background
logotype

O‘lim shohmoti

Insoniyat yaratgan «aql mo‘‘jizasi» – shohmot necha asr­lardan beri o‘zining g‘aro­yib sehri, jozibasi bilan olam ahlini o‘ziga maftun etib kelmoqda. Hayratlanarlisi, bu joziba, bu maftunkorlik ortsa ortib bormoqdaki, zarracha kamaygani yo‘q. Quyida chop etilayotgan rivoyat shohmotning Sharqda naqadar keng tarqalgani haqida ma’lumot berishi bilan birga, u mehr-muhabbat, sadoqat va adolat bobida ham shohona o‘yin ekanligini tasdiq etadi. Ushbu rivoyat «Vokrug sveta» jurnalining 1915 yilgi 22-sonidan olingan.

Rivoyat qilishlaricha, Tunis qo‘shinlari qo‘mondoni Muhammad Olmonzoda o‘z askarlari o‘rtasida g‘oyat qattiqqo‘lligi va intizomliligi bilan ajralib turardi. U o‘zining qarshisida toshdek qotib turuvchi askarlarga: «Sizlar dushmandan emas, mendan qo‘rqinglar» deb dag‘dag‘a qilar va haqiqatan ham askarlar uning qahridan dir-dir titrashardi.

Bir kuni Muhammad sakkiz nafar otliq askariga greklar tez-tez arava haydab o‘tadigan joyda posbonlik qilishni buyurdi. Ularga atrofdan ko‘z-quloq bo‘lib turishga, har bir o‘tkinchini ushlashga qat’iy amr etdi.

Yarim kechasi qo‘riqchilar bochka ortilgan bir ho‘kiz aravani ushlashdi. Aravakash aravasini qoldirib, o‘zi juftakni rostlab qoldi. Bochka esa uzum sharobi bilan limmo-lim edi.

Islom dinida musulmonlarning sharob ichishi man’ etilgan bo‘lsa ham, bu askarlarni qanoatlantirmasdi. Buning ustiga sharob to‘la bochka qo‘lga kiritilgan o‘lja bo‘lib, uni musodara qilish shariatda joiz hisoblanar edi. Har holda askarlar sharobdan tatib ko‘rishsa, buning nimasi yomon?

Dastlab askarlar o‘t-o‘lanlar bag‘rida yastanib orom olish mumkin bo‘lgan bir paytda ot ustida, egarda o‘tirishni mutlaqo bema’nilik, deb topdilar. Keyin o‘sha munofiq ichimlik ta’sir qilib ularning miyasiga «Ikki kishi qorovullik qilsa yetarli, qolganlar uxlasa ham bo‘ladi», degan fikr keldi va olti askar uyquga ketdi. Posbonlikda esa uyqu bilan olishayotgan Ma’ruf bilan Zafar qoldi.

— Quloq sol, Ma’ruf, — dedi Zafar, — bir kishi uddasidan chiqishi mumkin bo‘lgan ishga ikkimizning ovora bo‘lishimizning nima hojati bor? To‘g‘rimi?

— Ehtimol to‘g‘ridir.

— Kel, shohmot o‘ynaymiz. Yutqizgan poyloqchilik qilsin, yutgan esa uxlasin.

Ma’ruf rozi bo‘ldi.

Aytilgan gap — otilgan o‘q. Ular yerni tekislab, nayzalarining uchi bilan qum yuzasiga kvadrat (murabba’) chizib, so‘ng uni oltmish to‘rt katakka bo‘ldilar, toshlar, nok, yong‘oq, olma singari mevalar va danaklar keltirdilar. Noklar — shoh, olmalar — vazir bo‘ldi va o‘yin boshlandi.

Biroq o‘yin juda yomon borardi — o‘yinchilar donalarni zo‘rg‘a ajratar, yurishlarni chalkashtirib yuborar, munofiq shayton esa ularga hammadan yaxshisi uxlash ekanligini shivirlardi. Xullas, ish shu bilan tugadiki, har ikkovi pinakka ketdi. Shu vaqt greklar bekinib yotgan joylaridan chiqib keldilar-da, otlarning jilovidan mahkam tutib, o‘zlarini ularning ustiga otdilar. Agar Ma’rufning oti kishnab qolmaganida barchalarini qilichdan o‘tkazishi aniq edi.

Kayf va uyqu bir zumda tar­qaldi. Posbonlar hushlariga kelib dushmanga tashlandi. Biroq greklar ularning otlarini olib, juftakni rostlashdi. Sakkiz nafar askarga bor-yo‘g‘i bitta ot qoldi, xolos.

