background
logotype

Marko Poloni hayratga solgan Ozarbayjon shoyisi

Ozarbayjonning ko‘p asrlik tarixga ega shoyi ro‘moli – kelagayi (kəlağayı) YUNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Ganjaviy yurtida bir necha o‘n asr muqaddam ushbu kamyob shoyi libosni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Buyuk ipak yo‘lida joylashgan Ozarbayjonda azaldan hunarmandchilik, shu jumladan, ipakchilik taraqqiy etgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, mamlakatning Sheki, Shirvon, Basqal, Ganja, Naxchivon kabi shahar va qasabalarida kelagayi tayyorlangan.

1293 yilda Ozarbayjonga kelgan venetsiyalik sayyoh Marko Polo Shirvon shahrida bo‘lib, xalq amaliy san’ati ustalari ishi bilan tanishadi. Italyan jahongashtasiga, xususan, ozariy shoyi va zarbof xo‘b ma’qul tushadi. Marko Polo o‘z kundaliklarida bu haqda shunday yozadi: “Bu yurtning shaharu qal’alarida ipak serob. Bu yerda shoyi va zarbofdan tikiladigan go‘zal buyumlar dunyoning boshqa biror mamlakatida topilmaydi”.

Sayyohlar yurtma-yurt kezib ellararo robitani mustahkamlagan, yangi bilimlarning yoyilishiga xizmat qilgan. Shu tariqa XVII asrdan boshlab ozarbayjoncha kelagayi Hindiston, Rossiya, Italiya, Frantsiya va Angliyaga ham yetib borgan. Ma’lumotlarga qaraganda, 1862 yilda Londonda o‘tgan jahon xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasida ozariy usta Nosir Abdulaziz o‘zi tayyorlagan kelagayilar bilan qatnashib, sovrindor bo‘lgan.

Qadimdan kelagayini asosan erkak ustalar tayyorlagan. Qo‘ligul usta toza shoyi matoga tabiiy bo‘yoqlar yordamida naqshu nigor, handasaviy shakl yoki gullarning suratini solgan. O‘simlik bo‘yog‘idan foydalanilgani bois matoga berilgan bezaklar uzoq vaqt davomida o‘chmagan. Naqshu nigorlar hududlarga ko‘ra farq qilgan. Masalan, Sheki shahrida gazlamaga asosan yirik, Ganja va Qorabog‘da esa maydaroq naqshlar bilan oro berilgan. Har bir handasaviy shakl hamda naqsh ramziy ma’nolarga ega, ta’bir joiz bo‘lsa, hunarmandlar matolarga odam va olam haqidagi o‘z tasavvurlarini jo etgan.

O‘tmishda shoyi ro‘molning rangiga ko‘ra ayollarning yoshi yoki ijtimoiy mavqega baho berilgan. Yoshi ulug‘roq ayollar tim qora va bo‘g‘iqroq rangli kelegayi o‘ragan, qizlar esa tillarang, pushtirang kabi yorug‘ ranglarni afzal bilgan.

Nozik, ayni paytda pishiq shoyi ro‘mollar har qanday ob-havo sharoitida ayollarga asqotgan. Shu bois kelagayi asrlar davomida ozarbayjon ayollari tomonidan qadrlanib kelgan. Darvoqe, XXI asrda ham ushbu nafis buyumning ahamiyati pasaygani yo‘q.  

Ko‘p asrlik tarixga ega ushbu matodo‘zlik an’analari ayni paytda sulolalar tomonidan davom ettirilmoqda. Sirasini aytganda, kelagayi Ozarbayjon xalq amaliy san’ati, umuman, madaniyatining ajralmas tarkibiy qismiga aylangan. YUNESKO kelagayi an’anasini Insoniyatning nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritishda shu kabi jihatlarni inobatga olgan bo‘lsa ajab emas.

Hozirga qadar dunyo davlatlarining 300 ga yaqin nomoddiy merosi – an’ana, bayram, musiqiy asarlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, taomlar YUNESKO tomonidan e’tirof etilgan. Kelagayi san’atidan tashqari Ozarbayjonning maqomi, oshiq san’ati, tor cholg‘usi hamda gilamdo‘zlik hunari Insoniyatning nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Katta ashulasi, Shashmaqomi hamda Boysun madaniy merosi ham Insoniyatning nomoddiy merosi deb e’lon qilingan.

Sobir Salim

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.