background
logotype

“Styuart Litl”ni ko’rganmisiz?

Bolaligimni o‘ylasam, ko‘pincha xayolimda shunday manzara jonlanadi: uzun qish oqshomi, tashqarida belimizgacha yetadigan qor, deraza oynasida ayozbobo chizgan suratlar, uy ichidagi sandal hamda sandalga oyoq solib o‘tirgan otam va biz aka-ukalar. Otam doston, ertak aytadi - «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li»dan, «Uch og‘a-ini botirlar», «Ochil dasturxon»...

Rahmatli bularni matal der edi. Ba'zan o‘zi to‘qib aytganlarini eslayman - «Qashqirning sarguzashtlari», «Umir bobo va qashqir­lar», «Kattasoydagi to‘qnashuv», «Ashrapdagi bedana va uzundum», «Uzoq muallimning jasorati», «Budrachning jayronlari qaerga ketdi?» - shu va shu kabi o‘nlab matallarni (sarlavhalarni o‘zim qo‘yib chiqdim) men qaytib eshitmadim va hech qaysi kitobda o‘qimadim, shunga asosan, bularni otam o‘zi to‘qigan, degan xulosaga kelaman.

Xullas, otam aytgan ertaklar, matallarda mard, jasur insonlar bilan birga ot, bo‘ri, jayron, bo‘ribosar it kabi jonivorlar, bedana, mullato‘r-g‘ay,­ qorabovurdoq, qaldirg‘och, musicha kabi qushlar obrazlari bo‘lar edi. Voqealar ro‘y beradigan makon bizga tanish, qishlog‘imiz atrofidagi joylar bo‘lgani singari, hayvonu qushlarning ham ko‘pchiligi biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan, bilgan jonivorlar edi.

Matallarida ko‘p uchraydigan jonzot - bo‘rini otam «qashqir» derdi. Mag‘rur, mard hayvon, deb ta'riflardi. Matallarga qahramon bo‘lgan boshqa barcha jonivorlar insonga do‘st, beozor hayvonu qushlar bo‘lib, ularning sarguzashtlari bizni zavqlantirardi.

Bog‘chadagi tomosha

Mehnat ta'tili paytida uch yoshli o‘g‘limni bolalar bog‘chasiga joylashtirdim. Birinchi kun bo‘lganligi uchun tush payti kelib olib ketishim kerakligini aytishdi. Soat o‘n ikkilarda borsam guruh xonasi berk, hamma bolalar maydonchada - tomosha qo‘yish uchun tsirkchilar kelishgan ekan. Biroz tomosha qildim - ulkan karaxt ilonni o‘ynatishdi. Keyin...

Keyin o‘rtaga bir ayol chiqib keldi. Yarim yalang‘och holda butun badanini likillatib o‘ynay boshladi, yelkalari ochiq, ko‘kraklarining uchdan bir qismigina yopiq...

Menga o‘xshab tomosha ustidan chiqib qolgan ba'zi ota-onalar yuzlarini burib yoki bekitib olishdi. Yuz nafardan oshiq bolalar esa yarim-yalan­g‘och raqqosaning xirom aylashlarini qiziqib kuzatishar edi.

Bog‘cha metodistidan tomoshachilarning kimligi, qaerdan kelganligi, kim taklif qilganligini surishtirdim. Raqqosaning kiyinishi bolalarga yomon ta'sir qilishini aytayotganimda, tsirk­chilar guruhi boshlig‘i menga o‘dag‘aylab ketdi: «Nima bo‘pti, tsirkka borsangiz, hamma ayollar shunaqa kiyinib chiqishadi!». «Sizning tsirkingizga, asosan, kattalar boradi, bu yerda esa faqat bolalar-ku», desam, «Hech narsa qilmaydi, vahima qilmang, oka, bolalar hech narsani sezishmaydi», deb javob berdi u.

Ular bilan tortishish befoydaligini anglab, bog‘cha mudirasi huzuriga kirdim. Ota-onalar nomidan bunaqa tomoshachilarni bog‘chaga qaytib taklif qilmasliklarini so‘radim.

