background
logotype

Loqaydlik (Zamonamizda Don Kixot bo’lishning foyda va zararlari)

Ibrohim (a.s)ni gulxanda kuydirish uchun olov yoqilayotgan paytda o’sha otashga  qaldirg’och o’z tumshug’ida suv keltirib socha boshlabdi. Shunda zindonning tuynugidan uni ko’rib turgan Ibrohim (a.s) “ey, qushcha, sening bir tomchigina suving olovni o’chira olmaydiku, bekorga urinyapsan” debdi. U “buni yaxshi bilaman, lekin menga berilgan vazifa shudir. Men vazifamni bajaryapman” deya javob beribdi. U kishi qaldirg’ochni ezgu duo qilibdilar. Shundan buyon Qiyomatgacha bu qushchaga yaxshilik yozilibdi.  

Maqolamiz albatta qaldirg’och haqida emas. 
Biz ojizu notavon bandalarning qaldirg’ochchalik bo’lmaganimizda to’g’rirog’i bo’la olmayotganimizda, bundan ham  aniqrog’i bo’lishni xohlamasligimizda. 

Bu illatni yoki ko’rinishni bir qushchachalik bo’lolmaslik, deya  uzundan-uzoq nomlamay oddiygina qilib loqaydlik desak ham bo’ladi. 

Naima Aliqulova, filolog: - Loqaydlik deyilganda birgina lotin amerikasi yozuvchisi G.Markesning “Oshkora qotillik qissasi”ni eslashi kifoya. Negaki, mening nazarimda, asarda boshdan-oyoq loqaydlik ufurib turadi. Qotillik uchun yo’lga chiqqanlar kimdir bizni bu yo’ldan qaytararmikan, kimdir nasihat qilarmikan degan maqsadda maqsadlarini oshkor qiladilar. Afsuski... loqaydlik ularning peshonasiga “qotil” degan tavqi la’natni yozish ...

Don Kixot obrazi haqida tushuncha berishimiz shart emas. U haqdagi kitobni o’qimagan, Don Kixotning sarguzashtlari haqidagi filmlarni ko’rmagan biror kishi bo’lmasa kerak. Ba’zan qandaydir janjalga tarafkashlik qilayotgan, kimnidir hojatini chiqarayotgan yaqinlarimiz yoki tengdoshlarimizni ko’rsak unga istehzo qilamiz “Don Kixot bo’laverma” deb. Aslida ana o’sha Don Kixotimiz bizgada yuklatilgan, bizningda vazifamiz bo’lgan oddiygina odamiylik sifatlaridan biri bo’lgan amalni bajarayotgan bo’ladi xolos. 

—Hayotimda bir voqea bo’lgan, - dedi poezddagi hamrohlarimdan biri, - shu-shu birovning ishiga aralashmayman, kim nima qilsa qilib yuraversin, menga nima deydigan bo’lib qolganman. Siz aytmoqchi loqayd bir kimsaga aylanganman. Balki Don Kixot bo’lish qachonlardir sharaf hisoblangandir, lekin bizning zamonamizda emas. 
O‘sha voqea shunday bo’lgandi. 
Nodir (suhbatdoshimning ismi shunday edi) bir kuni bozorga boradi. Olgan kartoshkasini nazorat tarozisiga tortib ko’rsa anchagina kam chiqadi. U kartoshka sotayotgan bolaning yoniga kelib, unga tarozing noto’g’ri ekan, deb endigina gap boshlaganida, sotuvchi bolaning onasi qaerdandir yetib keladi. Endi Nodir bolaga emas, sotuvchiga “Opa, o’g’lingiz menga kam kartoshka beribdi. Hozirdan bu shunaqa bo’lsa katta bo’lganida nima bo’ladi, o’g’lingizga to’g’ri tortishni, hisobni to’g’ri qilishni o’rgatsangiz bo’lmaydi” desa, haligi ayol janjal ko’tarib qolibdi. Natijada Nodir ayolning tuhmatiga uchrab militsiyaga ham tushibdi. 

—O‘shanda, - deydi suhbatdoshim, - bola va uning onasiga nasihat o’qib nima qilardim. Tinchgina ha kartoshkaning kami sadaqa deb indamay ketavermaymanmi, boshim shuncha baloga qolmasdi. Men tentak esa (qarang, birovni yaxshilikka buyuurish, yomonlikdan qaytarish tentaklik ekan) o’zimcha ularni tarbiyalamoqchi, shu yo’l bilan bolani to’g’ri yo’lga solmoqchi, boshqa xaridorlarning haqqini ajratib bermoqchi bo’libman. Militsiyadanku bir amallab qutildim, ammo yuragimdagi birgina azobdan hali ham xalos bo’la olganim yo’q. Endi o’la-o’lguncha “och qornim – tinch qulog’im deb” yashaymanmi? Ba’zan kimdir janjallashayotgan paytda, ba’zan mahalladagi biror bola  nojoiz gaplarni gapirib turganda ularni ajratib qo’yay, shu bolaga bir og’izgina nasihat qilib, shu ishi yaxshi emasligini aytay deymanu, keyin “ey, menga nima, bola birovniki, janjallashayotgan mening ukam yoki singlim, bolam emas” deya indamay o’tib ketaveraman. 

—Bizning mahallamizda bir keksa kishi bor, - dedi dugonam, - juda g’alati. Bo’lsa-bo’lmasa birovlarning ishiga aralashaveradi. Mahalladagi hamma qizlar uni yomon ko’radi. O‘sha cholga ro’paro’ bo’lish, azob to’xtatib olib, nasihat qiladi, ba’zan urishadi ham “qiz bolasizlar ro’mol o’rasang bo’lmaydi, uzun ko’ylak qiysang biror joying kamayib qoladimi, kimning qizisan, otang tirik bo’la turib sochingni yoyib olibsan, hali mushtdek bolasanku, namuncha labingni qizartirib olmasang, kattalarning yonidan o’tayotganda salom beri deb ota-onang o’rgatmaganmi?”. Xullas kattami kichikmi, erkakmi ayolmi hammaga matal o’qiydi. Mahallamizdagilarning joniga tekkan. Ba’zan ota-onalarimiz bizni deb o’sha kishi bilan janjallashib qoladilar. Unga esa baribir. Ertasi kuni yana ko’chaga chiqib olib, o’tganning o’rog’ini, ketganning ketmonini olib o’tiraveradi, hammaning asabiga tegib. 

...

So’zimiz avvalida “Qisasi Rabg’uziy”dan bir misol keltirgandik. Mittigina jussasi bilan tog’dek talqon qilgudek sur’atda harakat qilgan qaldirg’ochga yaxshilik nasib qilganligini aytgandik. 

Qanday baxtiyor insonlar bo’lardik, biz ham qaldirg’ochdek jonsarak bo’lsak. 

Sharifa Murodjon qizi 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.