background
logotype

Gazetachilik tarixidan

Miloddan avvalgi 59 yil. Yuliy Sezar buyrug‘iga ko‘ra fuqarolarga muhim siyosiy va mahalliy xabarlarni yetkazib turish uchun davlat tomonidan repartyorlar (astuarii) tayinlanadi. Ular janglar, tug‘ilish, o‘lim, hukm hamda to‘y haqida axborot to‘plash bilan shug‘ullana boshlaydi.

713 yil. Xitoyda “Mixed News” chiqa boshladi. Gazeta yil nomi «Kaiyuan» deb ataldi.

1040 yil. Xitoylik Pi Sheng sahifa (blok)lar yordamida almashib ishlaydigan bosma uskunani ixtiro qildi.

1392 yil. Koreyada misdan yasalgan chop etish uskunasi kashf qilindi.

1447 yil. Germaniyalik Yoxan Guttenberg birinchi marta bosma nashrlarni ko‘p nusxada chop etadigan dastgohni kashf etdi.

1501 yil. Rim Papasi Aleksandr VI yangiliklarni e’lon qilishdan oldin, bid’at boshlanib ketmasligi uchun dastavval ruhoniylar ko‘rigidan o‘tkazishni talab qildi. Bo‘ysunmaganlar jarima yoki cherkovdan chiqarib yuborish jazosiga tortiladigan bo‘ldi. Bu ilk senzura edi.

1556 yil. Venetsiya hukumati mayda tanga – “gazetta” evaziga oylik “Notizie scritte” gazetasini tarqata boshladi.

1558 yil. Germaniyaning Kyoln shahrida Maykl Ensinger 24 sahifali jurnal chop etdi. U nemislarning ispan armadasi ustidan qozongan g‘alabasiga bag‘ishlangan edi.

1621 yil. Londonda «Сorante» nomi ostida ilk gazeta doimiy chop etila boshlandi.

1631 yil. Birinchi fransuz gazetasi – “The Gazette” nashr etildi.

1645 yil. Shvetsiyada hozirgacha chop etib kelinayotgan oqsoqol gazeta — “Post-och Inrikes Tidningar”ning birinchi soni mushtariylar qo‘liga borib yetdi.

1690 yil. Bostonda Amerikaning ilk gazetasi – «Publick Occurrences» nashrdan chiqdi.

1704 yil. «Robinzon Kruzo» asari muallifi, dunyoning birinchi jurnalistlaridan biri hisoblangan Daniel Defo Yevropa yangiliklari haqida xabar qiluvchi «Review» nomli davriy gazetani chop eta boshladi.

1798 yil. Aloiz Zenefelder litografiyani kashf etdi. Ofset usulidagi litografiya esa 1960 yillarda ommalashdi.

1803 yil. Avstraliya harbiy hukumati ilk gazetalar — «Sydney Gazette» va «New South Wales Advertiser»ni chop etdi.

1812 yil. Fridriz Kyonig bug‘ kuchi bilan ishlaydigan silindrli bosma uskunani ixtiro qildi. 1814 yil 28 noyabr tunida Londonda chop etiladigan «Times» gazetasi noshiri Jon Uolter qo‘lda chop etuvchilarni uyiga jo‘natib yuborib, Kyonigning chop etuvchi yangi mashinasida 1100 nusxali «Times»ni bir soat ichida bosib chiqaradi.

1844 yil. Telegraf kashf qilindi.

1851 yil. «Reuters» axborot agentligi tashkil topdi.

1870 yil. Charlz Styuart Parnell «Freemans Journal»da Irlandiya milliy partiyasi manfaati uchun ilk bor reklamadan foydalandi.

1880 yil. Gazetalarda ilk fotosuratlar paydo bo‘la boshladi.

1903 yil. Alfred Xarmstvort Londonda birinchi tabloid — «Daily Mirror»ga asos soldi. 1905 yili unda birinchi marta Angliyaning Hindistondagi noibi Lord Minto bilan o‘tkazilgan eksklyuziv intervyu chop etildi.

1906 yil. 27 iyun. O‘zbekistonda ilk milliy gazeta «Taraqqiy» dunyo yuzini ko‘rdi.

1966 yil. «Asalari» taxallusi bilan mashhur bo‘lgan hindistonlik Bexrami «Evening News» gazetasida “Round and about” nomli rukn ostida satirik materiallar e’lon qila boshladi. Bu rukn 2001 yilgacha yashadi. Gazetalar tarixida xech qaysi rukn bunchalik uzoq vaqt davomli bo‘lmagan.

1994 yil. Internetda birinchi “mustaqil onlayn” — kundalik gazeta o‘z faoliyatini boshladi.

Davronbek Oripov tayyorladi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.