background
logotype

Ko‘z shifosi o‘z qo‘lingizda

Bugun zamonaviy tibbiyot muayyan yutuqlarga erishganiga qaramay ko‘z ichi bosimining zo‘rayishi, ko‘k suv kasalligi (glaukoma) nogironlikka olib boruvchi bedavo xastaliklardan biri bo‘lib qolayotir. Bu xastalik ko‘p hollarda belgisiz boshlanadi, uzoq vaqt yashirin kechadi, bemor e’tiborini jalb etadigan yaqqol belgilari kamligi uchun uni ilk davridayoq aniqlash tajribali oftalmalog uchun ham oson emas.

— Ko‘z olmasi suyuqlik bilan to‘la qayishqoq elastik a’zo, — deydi Fedorov nomidagi “Ko‘z mikrojarrohligi” ilmiy markazi shifokori Ye. Branchevskaya.Ana shu qayishqoq “shar”cha u yoq-bu yoqqa og‘ganda joyiga qayta olishi uchun undagi suyuqlik yetarli miqdorda — oz ham, ko‘p ham bo‘lmasligi kerak. Ko‘z ichida bosim oshganda esa to‘r pardadagi sezgilarni bosh miyaga yetkazuvchi ko‘z nervlari xastalanadi. Ko‘z ichi bosimi qancha vaqt yuqoriligicha qolsa, ko‘zning nerv tolalari shuncha ko‘p nobud bo‘ladi. Shu boisdan, ko‘z va bosh miya o‘rtasidagi aloqa asta-sekin buziladi, oqibatda ko‘z ko‘rmay qoladi.

Ko‘z ichi bosimi oshishi hamisha xavfli belgi. Biroq gohida bosim me’yorida bo‘lganda ham xastalik rivojlanishi mumkin. Ko‘zi ko‘k suv kasalligiga chalingan odamlarning 60 foizida ko‘z ichi bosimi me’yorida va hatto me’yordan pastligi kuzatilmoqda.

Shifokorlar “glaukoma” tashxisini uzoq vaqt, asosan, ko‘z ichi bosimi ko‘rsatkichlariga qarab qo‘yishdi.      Hozir ko‘plab klinikalar zamonaviy kontaktsiz tonometrdan foydalanmoqda. Bu o‘lchagich yo‘naltirilgan havo oqimi yordamida ko‘z ichi bosimini aniqlaydi. Biroq “glaukoma”ni aniqlash uchun ko‘z ichi bosimini o‘lchashning o‘zigina yetarli emas. Oftalmologiya uskunalari takomillashib borayotganiga qarab shifokorlar ko‘z tubi va ko‘rish nervlari gardishiga yanada teran va aniqroq razm solish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Bu jarayon, birinchidan, shikastlanish darajasi va “glaukoma” bosqichini aniqlash, ikkinchidan esa, eng muhimi, to‘g‘ri muolaja yo‘lini tanlash, dorilar va ularning miqdorini belgilash uchun zarur. Ushbu usul «oftalmoskopiya» deyilmoqda.

Bu boradagi yangi uskunalar kompyuter yordamida ko‘z soqqasi ichidagi eng kichik a’zolargacha ko‘rish va ularning holatini tahlil etish imkonini ham beradi. Olmon mutaxassislari yaratgan lazerli retinal tomograf shunday uskunalardan biri bo‘lib, shifokor uning yordamida ko‘rish nervi boshchasi holatiga, “sariq dog‘” sohasi va butun markaziy to‘rpardadagi vaziyatga baho bera oladi. Retinotomograflarning dastlabki namunalari o‘n yil avval chiqarilgan. Skanirlovchi konfokal lazerli oftalmoskop ularning eng yangisi bo‘lib, ko‘z qorachig‘ini kengaytirmasdan turib ham tadqiq olib borishga imkon beradi. Diodli lazerning to‘lqinsimon nuri ko‘z tubiga yo‘naltiriladi va uning barcha o‘lchamlarini ekranda kattartirib ko‘rsatadi. Bu yangi uskuna ko‘zning 22 ta eng muhim stereometrik o‘lchamlarini aniqlay oladi. Natijada shifokor ko‘z xastalanishi bo‘yicha to‘g‘ri tashxis qo‘ya oladi.

Inson ko‘zlari hamisha sog‘lom bo‘lishi uchun butun umr jon kuydirishi zarur. Biroq shunday davrlar ham bo‘ladiki, bu paytda ko‘zga nihoyatda katta e’tibor berishga to‘g‘ri keladi. Endi shifokorlar yangi uskunalarda olingan ko‘zning ichki tasvirlarini muayyan muddat o‘tgach olingan keyingi tasvirlarga qiyoslab, aniq tashxish qo‘yishi va ko‘zni vaqtida to‘g‘ri davolash yo‘llarini belgilashi mumkin.

Hozirgi paytda lazerli retinotomograf ko‘z shifokorlari ixtiyorida yetarli emas. Biroq umid qilish mumkinki, yaqin kelgusida bunday mo‘‘jizakor uskunalar nafaqat ilmiy markazlar, ayni paytda, mijozlar dispanser nazoratidan o‘tadigan joylarda ham keng qo‘llaniladigan bo‘ladi.

P.S. Amerikalik olimlar o‘tkazgan tajribaga ko‘ra, poldagi bo‘yoqlar rangi ham bosh aylanishiga olib kelishi mumkin ekan. 22 kishidan avval kulrang, so‘ng esa oq-qora tusdagi polga qarash so‘ralgan. Birinchi holda bir oz charchashdan tashqari boshqa holat kuzatilmagan. Biroq oq-qora tusdagi polga qarab turishgan odamlar boshlari aylangani, ko‘ngli ayniganidan shikoyat qilishgan. Mutaxassislar bu holni shunday izohlashadi: oq-qora rang ko‘z harakatida illyuziyani keltirib chiqarar ekan.

Demak, uyingiz yoki ishxonangiz uchun jihozlar (intererlar) tanlashda, albatta, buni hisobga oling.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 17-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.