background
logotype

Ma’mura Yoqubova. Intizom — yuksak ma’naviyatning oltin kaliti

Dugonam Noilaning ukasi Adhamning ingliz tilida gapirganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Hali o‘sha til grammatikasini uncha o‘zlashtirmagan bo‘lsa-da, uncha-muncha jargon so‘zlarni juda yaxshi biladi. Yaqinda ularnikida bo‘lganimda Adhamni suhbatga tortdim. Gap mavzusi qizlarga kelganda uning bahri dili ochilib ketdi. “Sinfimizga yangi qiz keldi. Shu desangiz, rosa ketvorgan. Ustiga ustak, egnidagi tarang futbolkasiga “Kiss me!” deb yozib qo‘yilgan”, – dedi bilag‘onlik qilib.

“Uni qo‘ya tur, o‘zingni futbolkangdagi “I am crazy” degani nimasi, bu haqoratomuz so‘z emasmi?” – so‘radim undan. “E, bu hozir modadagi futbolka. Ustimda shunaqa Yozuv turgani bilan ahmoq bo‘lib qolmayman-ku”, – deya e’tiborsiz javob berdi u.

Afsuski, ko‘pchilik yoshlarning egnidagi “zamonaviy ki­yim”larning aksariyatida “I love you”, “I miss you”, “Crazy baby”, “Dirty child”, “Look at my bum” degan so‘zlarni uchratish mumkin. Mana shu so‘zlar tafakkurimizga singib, ma’naviyatimizni yemirib bormayaptimi? Na­hotki, odam talaffuz qilishga ham uyaladigan shunday so‘zlarni ko‘rishga majbur etilsa. Bu qanday madaniyat? Savollar bisyor, biroq natija o‘sha-o‘sha... Mana shu kabi noxush holatlarning ol­dini olish maqsadida umumta’lim maktablari va boshqa ta’lim maskanlarida o‘quvchilar uchun forma tashkil etilgan va bu tashabbus bir tomondan yoshlar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlasa, ikkinchi tomondan, “ko‘cha madaniyati”ga berilishning oldini olishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, o‘quvchi ma’naviyatini shakllantirishda ta’lim-tarbiya jarayoni, targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan birga, kiyinish madaniyati masalasi ham muhim o‘rin tutadi. Olingan ko‘plab takliflar asosida har bir maktabga o‘zining hududiy xususiyatlarini hisobga olgan holda, kiyim dizaynini tanlash imkoniyati berilgan. Bunda hududning iqlim sharoiti, o‘quvchilarning yosh va fiziologik rivojlanish xususiyatlari hamda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga mosligi inobatga olinishi zarur.

— O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2009 yil 14 oktyabrdagi 283-sonli buyrug‘i bilan «Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ichki tartib-qoidalari» tasdiqlangan. Uning 3.4-bandida maktab ustavida belgilangan tartibda o‘quvchilar formada o‘qishga kelishi, jumladan, o‘quvchilarning kiyim boshi toza va ozoda bo‘lishi, o‘quvchi qizlarning sochlari tekis turmaklangan bo‘lishi, kalta yubka va oldi haddan tashqari ochiq ko‘ylak kiymas­lik, ta’lim muassasasi hududida pardozsiz yurish, o‘g‘il bolalarning soch­lari tekislangan, maktabga shortik va maykada, tizzasi yirtilgan shim, g‘arbning jangari film qahramonlari aks ettirilgan kiyimlarda kelmaslik kabi talablar qo‘yilgan, — deydi Xalq ta’limi vazirligi Ma’naviy-axloqiy va ta’lim bo‘limi bosh mutaxassisi Ravshan Ergashev. — Shunga asosan 2009- o‘quv yilida maktab formasi tashkil etilib, respublikamizning turli hududlarida joriy etila boshlandi.

Suhbatdoshimiz bergan ma’lumotlarga qaraganda, maktab o‘quvchilarining formasi uchun quyidagi aniq talablar qo‘yilgan:

O‘g‘il bolalar uchun: to‘q rang­li shim, och rangdagi ko‘ylak, to‘q rangdagi kostyum, galstuk sipo, bejirim andozada tikilgan, toza va dazmollangan bo‘lishi kerak.

Qiz bolalar uchun: tizzadan yuqori bo‘lmagan to‘q rang­dagi yubka va och rangdagi kofta, to‘q rangdagi kostyum sipo, bejirim, o‘ta tor yoki keng bo‘lmagan, ortiqcha bezaklardan xoli, toza hamda dazmollangan bo‘lishi lozim. Soch­lar ikki yoki bitta qilib turmaklangan, pardoz-andozlardan xoli va taqinchoqlar me’yoridan oshmasligi kerak.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bir xillik, albatta, barcha me’yoriy talablarni hisobga olgan holda ta’minlanyapti. Ko‘pchilik o‘quvchilar, ba’zan ota-onalar orasida ham “U mumkin, bunisi mumkin emas” degan bahs­lar quloqqa chalinib turadi. Bunday odamlar maktab formasiga o‘tish munosabati bilan qo‘yilgan talablarni sinchiklab o‘qimagan yoki o‘rganishmagan ko‘rinadi.