Buni Muhammadga qanday yetkazish mumkin?

Bo‘lar ish bo‘ldi, g‘isht qolipdan ko‘chdi. Qo‘mondonga hammasini ochiq-oydin aytib, tavba qilishdan boshqa chora yo‘q endi.

Olmonzoda hech qachon ko‘nglidagini yuziga chiqargan emas. Hozir ham uning ifodasiz chehrasidan gunohkorlarni nima kutayotganini — avfmi yoki o‘limmi uqib bo‘lmasdi.

— Shunday deng, — dedi u, — demak, sakkiz kishiga bir ot qolibdi-da. Men na Qur’onda, na boshqa kitobda uch kishining bir otga minganini o‘qiganim yo‘q. Shunday ekan, hoziroq shohmot o‘ynaysiz va faqat g‘olibgagina qolgan ot nasib etadi, yutqazganni esa ajal changaliga tashlayman.

Shundan keyin Olmonzoda to‘rtta shohmot taxtasini donalari bilan keltirishni buyurdi. O‘yinchilar atrofiga o‘n ikki nafar qo‘riqchini qo‘ydi va hukm etilganlarga o‘yinni boshlashni amr etdi.

O‘yinchilarning har biri g‘olib chiqish uchun butun kuchi va qobiliyatini sarflashga harakat qilardi. Nihoyat, birinchi partiya tugadi, to‘rt nafar g‘olib qoldi, qolgan to‘rt nafari esa o‘sha zahoti o‘limga mahkum etildi.

Yangi partiya boshlandi. Yana yangidan umid, qayta tahlika, asablarning taranglashishi, hayot va mamot kurashi; kichkina bir xato — tamom vassalom. Pirovardida, faqat Ma’ruf va Zafargina tirik qoldi. Ulardan biri o‘zining oxirgi partiya­sini o‘ynashi aniq. Har ikkovi zo‘r diqqat bilan o‘yinni boshladi. Asta-sekin jang maydoni bo‘shab, asosiy donalar taxtani tark etdi. Aftidan Ma’ruf raqibidan kuchliroq ko‘rina boshladi. Shu payt, negadir, uning peshonasini ter qopladi, rangi murdanikidek oqarib ketdi. Chunki Ma’ruf raqibining talafotlarga qaramay yutuqqa olib keladigan bir yo‘li borligini ko‘rib qolgandi. Agar u shu yo‘lni payqab qolsa, holi ne kechadi?..

Bu paytda Zafar shohmot taxtasini diqqat bilan kuzatardi. Uning ko‘zlari g‘alabali yurishni payqaganidan darak berib turardi. Ammo u donaga qo‘l tekkizmas, uzoq o‘yga tolgandi.

— Ma’ruf, — dedi nihoyat u, — nechta farzanding bor?

— To‘rtta, beshinchisini kutyapman, — deb javob qildi Ma’ruf.

— Xotining yaxshi ayolmi?

— Ha, xushfe’l, oqila va sadoqatli.

Zafar nimanidir shivirladi, go‘yo duo o‘qigandek bo‘ldi va so‘ng dedi:

— Ma’ruf, quloq sol, sening oilang bor, men esa yolg‘izman. Sen menga doim sodiq do‘st bo‘lib kelding va juda ko‘p yaxshiliklar qilding.

Ma’ruf bosh irg‘adi. Zafar ataylab xato yurdi va partiyani boy berdi. So‘ng mutlaqo lol bo‘lib qolgan o‘rtog‘ining qo‘lini siqib, o‘rnidan turdi. Ma’ruf esa joyida go‘yo tosh qotgandek o‘tirar edi.

— Tur, — dedi Olmonzoda, — otingga min. Sen tirik qolding.

Ammo u hamon bir nuqtaga tikilganicha miq etmasdi.

— O‘rnidan turg‘izing! — amr qildi Olmonzoda.

Ikki askar uni ko‘tardi, biroq Ma’ruf hissiz-fikr­siz jilmayganicha qayergadir boqar edi. Osmon, yer va odamlar uning nigohi va ongidan butkul o‘chgan, lablari qandaydir chalkash so‘zlarni ohista pichirlardi...

Shohmot taxtasidagi oxirgi dona surilishi vaqtida u aqldan ozgan edi.

Sur’at Abdukarimov tayyorladi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.