background
logotype

SPID – dunyo miqyosidagi firibgarlik(mi)?

Irina Sazonova - o‘ttiz yillik ish tajribasiga ega shifokor. "VICh-SPID: virtual virus yoki asr ig‘vogarligi" va «SPID: hukm bekor qilinadi» kitoblari muallifi. U yana Piter Dyusbergning «O‘ylab chiqarilgan SPID virusi», «Yuqumli SPID: hammamizni chalg‘itishdimi?» kitoblarini rus tiliga tarjima qilgan. Sazonova ushbu muammo bo‘yicha juda ko‘p ma'lumotlar, shu jumladan, venger olimi Antal Makk taklif qilgan «XX asr vabosi» nazariyasini rad etuvchi ilmiy ma'lumotlarni to‘plagan.

«Pravda.ru» muxbiri Inna Kovalenkoning I. Sazonova bilan suhbati sizda ham qiziqish uyg‘otishi mumkin.

- Ma'lumki, sobiq Ittifoqda «VICh-SPID haqidagi birinchi xabar eng avval Elis­tadan, so‘ngra Rostov va Volgagraddan tarqalgan edi. O‘tgan chorak asr davomida bizni goh umuminsoniyatga doir pandemiya (katta hududlarga tarqaladigan epidemik kasallik) bilan qo‘rqitishdi, goh go‘yoki, ravshan vaktsinalar bilan umidlantirishdi. Va to‘satdan Sizning kitobingiz: u SPID haqidagi hamma tushunchalarni ostin-ustun qilib tashlaydi. Nahotki, SPID dunyo miqyosidagi tibbiyotga doir firibgarlik bo‘lsa?

- VICh-SPID virusining mavjudligi 1980 yilga yaqin AQShda «ilmiy dalillangan»ga aylantirilgan edi. Shundan so‘ng bu mavzuda ko‘plab maqolalar paydo bo‘ldi. Ammo o‘shandayoq, akademik Valentin Pok­rovskiy hali hammasini o‘rganib chiqish va tekshirish kerakligini aytgan edi. Pokrovskiy bu masalani keyinchalik qanday o‘rganganligini bilmayman, ammo yigirma besh yil davomida dunyoda SPID kelib chiqishining virus nazariyasini eksperimental va klinik jihatdan rad etuvchi ko‘plab ilmiy ishlar paydo bo‘ldi. Eleni Papadopulos rahbarligidagi avstraliyalik olimlar guruhining ishlari, kaliforniyalik professor Piter Dyusberg rahbarligidagi olimlarning, Yevropa, Afrikaning ko‘plab davlatlarida ishlagan va Dubayda klinikaga rahbarlik qilgan venger olimi Antal Makkning ilmiy ishlari shular jumlasidandir. Bunday olimlar soni dunyoda olti mingdan ortiq. Ular mashhur va taniqli olimlar bo‘lib, oralarida Nobel mukofoti laureatlari ham bor. Va nihoyat, gap shundaki, insonning immunitet tanqisligi deb atalgan virus hech qachon kashf qilinmagan bo‘lsa-da, uning «kashfiyotchilari» deb frantsiyalik Lyuk Montane va amerikalik Robert Galloni tan olishgan. Shunga qaramasdan, dunyo miqyosidagi aldov davom etmoqda... Bu jarayonga juda jiddiy kuchlar va pullar jalb qilingan. Antal Makk 1997 yilgi Budapesht kongressida Amerika hukumati tomonidan tarkibiga ko‘plab davlat va nodavlat muassasa va xizmatlari, sog‘liqni saqlash organlari muassasalari vakillari, farmatsevtika firmalari, turli SPIDga qarshi kurashish jamiyatlari, shuningdek, SPID-jurnalistika kiradigan SPID-tashkilotining bunyod etilishi yo‘llari haqida batafsil hikoya qilib bergan edi.

- Siz ham bu firibgarlikni fosh qilishga uringansiz...

