background
logotype

Siz qanday salomlashasiz?

Tanish yoki notanish bo‘lsin, biz odamlarni doimo salomlashib qarshi olamiz. Bu o‘ziga xos ehtirom va o‘zaro muloqotni boshlash uchun yaxshi vosita hisoblanadi. Biroq salomlashish shunchaki madaniyat belgisi emas. Olimlar uning tarixiy zarurat ekanligini ham ta’kidlaydilar. Ma’lumki, insoniyat o‘z tarixining dastlabki davrlarida qabila-qabila bo‘lib yashagan. Bu xavfsizlik, jon saqlash nuqtai nazaridan juda foydali edi. Biroq yashash uchun kurash qabilalararo muttasil janglarga sabab bo‘lardi. Nimaiki kerak bo‘lsa, u jang bilan egallanishi, qo‘lda esa muntazam qurol bo‘lishi kerak edi. Lekin o‘zaro mahsulot ayriboshlash, tajriba almashish maqsadi yangi munosabatlar o‘rnatilishini talab etardi. Shu bois odamlar bir-birlariga yaxshi niyatda kelganini bildirish uchun qo‘lida quroli yo‘qligini ko‘rsatib, qulochlarini katta yozish usulini o‘ylab topdilar. Bu esa keyinchalik ko‘rishish, salomlashish deya atala boshladi. Ma’lum ma’noda salomlashishni diplomatiyaning birinchi ko‘rinishi deyish ham mumkin. 

Qadimgi davrlarda, saroylarda, hatto hozir ham yuqori doiralarda salomlashish san’at darajasiga ko‘tarilgan. Buni Xitoy, Hindiston, Yevropa
xalqlari madaniyatidan ham bilsa bo‘ladi. Murakkab, takroriy, biroz vaqt talab etiladigan salom berish tartibi chuqur hurmat va sadoqatni bildirgan. 

Davrlar o‘tishi bilan har bir xalq o‘z dunyoqarashi, atrof-muhitga nisbatan munosabati va madaniy me’yorlaridan kelib chiqib, salomlashishning turli shakllarini qabul qilganlar. Jahondagi ko‘pgina xalqlarda salom so‘z orqali bajariladi. Lekin bu o‘rinda qo‘l, bosh kabi tana a’zolarining harakati ham qo‘shimcha vazifa bajarishi mumkin. Har qanday odamga murojaat yoki muomala qilishdan oldin salom berish va alik olish insoniy fazilatdir.

QAYERDA QANDAY SALOMLASHILADI?


- Misrliklarning qadimgi salomlashish usullari bugungi harbiylarning salomlashishiga o‘xshab ketadi. Ular kaftlarini peshonalariga qo‘yishgan. 
- Sermulozamat frantsiyaliklar do‘stlari bilan har uchrashganida qo‘l berib ko‘rishadi yoki o‘pishib qo‘yadi va xuddi shu tarzda xayrlashadi. 
- AQShda esa, oddiygina tarzda qo‘l berib ko‘rishiladi. 
- Xitoyliklar ilgari zamonlarda bir-birlari bilan ko‘rishish belgisi sifatida o‘z qo‘llarini siqib qo‘yishgan. Bizning davrimizga kelib esa, bu usuldan tinglovchilarni qarshi olayotgan ma’ruzachilar foydalanadi. 
- Yaponiyaliklar biror kishi bilan salomlashganda ta’zim qiladi. Bu juda nazokatli va madaniyatli ko‘rinadi. 
- Kanadaliklar «burun berib» ko‘rishadilar, ya’ni ular uchun bir-birini uchratganda burunlarini tegizib qo‘yish odatga aylangan. Bunday salomlashish usuli shotlandiyaliklarga ham begona emas. 
- Do‘stining qo‘li bilan o‘zining yuzini silab salomlashish odati esa, polineziyaliklarga xos.
- Britaniyaliklar do‘stlarini uchratganda, «salom» deb qo‘ya qoladi. Bunday sovuqqonlik katta yoshli kishilarda ham mavjud. 
- Tibetliklarning salomlashish usuli biroz g‘alatiroq: ular salomlashishni bir-biriga tillarini chiqarib ko‘rsatish orqali ifodalashadi. 
- Eskimoslar esa, so‘rashayotgan kishilarning boshi va yelkasiga yengil musht bilan urib qo‘yadilar.   
- Afrikadagi ayrim xalqlar bir qo‘lida oshqovoq uzatadilar. Ikkinchi qo‘li bilan esa, tirsaklarini ushlaydilar. Bu chuqur ehtirom belgisi hisoblanadi. 
- Hindlar ikki kaftini birlashtirib va biroz egilgan holda salomlashadi. 

