background
logotype

Otangizga o’xshashni xohlaysizmi?

Bolalikda u biz uchun eng aqlli, bilimdon va hammadan yaxshi inson timsoli bo‘lgan bo‘lsa, ulg‘ayganimizda ba'zi kamchiliklarini sezib qolamiz. Aslida farzand otasining kamchiligidan norozi bo‘lishi biroz mentalitetimizga zid bo‘lgan holat. Ammo oilalarimizda  sog‘lom muhit shakllanishi uchun ular farzandlariga ibrat ko‘rsata olishi kerak. Otalar esa farzandining o‘zi haqidagi fikrlarini bilishni va unga manzur bo‘lishni istarmikan?

Ota farzandiga qancha vaqt ajratayapti? Bola bunga qanoat qilyaptimi? Bu savolni otalarga bersangiz, tabiiyki, o‘zlarining e'tiborli, mehribon, g‘amxo‘r ekanliklarini isbotlashga urinadilar. "Bolalarim uchun yashayapman, ertayu  kech mehnat qilyapman", deyishadi. Aslida ham shundaydir, biror e'tiroz bildirmaymiz. Ammo, bola yolg‘on gapirmaydi. Biz poytaxtimizdagi ayrim umumta'lim maktablari o‘qituvchilari yordamida 13-14 yoshli o‘quvchilardan o‘z otalari haqidagi fikr­larini yozib berishlarini so‘radik. Fikrlar anonim tarzda olinganligi sababli bolalar hissiyotlarini ancha erkin ifodaladilar. Ularni o‘qib, otalarning yutuq va kamchiliklari nimada ekanligini, ular ul­g‘ayib kelayotgan avlodga ijobiy va salbiy tomondan qanchalik o‘rnak bo‘layotganliklarini tahlil qilish mumkin.

"Qaysi otamni yaxshi ko‘ray?"

Avvalo otaning oila uchun muhim shaxs ekanligini ta'kidlab o‘tish o‘rinli. To‘g‘ri, otasiz xonadonda ona ikki vazifani ham zimmasiga olishi va bolalarini a'lo darajada moddiy-ma'naviy jihatdan ta'minlashi mumkindir. Lekin mana bu qizning yozganlari otasiz yashayotgan bola qachondir uning mehriga tashnaligini oshkor etishi mumkinligiga dalil bo‘ladi:

"Men otamni qanday tasavvur qilishni bilmayman, chunki uni ko‘rmaganimga ancha bo‘ldi. Uni faqat xayolan bilaman. Agar otam bo‘lganida, boshimni silab, menga hamisha himoyachi, tirgak bo‘larmidi? Istardimki, har bir bolaning otasi yonida bo‘lsin! Yaqinda birinchi marotaba yetimligimni yuzimga solishdi. Juda og‘ir botarkan. Buni faqat menga o‘xshagan bolalar his qilsa kerak. Katta bo‘lganimda sudya bo‘lmoqchiman. O‘shanda ota-onalarning bekordan-bekorga ajrashib ketishlariga yo‘l qo‘ymayman!"

"Qaysi otam haqida yozishim kerak", - deb boshlaydi so‘zini yana bir bola. "O‘z otamnimi yoki o‘gay otam haqidami? Kichkinaligimda ota-onam ajrashib ketishgan. Oyim boshqa turmush qurgan. Hozirgi otamning ikkita bolasi bor. Mening esa bittagina singlim bor. O‘gay otamni oyim aytgani uchun "ada" deyman. Adam meni ko‘p urishmaydi. Lekin yomon o‘qrayadi. Biror nima so‘rashdan, oldida gapirishdan qo‘rqaman. Kerak bo‘lgan narsani oyimdan so‘rayman. O‘z otamni hecham ko‘rmaganman. Bir marta ammamdan ko‘ylak bilan pul berib yuborgan. Rosa xursand bo‘lgandim. Men qaysi otamni yaxshi ko‘rishimni bilmayman".

