background
logotype

Buyuklar hayotidan qiziq faktlar (15 foto)

Uilyam Shekspir 23 aprelda tug‘ilib, aynan 23 aprelda vafot etgan. Uning Gamlet ismli o‘g‘li bo‘lgan.

- Mauritsio Otello degan shaxs Shekspir davrida haqiqatan ham Italiyada yashagan. Lekin, u oq tanli, italiyalik dengiz kapitani bo‘lgan.

- Shekspir asarlari eski ingliz tilida yozilgan. Ularda qarg‘ish va qo‘pol so‘zlar ko‘p bo‘lib, o‘sha zamonlarda zodagonlar oilasida uning asarlarini o‘qish madaniyatsizlik belgisi bo‘lgan.

Daniel Defo - “Robinzon Kruzo”ning muallifi umri davomida 300 dan ortiq asar yozgan. U ingliz milliy razvedkasining asoschisi sanaladi.

Iogann Volfgang Gyote tutunni umuman xushlamagan. U hatto oshpazini uyni tutatib yuborgani uchun ishdan bo‘shatib yuborgan. Biroq, alamzada oshpaz ketish oldidan sigaret chekib, shoirdan o‘ch olib ketgan ekan.

Aleksandr Pushkin hammomda to‘pponchadan o‘q uzishni yaxshi ko‘rgan. U otgan devorlardagi teshiklar hozirgacha Mixaylovskoe qishlog‘ida saqlanib qolgan.

- Bir kuni Pushkin xolasining uyiga kelib 5 daqiqa o‘tirgan stul ham hozir muzeyda saqlanadi.

Onore de Balzak har kuni ijoddan oldin 7-8 chashka qahva ichgan. Umri davomida esa tahminan 50.000 chashka kofe iste’mol qilgan.

- U nashriyot ochish uchun katta daromad sarflagan, ammo, kutilmaganda omadsizlikka yo‘liqib, ulkan qarzga botgan edi. Balzak qarzlaridan xalos bo‘lish uchun tinimsiz ijod qilib, sog‘lig‘iga putur yetkazgan. U qarzdorlardan doim qochib yurgan.

- O‘z romanida qaysidir qahramoni o‘lganida, Balzak infarkt bo‘lib qolgan ekan.

Aleksandr Dyuma o‘z qahramonlarini tirik deb hisoblagan. U o‘z obrazlari haqida qayg‘urgan. Ular bilan suhbatlashgan, kulishgan, dardlashgan.

-Adib divanda muk tushib, qo‘llari ostiga yostiq qo‘yib asar yozgan. Uning umri davomida yozgan asarlari umumiy 2000 jildni tashkil qilishini mashhur ruhshunos Deyl Karnegi o‘z kitobida ta’kidlagan.

- Dyumaning ishtahasi ham ulkan edi. Bir o‘tirganida qirg‘ovul, o‘rdak, qisqichbaqa tanovul qilib, salatlar va turli desertlar iste’mol qilgan. Lekin, spirtli ichimliklar va tamakini umri davomida og‘ziga olmagan.

Nikolay Gogolning oshpazlik iste’dodi ham bor edi. Rimda yashaganida italiyalik oshpazlardan barcha sir asrorlarni o‘rganib olib, makarondan ajoyib taomlar tayyorlab, so‘ng do‘stlarini mehmon qilgan ekan.

Ivan Turgenev dvoryan oilasida tug‘ilgan. U mohir ovchi va faylasuf edi.

- Turgenevning vafotidan so‘ng, ekspertlar uning miyasini og‘irligini tekshirib ko‘rishgan va adib miyasi 2,5 kg og‘irlikda ekanini aniqlashgan. Oddiy odamlarning miya vazni o‘rtacha 1,5 kg ga yaqin bo‘lishini hisobga olsak, rus yozuvchisining haddan ziyod kuchli, qomusiy bilim va tafakkurga ega bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.

Fedor Dostoevskiyning fe’l atvori juda o‘zgacha bo‘lgan: U rosa uyquchi edi, tunda hamma uxlaganda ijod qilardi, juda ta’sirchan odam bo‘lib, ko‘z yozishini tiya olmagan.

Lev Tolstoy Yasnaya Polyanani juda yaxshi ko‘rgan. Juda erta turgan. Qat’iy kundalik tartibga amal qilgan. Velosipedda sayr qilishni ham yoqtirgan.

Mark Tven (Semyuel Klemens) karavotda yotib ijod qilgan. U dengizchi bo‘lgani uchun ham “mark twain” – ikki dengiz sajeni ya’ni chuqurlikning o‘lchov birligi atamasini o‘ziga taxallus qilib olgan.

- U fan va texnika kashfiyotlariga sarmoya kiritganida, katta qarzga botgan edi. Muxlislari va do‘stlarining yordamini qat’iyan rad etgan. Ammo, adib baribir qarzlaridan qutulgan.

- Har yili 30 noyabrda adibning tug‘ilgan kuni Missuri shtatida nishonlanadi va Tom Soyerning uyidagi devorlarni oqlash musobaqasi o‘tkaziladi. G‘oliblarga Mark Tven kitoblari taqdim etiladi.

Artur Konan Doylning mashxur obrazi “Sherlok Xolms”ni prototipi aslida muallifning o‘zi bo‘lganini zamondoshlari ko‘p bora e’tirof etishgan. Chunki, yozuvchi o‘z qahramoni kabi juda sinchkov, o‘tkir zexnli va topqir bo‘lgan. Ko‘plab davlat arboblari undan jumboqli masalalarni yechishda yordam so‘rashganida, Konan Doyl - Xolms uslubida ularga ko‘p bor ko‘maklashgan.

Jek London asarlar yozishni rosa yomon ko‘rishini ko‘p bora ta’kidlagan. Kitoblarni faqat tirikchilik uchun nashr etgan ekan.

- Amerikalik adib 17 yoshida dengiz qaroqchilariga qo‘shilib, Bering bo‘g‘ozi, Alyaska, Shimoliy Okean va Yaponiya qirg‘oqlariga borib kelgan. O‘sha yili San Frantsiskodagi gazetada ocherklar tanlovi g‘olibi bo‘lgan.

Gerbert Uellsning otasi kriket o‘yinlariga pul tikuvchi qimorboz bo‘lgan. Adib yoshligida oyog‘ini sindirib, bir umrga nogiron bo‘lib qolgan.

Bernard Shou ham Oskar sovrini, ham Nobel mukofoti olgan yagona adib sanaladi.

Temur Tangriberganov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.