background
logotype

Nargiza Pirnazarova. Halokatga yetklovchi yo'l

yoki giyohvandlik va uning ayanchli oqibatlari xususida
Giyohvand moddalar qabul qilinishi inson salomatligiga rahna solib, turli xil asab kasalliklarining kelib chiqishi, nogiron bolalar tug‘ilishi, oilalar barbod bo‘lishi oqibatida farzandlarning yetim qolishiga olib keladi. Buning natijasida esa, nafaqat oilalar, balki  butun jamiyat ijtimoiy va iqtisodiy zarar ko‘radi. Dunyo mutaxassis shifokorlarining ta’kidlashlaricha, bolalarning aqliy va jismoniy nuqson bilan tug‘ilishiga eng avvalo alkogol ichimliklar va giyohvand moddalar sabab bo‘layotgan ekan.
So‘nggi yillar mobaynida insoniyat jinoyatchilik, qurolli to‘qnashuvlar, ekologik muammolar, turli xavfli kasalliklar bilan bir qatorda giyohvandlik balosidan ham aziyat chekmoqda. Insonga oniy lazzat, vaqtincha yengil kayfiyat, soxta tasavvurlar bag‘ishlovchi moddalar organizmga shu darajada zarar yetkazadiki, natijada odamning jismoniy va aqliy faoliyati tiklab bo‘lmas darajada shikastlanadi. Ayanchlisi, u o‘limga olib keladi. Tibbiyotchilarning fikriga ko‘ra, giyohvand moddalar o‘pka raki, jinsiy zaiflik va ruhiy xastaliklarni yuzaga keltiradi.
Giyohvand moddalarga, xususan, geroin, kakoinga o‘rganib qolgan kishi uni o‘z vaqtida qabul qilmasa, og‘uga o‘ta kuchli ehtiyoj sezadi. Shu modda dozasini qabul qilgach esa, o‘zini go‘yo “osmonning yettinchi qavati”da sezadi. Tanada sarxushlik, rohatlanish hissini tuyadi. Aslida esa lahzalik rohat deya inson o‘z ixtiyori bilan halokat tomon qadam qo‘ygan bo‘ladi. Bordi-yu, giyohvandlik moddalari xumori tutib, xuruj qilib qolsa, u holda giyohvand kimsa unga erishish maqsadida har qanday jinoyatu razilliklardan ham tap tortmaydi. Zotan, butun dunyo oso­yishtaligiga rahna solayotgan terrorizmning tag zamirida ham narkobiznes yotibdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xavotirlisi, giyohvandlikka asosan yoshlar, ba’zan hatto ayollar ham kirib kelmoqdalar. Yoshlar ko‘pincha yon-atrofidagi ulfatlarga taqlid qilib giyohvand moddalar iste’moliga ruju qo‘ymoqdalar. Bu esa o‘z navbatida ota-onalarning farzandlarini nazorat qilmasligi, yoshlarning diskotekayu, tungi klublarda sayoq yurishlaridan boshlanadi. Yoshlar tabiatiga xos xususiyat shuki, ular hamma narsaga qiziqish bilan qaraydilar. Ko‘rgan va eshitganlarini o‘zlarida ham sinab ko‘rishga harakat qiladilar. Jumladan, ayrimlar ko‘knori ichib, turli kimyoviy moddalarni hidlab, nasha chekib kayf qila boshlaydilar. Ana shu boshlang‘ich bosqichda bebosh yoshlar nazoratga olinmasa, qarovsiz qoldirilsa, qarabsizki, ular tuppa-tuzuk giyohvandga aylanadi-qoladi. Jamiyat uchun eng xavfli tomoni, yosh-yalang, o‘smirlar to‘planadigan diskoteka zallarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar ham uchrab turadi. Ana shu xususida mutaxassisning fikr-mulohazasini oldik.
Gulnora BOTIRALIYEVA,
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani markaziy poliklinikasi qoshidagi narkologiya xonasi 1-toifali vrach-narkologi:
–   Giyohvandlik illatining avj olishi, ayniqsa, uning yoshlar va xotin-qizlar orasida  uchrashi bevosita  millat genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Giyohvand moddalarni hatto eng kam miqdorda iste’mol qiluvchi ota-onalardan mayib-majruh, yanada achinarlisi, aqli zaif farzandlar tug‘ilishi kuzatiladi.
