background
logotype

Ko‘klamgi toliqishning shifosi

http://ziyouz.uz/images/bahor.jpg

Bahor oxirlab, quyosh o‘tkir nurlarini socha boshlashi bilan odamlarning kayfiyati ko‘tariladi. Biroq bu pallada organizmda darmondorilar taqchilligi bois, odamni uyqu bosib, darmonsizlik sezilishi ham mumkin. Yilning ayni shu mavsumida tetik va bardam bo‘lish uchun qanday ovqatlangan ­ma’qul? Parhezshunos olim V.Konishevning ta’kidlashicha, bunday ­paytda hayvonot oqsillari, V 12 va D darmondorilari, temir, yod va boshqa foydali moddalarga boy ne’matlarni iste’mol qilish zarur. Yorma va boshoqli ekinlarning doni ham oqsillarga boy. Biroq bunda tez pishadigan bo‘tqalardan ko‘ra, an’anaviy usulda tayyorlanadigan taomlar qo‘l keladi. Xamirli taomlarni esa yirik tortilgan undan tayyorlagan ma’qul. Nonni ham oq bug‘doy unidan emas, balki javdar, ya’ni qora bug‘doy unidan pishirgan tuzuk. Unda kraxmaldan ko‘ra boshqa foydali oqsillar ko‘p. Hozir “polba” deb nomlangan qadimgi ­bug‘doy navlari ham yetarli. Ana shu bug‘doy unidan tayyorlangan nonni iste’mol qilgan ma’qul.

Qadimgi ajdodlarimiz dasturxonida hamisha karam, piyoz, sarimsoq piyoz, sholg‘om, turp, lavlagi, sabzi va boshqa tabiat ne’matlari ko‘p bo‘lgan. Ulardan turli taomlar, salatlar, garnirlar tayyorlang. Kuniga 500 grammdan kam bo‘lmagan miqdorda o‘simlik mahsulotlari, meva va rezavor mevalarni ham iste’mol qiling. Agar bu mevalarning yangisini topishning iloji bo‘lmasa, ivitilgan meva va rezavor mevalarni iste’mol qilsa ham bo‘ladi. Ularda, garchi darmondorilar yangilariga nisbatan kamroq bo‘lsa-da, antioksidant va boshqa foydali moddalar saqlanadi. Eng muhimi, ularda qand miqdori nisbatan kamayib, ivitish jarayonida sut kislotasiga aylangan bo‘ladi.

Karamda, ayniqsa, kam tuzlab bijg‘itilgan karam va karam salatida saratonga qiron keltiruvchi moddalar ko‘p. Karamdan salat tayyorlaganda esa, barglari kesilganidan so‘ng suvi chiqquncha yaxshilab ezish kerak. Shu holida 10-15 daqiqa turgach, iste’mol qilgan ma’qul. Sabzi esa karotinlarga boy bo‘lib, organizmda A darmondorisiga aylanadi. Sabzi ­tarkibida saratonga qarshilik ko‘rsatuvchi falkarinol ­mavjud. Bu modda yaxshi saqlanishi uchun sabzini butun holida ­pishirish maqsadga muvofiq.

— Lavlagiga qizil tus beruvchi betanin moddasi saratondan himoyalaydi, — deb ta’kidlaydi V.Konishev. — Lavlagi tarkibidagi betain deb nomlanuvchi rangsiz modda esa jigarni yog‘ bosishdan asraydi. Ingliz olimlarining so‘nggi tadqiqotlarida lavlagi qon bosimini xuddi dori kabi tushirishi aniqlandi. Bir stakan yangi lavlagi sharbati qon bosimini 10 mm. simob ustuniga teng miqdorda kamaytiradi. Lavlagi va ko‘katlar tarkibidagi nitratlar qon tomirlarga foydali ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan. Yaqinda lavlagi organizmda hujayralarning kislorodni o‘zlashtirishini yaxshilashi, ularning chidamliligini 16 foizga oshirishi aniqlandi. Boshqa biror mahsulot bunday ta’sir kuchiga ega emas. Kamdarmonlik, uyqu bosishi sezilganda yangi lavlagi sharbati juda qo‘l keladi. Ayniqsa, uning keksa hamda yurak-qon tomir xastaligi bor kishilar uchun nafi ko‘proq.

O‘rikni konservalash. Pishgan o‘rik yaxshilab yuvilib, danagidan ajratiladi. So‘ngra ikki litrli shisha idishga ezmasdan zichlab solinadi. Ustidan qaynab turgan suv quyiladi. Og‘zi qopqoqlangan idish qaynoq suv ichida 20-25 daqiqa sterillanadi. Bu ne’matni salqin joyda saqlab, qish va erta bahorda iste’mol qilish mumkin. Shu tartibda tayyorlangan o‘rikda barcha darmondorilar yaxshi saqlangan bo‘ladi.

