background
logotype

TV, bolalar va biz

Hozirgi kunda ko‘p ota-onalar bolalarni tinchitishning eng oson yo‘lini bilib olganlar. Savol bilan yonimizga kelgan farzandimizning jajji qo‘lchalariga pultni topshirib "Bor, televizor ko‘r", deya oq fotiha beramiz-da, uni ekran yoniga jo‘natamiz. Aksariyat bolalar televizorga kun bo‘yi tikilib o‘tirishdan ham charchashmaydi. Ular ko‘radigan kanallar ham ko‘p: Jetix, Nickelodeon.

Kanallar turli tuman bolalar multfilmlari bilan to‘la. Va bu multfilmlarning hammasi chet elda ishlangan. Biroq, ular shunchalar zararsizmi? Kuni bilan televizor qarshida o‘tirgan farzandimiz bu filmlardan o‘ziga nima olmoqda?

Xotirlab ko‘ring-chi, ota-bobolarimiz farzandlarini qay tarzda ovutishgan? Ular ertak, matal va xalq og‘zaki ijodidan lavhalar aytib berishgan. Shu bilan avlodlarini o‘z dini, millati tarixidan xabardor etishgan. Farzandlar din va diyonat hissini, urf-odatlarni ertak va matallar orqali qalblariga singdirishgan.

Zamonaviy multfilmlar ham bizning farzandlarimiz uchun xuddi o‘sha ota-bobolarimiz aytgan ertak va matallar kabi. Faqat bu ertak yoki matallarni bobomiz yoki momomiz emas, biz tanimagan, dunyoqarashi va dini o‘zga bir "amaki" so‘ylab beradi, ko‘rsatadi.

Qani, siz ham oynai jahonga yaqinroq o‘tiring-da, farzandingiz ko‘rayotgan filmlardan birortasini tomosha qiling. Nafaqat tomosha qiling, balki o‘rganing ham. Ekran sizning farzandingizga nimani o‘rgatayotganini o‘rganing.

Ertak - bola ongining ilk poydevori. Bola atrof bilan munosabatini undan olgan taassurotlari asosida quradi, dunyoni u orqali taniy boshlaydi. Yaxshilik va yomonlik, do‘stlik va xoinlik, ona va ayol siymolarini ertak qahramonlari misolida o‘rganadi.

Bolalar yorqin ranglarni yaxshi ko‘rishadi. Ijobiy qahramon sifatida talqin etilgan timsollar aynan o‘sha ranglarga bo‘yalgan. O'sha qahramonning har bir harakati bola ongida yaxshilik va to‘g‘rilik ramzi bo‘lib saqlanib qoladi. Ammo bu qahramonlarning harakatlariga biz sezmaydigan tarzda salbiy harakatlar qo‘shilgan. Ular urushadilar, ba'zi hollarda boshqa qahramonlarni do‘pposlaydilar, o‘ldiradilar. Bu kabi holatlar bolalarda shafqatsizlik va birovning ustidan kulish sifatlarini keltirib chiqaradi.

Bir misol: "Shiroq" ("Shrek") nomli multfilmni aksariyatimiz ko‘rganmiz. Shiroq, malika va qushcha birga qo‘shiq aytishadigan sahnada qo‘shiq oxiriga yetar ekan, qushcha nobud bo‘ladi. Ayting-chi, shunda farzandlaringiz yig‘laganmi? Menimcha, yo‘q. Chunki bu hodisa - o‘lim juda zavqli va kulgili holatda ko‘rsatilgan. Nobud bo‘lgan qushchaning tuxumlari-chi, qahramonlar ishtaha bilan paqqos tushirmoqchi bo‘lishganda, birorta farzandingiz: "...ularning ichidan qushchalar chiqishi mumkin edi", dedimi?

Zamonaviy multfilmlarda ko‘rsatilayotgan qizlar, ba'zi hollarda kichik bo‘lishlariga qaramay, go‘zal qomatli qilib tasvirlangan. Ular bu go‘zal qomatdan "to‘g‘ri" foydalanishni biladilar. Kiyimlari ham "zamonaviy". Qahramonlarning yuzi, chehrasidan ko‘ra qomatiga ko‘proq urg‘u berilgan. Ya'ni ayolning yuzi qalbining ko‘zgusi sifatida e'tiborga loyiq emas, muhimi - uning qomati.

