background
logotype

Nargiza Ahmedova. Mashina yuvayotgan ayol

Hamrohlarim bilan tog‘dan — dam olishdan qaytayotgandik. Yomg‘ir yog‘ib o‘tgani sababli yo‘llar loy edi. Shaharga kiraverishda qo‘­liga latta va chelak tutgan qizlarni ko‘rib, haydovchi mashinasini to‘xtatdi-da, bizga yuzlandi: — Shu ahvolda shaharga kirib borish noqulay. Yarim soatda mashinani yuvdirib olay, — deb chug‘urlashayotgan qizlar bilan savdolasha boshladi.

Qanchaga kelishishdi, bilmadim, ikki qiz yo‘l chetidagi ariqchadan chelakda suv olib kelishdi va lattani ho‘llab, ishga kirishib ketishdi. Mashinaning pechkasi o‘chirilgach, o‘tirganlarning eti junjika boshladi. Men esa paltomga o‘ranib oldim. Mashina yuvayotgan qizlar tez-tez harakat qilar, suvning, havoning sovug‘i ularning qo‘llarini, yuzlarini ko‘kartirib yuborgan edi. Axiyri, chidolmadim, pastga tushdim-da, qizlarning biriga:

— Dugonajon, sizga mos boshqa ish topilmadimi? Axir bo‘lajak onasiz-ku, — dedim. Mening gapimdan ensasi qotgan qiz: — Boshga tushganini ko‘z ko‘radi, mening g‘amimni yemay qo‘yaqoling, — dedi beparvolarcha.

... Mashina yo‘lga chiqqanda orqa o‘rindiqda o‘tirgan keksaroq ayol so‘zlay boshladi:

— Yoshligimizda onamiz bo‘sh qoldik deguncha yo kashta, yo do‘ppi tikishga o‘rgatardi. Hozir-chi? Qarang, mashina yuvish qizlarning ishimi? Bugun sovuq suvga qo‘lini tiqib, kasallik orttirgan qiz ertaga sog‘lom bolani dunyoga keltiradi, deb kim kafolat beradi? Shu qizlarga mahallasida yoki yon-atrofida ish yo‘q deb o‘ylaysizmi? Bor. Faqat qo‘li darrov pul ko‘rishga o‘rgangan ularning. Sog‘­liklarini esa o‘ylashmaydi.

Uning gapini yonidagi ayol davom ettirdi: — Davlatimiz yoshlarning hunar o‘rganishlari uchun katta imkoniyatlar yaratib qo‘ygan paytda bundaylarni ko‘rib achinib ketasan. To‘g‘ri, mashinani ham kimdir yuvishi kerak. Lekin bu qizlarning ishimas-da. Qiz bolada onalikning belgilari o‘n yoshidan boshlanadi deyishadi. Demak, qiz bola shu yoshdan o‘zini avaylab-asrashi, sog‘lom turmushga tayyorlashi kerak...

Hali bu voqeani unutolmay yurganimda yana bir holatga duch keldim. Biz o‘tirgan “Damas” benzin quyish uchun yonilg‘i shoxobchasiga burildi. Darrov ikki qiz yugurib kelishdi. Biri pul sanab oldi, biri mashina bakiga benzin quya boshladi. Mashinaning oynasi ochiq bo‘lgani uchun benzinning hidi salonga o‘tirib qoldi. Orqaroqda o‘tirgan ayol ketma-ket o‘qchiy boshladi. Haydovchi esa: — Benzin quyayotgan qizlarga “jin” ham urgani yo‘q, sizlar esa hidiga chiday olmayapsizlar-a? — deb kuldi. Suhbatga yana bir ayol qo‘shildi: — Bu qizlar hozircha hech narsani bilishmaydi, bu ishning azobini keyin tortishadi. Ayolning nafaqat ko‘ngli, balki tanasi ham gulday nozik. Shuning uchun bunday joylarda millatimiz kelajagini o‘ylab ish tutish kerak...

Bu gapni mashina salonidagilar ham ma’qulladi, lekin “xizmatdagi” qizlar bu gaplardan bexabar edilar. Yuqoridagi voqealardan shunchalik ta’sirlandimki, yo‘l-yo‘lakay shifoxonaga kirib, shifokorlarning bu boradagi fikrlari bilan ham qiziqdim.

Terapevt Xolida Arslonova: — Qiz bolami yo turmush qurgan ayolmi birinchi galda sovuqdan, yomon hidlardan va bemaza taomlardan o‘zini saqlashi kerak. Mana shu uch omil uning ona bo‘lishida bolasining sog‘­lom yoki nosog‘lomligini belgilaydi. Qadimda onalarimiz nimcha, kamzul kiyib, ko‘kraklarini, tomoqlarini, shamol va sovuqdan bekitib, boshlarini esa ro‘mol o‘rab ehtiyot qilishgan. Yoqimsiz hidlarni yo‘latmaslik uchun esa chakkalaridan ray­hon shoxchalarini tushirishmagan. Axir, qiz bola o‘zini juda avaylashi zarur. Bo‘lajak ona sog‘lom avlodning poydevorini qo‘yishi uchun o‘zi sog‘lom bo‘lishi kerak.

Ha, mustaqillik ayol qaddini tik qil­di. Sog‘lom ona, sog‘lom farzand tarbiyasi uchun ko‘plab qaror va farmonlar e’lon qilindi. Joylarda xotin-qizlarning sog‘ligini mustahkamlash barobarida ularning ma’naviy-ma’rifiy ongini oshirish uchun qator ishlar qilinmoqda. Afsuski, mana shunday sa’y-harakatlardan bexabar qiz-juvonlar hayotida yuqoridagidek hodisalar ham uchrab turibdi.

Yaqinda rahbar ayollardan biri bilan suhbatlashib qoldim. Gap orasida unga yuqoridagi voqealarni aytib berdim. U mulohazalarimni tinglagach, shunday dedi:

— Hozir hunar o‘rganaman deganga hamma imkoniyatlar mavjud. Joylarda qanchadan-qancha o‘quv kurslari bor. Tikuvchilik, sartaroshlik va hokazo. Sizga bir voqeani aytib beray. Mahallalarimizdan birida yashovchi oiladan maktub oldik. Xatda bizdan yordam so‘ralgan ekan. Sov­g‘a-salomlar olib, uyiga bordik. Surishtirsak, oilada uch qiz bo‘lib, birontasining hunari yo‘q ekan. Hatto bittasi siz aytgandek, mashina yuvishga chiqib, o‘pkasini shamollatibdi. Kasalxonada ham yotib chiqibdi. Qizlarni o‘quv kurslariga joylashtirishga yordam qildik. Oradan 3 oy o‘tib, biri sartarosh, biri tikuvchi, biri esa tort pishirishni o‘rgandi. Hozir hammasi ishlaydi. Oilaga keladigan daromad ham ko‘paydi. Eng keraklisi, o‘zlariga ma’qul bo‘lgan ishni topishdi.

Men bu gaplardan xursand bo‘ldim va mashina yuvayotgan, benzin quyayotgan yoki ba’zi hollarda mardikorchilikka chiqayotgan qizlar ham mana shunday yaxshi insonlarga duch kelishini astoydil istadim.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.