- Kamtarin imkoniyatlarim boisidan ikkita kitob, bir qator maqolalar e'lon qildim, radioda, televizion das­turlarda chiqishlar qildim. 1998 yili Davlat Dumasida «SPID tarqalishiga qarshi kurashishning zarur chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi parlament muhokamalarida SPID naza­riya­­­siga qarshilarning nuqtai nazarini bayon qildim. Javoban barcha ishtirokchilarning, jumladan, RTFA prezidenti Valentin Pokrovskiy va uning o‘g‘li - SPIDning oldini olish va unga qarshi kurashish markazi rahbari Vadim Pok­rovskiyning sukut saq­­­la­shini eshitdim. Keyin esa tibbiyotning bu sohasini moliyalashtirish darajasi ort­di. Axir SPID - juda katta biznes.

- Ya'ni, dahshatli SPID virusi nazariyasini rad etuvchi yuzlab ilmiy ishlar, tibbiy tadqiqotlar, ishonchli faktlarni shunchaki e'tiborga olishmayapti. Shuning o‘zi nayrangbozlik emasmi?

- Masalaning mohiyati jo‘n. Inson tushunadigan oddiy tilda tushuntiraman. Hech kim SPID yo‘q narsa demayapti. SPID - insonning orttirilgan immunitet tanqisligi sind­romi - mavjud. U bor edi va bundan keyin ham bo‘ladi. Ammo u virus bilan yuzaga kelmaydi. Shunga muvofiq, uni yuqtirish - «yuqtirish» so‘zining odatiy ma'nosida - mumkin emas. Biroq uni, agar xohlasangiz, «orttirish» mumkin. Immun tanqisligi haqida avvaldan bilar edik. Barcha tibbiyotchi-talabalarga o‘ttiz-qirq yillar avval, hali SPID haqida so‘z bo‘lmagan vaqtlarda, immun yetishmasligi tug‘ma va orttirilgan bo‘lishi haqida so‘zlab berishardi.

Biz bugun «SPID» nomi ostida birlashtirilgan barcha kasalliklarni bilar edik. Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining versiyasi bo‘yicha bugun ilgaridan ma'lum traxeya, bronx, o‘pka, xalqum kandidozasi, kriptosporodioz, salmonellioz septitsimiya, o‘pka sili, pnevmoniya, oddiy gerpes, tsitomegalovirus infektsiyalari (jigar, taloq, limfa tugunlaridan tashqari boshqa organlarning zararlanishi), bachadon raki (invaziv), silla qurishi sindromi kabi kasalliklar SPID deb atalayapti.

VICh-SPID muammosi atrofidagi chayqovchilik - zamonaviy tibbiyot bozoridagi eng katta firibgarlik. Kuchsizlangan immunitet holati, ya'ni immun tanqisligi tibbiyotchilarga uzoq vaqtlardan buyon ma'lum. Immun tanqisligining ijtimoiy sabablari mavjud - qashshoqlik, to‘yib ovqat yemaslik, giyohvandlik va boshqalar. Ekologik sabablar ham bor.

Har bir muayyan immunitet zaiflashishi holatida bemorni immun tanqisligi sabablarini aniqlash uchun vijdonan va sinchiklab tekshirish zarur. Takrorlayman, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi bor edi, bugun ham bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Xuddi shunday, immunitet zaiflashishi natijasida yuzaga keladigan kasalliklar ham bor edi, hozir ham bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Hech bir vrach, hech bir olim buni rad etmaydi va rad etishi mumkin ham emas. Odamlar bir narsani tushunishlarini istayman. SPID infektsion kasallik emas va hech qanday virus bilan yuzaga kelmaydi. SPIDni qo‘zg‘atadigan inson immunitet tanqisligi virusi mavjudligining ilmiy dalillari haligacha yo‘q. Butun jahonga mash­hur shaxs, bioximik, Nobel mukofoti laureati Kerri Mullisning so‘zlarini keltiraman: «Agar VICh SPIDni paydo qilishiga dalil mavjud bo‘lsa, hamma birgalikda yoki alohida bu faktni yuksak ishonch bilan namoyish etadigan ilmiy hujjatlar bo‘lishi shart». Hech qanaqa bunday hujjat yo‘q.

