background
logotype

Qarindoshlar nikohi nega kamaymayapti?

Mutafakkirlardan biri «farzand tarbiyasini u tug‘ilishidan oldinroq kelin tanlashdan boshlash kerak», degan edi. Bu hikmatga quloq tutguvchilar kam bo‘lmayapti, ammo uning aksini qilganlar aksariyat hollarda nogiron farzandlarga ota-ona, nogiron nevaralarga buvayu buvi bo‘lib qolyapti. Sababi — kelin tanlashda yo‘l qo‘yilgan xatolik, ya’ni yaqin qarindoshdan qiz olishlik. Ayanchli tomoni shundaki, xatolikni anglab yetganda kech bo‘ladi. Afsuski, uni tuzatib bo‘lmaydi. Qarindoshlik nikohining mevasi bo‘lib dunyoga kelgan nogiron go‘dak oldida o‘zni aybdor sezishdan hech qanday naf yo‘q.
Yaqin qarindoshlar nikohidan tug‘ilgan go‘dakning, to‘rt muchasi hamisha but bo‘lavermasligi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgani holda shu ishni ixtiyor etuvchilar hanuzgacha topilishini qanday tushunish mumkin? 
Bu gaplarning hammasi safsata, ana falonchilarning oilasida hamma sog‘lom-ku, deydiganlar ko‘plab topiladi. Biroq ular zohiriy xulosaga tayanuvchilardan o‘zgalar emas. Qarindoshlik nikohining salbiy jihatlari YuNYeSKOning «Ipak yo‘li» radio loyihasi saytida jurnalist Binafsha Qalandarovaning bolasi nogiron ayol va uning otasi bilan qilgan suhbatida atroflicha ochib berilgan. Suhbatni ayrim qisqartirishlar bilan hukmingizga havola etishga qaror qildik. 
— Nima sababdan tog‘angizning o‘g‘liga turmushga chiqqansiz? 
— Ota-onalarimiz shuni xohlashgan.
— Nahotki ular qarindoshlarning nikohi yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini bilishmagan?
— Bilmadim. Ammo biz tibbiyot tekshiruvidan o‘tayotganimizda doktorlar «Qarindosh emasmisizlar?» deb so‘rashgan. Biz buni yashirganmiz. Chunki ular qarindosh bo‘lsalaring to‘y bo‘lmasligi kerak deyishgan.
— Farzandingiz sog‘lom tug‘ilganmi?
— To‘ydan keyin ikki yil o‘tib o‘g‘illi bo‘ldik. Ammo nogiron tug‘ildi. Ikki yoshga to‘ldiyu harakati yo‘q. Boshini tutolmaydi. Doktorlar qarindosh bo‘lganlaring uchun shunday bo‘lgan, deyishdi.
— Ota-onangiz bundan afsusdami?
— Onam hanuzgacha akamga qiz berib bekor qilibman, deydi. 
— Yaqin qarindoshlar nikohi haqida nima deysiz? 
— Begona bo‘lgani yaxshi. Qarindosh bo‘lib nima bo‘ldik. Bolam shunaqa tug‘ilganida juda siqildim. Har narsa deb ovundim. Ba’zan o‘zimni qo‘ygani joy topolmayman, yuraklarim siqilib ketadi. Qarindoshlarning turmush qurmagani yaxshi. Mahalla-ko‘y, hamma bunday nikohga yo‘l qo‘ymasligi kerak...

* * *

— Qizingizni qayningizga kelin qilib bergan ekansiz. Bu taklif kimdan chiqqan? 
— Kuyovning buvalari vasiyat qilib ketganlar. Vasiyatlariga qarshi chiqolmadik.
— Nega bunday vasiyat qilgan bo‘lishi mumkin?
— Kelajakda qarindoshlar bir-biri bilan ahil-inoq bo‘lsin deganlar-da.
— Qarindoshlarning nikohidan tug‘ilgan farzand nogiron bo‘lishi mumkinligini bilmasmidingiz?
— Endi bildik. Ilgari shunaqa qudachilik kam bo‘lar edi. Hozir ko‘payib ketyapti. Aka-ukalar ham quda bo‘lishyapti. Ko‘pchiligi farzand bo‘lmay ajrab ketishyapti. Qarindosh-urug‘ quda bo‘lmagani yaxshi ekan-da. Chunki aksariyat hollarda nosog‘lom bola tug‘ilar ekan. 
— Bunday holatning oldini olish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylasiz? 
— Bunga ko‘pincha ota-onalar sababchi bo‘lishadi. Ular yaxshilab o‘ylab ko‘rsalar ma’qul bo‘lardi. Dindorlar va do‘xtirlar tomonidan tushuntirish ishlari olib borilishi kerak... 

