background
logotype

“Zinoli qor” yoki xiyonatni targ‘ib qilayotgan serial

Ushbu maqolani yozishdan oldin yozsammi, yozmasammi deb ko‘p o‘yladim. Oxiri o‘z fikrimni gazeta orqali Sizlar bilan bo‘lishmoqchi bo‘ldim. Kimdir fikrimga qo‘shilishi yoki umuman qarshi bo‘lishi mumkin. Qarshi fikr bildirmoqchi bo‘lganlar bilan baxslashishga tayyorman.

"Muhabbat dardlari yoxud xinoli qor" teleserialini ko‘rayotgan bo‘lsangiz kerak. Umuman olganda bunday saviyasi past seriallar muntazam ravishda xalqimizga taqdim qilinib kelmoqda. Serialni ko‘rib, yoqamni ushladim. "Astag‘firulloh" deyishdan o‘zga so‘zga o‘rin yo‘q! Serial bosh qahramoni Nazar eriga ochiqchasiga xiyonat qiladi. Ali muallim ham uni bu yo‘ldan qaytarmaydi. Nazar xiyonatini eriga faxr bilan aytadi. Serial o‘zi nima haqda, o‘zi? Serial sevgini tarannum etmoqchi, desangiz adashasiz. Bunaqa sevgini boridan yo‘g‘i ma'qul emasmi?

Eng alam qilgani, xiyonatni serial oqlaydi, hatto targ‘ib qiladi. Ha, endi bu serial turklarniki deyishingiz mumkin. Lekin turklar ham musulmon millati shekilli?! Islomda eriga xiyonat qilish u yoqda tursin, hatto o‘zga erkakning ko‘ziga tik qarash gunoh sanaladi. Serialda loaqal boshqa oilalar bu gonohdan uzoqroqdar, desangiz yana bir bor adashasiz. Masalan, Zahroni olaylik. Nima bo‘lgan taqdirda ham erining ruxsatisiz hatto uydan ko‘chaga chiqqan ayolni, to uni eri kechirmagunicha ibodatlari qabul bo‘lmasligini bu ayol yo bilmaydi yoki bilsa ham gunohdan toymaydi. Serial ijodkorlari bu bilan nima demoqchi? Ey, ayollar bemalol eringizga bildirmasdan uydan ko‘chaga chiqishingiz mumkin, agar sevganingiz bo‘lsa, u holda eringizga bildirmasdan u bilan uchrashing, xiyonat qilishingiz ham mumkin, demoqchimi? Yo‘q, kechirasiz, bu bizning muslima ayollarimizga xos emas! Shunday deyman-u, yana o‘ylanib qolaman, axir shu paytda hamma o‘zbek xonadonlarida "Muhabbat dardlari"ni ko‘rishayotgani meni uyaltirib qo‘yadi.

Ba'zi bir hind kinolarini ko‘rganimda, ongi pastlar uchun ishlab chiqarilgandek tuyulardi. Endi televideniemiz orqali Turkiya, Braziliya seriallari ham shular qatoriga qo‘shildi. Saviyasi past, tarbiyaviy tomondan hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan, faqat gunohga boshlovchi seriallardan voz kechish vaqti kelmadimikin?! Nahot ketgan vaqtingizga achinmasangiz?!

To‘g‘ri, Siz ketkazgan vaqtingiz evaziga qancha-qancha insonlar oylik maosh oladi, oilasini boqadi. E-ha, bu masalani yana boshqa tomoni. Keling, bu mavzuni ochiq qoldiramiz...

Buva-buvilar, ota-onalar, aka-uka, opa-singil, kelinlar, qolaversa, nevaralar bilan birga o‘tirib televizor tomosha qiladigan o‘zbek xonadonida, hech kim televizordan ko‘zini olib qochishga majbur qilmaydigan seriallar ishlab chiqarish vaqti kelmadimikin?!

Agar hozir shu paytda ota-bobolarimiz, tarixda o‘tgan buyuk insonlarimiz yonimizda bo‘lganida taxminan shunday deya xitob qilishardi. "Ko‘z zinosidan yuzingizni buring!"

Dilfuza Abdujabborova

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.