Ota-onalar o‘rtasida kichik (arzimas) janjallar ko‘p uchraydi. Bu xafagarchiliklarni xal­qimiz o‘z iborasi bilan ataydi. Bugun esa mayda kelishmovchiliklar ham yosh oilalarning buzilib ketishiga sabab bo‘lib qolyapti.   Ammo bir yosh oilaning hayotga yengil qarashi oqibatida kamida bitta bola yuqoridagilarning armoniga "ega" chiqadi. Keyin bu kamchilikni ona bir o‘zi to‘ldirolmasligi mumkin. Aytaylik, oilada ulg‘ayib kelayotgan o‘g‘il bolaga ota shijoat, mardlik, bir so‘zlilik, chidamlilik kabi fazilatlarda o‘rnak bo‘lishi kerak. Butkul onaning tarbiyasiga tayanib qolgan o‘g‘il bolada esa qiz bolalarga xos harakatlarni ko‘rsangiz ajablanmang. Qizlarda-chi? Qiz bola onadan tarbiya olib, u bilan ko‘proq sirlashsa-da, otasiga suyanishni istaydi. U bilan bag‘ri butun bo‘ladi.

"Mening otam juda mehribon, xushfe'l, hazilkash inson", - deb gap boshlagan qizning keyinchalik o‘qituvchisining hayrat bilan bizga izohlashicha, aslida otasi yo‘q ekanligiga nima deysiz? Ehtimol, xayolidagi mehribon otasi haqida yozishning qulay imkoniyatidan quvonib ketganidanmi, boshqa bolalardan farq­li ravishda qizaloq ikki qog‘ozni qoralab dunyodagi tengi yo‘q ota faqat unda borligini isbotlashga urinadi.

Qattiqqo‘llik farzandlar nazarida

Darvoqe, otasi hamisha yonida bo‘lgan yuksak baxt egalarining ham yozganlarida  kemtiklik bordek. O‘quvchilarning ko‘pchiligi otasining qattiq­qo‘lligi, shu sababli biror iltimoslari yoki fikrlarini onalariga bildirishlarini aytishgan.

"Biz - akam, opalarim, men otam bilan bemalol gaplashib, suhbatlashib, kulishib o‘tirolmaymiz. Qo‘rqamiz yoki uyalamiz. Ammalarim doim otamga "Sen bolalaringning yuragini olib qo‘ygansan, ular bilan salgina ochiqroq gaplash", deyishadi".

Boshqa bir bola ham shu mazmunga yaqinroq yozadi: "Otam juda qattiqqo‘l, bizga hech qachon kulib gapirmaydi. Ba'zan nega mening otam bunaqa deb o‘ylab qolaman. Bizga ko‘pam ahamiyat bermaydi..." Otasining bee'tibor ekanligidan o‘ksingan bu bola so‘zini shunday tugatadi: "Hech qachon ota bunday badjahl, befarq bo‘lmasligi kerak".

O‘quvchilarning yozganlaridan  balog‘at yoshiga yetmay turib kattalarga baho berish, munosabat bildirish darajasida kuzatuvchan, sergak ekanliklari ayon bo‘ladi. Otalarning badjahl bo‘lmasliklarini istagan xuddi shu o‘smir yigit o‘z otasining befarqligi natijasida oilaning yuki ko‘proq onasining yelkasiga tushib qolayotganligini anglay boshlagan. Bolalarining darsini tekshirish, dardini ting­lash, hatto bozor-o‘char ham ayolning vazifasiga aylanib qolgan (otam ba'zan pul berib turadi, deydi u) oilada ulg‘aya­yotgan farzand bunday muhitdan qoniqmayapti.

"Otam bizga befarq-u, faqat kiyinishimizni nazorat qiladi", degan qizning ham bu munosabatdan ko‘ngli to‘lmayotgani ma'lum bo‘ladi.

Farzandlar ulg‘aygan sari ota-onalarining  kamroq tergashi va boshqaruvida bo‘lishni istashadi. Ammo kuzatishimizcha, hamma bolalar ham bunga intilmaydi. To‘g‘ri, ular o‘z muammolarini mustaqil yecha olishga odatlanishlari kerak. Yo‘qsa, ulg‘ayganida ham har ishda ota-onadan manfaat va ko‘mak kutib yashashga o‘rganib qoladi. Ammo bu - bolalar o‘z holiga tashlab qo‘yilishi kerak degani emas. Ular hamisha e'tibor va maslahatga muhtoj bo‘ladi.

Uy yumushlariga hissa qo‘shsangiz!

 

Ota bog‘da yer chopyapti, gulzor yaratyapti. Daraxt va uzumzorlarni parvarish qilyapti. Bu kabi uy yumushlarini u dam olish kunlari bajaradi. Albatta, bu nafaqat oiladagi saranjom-sarishtalikka o‘z hissasini qo‘shish, balki xonadonda tarbiyalanayotgan o‘g‘il bolalarni  mehnatga o‘rgatish, qiziqtirish va oilada o‘g‘il bolaga tegishli bo‘lgan uy yumushlari ham borligini uqtirishda yaxshi samara beradi.

