background
logotype

D darmondorisining shifosi

http://ziyouz.uz/images/vitamin-D.jpg

Bolalar nimjonlik (raxit) xastaligidan aziyat chekmasligi uchun ularga baliq moyi ichirilishini ko‘pchilik yaxshi biladi. Bolalargina emas, keksalarni ham suyaklar mo‘rtlashib qolishi — osteoporozdan asrash uchun shifokorlar baliq moyini tavsiya etishmoqda. Endi ma’lum bo‘lishicha, baliq moyi tarkibidagi D darmondorisi nafaqat bolalar va keksalar uchun, balki barcha yoshdagilar uchun ham juda zarur ekan.

Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, D darmondorisi eng zarur gormon sifatida organizmni ko‘plab xastaliklardan asrar ekan. Ko‘krak, prostata, yo‘g‘on ichak, me’da osti bezi, tuxumdonlar, hazm va homila hosil bo‘lish a’zolari, siydik va o‘t qopchalari, me’da, to‘g‘ri ichak, buyrak va boshqa a’zolarda saraton o‘smalarining oldini oluvchi mo‘‘jizakor gormon aynan mana shu D darmondorisidir. Bu gormon 16 turdagi o‘smaga qarshi kurasha olar ekan.

Olimlar D darmondorisi muayyan a’zodagi o‘smani qon bilan ta’minlovchi tomircha hosil bo‘lishi oldini oladi, deb hisoblashmoqda. Ayni chog‘da D darmondorisi saratonga qarshi immunitetni ham oshirar ekan. Kaliforniya universiteti olimlari yo‘g‘on ichak, ko‘krak, tuxumdon va prostata bezlari saratonini tadqiq etib, har kuni 1000 ME ga qadar (ME — xalqaro birlik) D darmondorisini qabul qilib, bu kasalliklar rivojlanishini kamaytirish mumkin, deyishmoqda. Bu tavsiya etilayotganidan 2 barobardan ham ko‘p miqdor hisoblanadi. Biroq kuniga 400 MYe miqdorida shunday darmondori qabul qilib ham oshqozon osti o‘smasi hosil bo‘lishini 40 foizga kamaytirish mumkin ekan. Bunga qo‘shimcha ravishda D darmondorisi ikki turdagi qandli diabetdan, yurak va yo‘g‘on ichak kasalliklari, qon bosimi, zotiljam va sklerozdan ham himoya qilarkan. Bo‘g‘imlar xastaligida dardning o‘tish jarayonlarini yengillashtiradi.

— D darmondorisi organizmga faqat taomlar orqaligina tushmaydi, quyosh nurlari orqali terida sintezlanishi bilan ham u boshqa vitaminlardan farq qiladi, — deydi tibbiyot fanlari ­doktori O.Supryaga. — A’zoi badanimizda D darmondorisi yetarli miqdorda to‘planishi uchun kuniga oftob nurida 6 soat mobaynida yengi kalta yozgi ko‘ylakda yurish kerak. Yoz oylarida bunga imkon bor. Biroq yilning ­qolgan fasllarida D darmondorisi o‘rnini to‘ldirish muammoga aylanadi. Norvegiyalik olimlar hisobicha, shimoliy kenglikning ­51-darajasidan yuqorida hatto havo ochiq kunlarda ham bu darmondori terida to‘planmas ekan. Shimoliy kenglik, 70-darajadan yuqorida esa 5 oy davomida D darmondorisi to‘planmaydi. Atmosfera iflos va havo bulutli bo‘lsa ham bu darmondori quyosh nuri orqali ­sintezlanishiga xalaqit beradi.

Shu sababli uning tanqisligini bartaraf etish uchun D darmondorisiga boy ne’matlar yoki preparatlarni qabul qilish maqsadga muvofiq. D darmondorisi tuxumda, ayniqsa uning sarig‘ida, mol yoki baliq jigarida, sut mahsulotlarida juda ko‘p. D darmondorisining kamligi, avvalo, yoshi 45 dan oshgan kishilar organizmiga ko‘proq xavf soladi. Negaki, shu yoshdan boshlab bu darmondorining ichaklar orqali so‘rilish jarayoni buziladi. Shuning uchun ham 45 yoshdan oshganlar kuniga 800 MYe miqdorida D darmondorisi qabul qilishi kerak. Bu vitamin taqchilligi ko‘proq seziladigan yilning olti oyi mobaynida o‘rtayashar va keksa odamlarda osteoporoz — suyaklarning mo‘rtlashuvi boshlanishi mumkin. Ana shu yoshdagilarda suyak to‘qimalarining kuchsizligi tufayli suyak sinishi ko‘p kuzatiladi. D darmondorisi yetishmasligi tish emalini kuchsizlantiradi va bu kariesga, tishlar yemirilishiga olib keladi. Ko‘p kitob o‘qiydigan kishilar uzoqni ko‘ra ­olmaydigan bo‘lib qolishi mumkin.

Ayrim mamlakatlar qonunchiligida D darmondorisi bilan mahsulotlarni boyitish ko‘zda tutilmoqda. Albatta, tabiiy ­ravishda bu darmondorini qabul qilishda hikmat ko‘p. Buning uchun kunning yorug‘ paytida toza havoda ko‘proq yurish kerak. ­Taomlardan esa D darmondorisi ko‘plarini muntazam ravishda tanlab iste’mol qilgan ma’qul.

E’tibor bering:

30 gramm shvetsar pishlog‘ida — 12 ME;

mol jigarining yuz grammda — 15-50 ME;

100 gramm mol go‘shtida — 7-20 ME;

tuxum sarig‘ida — 20 ME;

bir stakan sutda — 100 ME;

30 gramm sardina balig‘ida — 250 ME;

90 gramm syomga balig‘ida — 360 ME;

1 choy qoshiq treska balig‘i yog‘ida — 1360 ME D vitamini bor.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 12-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.