background
logotype

“Mobilnik”ning zarari tan olindi

Bu yil saraton xastaligini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik va Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mobil telefonlari odamlarda xavfli o‘smalarni keltirib chiqarishini birinchi marta e’tirof etdi. Shu choqqacha bu haqda faqat taxminlar aytib kelingan bo‘lsa, endilikda nufuzli xalqaro tashkilotlar ham qo‘l telefonlarining zarari haqida uzil-kesil fikr bildirishdi.

Elektromagnit to‘lqinlari hamisha salomatlik uchun zararli, deb hisoblab kelingan. Agar u to‘g‘ridan-to‘g‘ri har kuni quloqqa yo‘naltirib turilsa, uning ichkarisidagi eshitish hamda ko‘rish a’zolari (ko‘z to‘rpardasi) faoliyatini ta’min etadigan murakkab asab to‘qimalariga ta’sir ko‘rsatib boradi. Ba’zi odamlar goho kuniga soatlab mobil telefonini quloqlaridan olishmaydi. Bu organizm uchun nihoyatda og‘irlik qiladigan “zararli yuk”dir.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ilgari mobil telefonlari zarari haqida rasmiy xulosadan tiyilib kelgan edi. Biroq o‘n uchta mamlakat ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotlarning natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, mobil telefonlarining salomatlik uchun xatarli ekanini tan olishga majbur bo‘ldi.

Mobil telefon tarqatadigan kuchli elektromagnit to‘lqinlari bosh miya to‘qimalarida o‘zgarishlar sodir etadi. Bosh miya to‘qimalarining zararlanishi, ayrim tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, birdaniga emas, balki oradan 15-20 yil o‘tgachgina aniq namoyon bo‘ladi. Shu sababli ular 2020 yilga borib bosh miya o‘smasi bilan xastalangan odamlar soni keskin oshib ketadi, deb hisoblashmoqda. Negaki, har kuni atigi 15 daqiqa mobil telefonda gaplashishning o‘zi miyada saraton o‘smasi hosil bo‘lishi uchun yetarlidir. Bunday telefonlarning, ayniqsa, bolalar uchun xatari kuchli. “Rossiyada hozir 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 15 milliondan ortiq bola va o‘smir shunday telefonlardan foydalanadi”, deydi federal tibbiyot biofizika markazi radiobiologiya laboratoriyasi boshlig‘i O.Grigorev. — Shu narsa aniqki, bolaning bosh miyasi elektromagnit energiyalarini kattalarga qaraganda ko‘proq yutadi. Shu bois, ularning aqliy rivojlanishi uchun mas’ul hisoblangan bosh miya bo‘lmachalari ham elektromagnit to‘lqinlari ta’siridan jiddiy zarar ko‘radi. Shu bois, mobil telefonidan foydalanuvchi bolalar, insoniyat tarixida birinchi marta, radioto‘lqinli diapazondagi elektromagnit maydonining zararli ta’siridagi “xatarli guruh”ga kiritildi.

Demak:

Bolalarga imkon qadar “mobilnik”ni bermang. Eng zarur hollardagina mobilnikdan foydalanishga harakat qiling. SMSlar yuborish orqali muloqot o‘rnatish zararsiz. Shundan foydalaning.

“Mobilnik”dan emas, shahar telefoni orqali qo‘ng‘iroqlashing.

Telefonni cho‘ntagingizda olib yurmang, sumkada yoki tanangizdan uzoqroq holda saqlang.

Gudoklar eshitilib, abonent bilan bog‘lanish jarayonida “mobilnik”ni quloqqa tutmang. Negaki, ayni shu paytda kuchli nurlanish tarqaladi.

Uxlayotganingizda telefon yoningizda bo‘lmasin. “Mobilnik”ni kami deganda o‘zingizdan 1,5 metr nariga qo‘ying.

Gaplashayotganda telefon boshingizga yaqin turmasligi uchun quloqqa taqiladigan eshitgich yoki simsiz jihozlardan foydalaning.

“AiF”ning 46-sonidan O‘zAS tarjimasi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.