background
logotype

Kartoshka kraxmali xolesterinni kamaytiradi

Yaqingacha parhezshunoslar salomatlik va vaznga e’tibor beraman, desangiz taomdan kartoshkani soqit qiling yoki uni cheklang, deyishardi. Endi ular fikrini tamoman o‘zgartirdi: britaniyalik parhezshunoslar kartoshka qomatni buzmaydigan foydali parhez ne’mat deyishmoqda. Faqat uning taomdagi miqdori oshmasligi kerak ekan. Foydali moddalarga boyligi bilan kartoshka ko‘pgina sabzavotlar, hatto mevalardan ham ustun turarkan.

Amerika parhezshunoslar uyushmasi o‘tkazgan tajribada kartoshkani doim iste’mol qiluvchilar bu ne’matni mutlaqo xush ko‘rmaydiganlarga qaraganda ko‘proq kaliy va S darmondorisini olishi isbotlandi.

— Kartoshka yaxshi hazm bo‘ladi, undagi biriktiruvchi kletchatka me’da shilliq pardasini qo‘zg‘amaydi. Shu sababli ayrim gastroentrologik xastaliklar xuruj qilganda ham bemalol kartoshka iste’mol qilsa bo‘ladi, — deydi oliy toifali shifokor T.Popova. — Kartoshka, tarkibida kaliy tuzi ko‘pligi bois, qon bosimi yuqori paytda, yurak-qon tomir xastaliklarida, shish hosil qiladigan buyrak-tosh va buyrakning boshqa kasalliklarida ham foydali. Yurak-qon tomir hamda gipertoniya xastaliklarida asosiy taom sifatida kartoshkadan maxsus kaliyli parhez taom ishlab chiqilgan: u sho‘rva, bo‘tqa, kotlet hamda qo‘rda yo duxovkada pishirilgan holda kuniga bir necha bor dasturxonga qo‘yiladi. Qon bosimi yuqori bemorlar haftasiga bir marta kartoshkali taomlar bilan ozdiruvchi parhez tutishi maqsadga muvofiq. Bunda 2 kg. kartoshka qo‘rda tuzsiz pishirilib, portsiyalarga bo‘linadi va suv yoki shakarsiz choy bilan, sutni istisno etgan holda, iste’mol qilinadi. Kartoshka kraxmalga boyligi bois tarkibida uglevodlar miqdori (100 grammida 40 gramm) yuqori, deb hisoblanardi. Olimlar kartoshka kraxmali sklerozga qarshi ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega bo‘lib, qondagi zararli xolesterin miqdorini kamaytirishini ham aniqladilar.

Kartoshkani yog‘da qovurib, chipsi tayyorlab iste’mol qilinganda qaynatib pishirilgandagiga qaraganda kaloriyasi 4-6 barobar oshib ketadi va bunday taom sog‘liqqa muayyan darajada ziyon yetkazishi mumkin.

— Haftasiga 2-3 marta qo‘rda yoki qaynatib (yaxshisi po‘sti bilan) pishirilgan kartoshkani kichik portsiyalarda iste’mol qilib turish hamma uchun foydali, — deydi T. Popova. — Archilgan kartoshka suvda uzoq saqlansa, darmondorilari 20 foizga kamayadi. Kartoshkadan kotlet tayyorlash yoxud uni sut qaylasiga bulab, qo‘rda yoki duxovkada pishirish mumkin. Birinchi taom uchun 400 gramm kartoshkaga bitta tuxum va 20 g. sariyog‘ qo‘shib bo‘tqa tayyorlanadi va kotlet qilinadi. So‘ng duxovkada toblab olgach, ustidan qaymoq suriladi. Ikkinchi taom uchun esa, un va sutdan (10 g. unga 100 g. sut) tuz qo‘shib qayla tayyorlanadi. Kartoshka bo‘lak-bo‘lak kesilib qaynatiladi. Yarim tayyor bo‘lgach, suvdan olinib tovaga joylanadi va sutli qayla quyilib, duxovkada toblab pishiriladi.

Manchesterlik olimlar me’da yarasi, jig‘ildon qaynashining oldini olish uchun kartoshka sharbatini ichishni tavsiya etishmoqda. Sharbat me’dadagi mikroblarni qiradi.

*100 gramm kartoshkada 20 mg. S darmondorisi mavjud. Bu kunlik me’yorning (qora qorag‘atdagi kabi) uchdan bir qismiga teng.

*Kaliy tuzlari 568 mg., ya’ni banan va qo‘ziqorindagidan ko‘p, kaliyning kunlik me’yori — 4700 mg. Selen miqdori 0,3 mkg. bo‘lib ko‘ngaboqar pistasi va yong‘oqdagidan ko‘p, selenning kunlik me’yori 50 mkg.ga teng. Shuningdek, kartoshka V guruhidagi darmondorilar, foydali aminokislotalar, fosfor, rux, magniy, kaltsiy, kremniy, brom, yod va kobaltga ham boy.

