background
logotype

Mirjalol Mahmudov. Bola balo bo‘lmasin desangiz

Ba’zi ota-onalar bolani jazolamaslikning mutlaqo iloji yo‘q, deb hisoblashadi. To‘g‘ri, u gohida gapingizga quloq solmasligi, xarxasha qilib, tinchlik bermasligi mumkin. Lekin borliqni endigina o‘rgana boshlagan murg‘akni bilib-bilmay qilgan yoki qilmagan ishi uchun jazolash shartmikan? Axir, go‘dak ko‘ngliga ozor bermay, yaxshi tarbiya berayotgan ota-onalar ham bor-ku?!

Ota-ona farzandiga "Mana bunday qil!" — deb o‘rgatadi. Bola esa qaysarlik qilib, o‘z bilganidan qolmaydi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Bir o‘ylab ko‘ring: biz kattalar ham biror muammo bilan yuzma-yuz kelganda ko‘pincha keksa avlodning tajribasini inkor etib, o‘z yo‘limizni tanlashga harakat qilamiz. Bunday quloqsizlikni esa o‘zimizcha "shaxsiy fikr" deb baholaymiz. Biroq mana shu "quloqsizlik" tufayli biz bebaho tajriba orttirib, mustaqil bo‘lishni o‘rganamiz, hayotda o‘z yo‘limizni topamiz.

Ota-onalar jigarbandlarini o‘z boshlaridan o‘tkazgan qiyinchiliklardan, azobu uqubatlardan asrashga harakat qiladi. Ularning maqsadi ezgulikdan o‘zga narsa emasligiga shak-shubha yo‘q. Biroq oqibatda ota-ona bolasini zarur erkinlikdan cheklab qo‘yadi. Tajriba orttirishga intilish bola va ota-ona o‘rtasidagi tushunish va ishonchga putur yetkizsa yomon bo‘ladi.

Ko‘p ota-onalar jazolamasdan tarbiya qilib bo‘lmaydi, deb qattiq adashadi. Ular bolani to‘g‘ri yo‘lga solish uchun o‘ziga xos aqidaga amal qiladi: "Avval ogohlantiraman. Keyin talab qilaman. Shunda ham aytganimni qilmasa, jazolayman". Jazolashning turlari ham ko‘p: tarsaki tushirish, burchakka turg‘azish, xonada yolg‘iz qoldirish, tasma bilan qo‘rqitish, shirinlik yoki mult­filmdan judo qilish... Endi vaziyatga bolaning ko‘zi bilan qaraylik. Nima deb o‘ylaysiz, u ayni chog‘da nimani his qilarkin? Qilgan ishidan afsuslanadimi? Yo‘q, aslo! Bu yoshda bola qilib qo‘ygan ishining oqibatlarini deyarli anglamaydi. Lekin unga ko‘rsatilayotgan qahr-g‘azabni juda yaxshi tushunadi. Natijada, bolaning xayolidan "Meni hech kim yaxshi ko‘rmaydi. Menga e’tibor ham bermaydi", degan o‘y kechadi. Bunday tuyg‘u bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zida jazolash yomon xulqqa barham berib, bola siz taqiqlagan ishlarni qilmaydi. Chunki u jazolanishdan qo‘rqadi. Shuning uchun mabodo siz taqiqlagan narsa maxfiy tarzda amalga oshirilsa, bundan ajablanmang. Endi siz bolani yolg‘on gapirish hamda mug‘ombirlik qilgani uchun ham jazolashga tushasiz. Bu ketishda bunday boshi berk ko‘chadan chiqishingiz dargumon.

"Bolamni jazolashga umuman hojat yo‘q", deydigan onalar ham topiladi. Baxti bor ekan, unga kamtar, bosiq farzand nasib qilibdi, deb o‘ylamang. Bunaqa bolaning o‘zi yo‘q. Faqat uning oilasida muhabbat va hamfikrlikka asoslangan iliq munosabatlar hukm­ron, xolos.

"Birovning tajribasi hali hech kimga hech nimani o‘rgatmagan", — deb kinoya qilgan ekan bir faylasuf. Farzandlarimiz esa har kuni bu fikrning to‘g‘riligini isbotlashadi. Ona o‘g‘liga "Daraxtga chiqma, yiqilasan!" deb baqirsa ham u baribir chiqadi va tabiiyki, yiqiladi. So‘ng o‘rnidan turib, yana chiqadi. Faqat bu safar boshqacha yo‘l bilan. Buni qarang, u shoxdan mahkam ushlab olibdi. Demak, farzandingiz o‘syapti.

