background
logotype

OITS: manzili zulmat

Bir kun kelib, shunday dardning paydo bo‘lishi va millionlab odamlarning yostig‘ini quritishi hech kimning xayoliga ham kelmagandi. Qizig‘i, uning yuqish va ko‘payish yo‘llari deya bugun e'tirof etilayotgan amallar va vositalar ming yillardan beri mavjud. Ularga ilakishgan dard esa yangi hodisa. U XX asr so‘ngiga kelib paydo bo‘ldi...

Bu yerda davrning davosi topilmagan dardi - OITS (Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) haqida gap ketmoqda.

Dunyoni og‘ritayotgan dard

OITS inson immunitet tizimining zaiflashuvi oqibatida yuzaga keluvchi kasallikdir. Bu dardning o‘ziga xos belgisi shundaki, OITS virusini yuqtirgan inson kasalliklarga qarshi himoyachisi bo‘lgan immunitetlarining zaiflashuvi oqibatida oddiy xastaliklarga ham dosh berolmay qoladi. Bu holatda yengil darajadagi bir shamollash ham insonni halok qilishi mumkin.

Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Yer yuzida 33 mln. OITS bilan xastalangan inson bor ekan. 2007 yilning o‘zida ushbu dard hayotdan olib ketgan bemorlar soni 2,1 mln.ni tashkil etdi. Eng afsuslanarlisi, ularning 330000 nafari yosh bolalardir. Ushbu dard bilan xastalanganlarning aksariyati OITS virusi ilk bor topilgan Afrikaning sahro mintaqasiga to‘g‘ri keladi. 1981 yili AQShlik olimlar ham virusning o‘z mamlakatlariga kirib kelganini rasman tasdiqlaganlar.

OITS virusi, asosan, jinsiy yaqinlik, ishlatilgan ninadan virus mavjud qonning boshqalarga quyilishi kabi holatlarda yuqadi.

Hozircha bu dardning davosi topilmagan. Undan omonda bo‘lishning yagona yo‘li - virus yuqishi mumkin bo‘lgan sabablarni bilib, ulardan yiroq yurish. Kasallikka qarshi kurashda nisbatan samarali bo‘lgan chora antiretrovirus usulda bemorga zarur darmondorilarni berib turib, uning yashovchanligini uzaytirishdir. Bu usul bilan bemorning umriga bir necha yil qo‘shish mumkin xolos.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, OITS bilan xastalanganlar safiga har kuni 7500 nafar yangi bemor qo‘shiladi. OITS dardidan halok bo‘layotganlar esa bir kunda 5500 kishini tashkil etadi. Kasallanganlarning 70 foizi ayollardir.

2005 yilgi ma'lumotga ko‘ra, yurtimizda 7810 nafar kishining OITS bilan xastalangani rasman ro‘yxatga olingan. Bemorlarning aksariyati yoshlar ekani achinarlidir.

Uning davosi qayda?

Hozircha dardning davosi hech qaerda yo‘q. Lekin u qidirilyapti. Virusga qarshi vaktsina yaratish borasida tadqiqotlar davom etmoqda.

Tibbiyot tarixiga ko‘ra, chechak, qizamiq, bezgak kabi insonlar joniga qiron keltirgan epidemik kasalliklar ham dastlab bedavo dard sifatida insonlarni ojiz qoldirgan. Emlash dorilari kashf etilguncha, ular epidemiya qo‘zg‘alganida butun-butun shahar-qishloqlarga yoppasiga qiron keltirgan. Tadqiqotlar natijasida ularga qarshi vaktsinalar yaratilgach, bu dardlar deyarli qaytib kelmas bo‘lib tibbiyot tarixi sahifalariga kirdi. XXI asr tibbiyoti OITS virusini yuqtirgan odamga umrini uzaytiradigan darmondori bersa-da, uning hayotdan ko‘z yumishini jim kuzatib o‘tirishdan bosh­qa chora topolmayapti.

Endi nima qilamiz?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti OITSdan omon qolishning yagona chorasi sifatida virus yuqish ehtimoli yuqori bo‘lgan ish-amallarda himoya choralarini ko‘rishni tavsiya etyapti. Bular nimalardan iborat?

OITS virusi, asosan, axloqan buzuqlik, giyohvand moddalar iste'moli, qon quyish kabi yo‘llardan yuqadi. Ana shunday holatlardan o‘zini saqlagan odamga OITS virusi yuqmaydi. Chunki bu kasallik boshqalarga havodan, oziq-ovqatdan yoki xas­talangan bemor bilan qilinadigan oddiy insoniy munosabatdan o‘tmasligi ilmda isbotlangan.

