background
logotype

Muhabbat Hamidova. Hayosizda iymon bo‘lmas

Nonushta chog‘ida televizordan tomosha qilgan ikkita klipli qo‘shiq dilimni xira qildi. Chuqur o‘yga toldirdi. Qo‘shiq mazmuni (agar uni mazmun deb bo‘lsa) o‘z yo‘liga. Meni xonanda qizlarning nojoiz xatti-harakatlari nihoyatda xafa qildi. Nahotki, tomoshabin e’tiborini shunday sharmandali (uzr), behayolarcha yo‘l bilan qozonmoqchi bo‘lishsa? Axir sun’iy “oh-voh”lar bilan odamlar qalbini rom qilib bo‘ladimi? Bundan ham alam qiladigani, bu xonanda qizlardan biri “O‘rtar” qo‘shig‘i bilan hanuz xalqimiz qalbini o‘rtab kelayotgan mashhur xalq hofizining, yana biri serma’no qo‘shiqlari, jarangdor ovozi bilan el mehrini qozongan ayol san’atkorlarimizdan birining nabirasi ekan. Qo‘shiqchi qizlar o‘z bobo va buvilari bilan faxrlanib yurishsa kerak.

Biroq sira tasavvur qila olmayman: bu ulug‘ san’atkorlar jigargo‘shalarining bunday “qo‘shiq”lari yoki “klip”larini ko‘rib, “barakalla bolam”, deb yelkasiga qoqib qo‘yarmikan?!

u voqea ta’bimni xira qilgani yetmaganidek, o‘sha kuni yosh-u, qari bir ne­cha kishi­ bekat­­da avto­bus kutib turgandik. Ko‘pchilikning e’tibori hayo atalmish hisdan begona yigit bilan qizda. Qizning qo‘llari yigitning bo‘y­niga chirmovuqday yopishgan. Yigitchaning qo‘li ham “bekor” turgani yo‘q, albatta. Birov havas bilan, birov g‘azab bilan ularni kuzatadi. Chidab turolmadim, yigitchaga yaqinlashib qo‘liga bir urdim. Ikkalasi ham cho‘chib tushdi, hayratdanmi, g‘azabdanmi shahd bilan men tomonga o‘girilishdi. Shunda ham qiz yigitni qo‘yib yubormadi.

— Tinchlikmi, xola? Men sizni tanimadim! — dedi yigit.

— Bu nima qiliq! Uyalmaysanmi yoki qaerda turganing esingda yo‘qmi?!

— Men bekatdaman. Ammo siz o‘zingizni uydaman deb o‘yladingiz, shekilli. Men o‘g‘lingiz emasman, o‘g‘lingizni tergang, nima qilasiz begonalarning ishiga aralashib! — dedi yigit titroq tovushda. Hatto jahli chiqqanidan bo‘lsa kerak, quloqlarigacha qizarib ketdi.

— Begonamish! Birimiz otangdan, birimiz onangdan kattadirmiz. Uyatsiz! Mening o‘rnimda shu qilig‘ingni onang ko‘rsa, indamasmidi?! Yoki shu axloqsiz qizni kelin qilishga rozi bo‘larmidi?!

— Kim sizga unga uylanaman, deyapti. Yigitchilik, biz ham erkakmiz, tushuning-da, axir. Yoki o‘zingizni ko‘rsatmoqchimisiz, o‘qituvchisiz shekilli-a? — deya masxaraomuz tirjaydi u.

— Haqiqiy erkak, avvalo sevgilisining obro‘sini o‘ylaydi, ayaydi. Uni begonalarga ko‘z-ko‘z qilmaydi. Haqiqiy erkak hatto o‘z jufti halolining ham begona tugul ota-onasi, qo‘shnisi oldida bilagidan ushlamaydi. Bu bizda uyat, beodoblik hisoblanadi.

— Nu ladno, Alik, prekrati... — shunday deya qiz menga norozi qaradi-da, yigitni sudrab bizdan uzoqlashdi.

— Hozirgi yoshlar shu-da. Na uyatni biladi, na hurmatni, — dedi bir amaki ular ortidan qarab turib. — Muhabbatning qadrini biladimi bular?! Bugun bunisining, ertaga yana boshqasining ko‘nglini xushlash muhabbat bo‘ptimi?! Gapirish befoyda. Qaysi birini tarbiyalab ulgurardingiz.