100 million so‘mlik sir-sinoat

Amerikalik olimlar dastlab hayvonlar, so‘ngra odam bosh miyasining aniq xaritasini yaratib, ana shu egri-bugri joylashgan miya tizimining qanday ishlashini o‘rganishga harakat qilishmoqda. Buning uchun bosh miyani yangi neyrotexnologiyalar asosida tadqiq etadigan BRAIN loyihasi hayotga tatbiq etiladi. Bu loyiha yaqin 15 yil ichida fanda keskin burilish yasashi kutilmoqda. Shu maqsadlar uchun AQSh hukumati 100 million dollar mablag‘ sarflashga tayyor. Garchi, bu pullar Moskvadagi eng qimmat kvartira bahosidan atigi besh barobar ko‘p va «Apollona-11» fazo kemasi uchishini boshqarishning mingdan bir hissasiga ham to‘g‘ri kelmasa-da, hozirgi iqtisodiy bo‘hron va AQShning tashqi qarzlari oldida kattagina mablag‘ hisoblanadi.

Mazkur loyiha bo‘yicha ish boshlanayotganini prezident Obamaning o‘zi rasman e’lon qilib shunday degan:

— Hozir biz million yorug‘lik yili olis fazoda joylashgan galaktikalarni topayotgan, atomdan ham kichik zarralarni o‘rganayotgan bo‘lsak-da, biroq odamning ikki qulog‘i oralig‘ida joylashgan uch funt og‘qirlikdagi bosh miya sir-sinoatini ocha olganimiz yo‘q. Olimlar ayrim neyronlarni tadqiq eta oladilar, biroq bosh miyada trillionlab bog‘lamalarni hosil qiluvchi yuz milliardlab neyronlar mavjud. Shuning uchun ham biz hanuzga qadar Altsgeymer yoki autizm kabi xastaliklarni davolashni bilmaymiz. Bu ­ulkan jumboqni yechish zarur, albatta.

Bu jumboqni yechish esa aql bovar qilmaydigan darajada murakkabdir. Shu boisdan olimlar bosh miya faolligini ayrim neyronlar darajasida kuzatishga harakat qilishmoqda. Bu o‘rinda shuni tasavvur etish kerakki, bosh miya hujayralari bir soniyada yuz barobardan ko‘p nerv signallari tarqatishga qodir. Sichqonning jajjigina miyasida ham 75 millionta shunday hujayra mavjud. Neyrofiziologlar vaqtning istalgan lahzasida bu neyronlarning har biri nima bilan ­mashg‘ulligini anglab yetishmoqchi. Eng muhimi, bu ish o‘lik bosh miyada emas, tirik bosh miyada tadqiq etiladi.

Bosh miya tuzilmalari o‘zgarmoqda

— Keyingi o‘n ikki yilda internetdan foydalanuvchilar soni nihoyatda oshib, eng faol foydalanuvchilarning fe’l-atvorigina emas, tafakkur tarzi, eng muhimi, bosh miyasi ham o‘zgargan, — deydi xotira va qartayish jarayonlarini tadqiq etuvchi mutaxassis G. Smoll. — Bosh miyaning ko‘rish va eshitish kabi eng muhim jarayonlariga ta’sir ko‘rsatuvchi bunday o‘zgarishlarni boshqarishning esa imkoni bo‘lmayapti. Negaki, ijtimoiy tarmoq kundalik hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Buning natijasida ajdodlarimiz o‘n yil mobaynida tushunib yetgan hodisalar mohiyatini biz bir kundayoq anglab olmoqdamiz. Kompyuter orqali bosh miyaga yetkazilayotgan axborotlar hajmi juda katta. Internetdan foydalanuvchi 13 yoshli bolakayning bosh miyasida ro‘y beradigan reaktsiyalar uning ota-onalari shu yoshda, internetdan foydalanmasdan hosil qilgan reaktsiyalarga nisbatan farq qiladi. Qabul qilinayotgan axborotlar hajmining soniyama-soniya oshib borishi esa bosh miyamizni yangicha sharoitlarga tez moslashishga majbur etayotir. Xuddi ming yillar avval fikrlash va til taraqqiyoti manglayning hajmi kattarishiga kuchli ta’sir etgani kabi internetdan foydalanish ham bosh miyada muayyan o‘zgarishlar yasamoqda. Binobarin, texnologik taraqqiyot bosh miya odatlanib qolgan axboriy muhitning o‘zgarishiga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zASdan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.