Otasi dehqon bo‘lgan o‘quvchi faxrga to‘lib yozadi: "Men ham akalarim kabi dalada otamga yordam beraman. Har birimizning bo‘yimizga mos belkuragimiz bor, otam yasab bergan. Men  bu ishga kichkinaligimdan qiziqqanman. Kelajakda otamga o‘xshagan bag‘rikeng, mehnatsevar inson bo‘laman". Shuningdek, boshqa o‘quvchilar ham otasining birgina harakatini tasvirlash vositasida o‘zlariga o‘rnak jihatlari haqida gapirishgan. "Yaqinda uydagi kresloning g‘ildiragi chiqib ketdi, otam uni ko‘rgani zahoti tuzatib qo‘ydi. U oiladagi erkak kishiga taalluqli shu kabi ishlarni onam va biz qizlarga qildirmaydi. Televizor va bosh­qa narsalar buzilsa ham o‘zi ta'mirlaydi. Otam hamma narsani uddalaydi".

Eng yaxshi xislat

O‘quvchilarning yozganlarida negadir otasining ichishiyu chekishi haqida alohida to‘xtalingan. Otam chekmaydi, ichmaydi, deya maqtanib yozganlar ham, chekishini illat sanaguvchi, spirt­li ichimliklar ichganida qanday holatlar yuz berishini tasvirlab o‘tganlar ham talaygina.

"Kechqurun ichib kelganida hammamiz uyqudan turib bo‘lsa ham uni  kutib olamiz. Bunday paytda hushyor turamiz. Chunki uxlab qolgunicha hali u yumushni, hali bunisini buyurishni yoqtiradi. Menga yoqmaydigani dars qilib o‘tirganimizni ko‘rsa, shu zahoti biror ish buyuradi";

"Otam ichsa ham bizga ziyoni tegmaydi. Ba'zi do‘stlarimning otasi har kuni mast holda kelib, janjal ko‘tarishadi. Mening dadam bunday qilmaydi";

"Otam dugonalarimning dadasiga o‘xshab magazinga sigaret va aroq olib kelishga yubormaydi"...

Bu kabi bolalarcha samimiy va haqqoniy yozilgan munosabatlar talaygina. Oila boshlig‘ining bu illatlardan yiroq yurishi bolalar uchun eng yaxshi xislat deb tushunilishi ma'lum  bo‘ldi. 

Otasi haqidagi fikrlarini yozib bergan ayni shu o‘quvchilar bilan tengdosh bo‘lgan bir bolani bilaman. U doim dadasining sarxush holda ishdan qaytish chog‘ida, o‘tgan-ketgan bilan urishib, ko‘zi ko‘karib, burni qonab kelishidan yoki uygacha yetib kelolmay, ko‘chada yiqilib qolishidan hadikda yuradi. Ibrat maktabda ko‘p dars qoldiradi. O‘qituvchilari ham buning oldini olish uchun uyigacha kelishdi. Lekin oiladagi sharoitni (ota tufayli yuz berayotgan holatlarni) ko‘rib, uni to‘g‘ri tushunishdi. Maktabda u haqda gapirganda "Ko‘p narsani talab qilmanglar, otasining  ahvoli bu... onasiga yordam berishi kerak", deyishadi. Ibrat bilan gaplashsangiz, 14 yoshli bolakayning bu darajada asabiy ekanligiga hayron qolasiz.  Yaqinda mahallada u to‘g‘risida mish-mish tar­qaldi. Emishki, uyidan pul o‘g‘irlayotgan emish. Mahalladagi yigitlar aslida uning otasi qilishi kerak bo‘lgan ishni zimmalariga olishdi. Undan nima muammo qiynayotganligi, nega bunday qilayotganligini so‘rab, yordam va himoya va'da qilishdi.  Ibrat  notanish yigitlar uni qo‘rqitib, pul talab qilayotganliklarini aytdi. Mahalla yigitlari bu muammoning oldini olishdi. Ibratning otasi boshqacha inson bo‘lganida, ehtimol, u faqat otasining himoyasiga tayangan bo‘lardi. 