*100 gramm yangi kartoshka tuzsiz qaynasa 80 kkal., sut va sariyog‘ bilan bo‘tqa qilinsa 100 kkal., fri uchun qovurilsa 300-500 kkal., chipsi tayyorlaganda esa 500 dan ortiq kkal. quvvat beradi.

*To‘g‘ri ovqatlanishning besh qoidasi.

Gastroenterolog professor L.Palgovaning ta’kidlashicha, odamlar mahsulotlardan taom tayyorlashda biroz yanglishadilar.

  1. Qovurish, dimlash, toblash afzalmi yoxud bug‘da va qaynatma tarzida pishirish?

Mahsulotlarni qovurib taom tayyorlash — salomatlik uchun eng foydasiz usul. Bunda ularning tarkibidagi darmondorilar juda kam miqdorda saqlanadi, hazmi ham og‘ir bo‘lib, organizmga yaxshi singmaydi. Bu jihatdan dimlash va toblash ikkinchi o‘rinda turadi. Binobarin, taomni duxovkada toblab pishirish ham dimlab pishirishdan ko‘ra afzal emas — ularning foyda-ziyoni bir xil. Yaxshisi go‘sht, baliq, sabzavotlarni zar qog‘ozga o‘ragan holda toblab pishiring. Bunda mahsulotlar o‘zining seli va sharbatida pishadi, shuning uchun foydali moddalar kam yo‘qoladi. Biroq ovqatni salomatlik uchun eng foydali tarzda tayyorlash usuli — bu bug‘da pishirish yoki qaynatma qilib tayyorlashdir. Qaynatilgan, bug‘da pishgan taomni me’da juda yaxshi qabul qiladi.

  1. Yogurtning nimasi afzal?

Qand, ta’mni shirin va xushbo‘y qiluvchi moddalar qo‘shilgan yogurtning foydali bakteriyalari bo‘lgan tabiiy yogurtga mutlaqo aloqasi yo‘q. Yarim litrli shirin yogurt tarkibida 65 gramm glyukoza bo‘lib, agar har kuni shunday yogurtdan bir necha shisha ichiladigan bo‘lsa — bu oshqozon osti bezi uchun katta zarbadir.

3. O‘simlik yog‘i afzalmi yoki sariyog‘?

Agar o‘simlik yog‘lari tayyorlanish jarayonida sovuq holda siqib olingan bo‘lib, dezodoratsiyalash orqali hidi yo‘qotilmagan va aralashmalardan tozalamagan bo‘lsa, bunday yog‘ sarig‘yodan ko‘ra afzal. Bir necha bor qayta ishlangan o‘simlik yog‘lariga qaraganda sariyog‘ning o‘zi yaxshi. Biroq tayyorlash jarayonida qizdirmasdan siqib olinib, tarkibidagi antioksidantlar, darmondorilar, yarim to‘yingan tengsiz yog‘li kislotalar chiqib ketmagan o‘simlik yog‘lari savdo do‘konlarida ko‘p emas, borlari ham qimmat. Kungaboqar, makkajo‘xori va paxta yog‘i tarkibida tengi yo‘q linol kislotasi bo‘lib, u qizdirmasdan ishlatilganda, ya’ni salatlarga solib foydalanganda muvofiqlashtiruvchi vazifani bajaradi.

  1. Qanday baliq yaxshi?

Baliqlarning treska, sudak kabi yog‘siz turlari nisbatan foydali. Ko‘pchilik sushi balig‘i bilan kifoyalanadi, biroq undagi foydali yog‘lar tez oksidlanadi. Shuning uchun unda kaloriyadan boshqa hech vaqo qolmaydi.

5. Sabzavot va mevaning foydasi ko‘p, biroq...

Tez o‘stiruvchi moddalar, nitrat va pestitsidlar yordamida yetishtirilgan zamonaviy sabzavot-mevalardagi antioksidantlar saqlash jarayonida yo‘qoladi. Ularning tarkibida xavfli dioksin ham mavjud. Dmoksin yelim idish va yelim qopchalar tuproq va ochiq havoda parchalanishi tufayli hosil bo‘ladi. So‘ng sizot suvlarga qo‘shilib, yomg‘ir, havo va o‘t-o‘lanlar orqali iste’mol qiladigan sabzavot-mevalarimiz tarkibiga o‘tadi. Tomorqada pishgan mevalar ham dioksindan xoli emas. Dioksin organizmdagi hujayralarning 70 foizini tashkil etuvchi tengsiz fosfolipidlarni, shuningdek, a’zoi badanimizni tozalab turuvchi asosiy a’zo — jigarni yemiradi. Oqibatda hujayralar butun quvvati bilan ishlay olmaydi. Shuning uchun ham supermarketlardan sabzavot-meva tanlaganda o‘ta “yaltiroq”larini olmang, tabiiyligi ko‘rinib turganlari yaxshi. Ularning shakli chiroyli bo‘lmasa-da, o‘zimizda yetishtirilgan va arzonroq ham.

        “AiF“ning 39-, 44-sonlaridan “O‘zAS” tarjimasi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.