— E, shahar bedarvoza emas-ku, uyaltirish kerak. O‘shanda sal hushyor tortishadi. Odamlar bilan hisoblashadigan bo‘lishadi. Ana borsin parkka, panaga o‘tsin, — dedi yana bir yoshi kattaroq ayol. — Boshqalarning ham yuz-ko‘zini ochvorayapti shunaqa behayolar.

— Yuz-ko‘z qoptimi, har xil chet el kinolarini ko‘raverib, o‘shalar­ga o‘x­shashga intilishadi. Televizorda ko‘rsatil­ayotgan kinolar ham mayli, har holda kattalar nazoratida. Biroq, shunaqangi sharmanda disklar bor ekanki... aytishga tilim bormaydi. Afsuski, uni hali g‘o‘r yoshlar videolarda, internet klublarda tomosha qilishadi, hatto ayrim joylarini qo‘l telefonlariga ham ko‘chirib olishar ekan. O‘ylasam, yuragim orqamga tortib ketadi. Bo‘ydoqning aqli ko‘zida degan gaplar bor, axir. Shunaqa axloqsizlar tufayli kishilarimiz turli bedavo dardlarga chalinib qolishayapti. Mening ham ikkita o‘g‘lim bor. Bunday yomon ta’sirlardan asrash uchun doim ham ularni poylab yurolmayman-ku! Adasi ham kun bo‘yi ishda, — kuyib-yonib gapirdi ko‘rinishidan ziyoligina ayol.

— Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Har kuni yurish-turishidan xabardor bo‘ling, o‘rtoqlari, oshna-og‘aynilari kimligini surishtiring. Yaxshi odamlarni ibrat qilib ko‘rsating, yomonligi tufayli el oldida yuzi qora bo‘lganlardan gapiring. Bolangizdan kelajakda kutayotgan orzu-umidlaringizni eslatib turing, — dedi bir amaki. — Biri bo‘lmasa, biri esida qoladi. Kuzatishlarimdan shunday xulosaga keldim: yomon yo‘lga ko‘proq nazoratsiz qolgan yoshlar yoki kamlik, ko‘stlik ko‘rmay o‘sgan yigit-qizlar kirib qolayapti. Bola aziz, odobi undan aziz. Bolasidan ko‘ra, uning odobini yaxshi ko‘radigan ota-onaning farzandi kuy­dirgi bo‘l­maydi.

Sezdim, bu suhbatimizga avtobus kutib turgan yoshlar ham loqayd qarashmadi. Zora bu gaplardan ular to‘g‘ri xulosa chiqarishsa. Shu taskin bilan avtobusga chiqdim. Odatdagiday odam ko‘p.

— Keyingi bekatdan chiqqanlar, yo‘l haqini tayyorlab turing, — chipta sotuvchining ovozi eshitildi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u yo‘lovchilarga urilib-surilib bizga yaqinlashdi. 19-20 yoshlardagi chiptachi yigitning kiyimi ko‘zimga uni shunday sovuq ko‘rsatdiki... Indamay qo‘ya qolmoqchi ham bo‘ldim. Biroq, ichki bir nido tinch qo‘ymadi. Egniga allaqaysi ajnabiy yurtning qora rangli maykasi (futbolka emas, rosmana ich ko‘ylak) va kalta shim kiyib olgan edi. Go‘yo u jamoat transporti — avtobusda emas, qandaydir bir plyajda yurganday.

— Konduktor, bu nima yurish? — dedim maykasiga ishora qilib.

— Kunni qarang yondirayapti-ku, — dedi u issiqdanmi, xijolatdanmi peshonasini silab.

— Risolada­­giday ko‘y­lak kiy, terlamaysan. Shu yalang‘och badaningni erkagu ayol, hatto bo‘yi yetgan qizlarga ham surtib o‘tayapsan. Bu hammaning g‘ashiga tegayapti. Qolaversa, tibbiyot nuqtai nazaridan ham bu ishing xato. Tag‘in bir dardni orttirib olma.

— Voy bo‘, g‘irt vahimachi ekansiz-u. Bu gaplaringizni menga emas, qornini ochib yurgan qizlarga gapiring.

U jahl bilan oldinga o‘tishga intildi.

— Qizlarni qo‘yaver, ularga ham hali navbat keladi. Lekin opa to‘g‘ri aytayapti. Kun bo‘yi turli toifadagi odamlar chiqadigan jamoat transportida ishlaysan. Bunday yurishga haqqing yo‘q, — suhbatga qo‘shildi yonimdagi o‘rindiqda o‘tirgan militsiya xodimi. — Har bir ishxonaning o‘z qonun-qoidasi, talabi bo‘ladi. Sening asosiy vazifang, tartibli kiyi­nish, yo‘lovchilar bilan shirin muomalada bo‘lish. Shu qaddi qomatingga, qizlar ochiq yuribdi-ku, deyish uyat.