OITSga qarshi global miqyosda kurashayotgan g‘arblik mutasaddi tashkilotlar kasallikning oldini olish va tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun turli dastur va chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, BMTning Ming­yillik rivojlanish maqsadlari doirasida 2010 yilgacha mavjud davolanish imkoniyatlarini barcha xastalanganlar uchun ta'minlash, 2015 yilgacha esa xastalanganlar sonining o‘sishini to‘xtatib, keyin ularni kamaytirishga erishish asosiy vazifalar qatorida sanalgan.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. OITS bilan yangi og‘riganlar soni 2001 yilda 3 mln.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2007 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 2,7 mln.ga tushdi. Shu yili antiretrovirus usuli bilan davolanish imkoniyatiga ega bo‘lganlar soni ham 42 foizga o‘sgan. Davolanish imkoniyatlari kengayayotgani bois OITS bilan vafot etayotganlar soni ham kamayib bormoqda. Masalan, 2005 yil OITS 2,2 mln. kishini halok qilgan bo‘lsa, 2007 yilda dard qurbonlari 2 mln. kishini tashkil etdi. Xastalikka chalinayotgan bolalar soni ham shunga muvofiq holda sezilarli pasaygan.

1 dekabr dunyo bo‘ylab OITSga qarshi kurash kuni sifatida belgilangan. Har yili shu kuni ko‘plab mamlakatlar bu dardning nechog‘lik ulkan ofat ekanini yana bir bor yodga olishadi, unga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirishadi.

OITSga qarshi kurashish kunining 20-bor nishonlanishi munosabati bilan nutq so‘zlagan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Margaret Chan xonim ham dunyo ahlini OITS balosidan ogoh bo‘lishga yana bir bor da'vat etdi.

JSST tashabbusi bilan dunyo OITS Harakati tashkil etilgan. U 2007-2008 yillarni davlat hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va individual shaxslar OITSga qarshi kurashda yetakchilik qiladigan yillar deb e'lon qildi. Bu, tabiiyki, dardga qarshi kurashda amaliy harakatlarni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

Yurtimizda ham OITS tarqalishining oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. 2003 yilda O‘zbekiston hukumati OITS epidemiyasi yoyilishiga qarshi 2003-2006 yillarga mo‘ljallangan harakat strategik dasturini qabul qilgan. Unda ustuvor vazifalar belgilanib, bu borada markaziy hokimiyat organlarining roli va vazifalari aniqlab berilgan. BMT tizimidagi bir qator agentliklar, nohukumat tashkilotlar ham bu boradagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda ularga ko‘makdoshdir.

So‘nggi mulohaza

Xastalikning davosi topilib, muammo to‘la bartaraf etilmagan ekan, mavzuga xulosa yasab, so‘nggi nuqtani qo‘yishga hali erta. Lekin OITSga qarshi tashkil etilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha mulohaza bildirish mavridi keldi, deb hisoblaymiz.

G‘arbliklar muammoga qarshi kurashda, axloqsizlardan uzoqroq bo‘l, demasdan, balki ular bilan qanday xavfsiz muomala qilishni o‘rgatadi. Masalan, eng mashhur qoida: Tanimagan odaming bilan jinsiy yaqinlik qilsang, himoya vositasini ishlat. Bunday qonun-qoidalar ehtimol G‘arb jamiyatining joniga qon kabi singib ketgandir. Lekin bizning jamiyatimiz uchun bu yo‘sin «aql o‘rgatish» kerak emas. Negaki, noshar'iy jinsiy aloqa qilish jamiyatimizda mutlaqo hazm qilib bo‘lmas holat. Shuning uchun ham maktablarimizda G‘arb homiy tashkilotlarining yosh yigit-qizlarni bir joyga yig‘ib, aloqa qilishda himoya vositalaridan qanday foydalanishni o‘rgatishlarini noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. «Ayol.uz» internet portali olib borgan kuzatish natijalariga ko‘ra, OITSning oldini olish uchun xavfsiz aloqa yo‘llarining yoshlarga o‘rgatilishi yosh yigit-qizlar orasida axloqsizlikning ko‘payishiga xizmat qilyapti, xolos. Shunday ekan, bu kabi tadbirlarni tashkil etishda jamiyatimizning o‘ziga xos milliy-diniy qadriyatlari hisobga olinishi zarur.

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, darddan uzoq bo‘lishning shu paytgacha ma'lum eng samarali yo‘li axloqsizlar bilan o‘ralashmaslik. Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi. Bu esa shunchaki yuvsa ketadigan dog‘ emas...

Behzod Mamadiyev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.