background
logotype

Eng parhezbop mahsulot

http://ziyouz.uz/images/quyon.jpg

Yevropa parhezshunoslar assotsiatsiyasi tomonidan shu yil bahorda e’lon qilingan ma’lumotda quyon go‘shti eng parhezbop mahsulot sifatida tilga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, odam organizmi quyon go‘shtini juda yaxshi hazm qilarkan. Unda allergiya qo‘zg‘ovchi unsurlar, masalan, parranda go‘shtiga nisbatan ham juda kam bo‘larkan. Shu sababli bolalar shifokorlari bolalar taomlariga go‘sht mahsulotlari qo‘shishni aynan quyon go‘shtidan boshlashni maslahat berishmoqda.

Qo‘y go‘shtini ba’zilar juda yog‘li va og‘ir hazm bo‘ladi, deb hisoblaydi. Aslida unday emas ekan. Parhezshunos-gastroenterolog S. Berejnayaning aytishicha, AQShda faqat qo‘y go‘shtigina odamga kuch-quvvat, energiya beruvchi parhez taomlar ro‘yxatiga kiritilgan. Qo‘y go‘shtidan tayyorlangan taomlar organizmda tez kaloriyaga aylanib, sport bilan shug‘ullanganda juda qo‘l keladi. Shunga qaramay, qo‘y go‘shtini haftasiga bir martadan ortiq yeyish tavsiya qilinmaydi.

Qo‘y go‘shtida letsitin moddasi ko‘p bo‘lib, u tez fikrlashga, ayni chog‘da, insulin ishlab chiqilishini me’yorga solishga yordam beradi. Shuni ham yodda tutish kerakki, go‘shtlar orasida faqat qo‘y go‘shtidagina tish emalini mustahkamlovchi ftor moddasi mavjud. Qo‘yning 100 gramm son go‘shti kabobida 320 kaloriya, qovurg‘a va bel qismidan tayyorlangan kabobda esa 280 kaloriya mavjud.

Buzoq va yosh mol go‘shtida organizmga yaxshi singadigan oqsillar, temir va darmondorilar mavjud. Biroq qari mol go‘shtida to‘yingan zararli yog‘lar, organizmda oksidlanish jarayonini qo‘zg‘ovchi moddalar ko‘p. So‘nggi paytda qarishga qarshi muolaja bilan shug‘ullanuvchi olimlar qizil go‘sht organizmda qarish jarayonlarini tezlatadi, degan xulosaga keldilar.

Antibiotiklar bilan to‘yintirilmagan yaxshi parranda go‘shti yurak faoliyati uchun juda foydali. Tovuq sho‘rva asab tizimi va immunitetni mustahkamlaydi, turli infektsiyalardan himoyalaydi. Ko‘rka go‘shtidagi fosfor miqdori baliq go‘shtidagi fosforga teng. Bu modda suyak va bo‘g‘imlar mustahkamligi uchun juda zarur. Ko‘rka go‘shtidan tayyorlangan kabob ham foydali. Barcha (qo‘y, mol, cho‘chqa) yog‘larda radionukledlar to‘planmaydi. Ayni chog‘da yog‘ ishtirokisiz qo‘rda pishirilgani uchun kabobda zararli kantserogen moddalar juda kam bo‘ladi. Shuni unutmaslik kerakki, quyon go‘shtidan boshqa barcha go‘shtlarda bo‘g‘imlarni shikastlovchi purin moddasi mavjud. Ko‘mir qo‘rida pishgan kabobda zarur darmondori va mikroelementlar saqlanib qoladi. Biroq olovda ko‘p toblangan va ayrim kuygan kabob bo‘laklarida zararli moddalar yig‘ilgan bo‘ladi.

Barcha turdagi kaboblar kraxmalga boy taomlar bilan chiqisha olmaydi. Kartoshka, oshqovoqli, makajo‘xorili va patissonli taomlar go‘shtning me’yorida hazm bo‘lish jarayonini og‘irlashtiradi. Yashil sabzavotlar va yangi ko‘katlar ko‘mir qo‘rida tayyorlangan kabobning zararli xususiyatlarini kamaytirib, taomning organizmga yaxshi singishiga yordam beradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 25-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.