Xo‘sh, bu filmlardagi erkak va ayol, yigit va qiz munosabatlari qay tarzda rivojlanadi? "Tom va Jerri" multfilmini eslab ko‘ring. Filmning bir sahnasida Tomning dugonasi unga qay tarzda ko‘z suzib, qay tarzda ishva qilganiga ahamiyat berganmisiz? Bularni farzandingiz o‘zlashtirib olsa, xursand bo‘lasizmi?

"Har narsaning o‘z vaqti-soati bor", deydilar. Kattalarga taalluqli mavzularni bolalar ongiga quyish ularning fe'l-atvorlariga putur yetkazadi. Ular bu kabi mavzularga jismoniy va ruhiy tarafdan hali tayyor emaslar. Biz u qadar jiddiy qabul qilmaydigan bu holatlar kelajakda ularga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin.

Siz - onasiz, siz - otasiz. Farzandlaringiz esa - sizning qo‘lingizga berilgan oppoq, top-toza qog‘oz. Xohlasangiz, siz uni go‘zal satrlar bilan to‘ldirishingiz mumkin. Ammo bugungi kun ota-onalari bu imkonni boshqa birovlarga, tanimagan-bilmagan "teleamaki"larga topshirib qo‘yganlar. Siz bunga nima deysiz, yurtdoshlar?

Madina Zaripova, Toshkent shahri

Fikringizga qo‘shilaman... ammo

Bugun matbuotda TV haqida ko‘plab turli-tuman fikrlar bildirilmoqda. Bu fikrlarning aksariyatida jon bor. Jumladan, so‘nggi yillarda butun O'zbekistonning televizor qarshisiga mixlanib qolgani, xorijiy seriallarning birortasini ham qoldirmay ko‘rishayotgani, ularni "xit" darajasida ko‘klarga ko‘tarib, tildan qo‘ymay tahlil etishayotgani bor gap. Bu tomoshalarni oilaning katta-kichik a'zosi birday zavqu huzur, birday hayajonu iztirob bilan qabul etayotgani ham hammaga ayon. Namoyish etilayotgan xorijiy seriallarning badiiy mukammalligi, tarbiyaviy jihatini inkor etmagan holda, ularning ertangi kunimiz vorislari, kelajagimiz egalari bo‘lgan bolalar tarbiyasiga qo‘shayotgan "hissasi", aks ta'siri xususida mulohaza yuritmoqchiman.

"Yoshlar" kanali orqali "Dengiz hukmdori" seriali namoyish etilayotgan kunlarda serialning qahramonlari Janbogo va Yum Yanlar 3 yoshdan to 12 - 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning haqiqiy ideallariga aylandilar, desam mubolag‘a emas. O'z farzandlarim va men bilgan boshqa bolalar tabiatida, xulq-atvorida ularga taqlid qilish avjga chiqqanini kuzatdim. Uyda ko‘cha-ko‘ydan topib kelingan katta-kichik tayoqlar, kaltaklar ko‘payib qoldi. Bolalar ulardan qilich, xanjar sifatida foydalanadigan, bir-birlariga o‘qtalib o‘ynaydigan bo‘lishdi. Yana daraxtlarning novdalarini qayirib, uyda bor ipmi-cho‘zmami, hammasini topib olib, novdalarning ikki uchiga bog‘lab yoy yasashgan, ingichka, uchli cho‘plarni kamon o‘qlariga aylantirishgan. Xuddi o‘sha serialdagi shafqatsiz jang sahnalari, mudhish urush manzaralari... Qo‘rqamanki, o‘yin qilib, bir-biroviga shikast yetkazmasa edi, ozor bermasa edi deb. Oralariga tushib hay-haylab asablarim charchaydi. Cho‘plarni-yu tayoqlarni olib borib axlatga tashlayman. Yana boshqalarini topib kelishadi. O'zlari amallab yasagan yog‘och aslahalardan ko‘ngillari to‘lmay, "menga qilich olib bering, kamon olib bering", deya xarxasha qilishadi.