Sirkchilar guruhi rahbarining «Sirkka kattalar bilan birga bolalar ham boradi-ku. Yalang‘och ayolni ko‘rsa nima qipti. Baribir hech narsani tushunishmaydi. Ana, ko‘chadayam bunaqalar tiqilib yotibdi - bunga nima deysiz. Internetdagi pornografik saytlarni yo‘q qiling, qo‘lingizdan kelsa», degan gaplari meni tashvishga soldi. «Kelinglar, iltimos, hech bo‘lmasa, bolalarimizning bog‘chasida bunday tomosha ko‘rsatmaylik. Xo‘p, bola hozir anglamasligi mumkin, ammo ko‘zi ochiq-ku, ko‘rganlari unga muhr­lanib qoladi, iz qoldiradi, ayollar, odamlar, hayot haqidagi noto‘g‘­ri tushunchalar ildiz otishiga ulgu beradi», dedim unga ham, bog‘cha tarbiyachilariga ham, mudirasiga ham.

Bugunning bolasining ertak eshitishga toqati yo‘q!

Buni men o‘z shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytayapman. Ertak eshitishadi, albatta, televizor, radio, DVD o‘chgandan so‘ng. Yana turmush tashvishlariga o‘ralashib qolgan ota-ona farzandlariga ertak aytib yoki o‘qib berishga vaqt va hafsala topsagina. Teletasvirga o‘rganib qolgan ko‘zlari baribir quloqlaridan tezda ustun keladi vaeshitishdan zerikib qolishadi.

Ularning televizorda ko‘radiganlari - teleserial va multfilmlar. Ataylab qilganday (balki atayindir), nuqul nikohsiz tug‘ilganlar bosh qahramon qilib olingan seriallarni ko‘rishni taqiqlashingiz mumkin, biroq multfilmni ko‘raversin deysiz. «Senimi, shoshmay tur», «Qirol sher» kabi multfilmlar bo‘lsa-ku, mayli. Ammo...

Ot yaxshimi, sichqon?

Nafaqat otam, balki barcha otalar ijodi bo‘lgan xalq og‘zaki ijodida juda ko‘plab hayvonlar obrazini uchratish mumkin. Ularga muhim ramziy ma'no yuklatilgan. Masalan, birgina ot timsolini olaylik. Ot - yigitning qanoti, eng yaqin do‘sti sifatida talqin qilingan «Alpomish»ni eslang. Badiiy adabiyotimizda bu an'ana davom ettirilgan Tog‘ay Murod qissalarini yodga oling.

Shuningdek, qo‘y, echki, tuya, xo‘roz, it, chumoli qahramon qilib olingan ertak yoki hikoyalarni o‘qiganman. Ammo biron joyda sichqon yoki kalamush qahramon qilib olinganligini uchratganim yo‘q.

Jonivorlar haqidagi hadislar

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ba'zi jonivorlar haqida aytganlari ko‘plab manbalardan ma'lum. Mana, ulardan ba'zilari:

Qo‘y boq. Zero, u ayni barakadur.

Baraka ot yollaridadir.

Beshta yomon hayvon bor. Ular hajda ham, tashqarida ham o‘ldirilaveradi:

1. Ilon

2. Olaqarg‘a

3. Sichqon

4. Quturgan it

5. Kalxat.

Qo‘y barakadir, tuya ahliga izzatdir (egasiga azizlikdir). Otning peshonasiga qiyomatgacha yaxshilik yozilgandir. Uni boqqan yaxshilik oladi.

«Muhammad payg‘ambar qissasi. Hadislar» kitobidan.

«Styuart Littl» va boshqalar yoxud multfilmmi yo «sichqonfilm»?

Bizda multfilm ishlab chiqarish sanoati yaxshi rivojlanmaganligi sababli, teleekranlarimiz tomoshabinlar ehtiyojini xorijiy, asosan, AQSh multfilmlari bilan qondirmoqda. «Madagaskar», «Shrek», «Sohibjamol va maxluq» va hokazo multfilmlarda yangi-yangi, xayoliy maxluqlarni «yaratayotgan» xorijlik multiplikatorlar hatto bekorchilikdan hayvonlar o‘rtasida sport musobaqalari - zoolimpiada «o‘tkazishganiga» ham guvoh bo‘ldik.