Hayron bo‘layotgandirsiz, farzand tarbiyasi insonni erkinlikdan ayirar ekan, deb. Agar bunday harakatlar "erkinlik" deb atalsa, uni ozroq cheklash kerakdir.

Ota iqtisodiy ta'minotchimi?

Sanoqli o‘quvchilar otasining darslarini bajarishda yordam berishi, biror fandan falon narsani o‘rgatgani haqida aytgan. Buni faqat ikki o‘quvchida kuzatdik. Biri otasining matematikani yaxshi bilishi va o‘zidan ham bu fanga e'tiborli bo‘lishni talab qilishi, shu bilan birga, matematikadan doimiy ko‘makchi va nazoratchisi ekanligini, bir qiz esa tasviriy san'atga qiziqishi va unda rasm chizishga bo‘lgan qobiliyat otasidan o‘tganligini, chizganlariga dadasi hamisha baho berib, fikr bildirishini aytgan. Boshqa o‘quvchilar otasi ish bilan band­ligi tufayli erta ketib, kechqurun charchab kelishi, shu sababli ko‘pincha onasi nazoratida dars tayyorlashini yozishgan. 

Bir guruh o‘quvchilarning otalari haqidagi fikrlari bir-biriga o‘xshash. Maqtovlar, tahsinlar otasining nima desa shuni olib berishi, shirinliklarga ko‘mib tashlashi, bolalari uchun barcha moddiy sharoitlarni yaratib berganligi  bildirilgan. Go‘yoki otalarning ko‘p qismi bugun faqat oilaning iqtisodiy ta'minotchisiga aylanib qolgandek. Bu turdagi qoralamalarda o‘quvchilar otasining faqatgina shu jihatiga to‘xtalganlar. Demak, bu oilaning boshlig‘i o‘z vazifasini faqatgina farzandiga yoqtirgan narsasini olib berishdan iborat deb o‘ylaydi. Shuning o‘zi bilan bolalar mehrini qozonish mumkindir, ammo bu vaqtinchalik bo‘ladi. Axir, farzandingiz hamisha sizning shirinligingizga ehtiyoj sezib yashamaydi. Aksincha, ulg‘ayganida jamiyat ichida o‘z o‘rnini topishi uchun hissa qo‘shmagan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmagan otasini aybdor qilib qo‘yishi mumkin.

Boshqacha bo‘lishi ham mumkin

Bolalar rost so‘zlashlari bilan birga, ularning so‘zi-da mutlaqo haqiqat bo‘la olmaydi. Mutaxassislar bilan bu borada fikrlashganimizda, ular bolaning otasi haqidagi mulohazalari taxmin bo‘lishi ham mumkin, degan fikrni bildirishdi. Sababi, ota oilada tartib o‘rnatish, farzandim ota-ona oldida hurmat saqlashni, o‘ylab, fikrlab gapirishni o‘rgansin, degan maqsadda qattiqqo‘l­lik qilishi mumkin. Ota ham hamma kabi inson-unda ham kayfiyatning buzilishi yoki uni-da ba'zi hayotiy muammolar qiynayotgan bo‘lishi mumkin. Kattalarning muammosini bola to‘laligicha idrok etolmaydi. Shuning uchun ham ozginagina e'tiborsizlik yoki qo‘pol muomaladan "Otam meni yomon ko‘radi", "Onam opamni mendan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘radi", degan noto‘g‘ri xulosaga boradi. Ammo bu bilan yuqorida bolalar ifodalagan fikrlar mutlaqo asossiz deb hisoblanmaydi. Har holda ota-ona farzandining ruhan tetik, axloqli bo‘lib voyaga yetishida uning fikri bilan o‘rtoqlashib turishi kerak. O‘shanda o‘zining harakatlari bolada qanday taacsurot qoldirayotganligidan xabardor bo‘lib boradi.      

Otamizdan qanday yashashni, dunyoga qanday boqishni o‘rganamiz. Nafaqat ko‘rinishimiz, fe'l-atvorimiz, hatto ba'zi mayda odatlarimizda ham unga taqlid bordek. Chunki, biz uning farzandimiz-da! "Xuddi otangning o‘zisan-a!" Bunday so‘zlarni eshitib, sevinamiz. Bu faxrni his etish barchaga birdek yoqimlimi? Qani endi otalarning hammasi shu to‘g‘rida o‘ylasa:  "Farzandim menga o‘xshashni istarmikan?".

Zilola Rustamova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.