background
logotype

Nega do‘ppi kiymay qo‘ydik?

Har bir xalqning o‘ziga xos o‘lmas an’analari, qadriyatlari bor. Deylik, to‘y marosimi har bir xalqda har xil, udumlari mutlaqo bir-biriga o‘xshamaydi. Qachonlardir yaratilgan noyob san’at asari ham go‘zalligi, notakrorligi bilan ma’lum bir milliy madaniyat belgisi sifatida namoyon bo‘lib, qadriyat sifatida qadrlanadi. 
Asrlar davomida ajdodlarimizdan avlodlarga meros sifatida yetib kelgan urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, an’analarimiz ham milliyligimiz ramzi bo‘lib, katta qadr, umrboqiylikka ega. Biroq bugungi kundagi odamlar ongida mavjud zamon bilan hamnafas yashash, zamondan ortda qolmaslik tushunchasi ba’zi bir milliy urf-odatlarimizning, madaniyatlarimizning unutilishiga, yo‘qolishiga sababchi bo‘layotgandek. Hatto, qadriyatlarimizga nisbatan «eskilik sarqiti», «eski turmush tarzi» deya nopisandlik bilan munosabatda bo‘ladiganlar ham ?o‘q emas. Istiqlol sharofati bilan milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimiz qayta tiklandi, milliy o‘zlikni anglashga e’tibor kuchaydi. Shu nuqtai nazardan men hozirgi globallashuv jarayonida urfdan chiqayotgan ba’zi bir milliyligimiz ramzi bo‘lmish narsaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Shu kunlarga qadar umrbod ota-bobolarimiz boshini asragan, ularga «qalqon» bo‘lgan milliy bosh kiyimimiz - do‘ppini nazarda tutyapman. Bugungi kunda negadir ana shu «qalqon» yigitlarga erish tuyulmoqda. Aksariyat yoshlarimizda bu bosh kiyimni ko‘rmay o‘rganib ham qoldik. Albatta, biz demokratik, ozod va erkin jamiyatda yashayapmiz. Shunday ekan, har kimning tanlovi o‘z ixtiyorida, ammo g‘arbona shlyapa, kepka, buretka, vandamka kiygan yoshlarimiz nega do‘ppini unutayozdi? Vaholanki, o‘zbek yigitlarining ko‘rki, husnini oshiradigan, o‘ziga yarashiqli do‘ppisi ularni boshqa xalq vakillaridan ajratib turadi. Ayniqsa, to‘y yoki boshqa marosimlarda zarurat yuzasidan do‘ppi kiygan yoshlarni ko‘rib, havasim keladi. Xayriyatki, shu marosimlar bor ekanu, yoshlarimizga zeb bergan do‘ppini ko‘rarkanmiz... 
Bir paytlar marhum shoir Muhammad Yusuf ham kuyunchaklik bilan «Do‘ppi kiymay qo‘ydi yigitlar» nomli she’rini yozganda ayni shu bosh kiyimni «yomon ko‘rib qolgan» yigitlarni mo‘ljaliga olgandi. Yuqorida aytganimizdek, hech kimga do‘ppini kiyish majburiyati yuklanmagan. Har kim o‘zi xohlagan, didiga mos kiyimni kiyishi mumkin. Biroq inson qalbida millatparvarlik, g‘urur, faxr tuyg‘ulari sabab, g‘arbona kiyinish har doim ham qabul qilinmaydi. Qolaversa, do‘ppi butun dunyoda o‘zbek xalqini tanitadigan milliy kiyimlar sirasiga kiradi. Bundan uch yil oldin bir do‘stim Rossiyada bo‘lib qaytdi. Suhbatlardan birida u safar taassurotlari haqida gapira turib, shunday degandi:
-Kremlni tomosha qilib yurgandim. Bir payt ikkita qirg‘iz erkakni o‘rtaga olib rasmga tushayotgan xorijlik sayyohlarga ko‘zim tushdi. Biram havasim keldi. Qirg‘izlarning boshida o‘z milliy qalpoqlari bor ekan. Men ham do‘ppimni kiyib borsam bo‘lar ekan, degan xayolga bordim. 
Shundan keyin do‘stim «xatosini tuzatib», qaerga borsa, o‘zi bilan birga do‘ppisini olib yurishni kanda qilmadi.
Ha, zamon o‘zgardi, zamon yangilandi deb o‘zimizni oqlashga urinamiz. Vaholanki, zamonni o‘zgartiradigan, yangilaydigan ham inson. 
Bugun yurtimiz mustaqillikka erishganiga yigirma yildan oshdi. Bu davr ichida ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz qayta tiklandi, madaniy meroslarimizni o‘rganishga va uni targ‘ib qilishga sharoit tug‘ildi. Shunday ekan, madaniyatimiz, uzoq yillik tarixga ega madaniy merosimiz, milliy kiyimimiz-do‘ppini qadrlaylik, uni boshdan qo‘ymaylik. Zero qayga borsam, boshda do‘ppim, g‘oz yurarman gerdayib deya kuylagan mashhur shoirimiz ham o‘zligimiz, o‘zbekligimizning alomati sifatida ayni shu milliy kiyimni ta’kidlagan, uni ulug‘lagan.

Umid ALI

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.