Avtobus bekatda to‘xtagach, chiptachi yo‘lovchilarni kuzatish uchun pastga tushdi.

— E, singlim, bunday yarim yalang‘och yurish erkagu ayollar orasida uyat sanalmay qoldi. Bizning paytimizda ayollar-ku ayollar, hatto erkaklar — otalar, yigitlar ham das­turxon atrofiga rasamadida kiyinib, o‘tirardi. Qiz bola tugul o‘g‘il bola ham ota-onasi oldida cho‘zilib yotmagan. Shunaqa edik desak, endigi yoshlarga yoqmaydi. Eskicha fikrlaysiz, qarib qolgansiz. Hozir zamon boshqacha, yengsiz ko‘ylak yoki kalta shim kiygan bilan yaxshi odam yomon bo‘lib qolmaydi, deyishadi, —deya gap boshladi oldingi o‘rindiqda o‘tirgan keksa kishi. — Aslida, kiyim ham iymonning, hayoning bir belgisi. Tunov kuni bir xorijiy telekanalda Afrikaning yovvoyi qabilasi haqida ko‘rsatuv berdi. Tavba, qari-qari kampir-chollar ham yalang‘och, birgina lungida yuribdi. Ko‘rganning ko‘ngli ozadi. Bizning ham yarim yalang‘och kiyinib yurgan yoshlarimizni aqlli, ma’nili deb bo‘ladimi?! Hayo bo‘lmagan joyda iymon ham bo‘lmaydi.

U kishi bir muddat sukut saqlab yana davom etdi.

— Men ham kiyinish borasida o‘g‘limga, nabiralarimga ko‘p nasihat qilaman. Lekin foydasi yo‘q. O‘g‘lim ham, kelinim ham bir xil soch turmagida, bir xil kalta shimda yuraveradi. Orqasidan ajratolmay ham qolaman. Hoy bolam, sal o‘zing­ga qarab yur, desam kulib qo‘yadi, xolos. O‘rganaman desa, o‘zimizda ham qanday chiroyli odatlar, kiyaman desa, qanday chiroyli liboslarimiz bor. Men ham juda bid’atchi emasman. Faqat hamma narsa me’yorida bo‘lsin, deyman. O‘zimizni, o‘zligimizni unutib qo‘ymasak, deyman-da. Biz tomiri mustahkam, tanasi baquvvat xalqmiz. Kerak bo‘lsa, manaman degan ellarga ibrat bo‘ladigan an’analarimiz, begona qo‘llar tugul begona ko‘zlar ham teshib o‘tolmaydigan oilamiz bor. Afsuski, ba’zi yoshlarimiz buning qadrini bilmaydi. Ammo menga bir narsa taskin beradi. Otam rahmatlik “Yomonni yaxshi bo‘ldi, deb suyunma, yaxshini yomon bo‘ldi deb kuyunma” yoki “Qazisan, qartasan, asl zotingga tortasan” derdilar. Mana hozir ham ma’naviyati boy, yurtining faxriga aylanishga harakat qilayotgan yoshlarimiz juda ko‘p. Ular bilan gaplashsam, dilim ravshan tortadi, kelajakka umid uyg‘onadi.

Men ham o‘ylanib qoldim. Otaxon haq. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Ehtimol kun davomida dilimga ozor bergan voqealar ham ana shunday o‘zbekona axloqimizni salgina xira qilib turgan oddiy kurmaklardir. Balki ularga gapirib to‘g‘ri qilgandirman. Garchi bugun to‘g‘ri gapning to‘qmog‘i ularga qattiq tekkan bo‘lsa-da, ertaga shifo bo‘lar. Chunki millat bolasining begonasi bo‘lmaydi, ularning kamchiligi — bizning kamchiligimiz. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solishimiz shart. Shu xulosaga kelib avtobusdan tushayotganimda haydovchi to‘xtatdi:

— Opa, tanbehlaringizni eshitdim. Uzr, shogirdimning kamchiligiga e’tibor qilmagan ekanman. Ertagayoq bu xatoni tuzatamiz.

— Iloho shunday bo‘lsin, qani endi hamma xatolarimizni tuzata olsak...

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.