Bu kabi xarxashalar ham bir bo‘ldi-yu, yaqinlarimdan eshitganim - voqea bir tomon bo‘ldi. Shahar atrofidagi mahallalardan birida 3-4 yashar bir bolakay chaqaloq ukasini pichoqlab qo‘yibdi. Dahshatli voqea ustidan chiqqan onaning "Nimalar qip qo‘yding?" degan faryodiga javoban bolakayning aytganlari hammasidan ham oshib tushibdi: "Janbogo bo‘ldim-da!".

"Jumong" seriali namoyish etila boshlagach, Jumong xalq qahramoniga aylandi. Endi bolalarning tillaridan, o‘ynayotgan o‘yinlaridan Jumongning qahramonliklari, filmdagi falonchining josuslarga xos hatti-harakatlari, o‘ldirish, so‘yish, qiynash kabi sahnalar o‘rin egallay boshladi. Albatta, bu vaziyatdan mahalliy tadbirkorlar, savdogarlar ham ustamonlik bilan foydalanib qoldilar. Bozorlar va do‘konlarning peshtaxtalari Jumong tasviri tushirilgan maykalar, futbolkalar bilan, qilich, xanjar, kamon kabi arzon o‘yinchoqlar bilan to‘ldi. Ularning bozori chaqqon bo‘lib ketganini aytmaysizmi? Ota-onalar ham bolalariga ularni hech ikkilanmay, o‘zgacha g‘urur, faxr va iftixor bilan sotib olib beraverdilar. Sotib olib berishni ongli ravishda istamagan va yoki kamxarjroq oilalarning farzandlari esa daraxtlarning qurigan novdalari va boshqa shu kabi narsalardan qurol yasashni o‘zlashtirdilar, filmdagi qurolsoz usta Mopalmo singari...

Ko‘chada o‘ynab yurgan bolalarning qo‘llarida ham shu kabi yarog‘- aslahalar... Mening uyimda ham yana shu holat... Qo‘llariga tushgan sharfmi, ro‘molmi, bog‘ichmi hammasini peshonalariga tang‘iydilar. "Men Jumongman" deb ko‘krak keradilar, bir-birlarini urib-tepib ketadilar.

Angladimki, vatanparvarlik, jasorat, adolat singari ezgu g‘oyalar talqin etilgan deya ishonganim, yuqoridagi kabi filmlar va seriallar o‘zining asl maqsad-g‘oyasidan tashqari yana boshqa vazifalarni ham bajarayotgan ekan. Bolalarim tabiatidagi shunday salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan serialni tomosha qilishni ularga ta'qiqlab qo‘ydim. Yana bir shunga o‘xshash serial - "Shahzodaning qo‘shig‘i" ni tomosha qilishdan o‘zim ham voz kechdim. Ammo endi kech emasmikin?

Bolalarimizning borgan sari urushqoq, tajovuzkor va jangari bo‘lib borayotgani, ancha-muncha yovuz, dahshatli sahnalarga ko‘zi o‘rganib, diydasi qotib qolayotgani - eng avvalo, biz kattalarning aybi. Ularni yonimizga olib shu seriallarni ko‘rib o‘tiraverganimizni aytaman-da! Ammo ularning aynan butun oila jam bo‘lib televizor qarshisiga to‘planadigan, ovqatlanishga yig‘iladigan mahalda namoyish etilishi-chi? Bunisi endi TVdagi mas'ul shaxslarning, rahbarlarning aybi emasmi?

Bu borada koreys seriallarini, aynan tarixiy mavzularda yaratilgan seriallarni namoyish etish an'anasini juda go‘zal, betakror film "Saroy javohiri" bilan boshlab bergan "O'zbekiston" kanali tutgan yo‘l tahsinga loyiq, nazarimda. Bu kanaldan jangari filmlar ham namoyish etilgani yo‘q. Buning ustiga namoyish vaqti ham to‘g‘ri tanlangan, ya'ni bolalar vaqti tugab, hammalari tinib-tinchishgach, boshlanadi bu seriallar. Biroq "Yoshlar" telekanali negadir bu narsani e'tibordan qochirgan ko‘rinadi.