- Kechirasiz-u, lekin odamlar VICh-infektsiya tashxisi bilan vafot etayapti-ku?

- Mana, aniq misol. Irkutsk­da bir qiz kasal bo‘lib qolgan. Uni testdan o‘tkazib, VICh-infektsiya tashxisini qo‘yishgan va davolay boshlashgan. Antiretrovirus terapiya qizga yomon ta'sir qiladi. Ahvoli har kuni yomonlashganini qayd qilishgan. Keyin qizgina vafot etadi. Tekshiruvning ko‘rsatishicha, uning hamma organlari sil bilan kasallangan ekan. Ya'ni, qizcha sil tayoqchalari yuzaga keltirgan sepsis (qonga kirgan zararli mikrob­lar tufayli butun organizmning zaharlanishi)dan vafot etgan. Agar unga to‘g‘ri - sil deb tashxis qo‘yishganida va antiretrovirus o‘rniga silga qarshi preparatlar bilan davolashganida, tirik qolishi mumkin edi.

Men bilan hamfikr bo‘lgan irkutsklik patologoanatom Vladimir Ageev 15 yildan buyon SPID muammosiga bag‘ishlangan tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U Irkutsk SPID markazida VICh yuqtirgan sifatida hisobda bo‘lgan aksariyat vafot etgan bemorlarning jasadini yorib ko‘rib, ularning barchasi giyohvand bo‘lganligini hamda asosan gepatit va sildan vafot etishganligini aniqladi. Garchi, har qanday virus organizmda iz qoldirishi kerak bo‘lsa ham, bu toifadagi bemorlarda VICh izlari aniqlanmagan. Umuman, dunyoda hali hech kim SPID virusini ko‘rmagan. Ammo bu manfaatdor shaxslarning topilmagan virusga qarshi kurashishlariga xalaqit bermaydi. Buning ustiga xavfli usul bilan. Gap shundaki, VICh-infektsiya bilan kurashishi kerak bo‘lgan antiretrovirus terapiya aslida immun tanqisligini yuzaga keltiradi, chunki u hamma hujayralarni, ayniqsa, immun tizimi hujayralarini ishlab chiqarishga javobgar bo‘lgan ilikni o‘ldiradi. Bugun SPIDni davolashayotgan AZT (zidovudin, retrovir) dorisini huv ilgari rakni davolash uchun o‘ylab topishgan edi, biroq preparat haddan tashqari zaharliligini o‘ylab, o‘shanda foydalanishga qaror qilishmagandi.

- Ko‘pincha giyohvandlar SPID tashxisining qurboni bo‘lishyaptimi?

- Ha, chunki narkotiklar immun hujayralari uchun zaharlidir. Immun tizimi virusdan emas, narkotiklardan zararlanadi. Narkotiklar inson organizmida ko‘plab funktsiyalarni bajaradigan, jumladan, zaharli moddalarni zararsizlantiradigan, turli xil almashinuv jarayonlarida ishtirok etadigan jigarni ishdan chiqaradi, shikastlangan jigar bilan esa, osongina kasal bo‘lasan. Giyohvandlarda ko‘pincha zaharli gepatit rivojlanadi. Narkotiklardan SPID ham rivojlanishi mumkin, ammo u yuqumli emas hamda kishidan kishiga uzatilmaydi. Orttirilgan immun tanqisligi holatida ularda har qanday boshqa yuqumli kasallik paydo bo‘lishi mumkinki, u boshqalarga o‘tishi mumkin. Shu jumladan, gepatit V va allaqachon o‘rganilgan Botkin kasalligi - gepatit A.

- Ammo giyohvand bo‘lmaganlarga ham VICh-infektsiya tashxisini qo‘yishayapti. Nahotki, millionlab kishilarni shunday laqillatish mumkin bo‘lsa?

