background
logotype

Bahor va allergiya

— Bahor turfa allergiyalar xuruj qiladigan mavsum.Aslida allergiya kasallik emas, balki oddiy narsalarga organizmning nooddiy munosabatda bo‘lishidir, — deydi tibbiyot fanlari doktori Yu.Smolkin. — Fan odam organizmiga tabiat tomonidan berilgan immunitet qo‘zg‘aluvchanligini o‘zgartirishga qodir emas. Biroq allergolog-shifokor har qanday mijozni sog‘aytirib, uzoq vaqt allergiyadan aziyat chekmay, bardam-baquvvat yurishiga yordam bera oladi. Antibiotiklar, o‘simlik gul changlari (erkak jinsi hujayralari) irsiy jihatdan odam organizmiga muvofiq kelmaydi.

O‘simlik va daraxtlar gullagan mavsumda allergenlar ko‘payishini hisobga oling. Ularga allergiyasi borlar kun o‘rtasida uzoq sayr va shahardan tashqariga sayohat qilishdan tiyilishi kerak. Bu paytda havoda gul changlari miqdori oshadi. Havo quruq kunlari uyda o‘tiring, sayr uchun gulchanglar hali ko‘tarilmagan erta tong yoki yomg‘irli paytlar ma’qul. Sayrga mos kelmaydigan eng noqulay joy — bu o‘tgan yilgi xazonlar yig‘ishtirib olinmagan qarovsiz bog‘-xiyobonlardir. Suv havzalari va ko‘llar atrofi esa sayr uchun qulay, bu joylarda gul ­changlari kam bo‘ladi.

Ko‘chaga chiqqanda oddiy yoki oftobdan himoyalovchi ko‘zoynak taqing.Ko‘chadan qaytgach, yaxshisi kiyimlaringizni almashtirib, dush qabul qiling, og‘izni chayib, ko‘zlaringizni yuving.

Uy romlariga qalin to‘r qoplang yoki uch-to‘rt qavat nam doka bilan to‘sing. Har kuni uyni nam mato bilan artib yig‘ishtiring.

O‘simlik ekstraktlari ko‘p qo‘shilgan kosmetika va kremlardan voz keching. Arzimas narsalarga asabiylashmang, stresslar immunitetni jilovlab, allergiya xurujiga yo‘l ochadi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 17-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.