background
logotype

Klonlashtirish – mo’jizami yoki tanazzul?

Klonlashtirish atamasi ingliz tilidagi «clone», «cloning» so‘zlaridan kelib chiqqan va u hozirgi kunga kelib o‘z yozilishi, o‘qilishini biroz o‘zgartirgan. Ingliz tilida bu so‘z biologik termin sifatida yuz yillar oldin qo‘llanila boshlagan. Biroq shu qisqa davr ichida o‘z ma'nosini bir necha marta o‘zgartirishga ham ulgurgan.

Dastlab klon so‘zi vegetativ yo‘l bilan, ya'ni bir o‘simlik urug‘idan olingan o‘simliklar guruhiga (masalan, mevali daraxtlarga) nisbatan qo‘llanilgan. Buni o‘zbek tilida «payvandlash», «ulash» deb ham tushunish mumkin. Bu o‘simliklar o‘z «ajdod»lari qanday bo‘lsa, o‘shanday bo‘lish bilan birga yangi navlarni yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Keyinchalik klon deganda butun bir guruhni emas, balki guruhdagi har bir alohida o‘simlikni atashgan. Vaqt o‘tishi bilan atama ancha keng ma'noda qo‘llanila boshlandi.

Oradan birmuncha vaqt o‘tib, ushbu atama bakteriyalar turkumini yetishtirishga nisbatan ishlatilgan. Biologik yutuqlar shuni ko‘rsatadiki, o‘simliklar va bakteriyalarning kelib chiqishi, avlodlarning organizmi - ishlab chiqaruvchisi bilan klonning barcha genetik asoslari bir xil bo‘ladi. Keyinchalik shu yo‘l bilan olingan yoki shakllantirilgan organizmlar klonlashtirish deb atala boshlandi.

Klon va hissiy olam

Qalb - inson mohiyatini, his-tuyg‘ulari va xayajonlarini o‘zida ifoda etadi. U orqali tashqi olam ne'matlarining faqat moddiy qiymati emas, balki ma'naviy jihatlar his qilinadi. U orqali bizning dunyoqarashimizga sig‘maydigan o‘zga bir olamni his qilish mumkin. Inson qalb orqali intuitiv imkoniyatlardan foydalanadi. Klonlashtirish esa xuddi organlarni ko‘chirib o‘tkazish yoki sun'iy urug‘lantirishga o‘xshaydi. Ana shu yerda klonlashtirishning mohiyati ochiladi. Odam tanasining bir bo‘lagidan aynan unga o‘xshash odamning yaratilishi qanchalik mo‘'jiza bo‘lmasin, qalb, tuyg‘u, hissiyot, ajdodlar haqidagi tasavvur kabi faqat insongagina xos bo‘lgan noyob imkoniyatlar unda mavjud bo‘lmaydi.

Klonlashtirishning axloqiy muammolari

Klonlashtirishga oid ko‘plab bahs-munozaralar mavjud. Bu mavzuning qanchalik dolzarbligiga oid qator filmlar va seriallar (masalan, «Maxfiy xujjatlar», «Kelgindilar», «Yura davri parki», «Klon»)ni misol qilib keltirishimiz mumkin. Yangi va notanish narsadan qo‘rqish insonga xos xususiyat. O‘tgan asrning 70-yillari oxirida qurbaqalarning klonlashtirilishidan so‘ng paydo bo‘lgan odamlarni klonlashtirish imkoniyatlari haqidagi qizg‘in munozaralarni hozircha esdan chiqarishgan.

1973 yili Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti professori 
L. Shetlz «Probirkadagi chaqa­loq»ni dunyoga keltirishga tayyorligini e'lon qildi. Shundan so‘ng AQSh va Vatikan cherkovlari qarshilik bildirdilar. 1977 yili zoologiya professori J. Gerdon qurbaqani klonlashtirdi.

1977 yili butun insoniyat klonlashtirish yo‘li bilan dunyoga keltirilgan shotland qo‘zichog‘i Dollini ko‘rib, hayratga tushdi. Keng jamoatchilik klonlashtirish jarayonlari xususiyatlarini muhokama qila boshladi. Bu paytda odamni klonlashtirish ustida olib borilayotgan tajribalarga bo‘lgan munosabat to‘g‘risida bahs ketayotgan va bahs­lar quyidagi savollar bilan bog‘liq edi:

1. Biz odamni klonlashtirish huquqiga egamizmi?

2. Ilm-fan bunday tajribalarni o‘tkazish uchun yetarli ma'lumotlarga egami?

3. Bunday tajribalarning oqibati qanday bo‘lishini hozir bashorat qilish mumkinmi?

Shuni ham alohida ta'kidlash joizki, ayrim xulosalar klonlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi:

1. Klonlashtirishning foydali tomonlaridan biri, baxtsiz hodisalar tufayli jarohatlangan inson organlarini ko‘chirib o‘tkazish orqali davolash mumkinligidir.