O'sha tarixiy seriallar shu darajada odamlarni o‘ziga tortadigan qilib ishlanganki, har qanday kishi ham beixtiyor e'tibor qaratadi, filmdagi jarayonlarga singib keta boshlaydi. Koreys kino ijodkorlarining har taraflama mukammal asar yaratgani, eng avvalo filmning g‘oyasi, maqsad-mohiyatida namoyon bo‘lsa, aktyorlarni tanlashdagi ustamonlik, har bir aktyorning o‘ziga xos mahorati, qahramonlarning monolog-dialoglari, xarakterlari, shuningdek o‘sha tarixiy davrga oid rango rang kiyim-kechaklaru qurol-aslahalar, urf-odatlaru dekoratsiyalar, musiqa va qo‘shiqlar - hamma-hammasi obi-tobiga keltirilib, o‘z o‘rnida foydalanilgani ham hech shubha yo‘qki, barchani, shu jumladan bolalarni ham birdek o‘ziga jalb qiladi. Ana endi koreys xalqi tarixida yashab o‘tganmi yo shunday insonlarning tipajimi bilmadim, ishqilib o‘sha Jumong va Janbogolar biz o‘zbeklarning ham qahramoniga, farzandlarimizning idealiga aylandi-qoldi. Agar o‘zimizda shunday badiiy-texnik saviyasi mukammal filmlar olinsa, o‘zimizning qahramonlarimiz Sohibqiron Amir Temur, shahzoda Jaloliddin Manguberdi kabi siymolar xarakteri shunday mahorat bilan ochib berilsa, farzandlarimiz boshqa xalq, boshqa millatlardan o‘rnak olmasdan o‘z ajdodlarini tanigan, tarixini yaxshi o‘rgangan va o‘z milliy qahramonlaridan ibrat olgan bo‘lur edi. Endi tushungandirsiz, nima uchun bugun bolalarimiz o‘zgalarning, ajnabiy amakilarning dunyoqarashi, yurish-turishi, gap so‘ziga taqlid qilib, shu asosda tarbiyalanayotganini. Amerikacha multfilmlardagi g‘ayri odat va g‘ayri an'analar ta'siriga tushib qolayotganini. Chunki o‘zimizda ularga o‘z ta'sirini o‘tkazadigan, ularning ongiga millat, vatan, ezgulik tushunchalarini singdira oladigan, kattalarga hurmat, odobu hayo, tavoze singari o‘zbekona qadriyatlarimizni o‘rgatadigan filmlar, multfilmlar yo‘q. Shuning uchun ham bolalarimiz ongidagi, qalbidagi ma'naviy bo‘shliqni bilib-bilmay, tushunib tushunmay o‘zga amakilar tomonidan to‘qilgan ertaklar, ishlangan multfilmlar orqali to‘ldiryapmiz, yoki shunga majbur bo‘lyapmiz.

Kabel televidenielarini qo‘ya turaylik. O'zimizning davlat telekanallarida qachon oxirgi marta o‘zbek kinoijodkorlari bolalar uchun ishlagan animatsion filmlar namoyish etilganini eslolmayman. Bilganim faqat "Zumrad va Qimmat" yoki yana bir-ikkita mundayroq saviyadagi multfilmlar... Endi ayting-chi, ularni bir bor ko‘rgan va yorqin rangli ajnabiy multfilmlarga solishtirgan bolalar qaysi birini ma'qul ko‘risharkin? Javobingiz tayin. Albatta, bizga to‘g‘ri kelmasa-da, "Jetix" yo "Multimania" orqali berilayotgan mukammal filmlarni... Yo‘q, shu yerda sal xato ketdim chog‘i. Axir O'zbekistonda faoliyat olib borayotgan davlat va nodavlat telekanallari ham o‘sha amerikacha multfilmlarni tinmay aylantirib yotishibdi-ku!

