligi ko‘zga tashlanmoqda.

Yoz fasli edi. Bozorda bir tanishimni 17-18 yoshli qizi bilan ko‘rib qoldim. Qizi shunaqangi kiyinganki, taxminan 4-sinfdagi yubkasini kiyib olgandek ko‘rindi. Uning ko‘rinishi har qanday erkakning aqlini yo‘qotib qo‘yishiga olib kelar darajada. Meni o‘ylantirgan narsa ota va qizning shunday yurishi bo‘ldi. Agar qizini tanimaganimda tanishim jazmani bilan yuribdi, degan xayolga borardim. Nahotki, shu darajaga yetib borgan bo‘lsak?!

Badani ochiq ayollar u yoqda tursin, hatto hijob kiygan qiz-juvonlar ham shunday tor libos kiyishadiki, go‘yoki shu bilan o‘z badanlarini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘layotganga o‘xshashadi. Nahotki farosatimiz shu darajada siyqalashib ketgan bo‘lsa, degan xayolga boraman. Hamda harbiydan dars bergan o‘qituvchimizning qizlarni urishganda “Mo‘ddaning uyiga o‘t tushsin” degan gaplarini eslayman.

Sh. To‘laganov,
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.