2. Klonlashtirishni rivojlantirish farzandsiz kishilarga o‘z farzandini dunyoga keltirish imkonini beradi (Rossiyada har yettinchi oila farzandsizlikdan aziyat chekadi).

3. Keyinchalik klonlashtirish odamlarga genetik kasalliklarni davolashda ham katta yordam beradi. Agar xavfli genlar, ya'ni qandaydir kasallik alomatlari ota xromosomasida aniqlansa, unda otaning tuxumdoniga uning o‘z hujayrasi o‘tkaziladi. Shunda xavf­li genlardan xoli farzand dunyoga keladi.

Shu bilan birga klonlashtirishga qarshi fikrlar ham mavjud:

Polyaklarning ilmiy-falsafiy fantast yozuvchisi Stanislav Lemning klonlashtirishning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan kitobi nashrdan chiqqan. Asar qahramoni Iyon Tixiy klonlashtirish yordamida o‘z egizagini yaratadi, keyin ikkinchi klon egizakni yaratadi. U o‘ziga kelganida kayutada o‘zi kabi odamlar ko‘p edi. Iyon Tixiyga o‘xshash ikkinchi, uchinchi kishilar insoniyatga juda katta xavf tug‘diradi. Tabiat tomonidan taqiqlangan harakatlarni amalga oshirgan inson o‘zini klonlashtirish or­qali nafaqat tabiatga, hattoki Xudoga ham ochiqdan-ochiq teng kelishga urinadi. Biroq insonga yangi hayot baxsh etish, yangi hujayralarni o‘z vazifalarini bajarishga tayyorlashning murakkab mexanizmini yaratish faqatgina Yaratganga xosdir.

Ilm-fanning rivojlanishi, uning har bir qadami o‘zi bilan yangi, ba'zan hayratomuz hollar, ba'zan iztirobli, tuzatib bo‘lmaydigan fojealarga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, misli ko‘rilmagan xavf-xatarlarga ham duchor qilyapti. Uni tarix, insoniyat kechirmaydi.

Atom energiyasiga ega bo‘lish insonni arzon elektr quvvati bilan ta'minlagan bo‘lsa-da, yadro quroli butun insoniyatni yo‘q qilishga qodir bo‘lgan ommaviy qirg‘in dahshatlarini keltirib chiqaradi. Klonlashtirish haqida ham shunday fikrga borish mumkin. Farzand ko‘rolmaydigan oilalar, og‘ir kasallik bilan og‘rigan bemorlar uchun bu vaziyatdan chiqish chorasi hisoblanadi. Biroq to‘laqonli yashayotgan insonlarning ko‘plab biologik «nusxa»sining dunyoga kelishiga qanday qarash mumkin? Hodisalarning bunday tus olishi, o‘zgarishi jahon mutaxassislarining jiddiyroq fikrlashini talab etmoqda.

Darhaqiqat, sun'iy ravishda bir odamning nusxasini yaratish insonning tabiiy rivojlanishi qonuniyatlarini, inson tushunchasi va qadriyatini poymol etadi. Kishilik jamiyati tarixiy-tadrijiy taraqqiyoti davomida to‘plangan an'analar, madaniyat, san'at va urf-odatlar silsilasiga putur yetadi. Uni qadrsizlantiradi.

Bugungi kunda insonni klonlashtirish bilan bog‘liq tajribalarni o‘tkazish barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda taqiqlangan. Bundan tashqari, BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan odamni klonlashtirishga qarshi maxsus rezolyutsiya ham qabul qilingan. Insonni klonlashtirish bu bashariyatning yaxlit axloqiy olami va ruhiyatini buzishdir.

Insonni klonlashtirish o‘z-o‘zidan insoniyat axloqi va ruhiyatini buzish bilan barobar emasmi, - degan muammodan iborat. Ma'lumki, inson faqat jismoniy tanadan iborat emas. Unda yurak, qalb, hissiyot, tafakkur, orzu-umid va uning ro‘yobiga qaratilgan inson xatti-harakatlarining bir-biriga bog‘liq va yaxlit tizimi mavjud. Shuningdek, odamlar kulishlari, xafa yoki baxtli bo‘lishlari mumkin, ularda ong, aql bor. Aynan shu narsa odamni hayvondan farqlovchi xususiyat hisoblanadi va insonni noyob qadriyat darajasiga ko‘taradi. Bunga qarama-qarshi ravishda DNK ko‘chirib o‘tkazilishi natijasida yaratilgan «klon» hissiz, o‘tmishsiz, ajdodsiz, fikrlash qobiliyati sust bo‘lgan tanadan iborat bo‘ladi. Bu mavjudot qalbsiz ruhiyat bo‘shlig‘idan iboratki, ayni ana shu holat inson va insoniyat, uning buyuk o‘tmishi va istiqboliga tuhmatdir.

Shahina Jo‘rayeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.