Ayni damda birgina Yangiyo‘l tumani Gulbahor qo‘rg‘onida joylashgan tuman markaziy poliklinikasi qoshidagi narkologiya xonasida 39 nafar giyohvand ro‘yxatga olingan. Kishini iztirobga soladigan jihati shundaki, ana shu ro‘yxatga olinganlarning 4 nafarini ayollar tashkil etadi.
Ro‘yxatda turuvchi giyohvandlarning  oila a’zolari sha’ni hamda ularning farzand­lari kelajagini o‘ylab ular bilan anonim tarzda profilaktika ishlari olib boriladi. Ular Toshkent viloyatining
Angren shahrida joylashgan maxsus narkologiya dispanseriga majburiy davolanish uchun yuboriladi.
To‘lqin SAIDOV (ismlar o‘zgartirildi):
– Yoshim qirqni qoralab qoldi. Oilam, ikki nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im oliy ma’lumotli. Yaxshigina kasb egasi edi. Mening giyohvandlik botqog‘iga botishim bois u o‘zi sevgan kasbidan voz kechib ro‘zg‘or tebratish, meni davolatish bilan ovora.
O‘zim ham haydovchi edim. Ammo qayta-qayta xumor tutishi, “dori”ga pul kerak bo‘lganligi  bois “Damas” avtomashinamni sotishga majbur bo‘ldim. Avval-boshda mashinamni sotganimni yaqinlarimdan yashirdim. Xabardor bo‘lishgach esa, sen o‘z farzandlaring rizqiga xiyonat qilding, deya tergashdi. Hozir davolanyapman. Nasib qilsa ijaraga bo‘lsa ham mashina olib ro‘zg‘or uchun jon kuydiraman.
Abdulla TOJIYEV:
–  Oilamiz boshiga musibat tushdi. Endigina 23 yoshni qarshilagan farzandimiz To‘lqin vafot etdi. Shifokorlarning ta’kidlashlaricha, u giyohvand moddasini o‘ta ko‘p miqdorda qabul qilganligi bois jon taslim qilibdi. Farzandim oxirgi paytlarda uydan chiqib ketib biz bilan yashamay qo‘ygandi.  Ammo o‘limidan bir necha kun avval uyga kelib, endi giyohvand­lik yo‘lidan qaytishini, uylanib oila qurgach biz bilan birga yashashini aytgandi. Uning o‘limini eshitiboq oldiga yetib bordim. Sho‘rlik bolam bir ahvolda  qotib qolgandi. Har ikkala qo‘lining bilaklari shpritsdan ilma-teshik bo‘lib ketibdi.
Aslida To‘lqinning shu ko‘yga tushishida o‘zimiz ham aybdormiz. Uni yolg‘iz o‘g‘il, naslimiz davomchisi, deb yeru ko‘kka ishonmasdik. Esiz, u hatto o‘zidan zurriyod qoldirishga ham ulgurmadi...
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzida bugungi kunda 200 millionga yaqin kishi giyohvand moddalarini notabiiy iste’mol qilmoqda. Birgina Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan geroin moddasini 13,5 milliondan ortiq kishi qabul qilar ekan. Giyohvandlik dardiga mubtalo bo‘lganlarning anchagina qismi OITS dardiga mubtalo bo‘lgan.
Bir necha yil burun Yangiyo‘l tumanida giyohvandlik oqibatida sodir etilgan jinoyatdan xabar topgan har qanday tosh yurak ham larzaga keladi. Tumanning Qovunchi qishlog‘ida yashovchi giyohvand gumroh farzand 9 oy yuragi tubida ko‘tarib yurib dunyo­ga keltirgan o‘z onasini oniy lazzat ta’sirida o‘tinday sarjinlab chopib tashlaydi. Bu ham yetmaganday jinoyatini yashirish maqsadida bo‘laklarga bo‘lingan ona jasadini hovlining o‘ziga taxlab ustidan beton quyib yubordi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, militsiya xodimlari betonni temir aslahalar bilan ko‘chirishganda jasaddan faqat suyaklaru bir tutamgina soch qolgandi, xolos.
Ko‘rib turganingizday jinoyat, giyohvand­lik millat tanlamaydi. Bu illatlar domiga tushgan har qanday odam qismati ayanchli yakun topadi. Shunday ekan, barchamiz yaqin kishilarimizni, ayniqsa, farzandlarimizni asr vabosi deya atalayotgan giyohvandlik balosidan asrab qolaylik.
Nargiza PIRNAZAROVA,

«Hurriyat» muxbiri

"Hurriyat" gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.