-To‘g‘ri, giyohvand bo‘lmaganlarga ham VICh-infektsiya tashxisini qo‘yishayapti. Bir necha yil avval bir tanishim, kasbi shifokor bo‘lgan yoshgina ayol mendan so‘ragan edi: «Butun dunyo SPID haqida gapirayapti, siz esa buni qanday qilib rad etayapsiz?». Bir qancha vaqtdan so‘ng u dengizga bordi, qaytgach, terisiga qandaydir toshmalar toshdi. Analizlar uni dahshatga soldi - VICh-musbat! Yaxshiyam u tibbiyotni tushunadi, shu sababli Immunologiya institutiga murojaat qildi. Bu yerda unga, vrachga teri kasalliklarining 80 foizi VIChga musbat reaktsiya berishini aytishdi. U davolandi va xotirjam bo‘ldi. Ammo tushunayapsizmi, agar unda bunday imkoniyat bo‘lmaganda, nima bo‘lishi mumkin edi? Keyin u yana VIChga analiz topshirdimi, dersiz. Topshirdi. Tahlillar kasallikni inkor etardi. Garchi bunday holatlarda analizlar ijobiy bo‘lsa-da, boshqa antijismlar javob qaytarishi mumkin hamda bu vaziyatda baribir VICh-infektsiya tashxisini qo‘yishadi.

- Men 2002 yil iyulidagi Barselona konferentsiyasiga qadar VICh haqidagi axborotlar hech qachon ajratib ko‘rsatilmaganligi haqida o‘qigan edim...

- Ha, bu haqda Barselona konferentsiyasida elektron mikroskopiya bilan 30 yil shug‘ullangan, xizmat ko‘rsatgan patologiya professori Et'en de Xarve aytgan edi. Xarve elektron mikroskoplar fotografiyasida SPID virusi deb atalayotgan virus yo‘qligining texnik dalillarini batafsil ko‘rsatib berganida, auditoriya qoyil qoldi. O‘shanda u agar VICh haqiqatdan ham mavjud bo‘lganida, uni virus yuqtirgan shaxsdan osonlik bilan ajratib olish mumkinligini izohlagan edi. Demak, virusning o‘zi yo‘q ekan, go‘yoki, bu virusning zarrasidan tayyorlangan hech qanday diagnostik test­lar ham bo‘lishi mumkin emas. Virus yo‘q ekan, uning zarrasi ham yo‘q. Antijismlarni aniqlash uchun diagnostik testlarni tashkil qiladigan oqsillar afsonaviy virusni tashkil etadigan qismlar hisoblanmaydi. Shunday ekan, ular qandaydir virus borligining ko‘rsatkichlari bo‘lmaydi, balki kishida har qanday emlash, shuningdek, tibbiyotga ma'lum har xil kasalliklarga qarshi emlash natijasida paydo bo‘ladigan organizmda mavjud antijismlar bilan yolg‘on musbat natija beradi. Yolg‘on musbat test homiladorlikda ham namoyon bo‘lishi mumkin.

- Darvoqe, nega homilador ayollarni VIChga test topshirishga majbur qilishadi?

- Meni ham shu masala judayam tashvishlantiradi. Axir, qancha fojialar ro‘y bermoqda! Mana, yaqinda ikkita bolasi bor, uchinchi farzandini kutayotgan onaga VICh-musbat deb tashxis qo‘yishgan. Dahshat. Vahima. Bir oydan so‘ng ayol qaytadan analiz topshiradi - hammasi joyida bo‘lib chiqadi. Ammo u shu bir oy davomida nimalarni boshdan kechirganligini hech bir tilda izohlab bo‘lmaydi. Shuning uchun homiladorlarning VIChga test topshirishlari bekor qilinishini xohlayman.

- Ammo baribir taajjublanarli hol saqlanib turibdi, to‘g‘rimi?