"Pedagogik jinoyat"dan saqlaning

Ota-onalar ko‘pincha bola tabiatidagi o‘zgarishlarni ko‘rib cho‘chishadi. Biroq bu o‘zgarishlarning aksariyati bolaning yoshiga bog‘liq o‘ziga xos xususiyatdir. Afsuski, ko‘p ota-onalar bundan bexabar. Shuning uchun ham ular bolalarga nisbatan o‘ta qattiqqo‘llik qiladi.

Kecha-kunduz to‘xtovsiz yig‘layotgan ikki oylik go‘dakni jazolash hech kimning xayoliga kelmasa kerak. Ota-ona uning yig‘lashiga biror arzigulik bahona yo‘qligini juda yaxshi biladi: bola sog‘lom, qorni to‘q, mizg‘ib olgan, tagligini almashtirishgan...Shuning uchun ham o‘zlaricha xulosaga kelishadi: ko‘tarishni xohlayapti, uni tinch qo‘y! Bekor aytibsiz! Bu yoshda go‘dakni ota-ona e’tiboridan judo qilish jazolashga teng. Bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish esa chinakam pedagogik jinoyat sanaladi.

Navbatdagi yoshga doir o‘zgarish bir yarim yoshda boshlanadi. Bolakay onasining ortidan qolmaydi. Axir u onasining birorta qarindoshiga tashlab, ko‘chaga ketishidan qo‘rqadi-da. Ona bir amallab chiqib ketdi ham deylik, ana o‘shanda ko‘rasiz haqiqiy xarxashani. Yaqinda yurishni o‘rganib olganiga qaramay, endi qayoqqa borishini o‘zi tanlay olishini yaxshi tushunadi. U endi atrofni bemalol o‘rganishi mumkin. Biroq onasi bo‘lmasa, himoyasiz qolishini ichki his bilan sezib turadi. Ana shundan cho‘chiydi!

Uch yoshdagi o‘zgarishlar ota-onani, ayniqsa, qo‘rquvga soladi. Agar urishib, tarsaki solsa, yanada qattiqroq yig‘lay boshlaydi. E’tiborsiz qoldirsa, duv-duv ko‘z yoshini to‘kadi. Quchoqlab, tinchlantirishga urinsa ham, mitti qo‘llari bilan itarib tashlab, yana jazavaga tushadi. Agar bu yoshdagi o‘zgarishga oiladagi ziddiyatlar, bolalar bog‘chasiga ko‘nikish, ikkinchi farzand­ning paydo bo‘lishi, ota-onaning ajrashishi kabi bola ruhiyatiga zarar yetkazuvchi holatlar ham qo‘shilsa, jazava yanada kuchayishi isbotlangan. Biror arzigulik sabab bo‘lmasa-da, bola atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib boring. Ehtimol, bola bog‘chadagi enaga yoki doimo uning yonida bo‘luvchi buvisi bilan kelisholmay qolgandir. Salbiy omillar ta’sirini kamaytirishga harakat qiling, shunda boladagi asabiy tutqanoq kamayadi. Psixologlarning fikricha, quloq solmaslik bola menining shakllanishidagi muhim bosqichdir. Shu tariqa u o‘zini mustaqil tuta boshlaydi.

Tartibni yaxshi ko‘radimi, demak, uning atrofida barqarorlik hukmron. Darvoqe, bu hol ko‘pincha ziddiyatlarga sabab bo‘ladi. Deylik, ona o‘yinchoqni uning ruxsatisiz nariroqqa surib qo‘ydi, ota esa tushlik vaqtida uning doim o‘rganib qolgan joyi­ga o‘tirib oldi. Ana shunda go‘dak tartibning tiklanishini talab qiladi. Ota-ona esa uni injiqlikda ayblab, o‘zlaricha qayta tarbiyalashga urinishadi. Biroq gap shundaki, atrofdagi barqarorlik bola uchun xotirjamlik va osoyishtalik garovidir. Shuning uchun ota-onalar iloji boricha bolakayning talablariga bo‘ysunishi kerak.

Ham tanqid, ham maqtov...

Mutaxassislarning fikricha, ko‘pchilik oldida jazolash ham samarasiz ekan. Negaki, unisi ham, bunisi ham bolani boshqalardan ajratib qo‘yadi. Bolaga esa o‘zini o‘zgacha his qilish yoqmaydi. Bolani jazolashga butunlay qarshi bo‘lgan onalar yaxshi xulqli bolani qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirish tizimiga o‘tib olishgan. Bu tizimga ko‘ra, ota-ona bolaning yaxshi xatti-harakatini diqqat bilan kuzatib, bu haqda ovoz chiqarib hammaga ma’lum qilishi kerak. Misol uchun, kichkina bola lattani qo‘lga olib, pol artishga chog‘landi. Mayli, uning yordamidan umuman naf bo‘lmasin, lekin ona, albatta, bolaning yordami uchun maqtab qo‘yishi kerak. Mazkur usul bolaning faoliyatini ijobiy tomonga yo‘naltirib, yomon odatlarni tashlashga yordam beradi.

