background
logotype

«Valentin kuni» emish...

Keyingi yillarda G‘arb hayotiga taqlid shu qadar kuchayib ketdiki, hatto o‘zga millatlarga taalluqli bo‘lgan ba'zi odatlarni ham o‘zlashtirib ola boshladik. Qadah cho‘qishtirib tilak aytish, to‘ylarda yoki tug‘ilgan kunlarda tortga sham yoqib puflab o‘chirish... bu kabi odatlar bizning udumlarimizga muvofiqmi? Shu jumladan, Valentin kuni ham. 

Yoshlarimiz «sevishganlar kuni» deya bayram qilayotgan kun aslida biz uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. Bu haqdagi e'tirozlar matbuot orqali bildirilmoqda. Ammo yoshlar har qancha tushuntirishga qaramay, baribir shu kun arafasida bir-birlarini tabriklash bilan ovora. Bu borada hali to‘liq ma'lumot va to‘g‘ri fikrga ega bo‘lmagan yoshlarning bu xildagi xatti-harakatlari ayrim "ishbilarmon"larga juda qo‘l kelayapti. Masalan, shu kun arafasida savdogarlar peshtaxtani "yurakcha" shaklidagi turli sovg‘alar bilan to‘ldirishga intilsa, ayrim xonandalar va ularning ortidan kun ko‘ruvchilar kontsert dasturlarini aynan 14 fevral kuni berishmoqda. Bu sa'y-harakatlarning zamirida bitta maqsad - moddiy manfaat bor. Ammo "sevishganlar kuni"da sovg‘a-salomu tabriklar bilan bir-birlarining ko‘nglini olish bilan ovora yoshlar-chi?

Gohida biror xato ish qilsak, o‘zimizni "yoshlik qilib qo‘ydim" deya oqlashga harakat qilamiz. Demak, yoshlar hali kamolga yetmagan shaxslar. Ular adashishi, xato qilishi mumkin. Yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish esa hayot tajribasiga ega bo‘lganlarning vazifasi. Farzandlarimiz qilgan bir xatoni ko‘rib arzimas narsaga yo‘yib ketaversak, tarbiya borasida ozgina loqayd bo‘lsak, buning jabrini ertaga butun millat ham ko‘rishi mumkin.

Yurtimizda "Valentin kuni"ning nishonlanishi tobora tarqalib borayotganini ko‘rib ana shunday havotirga tushsak arziydi. Shu bois yoshlarga bu kunni bayram qilishni taqiqlashdan avval uning sababini tushuntirish lozim. Xo‘sh, Valentin kim o‘zi?! Bu "bayram" qanday tarixga ega?

Yevropada bu "bayram" rimlik Valentin qatl etilgan kun - 273 yil 14 fevraldan buyon nishonlanib kelinadi. Valentin ismli shaxsning o‘zi aslida kim bo‘lganligi xususidagi ma'lumotlar biror bir manbalarda aniq ko‘rsatilmagan. Aytishlaricha, Rimning Tern shahrida tug‘ilgan bu shaxs aslida rohib bo‘lgan. U Rim imperatori Klavdiy bilan zamondosh bo‘lgan edi. O‘sha paytda qonli urushlar ichida yurgan imperator o‘z askarlari uchun g‘alati qonun chiqargan edi. Unga ko‘ra, askarlar janglardan chalg‘imasligi uchun ularning uylanishi va qizlar bilan uchrashishi taqiqlangan.

Bu qarorga birinchi bo‘lib yosh rohib Valentin qarshi chiqdi va tabiiyki, imperatorning g‘azabiga uchradi. Avvaliga uni zindonga tashlashadi, keyin esa qatl etishgan. Shunday qilib, Valentin ism­li shaxs nasroniylar orasida "muhabbat qurboni" degan nom qoldiradi.

Chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, birovning o‘lgan kunini bayram qilish nasroniylarning o‘zi uchun ham to‘g‘rimikin?! ("Otning o‘limi - itning bayrami" degandek). Odatda tug‘ilgan kunlar nishonlanadi, vafot etgan kunlar emas. Kishining hayotdan ko‘z yumgan kuni sanasida marhum faqat xotirlanishi lozim. O‘z "qahramon"larining qatl kunini katta bayramga aylantirib yuborgan insonlarga havas qilib bo‘ladimi?! Yuqorida ta'kidlaganimizdek, boshqa din, o‘zga millat va boshqa e'tiqod vakillarining tuturuqsiz bayramiga bizning yoshlarimiz ham ko‘r-ko‘rona  ergashmoqdalar. Aslida bu narsa bilan hazillashib bo‘lmaydi. Hadisi sharifda ham kim qaysi qavmga taqlid qilsa, o‘sha qavmdan bo‘lib qolishi (Alloh asrasin!) xususida ogohlantirilgan. Biz esa ularni to‘xtatish o‘rniga o‘zimiz bilmagan holda quvvatlab turibmiz: turli radiokanallarda telefon orqali bir-birlarini tabriklashmoqda, shu kundagi tadbirlar "sevishganlar kuniga bag‘ishlab" deya e'lon qilinmoqda... Shu o‘rinda ana shunday tabrik va e'lonlarni "havo to‘lqinlari" orqali uzatayotgan radiokanallardagi shavvozlarga ham gap yo‘q. Demak, ularningda saviya­si o‘sha "Valentinchi ishqiboz"larnikidan pesh emas.

Darvoqe, Valentin ismli shaxs nasroniylar olamida "muhabbat qurboni" deb ta'riflanadi. Ammo Rim imperatori o‘sha davrlarda provaslavlarga qarshi muxorabalar maydonini tashkil etgani bois, slavyanlar Valentin degan shaxsni e'tiborga olishmaydi. Qisqa qilib aytganda, MDH davlatlarining birortasida ham "Valentin kuni"ni bayram qilib nishonlashmaydi.

Ehtimol  kimdir, (to‘g‘risi ana shunday fikrdagi insonlar ham kam emas) bu  "bayram"ni yoqlab, himoyalab ham qolishadi. Emishki, janobi Valentin sevgi uchun o‘z jonidan judo bo‘lgan, muhabbat qurboniga aylangan. Shu bois ushbu kunni yoshlar "sevishganlar kuni" sifatida nishonlaydi.

Bir qarashda bu fikrda jon borga ham o‘xshaydi. Axir, Valentin deganlari o‘z imperatorining farmoniga qarshi chiqib, suyuklisi bilan uchrashishdan qaytmagan-da. Ammo... bularning bari bir cho‘pchak emasmi? Axir, boya aytilganidek Valentin - muhabbat qurboni rohib edimi, u yana qanday rohib bo‘ldiki, yuz minglab Klavdiy askarlari qonun-qoidaga bo‘ysunganda, u "muhabbat qurboni"ga aylangan bo‘lsa? Aytmoqchimizki, bugungi ayrim yoshlarning "sevgi qahramoni" - Valentin aslida o‘z e'tiqodidan qaytgan bir shaxs bo‘lgan ekan-da? Negaki, rohiblar oila qurish, sevish-sevilish tuy­g‘usidan ustunroq deb butun hayotini Yaratganning o‘ziga bag‘ishlashgan-ku. Undan so‘ng haqiqiy sevgi uchun alohida kun zarurmikin? Chin muhabbat, vafo-sadoqat tuyg‘ularila band qalblar uchun bir-biriga shirin tilaklar izhor etishga hech qanaqangi alohida belgilangan biror sana shart bo‘lmasa kerak. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy yaratgan ishq va vafo obrazlari Farhodu Shirin, Layli va Majnun sevgisi har qanday Valentin timsolidan yuz bor, ming bor ustunroq bo‘lsa kerak. Shunday ekan, o‘ylab topilgan sohta, bachkana "qahramon"lardan uzoqroq bo‘laylik.

Sohiba Hayitboyeva,
"Hurriyat" gazetasidan olindi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.