- Haqiqatdan ham, SPIDga oid jahon statistikasi bilan tanishganda, ba'zan hatto professionalni ham taajjub qamrab olishi mumkin. Mana, misol. BMTning VICh/SPID bo‘yicha «SPID epidemiyasi rivojlanishi» Birlashgan dasturi - YuNYeYDS va VOZ yillik hisobotida raqamlar, ko‘rsatkichlar, foizlar ko‘rsatilgan. Va unda, ehtimol, ikkinchi darajali bo‘lgan bir abzats tirkalgan: «YuNYeYDS va VOZ ma'lumotlarning ishonchliligiga kafolat bermaydi hamda bu axborotlardan foydalanish natijasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan zarar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi». Shunday so‘zlar turganida qolganini nega o‘qish kerak? SPID bilan kasallanishni tad­qiq etish va nazorat qilishga millionlarni nega sarflash zarur? Va nihoyat, SPID bilan bog‘liq shuncha pul qaerga ketmoqda?

- O‘tgan asr oxirida SPIDga qarshi kurashish va uning oldini olish markazi rahbari bergan bayonotga ko‘ra, 2000 yili Rossiyada 800 ming kishi SPID bilan kasallangan bo‘lishi kerak edi.

- Bugun ham kasallar soni bu raqamga yetgani yo‘q. Buning ustiga chalkashlik mavjud: SPIDmi yoki VICh? Yana, shuning­dek, kasallanganlar sonini har yili AQShdagi kasallikning oldini olish va nazorat qilish markazidagilar o‘ylab chiqargan koeffitsientga, 10 ga ko‘paytirishadi. Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, SPIDdan tashqari o‘ziga xos bo‘lmagan simptomlar bilan ta'riflanadigan noodatiy pnevmoniya, qoramol quturishi, endi yana parranda grippi ham ortib bormoqda. To‘liq uydirma! Ular bizni muntazam infektsiyalar bilan kurashishga chorlashayapti. Ammo nima bilan kurashish kerak? Haqiqatdan bor infektsiyalar bilanmi yoki o‘ylab topilganlari bilan?

- Irina Mixaylovna, to‘g‘risini ayting: VICh-musbat deb ataladigan qonni hech qanday xavfsiramasdan o‘zingizga quya olasizmi?

- Allaqachon shunday qilingan. 1993 yili amerikalik doktor Robert Uillner o‘z organizmiga VICh-musbat qonni quygan edi. Undan «Nega hayotingizni xatarga qo‘yyapsiz», - deb so‘rashganida, doktor: «Men buni tibbiyot tarixidagi ulkan dahshatli yolg‘onga nuqta qo‘yish uchun qilyapman», - deb javob bergan edi. O‘shanda men uning «Dahshatli yolg‘on» kitobiga taqriz yozgandim.

- Matbuotda SPIDga qarshi vaktsina yaratilganligi haqidagi xabarlar tez-tez chop etib turiladi...

- Bunday xabarlarni har doim kulib-kulib o‘qiyman. Tibbiyotga oid shunday maqolalarda «panatseya»­lar (go‘yo har qanday kasallikka davo deb qaralgan dori) mualliflari vaktsina yaratishning klassik pasterovcha metodi hech qanday natija bermasligidan shikoyat qilishadi. Ha, u shuning uchun ham natija bermaydiki, chunki vaktsinani yaratish uchun birgina, ammo asosiy detal - «virus» deb ataladigan material yetishmaydi. Usiz vaktsina yaratishning klassik metodi ish bermasligining hech qanday taajjublanarli joyi yo‘q.

XIX asrda zamonaviy mikrobiologiya va immunologiyaning asoschisi Lui Pasterning­ o‘zini olim deb ataydigan kishilar hech narsadan vaktsina yaratishi va bunda metod ishlamayapti, deb nolishi tushiga ham kirmagan. Virus uydirma bo‘lgani singari vaktsina yaratish g‘oyasi ham afsonadir. Faqat ushbu avantyuraga ajratilayotgan tog‘dek pullar afsona emas.

H.Nishonov tarjimasi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.