Bu o‘rinda hamma ajnabiy multfilmlarni ham yaroqsizga chiqarish adolatdan bo‘lmaydi. Chunki bizning bolaligimizni boyitgan, hozir ko‘rsak ham zerikmaydigan va yana sog‘inadigan ajoyib multfilmlar bo‘lar edi. Adashmadingiz, rus kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan "Senimi, shoshmay tur!" multfilmi, Cheburashka va Timsoh Gena haqidagi, Vinni- pux ismli ayiqcha, Karlson va yana boshqa ko‘plab o‘sha qadrdon va mehribon qahramonlarni nazarda tutyapman. Aynan shu multqahramonlar orqali biz Astrid Lindgren, Alan Aleksandr Miln kabi jahonga mashhur bolalar adabiyoti namoyandalarini taniganmiz.

Yana bir mulohaza. Men bolalarimga ko‘p urinib, bir narsani sira o‘rgata olmasdim. Bu shirinliklardan iloji boricha tiyilib, meva-sabzavotlardan mo‘l-mo‘l iste'mol qilish, ko‘proq jismoniy harakatda bo‘lish va shu kabilar. Qaysi bola muzqaymoqdan yoki shokoladdan voz kechardi, deysiz-da! Bu juda qiyin masala, albatta.

Inson ulg‘aygach orttirishi mumkin bo‘lgan ko‘plab xastaliklar ularning bolaligida (albatta, uning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan, ota-onasining ixtiyori, e'tiborsizligi, qolaversa bilimsizligi ortida) kechirgan turmush tarzi natijasida yuzaga kelar ekan. Endi diqqat qiling, bolalaringizda uchraydigan turli kasalliklar, nosozliklar (burun oqishi, yo‘tal, tez-tez shamollash, tishlarning nosog‘lomligi kabi) ning hammasi ularni noto‘g‘ri ovqatlantirishingizdan, qand-qurs, muzqaymoq bilan haddan ziyod ko‘p siylashingizdan kelib chiqadi. Ana endi bu borada menga ancha yordam bergan, bolalarimni yaxshi tomonga o‘zgartirishga hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan, mening sog‘lom turmush tarzi borasidagi fikrlarimni tasdiqlab, farzandlarimga ijobiy ta'sir ko‘rsatayotgan bir multfilmning manzilini aytay. Bu - "Yalqovlar shaharchasi" ("Lazy town") !

"Jetix" kanali orqali namoyish etiladigan mazkur quvnoq film voqealari shunday boshlanadi:

"Yalqovlar shaharchasi" nomi bilan ma'lum bo‘lgan shaharchaga bir qizcha mehmonga keladi. Bu yerda ildiz otib ketgan yalqovligu tartibsiz hayotdan ranjigan qizcha shaharchadagi bolalarni tarbiyalashga kirishadi. Buning uchun u bu yerga bir do‘stini taklif qiladi. Epchil, chaqqon, serharakat, sportchi bu yigit, uning ismi ham Sportokus, bolalar ko‘z o‘ngida chinakam superqahramon sifatida gavdalantiriladi. U bolalarni yaramas illatlar va odatlardan qaytaradi, shirinliklardan tiyilishni, buning o‘rniga meva va sabzavotlar iste'mol qilishni, sharbatlar ichishni tavsiya etadi, mehnatdan qochmaslik, do‘stlarni qadrlash va kerak paytda yordam berish kabi fazilatlarga o‘rgatadi va h. k. Menimcha, bolalarimizga bu kabi multfilmlarni tomosha qilishga, garchi uni amerikalik amakilar ishlagan bo‘lsa ham, ruxsat berishimiz va iloji bo‘lsa o‘zimiz ham ko‘rishimiz kerak.

N. Abdullaeva.

Yuqorida bir mavzuga oid ikki maqolani e'tiboringizga havola etdik. Har ikki muallifning ayrim fikrlari bir-birini tasdiqlab, to‘ldirsa, ba'zi o‘rinlarda masalaga turlicha yondoshilgan. Ammo maqsad-mohiyat bir - TV va bolalar tarbiyasi... Avloniy domla aytganlaridek, tarbiya biz uchun hayot-mamot masalasidir. Shu bois bu mavzuni chetlab o‘tishni lozim topmadik.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.