Masalaning nozik tomoni, ba’zi o‘quvchilarda uning mohiyatini tushunmaganligi bois, hamma kiygan kiyimni kiyish yoki tengdoshlari bilan bir xil bo‘lib yurishga istak hamisha ham bo‘lavermaydi. Ular maktab formasini kiyganda ham “ajralib” turishga harakat qilishadi. Bu holat, ayniqsa, yuqori sinflarda ko‘proq kuzatiladi. Ayrim ota-onalar orasida esa “Meni qizim hamma kiygan kiyimni kiymaydi. Kiyganda ham hech kimda yo‘q, eng qimmat matodan tiktirib beraman” deydiganlari ham topilib turadi. Vaholanki, bu hol boshqa bir o‘quvchida havas, ba’zi sharoiti og‘irroq o‘quvchilarda qandaydir o‘ksinish hissini tug‘dirishi mumkin.

— Maktab nimasi bilan qadrli? Birinchi navbatda, tartib-intizomi bilan. Umuman maktabda o‘qitish tizimi tartib asosiga qurilgan. Ma’lumki, yoshi teng bolalar bir sinfda o‘qishadi. Ular hammasi bir xil darsliklardan foydalanishadi. Dars­larga bir paytda kirib, bir paytda tanaffusga chiqishadi. Bir dars mobaynida ularning hammasi bir fanni o‘rganishadi va hokazo. Bularning aksini bir tasavvur etib ko‘ring-chi: deylik, ota-ona rayiga borib, o‘quvchiga istagan kiyim-kechak kiyishiga qarshilik qilinmasa, yuqorida ta’kidlangan darslarga ham munosabat o‘zgarishi hech gap emas. Tasavvur qiling: har xil yoshdagilar bir sinfda, kimdir darsning yarmida kirib kelsa, bosh­qasi chiqib ketsa, kimdir tarix o‘qisa, yonidagisi matematika bilan band... Bunda ma’naviyatning oltin kaliti — intizom qayerda qoladi? Xo‘sh qay biri ma’qul – tartibli o‘qishmi yoki... Xuddi shunday bir xil kiyimda maktabda o‘qishga qatnash ham o‘sha maktab tartib-qoidalarining bir bo‘lagi! Maktab formasiga jiddiy munosabatda bo‘lish kerak, — deya o‘z fikrlarini biz bilan o‘rtoqlashdi mehnat faxriysi Aziza opa Abdunabieva.

Aslida, insonning martabasi, qadri kiyim bilan o‘lchanmaydi. Esimda, so‘nggi qo‘ng‘iroqni tarix o‘qituvchimiz Shoira Ibragimovaning taklifi bilan bizning sinf forma-fartukda kutib olgandi. Ko‘pchilik boshqacha, bezakli liboslarni oldindan olib qo‘ygani bois boshida qarshiliklar bo‘ldi. Biroq “9-A” sinfi o‘sha kuni “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiriga — so‘nggi bor to‘liq maktab formasida chiqdi. Hatto o‘shandagi suratlarimiz haligacha maktabimizda namuna sifatida osig‘liq turibdi. Hozir shahrimizdagi deyarli barcha umumta’lim maktablari oq-qora rangdagi formaga o‘tishgan. Bu fikrning isbotini Chilonzor tumanidagi 173-, Uchtepadagi 44-, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 112-, Olmazor tumanidagi 243-sonli maktablarda ko‘rdik. Yo‘limizda uchragan o‘quvchidan forma xususida so‘raganimizda, ular: “Barcha do‘stlarim mana shunaqa uslubda kiyinishadi”, deya kiyimiga ishora qilishdi.

Aslidayam, maktab — “modalar namoyishi” emas. U tom ma’noda tarbiya maskani. O‘quvchi tarbiyani nafaqat o‘qituvchisidan, balki yon atrofidagi o‘rtoqlari va yon atrofidagi muhitdan ham oladi.

— Ish yuzasidan maktablarga borganimda o‘quvchilarning formada yurishlari juda chiroyli ko‘rinishi bilan birga, ularning tartibli bo‘lishlari, o‘zlarini jamoat joylarida tutishlari va hattoki yo‘laklarda yurishlariga ham ta’sir etishini ko‘rdim. Formada o‘quvchi qaddini tik tutib yuradi, o‘quvchining ma’lum bir tartib-qoidaga rioya etishni aqlan his etadi, — deydi Yunusobod tumani xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Jasur O‘rinboev.

Maishiy manfaatlar “ommaviy madaniyat”ni keltirib chiqaradi. Ommaviy madaniyat esa asl qadriyatlarni yemira boshlaydi. Natijada millat sha’niga dog‘ bo‘lib tushadigan yot unsurlar paydo bo‘ladi. “Ommaviy mada­niyat”ning asosiy ko‘rinishlari maqolamiz boshlanishida keltirilgan holatlardagi kiyinishda ham namoyon bo‘ladi.

...Har kuni universitetga boradigan yo‘limda bir maktab bor. Uning yonidan o‘tayotib, maktabdagi oq-qora rang­dagi maktab formasida qaldirg‘ochday tizilib kelayotgan kichik sinf o‘quvchilariga nazar solaman. Armonlarsiz, shodon yurgan o‘quvchilik kezlarimdagi kabi formani yana bir kiysam edi, degan o‘y xayo­limdan o‘tadi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.