BIZDA-CHI?


«Assalomu alaykum» — bu o‘zbek xalqi qabul qilgan salomlashish turi.  «Assalomu alaykum» arabcha so‘z bo‘lib, sizga tinchlik, salomatlik tilayman, degan ma’noni anglatadi. Bu so‘z musulmonlar o‘zaro uchrashganda ishlatadigan salomlashuv iborasi sifatida qabul qilingan. Salomni qabul qiluvchi «Va alaykum assalom»(«Sizga ham tinchlik, salomatlik tilayman»), deb javob qaytaradi. 

Salomlashishda ma’lum qoidalar mavjud. Unga ko‘ra, kichik yoshdagilar yoshi ulug‘larga, ulov mingan odam piyodaga, piyoda ketayotgan kishi o‘tirganga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi. Assalomu alaykum ko‘pchilik huzuriga kirib o‘tirishda ham aytiladi. 

Salom berganda uning samimiy va muloyim chiqishini, eshitarli bo‘lishini ta’minlash lozim. 

Uni oshkora aytish kishilar o‘rtasida muhabbat paydo etib, o‘rtadagi gina va kuduratlarni ketkazadi. Assalomu alaykum deyish sunnat, javob qaytarish esa vojib hisoblanadi, deya keltiriladi axloq-odob tavsifidagi kitoblarda. 

Shuningdek, xon-amirlar bilan uchrashuv (audientsiya) ham salom deb atalgan. Amir, xonlarning qabulxonasi salomxona deb nomlanib, uning xizmatchisi salom og‘asi deb yuritilgan. Kelinni kuyov xonadoniga kelgan birinchi kun ertalab xonadon kattalariga, yaqin qarindoshlariga ta’zimga olib chiqish marosimi yoki umuman kelinchak ta’zimi ham salom nomini olgan. 

O‘zbekistondagi salomlashish harakatlari, ishlatiladigan so‘zlar hududlararo biroz bo‘lsa-da, farqlanadi. Lekin o‘zaro aloqalarning mustahkamligi, aholining etnik jihatdan u qadar farqlanmasligi sababli keskin tafovutlar uchramaydi. Qo‘l siqish, quchoqlashish, yelka olish, bir-birining tirsagini ushlab so‘rashish (ayollar orasida) deyarli hamma joyda uchraydi. Shuningdek, erkaklar bilan erkaklar, ayollar bilan ayollar, erkaklar bilan ayollarning so‘rashishida ham (qo‘l harakatlari nuqtai nazaridan) farqlar mavjud. Qolaversa, ikki qayta ko‘rishish ham an’anaga aylanib qolgan. Ya’ni, davralarda avval umumiy,
keyin esa alohida-alohida so‘rashishga o‘tiladi. Har bir mehmon mezbondan, keyin o‘zaro bir-biridan hol-ahvol so‘rab chiqadi. Buni salomning ikkinchi qismi deb atash ham mumkin.  

YANGICHA «SALOMLAR»


Kimdir uzoq, kimdir mulozamatlardan xoli ravishda salomlashishni ma’qul topadi. Bu har bir kishining o‘z ixtiyorida. Muhimi, qanday salomlashish emas, bir og‘iz so‘z bilan bo‘lsa-da, salomlashish, biroq...

So‘nggi vaqtlarda rivojlanish va ong o‘zgarishi natijasi o‘laroq, salomlashish an’anasida ham «mutatsiyalar» ko‘zga tashlanmoqda. Bu ayrim kishilar o‘rtasidagi salomlashishdagi nazokat, ehtiromning yo‘qolib borayotganida, ayniqsa yoshlar orasida, namoyon bo‘ladi. Kundalik hayotimizda yangidan-yangi salomlashish turlari paydo bo‘lmoqda. Bosh urishtirish, yelkalarni urishtirish, salomlashganda nafaqat qo‘l, balki oyoqlarning ham ishlatilishi shular jumlasidan. Qolaversa, ayrim yigitlarning o‘ta nafislik bilan o‘pishib ko‘rishishlari ham atrofdagilarga biroz erish tuyulishi mumkin. Bu harakatlar ko‘p hollarda o‘zaro yaqinlik, boshqalardan ajralib turish istagi bilan izohlanar, balki. Bunda boshqa xalqlar va ular madaniyatining ta’siri borligini ham inkor eta olmaymiz. 

Nargiza To'xliyeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.