* * *

Mana, suhbat mazmuni bilan ham tanishib chiqdik. Unda alam va armon, pushaymonlik va achchiq haqiqat jo bo‘lgan. Dinimiz ham, tabobat ham yaqin qarindoshlarning nikohini ma’qullashmaydi. Buni respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi tomonidan 2002 yili Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida olib borilgan tadqiqotlar ham isbotlab bergan edi. (Tadqiqotda uch viloyatdan nogiron bolali 600 oila ishtirok etgan.) O‘sha yilda qarindoshlar nikohi Buxoro viloyatida 38,7 foiz, Xorazm viloyatida 45,9 foiz, Navoiy viloyatida esa 27,3 foizni tashkil etgan. Tadqiqot hisobotida «So‘rovnoma o‘tkazilgan oilalar haqidagi ma’lumotlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, ota-onalarning 23,6 foizini, buva-buvilarning 16,4 foizini qarindosh-urug‘lar o‘rtasida tuzilgan nikohlar tashkil etadi. Bu esa aksariyat hollarda rivojlanishda biron-bir nuqsoni bor nogiron bola tug‘ilishining asosiy sabablaridan biridir», deyilgan. 
O‘rganilgan nogiron bolalarning 40 foizi qarindosh-urug‘lar hosilasiga to‘g‘ri keladi. Aynan o‘sha yili Xorazm viloyatida qarindoshlik nikohi tufayli tug‘ilgan nogiron bolalarning 29,9 foizi «nerv-ruhiy tizim bo‘yicha», 12,6 foizi «tayanch harakati tizimi bo‘yicha», 21,8 foizi «ko‘z kasalliklari bo‘yicha», 8,0 foizi «kar-saqov», 11,5 foizi «qon kasalliklari bo‘yicha» nogiron deb topilgan. Tadqiqot xulosasida qarindoshlar nikohi tufayli nogironlar soni ortayotganligi alohida ta’kidlanib, joylarda nikoh masalalari va oila salomatligi muammolariga jiddiy yondashish hamda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini keng miqyosda olib borish va aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi aytiladi.
Taassufki, bu gaplar deyarli qog‘ozda qolib ketmoqda. Chunki mahalla qo‘mitalari, ommaviy axborot vositalari bu borada yetarli ishlarni amalga oshiryapti deb bo‘lmaydi. Qarindoshlarning quda-andachiligi esa davom etmoqda...
Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi katta ilmiy xodimi Davron Xoliqov bilan suhbatda bu boradagi yana bir qancha jihatlar oydinlashdi. 
Aksariyat kishilar, — deydi biz bilan suhbatda D.Xoliqov, — nogironlik nozoologik holatda namoyon bo‘lgandagina jiddiy e’tibor qaratishadi. Aslida kamquvvatlik, bo‘yi pastlik, o‘ta uzunlik, zehnsizlik, shaytonlash kabi alomatlar ham nogironlik sirasiga kiradi. Nogironlikning bunday ko‘rinishlari qarindoshlik nikohidan tug‘ilganlarda ko‘p kuzatiladi. Tabobatda nogironlikning sabablari uch turga bo‘linadi. Qarindoshlik nikohi shu sabablardan biridir. (Boshqa sabablari: ekologik ta’sir va orttirilgan nogironlikdir.) Bir necha yil muqaddam markazimiz Chust tumanining Olmos qishlog‘ida tadqiqot o‘tkazgan edi. Natijada ushbu qishloqda yashovchilarning aksari begonalar bilan quda-andachilik qilmasligi ma’lum bo‘ldi. Qishloq ahli bir-biri bilan juda yaqin qarindosh bo‘lib ketgan. Bolalar orasida nogironlik yuqori. 
Qarindoshlarning bir-biri bilan quda bo‘lishlari sabablariga kelsak, ular turlicha. Oilaning mol-mulkini begonaga qoldirmaslik, og‘a-inilar orasidagi yaxshi qizni qo‘ldan chiqarmaslik va kamxarjlik tufayli, qalin, sep, to‘y va to‘ydan keyingi turli marosimlardagi xarajatlarni qisqartirish maqsadida qarindoshlar quda bo‘lishmoqda. 
Ammo bu sabablar bilan ularni oqlab bo‘lmaydi. Kelajak avlodning salomatligini garovga qo‘yish evaziga turmush qurmaslik lozim. Sog‘lom avlodning shakllanishida ushbu masalaga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Sohibqiron Amir Temur bejizga kelin tanlashga katta ahamiyat bermagan. Bu an’anani bugun ham davom ettirish foydadan xoli bo‘lmaydi. 
Hayot ham, sog‘lik ham Alloh tomonidan insonga berilgan bebaho ne’mat. Uni suiiste’mol qilishga, putur yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q. Biz nafaqat bo‘lajak avlod tarbiyasiga, balki sog‘ligiga ham birdek mas’ulmiz. Shunday ekan, yaqin qarindoshlarning oila qurishiga indamay qarab turish dunyoga keladigan go‘dakning nogiron bo‘lib tug‘ilishiga ota-onasi bilan barobar tarzda sababchi bo‘lish demakdir.
Mavridi kelganda bir narsani ta’kidlab o‘tish joiz. Prezidentimiz tomonidan sog‘lom avlod masalasiga jiddiy e’tibor berilayotganligi quvonchli hol. Agar e’tibor beradigan bo‘lsak, yillarning oila yili, sog‘lom avlod yili, mehr va muruvvat yili, sihat-salomatlik yili deb nomlanishi ko‘p ezgu ishlarga turtki bo‘ldi. Bu ishlar hukumatimiz tomonidan sog‘lom avlod va uning tarbiyasiga qaratilgan e’tibor samarasidir. Yurtimiz miqyosida nikoh oldidan kelin-kuyovlar uchun majburiy tibbiyot ko‘rigi joriy qilinganligini hukumatimizning bo‘lajak avlodlarga g‘amxo‘rligi deb tushunmog‘imiz lozim. Joriy yil Prezidentimiz tashabbusi bilan «Sihat-salomatlik yili» deb e’lon qilindi. Demak, yil davomida, undan keyin ham qarindoshlar nikohi muammolari mutasaddi tashkilotlar, nainki ular — hammamizning va har birimizning diqqat-e’tiborimizda bo‘lmog‘i darkor. 

Abdulhamid Muxtorov
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 8-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.