Biz taniydigan hayvonlardan esa, e'tibor bersangiz, xorij multfilm­larida eng ko‘p sichqon va kalamushlar qahramon qilib olingan. «Tom va Jerri», «Mikki Maus», «Sichqoncha Peresning sarguzashtlari», «Styuart Littl»... Oxirgisini hatto badiiy film ham qilishgan. Boshqa hayvon yoki parrandalar hayoti haqidagi mult­filmlarda ham kalamushoy yoki sichqon­boy­larni uchratasiz. Amerikalik kinoijodkorlar sichqonga shunchalik mehr qo‘yishganki, «Styuart Littl-1», «Styuart Littl-2»dan tashqari yana «Sich­qon ovlovchilar» degan mantiqsiz komediya ham suratga olishgan.

Kasalliklar o‘chog‘i

«Sichqonlar (Mus) - sichqonsimonlar oilasiga mansub kemiruvchilar urug‘i...

Sichqonlar odam va hayvonlarning bir qancha xavfli kasalliklari (o‘lat, tulyaremiya va b.)ni tarqatadi.

Sichqonsimonlar (Muridae) - kemiruvchilar turkumiga mansub sut emizuvchilar oilasi...

Qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va oziq-ovqat zahiralariga ziyon keltiradi. Sichqonsimonlar 20 ga yaqin infektsion kasalliklar, jumladan, o‘lat, sichqon isitmasi, leptospiroz kabi kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarining tabiiy tashuvchisi.»

«O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi»dan.

Adabiyot va literatura

«Adabiyot» so‘zining o‘zagi «adab» ekanligini hammamiz bilamiz. Har holda Sharqda shunday: har qanday adabiyot namunasi, san'at asari insonga  estetik zavq berish bilan birga, odob-axloq, ezgu fazilatlar targ‘ibotiga xizmat qilishi kerakligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

«Literatura» so‘zining o‘zagi esa lotincha «litera» bo‘lib, «harf» degan ma'noni bildiradi. Shu jihatdan qaraganda, «literatura»ning ma'nosi «yozilgan narsa» bo‘ladi.

«Adabiyot» - badiiy asarlarga ma'lum bir axloqiy me'yorlarni o‘rnatsa, «literatura»da bunday cheklovlar yo‘q, deyish mumkin. Turgan-bitgani zarar ekanligi hadislarda keltirilgan, zamonaviy tibbiyot mutaxassislari tomonidan ham ta'kidlangan sichqonning G‘arb badiiy va multiplikatsion filmlarining ijobiy qahramoni sifatida tal­qin qilinayotganligini shu bilan izohlash mumkin.

Internetda G‘arbda kalamushlarni xonakilashtirganliklari haqida, ularga mehr qo‘ygan insonlarning ehtirosli chiqishlarini o‘qish mumkin.

Ularning «sichqonfilmlar»ini tomosha qilib ulg‘ayayotgan farzandlarimizning ham bu zararkunandalarni yaxshi ko‘rib qolishlari mumkinligini hech kim inkor etolmaydi. Psixologiya­dan ma'lumki, kishi o‘zi yaxshi ko‘rgan inson yoki jonivorlarga taqlid qiladi yoxud ularning xarakteridan nimalarnidir bilib-bilmagan holda o‘zlashtiradi. Shundog‘am g‘arblik ko‘chabezorilar ko‘ngilxushligi - repni san'at deb bilib, sahnaga va ekranga turli allatovur yoki ich kiyimlarda chiqayotgan repperlar ta'siriga tushib qolgan yoshlar xarakterida sichqonsimonlik paydo bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring... 

Maqolaga endi nuqta qo‘yib, televizorni qo‘ysam, «Toshkent» kanalida kino boshlanib qoldi - «Styuart Littl - 1» (9 iyun, 2007 yil, shanba, soat 11.45). Haftalik teledasturga qaradim - ertasiga «Styuart Littl-2»ni qo‘yishar ekan. Farzandlarim qarshilik qilishlariga qaramasdan, televizorni o‘chirdim. «Yaxshiyam uyimda pult o‘zimning qo‘limda», dedim ichimda...

Husan KARVONLI

"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.