Quloqsizlik xuruji hamma oilada sodir bo‘ladi. Bunday yoshda bola o‘yinchoqni pala-partish o‘ynaydi. Bolani hech qachon yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘idan judo qilmang. Faqat bolaga qilib qo‘ygan ishidan xafa ekanligingizni bildiring.

Unga katta odam bilan gaplashganday muomala qilish lozim: "Singlingni urganing uchun men sendan xafa bo‘ldim", "Televizorni uzoq tomosha qilsang qattiq xavotirlanaman..." Balki o‘sha lahzada natijasini ko‘rmassiz, lekin vaqti kelib o‘zgarishlar, albatta, bo‘ladi. Kattalarning har bir aytgan so‘zi bolaning ongi-shuurida muhrlanadi. Mehmonga borganda yoki ko‘cha-ko‘yga chiqqanda bolangizning aynan siz tushuntirganday xatti-harakat qilishidan quvonasiz.

Afsuski, dunyoda hamma uchun bir xil haqiqat bo‘lmaydi. Shuning uchun qiyinchiliklar bilan ro‘baro‘ kelganda bolalar psixologiga murojaat qilishdan uyalmang. Shuningdek, ota-onalik ichki sezgingizga quloq soling. Tarbiya masalalarida undan yaxshi maslahatchi yo‘q!

Imkon bering

Agar bola ko‘z oldimizda issiq choynak yoki pichoqqa qo‘l cho‘zsa, mashina yo‘liga yugursa, qo‘rquv va g‘azab hissi ustun kelgan ona bolasiga, hatto, shapaloq tortishi hech gap emas. Garchi bunda bolaning aybi bo‘lmasa-da. Qiziquvchanligi tufayli bola hali nima yuz berishini bilmaydi. Bunday vaziyatda ota-ona dastlab bolani xavf-xatardan asrab, keyin sal esi kirganda, hammasini birma-bir tushuntirib berishi kerak. Iloji bo‘lsa, vaziyat bilan bolani tanishtirish kerak. Misol uchun, bolaga issiq (qaynoq emas) choynakka teginib ko‘rishga imkon bering.

Vaziyatni murakkablashtirmang

Boshqalarning o‘yinchog‘ini tortib oladigan, urushqoq bola, tabiiyki, onasidan tanbeh eshitadi. Biroq boladagi tajovuzkorlik ota-onaning aynan shunday xatti-harakati natijasida kelib chiqishi isbotlangan. Agar bola onasining shapalog‘iga o‘rganib qolsa, u ham o‘zini tengdoshlari orasida shunday tutadi. Axir ziddiyatlarni hal etishning bosh­qa madaniyatli ko‘rinishlaridan bexabar bola uchun bu xatti-harakat odatiy holga aylanadi-da. Bolani bu tarzda jazolayverish vaziyatni biryoqli qilish o‘rniga uni yanada murakkablashtiradi.

Mustaqil bo‘lishiga shoshilmang

Ona kechki ovqatni tayyorlab, sevimli serialini tomosha qilishni yoki telefonda gurunglashishni xohlaydi. Biz farzandimiz tezroq mustaqil bo‘lishini orzu qilamiz va undan masofa saqlashga urinamiz. Biroq mus­taqil bo‘lishiga haddan ziyod erta o‘rgatish teskari natijaga olib kelishi mumkin. Unda bola o‘zini yolg‘iz his qila boshlaydi.

Qiziqishini chegaralamang

Bunday qaysarlik, ayniqsa, onalarga yoqmaydi. Lekin bu norozilikdan foyda yo‘q: farzand sizga bo‘lgan mehrini shunday ifodalayapti, xolos. Buning uchun uni jazolash umuman noto‘g‘ri.

Ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘luvchi bu kabi vaziyatlarni ko‘plab keltirish mumkin. Bola sekin-asta olamni anglay boshlaydi, o‘zicha turli xatti-harakatlarga qo‘l uradi. Biz kattalar esa uning qiziquvchanligini chegaralab, uning ichki dunyosini o‘zimizga moslashga harakat qilamiz.

Hurmatli ota-onalar! Bilib qo‘ying, bolaning har qanday xarxashasi uning rivojlanishidagi to‘siqlarga bo‘lgan noroziligidir.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.