background
logotype

Mansurxon Toirov. Kel, qaldirg‘och, kutaman seni

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, yer yuzining muz bilan qoplangan qutb o‘lkalaridan boshqa barcha yerlarida qaldirg‘ochlarning 79 turi, jarqaldirg‘ochlarning 86 turi yashaydi. O‘zbekistonimizda qaldirg‘ochlardan: qishloq qaldirg‘ochi, tuya qaldirg‘ochi, shahar qaldirg‘ochi va suv qaldirg‘ochi uchraydi.
 Ushbu nozik qushning burgut bilan jangini tomosha qilganmisiz? Men ko‘rganman. Bu voqea Amerikaning Glen Pley degan tog‘li o‘lkasida bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha kuni osmon beg‘ubor, besh-oltita burgut uchib yurishardi. Burgutlardan biri qaldirg‘ochning polaponlarini bezovta qilgan bo‘lsa kerak, uning tepasida bir qaldirg‘och betinim aylanib boshini cho‘qilar va zudlik bilan tepaga ko‘tarilar va yana sho‘ng‘ib burgutning boshini tinmay cho‘qilar edi. Burgut qaldirg‘ochning hujumlariga umuman javob bera olmas va o‘zini qaerga qo‘yishni ham bilmas edi. Burgutning gavdasi katta bo‘lgani uchun qaldirg‘ochning orqasidan tepaga quvib chiqish darajasida epchil emasdi. Nihoyat burgut tezlik bilan pastga sho‘ng‘ib, qaldirg‘ochdan qochib qutulish yo‘lini topdi...
 Ilk bora men qaldirg‘och bilan olti yoshlarimda maktabimizdan yuz qadamcha naridan oqib o‘tayotgan anhorga mahliyo bo‘lib o‘tirganimda tanishganman. O‘sha kuni bir nechta qaldirg‘och galma-gal anhor qirg‘og‘iga qo‘nishib, uy qurish uchun uning yumshoq yerlaridagi loydan cho‘qilab-cho‘qilab tumshuqlariga olishar va bu loy ushog‘ini qaytadan yerga tashlab, boshqa tomonidan cho‘qilab qaytadan og‘izlariga solishar edi.
 Keyin tushunimcha, shu taxlit har bir loy ushog‘ini iylab, obdon pishitgan ekan. Yoshligimdan o‘rtoqlarimning birortasi uyida qaldirg‘och in qurib bola ochganini ko‘rib qolsam, juda havasim kelardi. Lekin nima uchundir bizning uyimizga qaldirg‘och in qo‘ymas edi. Men bundan xafa bo‘lgan choqlarim ham bo‘lgan.
 Falakning gardishi aylanib, yillar o‘tgach, o‘zimga ham oilam uchun uch xonali uy solish nasib qildi. Shu yili bahor kelib, kunlar isigach, oyna romlari tabaqalarini ochib qo‘ysak, yangi uyimiz ichiga har zamon bir-ikkita qaldirg‘och kirib aylanishni odat qilib olishdi va nihoyat ularga kichikroq bir xonamiz ma’qul keldi, shekilli, kiraverishdagi chap burchak tepasiga in qura boshlashdi. Shu yili qaldirg‘ochlarning to‘rtta polaponi uchirma bo‘ldi.
 Qaldirg‘ochlarning polaponlarining parvarish qilishini kuzatib, ko‘p hayratli hollarni ko‘rdim. Esimda qolgani — ular doimo polaponlarini tagini tozalab, har xil chiqitlarni tashqariga chiqarib tashlashar, o‘z inlarini qurishadigan bo‘lishsa, iloji boricha ushbu uylarni ta’mirdan chiqqan-chiqmaganini e’tiborga olishar ekan. Odamlar o‘z uylarini ta’mirlash chog‘i qaldirg‘ochlarning inlarini ham buzib yuborishi bunga sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.
 Qaldirg‘ochlar polaponlarini faqatgina ovqat va suv bilan ta’minlamasdan, ularga uchishni ham o‘rgatishganining guvohi bo‘ldim. Bir kuni bir qaldirg‘och bolasi o‘zining uchirma bo‘lganiga ishona olmay so‘rining simiga qo‘nib o‘tirardi.
 Bir payt o‘sha katta qaldirg‘och “qani, ketimdan uch”, degandek ishora qilib, qanoti bilan polaponni bir turtib o‘tib ketuvdi, polapon so‘ri simini changalidan qo‘yib yubormay, boshi yerga qaragancha osilib qoldi. Bir ozdan so‘ng simni changalidan bo‘shatib, onasi ketidan uchib ketdi.
 Ular inlarini tashlab chiqib ketishgach bir oy o‘tib, hovlimizdagi tok so‘riga o‘ntacha qaldirg‘och kelib qo‘ndi. Birmuncha vaqt nimalarnidir o‘zaro g‘ijirlashgach ketma-ket qaldirg‘och ini turgan xonaga uchib kirishdi. Xona qaldirg‘ochga to‘lib ketdi. Hamma qaldirg‘ochlar birvarakayiga xonaning hech qaeriga qo‘nmasdan, ichini uch-to‘rt marotaba aylanib, go‘yo ko‘ngillaridagi barcha ezgu tilaklarini, minnatdorliklarini izhor qilib, uzoq-uzoqlarga, janub tomonga uchib ketishdi.
 
“Qishloq hayoti” gazetasi, 2007 yil 20 noyabr

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.