background
logotype

O‘zga sayyoraliklar kelgani rostmi?

O‘zga sayyoraliklarning Yerga noma’lum uchar jism(NUJ)larda ko‘p bora kelgani va bu haqdagi barcha xabarlarni uydirma sifatida baholovchilarning bahsu munozaralari xorij matbuotida muhokama etilib, masalaga oydinlik kirituvchi yangi ma’lumotlar oshkor qilinmoqda.

Rossiyadagi AQSh va Kanada bo‘yicha tadqiqot olib boruvchi institut bosh ilmiy xodimiVladimir Vasilevning “AiF” haftaligiga ma’lum qilishicha, hozirgi paytda o‘zga sayyoraliklarning haqiqatan ham Yerga tashrif buyurganini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli. Bu hujjatlar uzoq vaqtdan beri sir tutib kelinayotir. Ya’ni V.Vasilevning o‘zga mamlakat ma’muriyatiga doir ko‘pdan-ko‘p “zerikarli” hujjatlarni o‘rganib borishi mobaynida shu narsa aniq bo‘lganki, amerikaliklar yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida Yerdan tashqaridagi Ong va uning mavjudligi bois, o‘zlariga qaratilgan tahdidlarni o‘rganishga davlat xazinasidan juda katta mablag‘ ajratib kelishmoqda.

Koinotdan bo‘ladigan tahdidlarning omma ongiga o‘rnashishi Nyu-Meksiko shtatida NUJlardan bittasi — dvigatelsiz uchish apparati va to‘rtta gumanoiddan iborat ekipajning halokatga uchrashidan boshlangan. Bu voqea tafsilotlarini 1947 yil 9 iyulda AQShdagi eng yirik ikki gazeta — “Nyu-York tayms” va “Vashington post” e’lon qilgan edi. Biroq ko‘p o‘tmay bu xabarlarga raddiya berilib, ular dushman tomon (ya’ni SSSR)ning yangi uchish apparatlari bo‘lgan, voqeani ko‘rganlar yanglishgan, degan ma’noda izoh beriladi. V.Vasilevning fikricha, bo‘lgan voqea shu tariqa sir tutilgan.

Uchish apparati diski bo‘laklari va uchuvchilar jasadlarini harbiy havo kuchlari yig‘ishtirib olib, ishonchli joyga yashirishadi. Ekspertlar soniga ko‘ra o‘ta sirli bo‘lgan “Majestik – 12”, deb nomlangan loyiha tuziladi va uning zimmasiga NUJlarni o‘rganish, ularning texnologiyalarini egallash vazifasi yuklanadi.

NUJlar halokati haqida matbuot agentliklariga yuborilgan press-reliz polkovnik Uilyam Blansher tomonidan tayyorlagan edi. Bir oz vaqt o‘tib skeptiklar uni avantyura va xayolparastlikka moyillikda ayblay boshlashadi. Blansher esa, Yaponiya shaharlari osmoniga bortida atom bombasini olib uchgan uchinchi bombardimonchi samolyot komandiri bo‘lgan. Boshqacha aytganda, u mamlakat rahbariyati qattiq ishongan harbiylardan edi. Blansher matbuotda ilk bor tilga olgan Rozuell aviabazasi mamlakatdagi eng yuqori texnologiyaga ega, bortiga yadro quroli olgan samolyotlarga qo‘nalg‘a bo‘lgan yagona baza edi. Mabodo halokatga uchragan diskolyot NUJ bo‘lmasdan, AQShning eng yangi harbiy loyihasi bo‘lganida, bu o‘ta muhim harbiy sirni matbuotda oshkor qilgani uchun polkovnik jazolanmasdan qolmasdi. Demak, o‘sha paytda harbiy zobit davlat manfaatiga zid biror-bir xatoga yo‘l qo‘ymagan.

Xo‘sh, unda nega yuz bergan voqea matbuotda ochiq muhokama qilina boshlagan? Rossiyalik tadqiqotchining fikriga ko‘ra, qisiq ko‘zli kichkina gumanoidlar olti yil avval Amerika flotiga hujum uyushtirgan yaponlarga juda o‘xshab ketgan hamda o‘sha Pyorl-Xarbordagi harbiy harakatlar hali ularning yodidan ko‘tarilmagan edi. Amerikaliklar Rozuell aviabazasi bilan bog‘liq voqeaga munosabatni bir necha marta o‘zgartirdilar: Eyzenxaur va Nikson davrida uni o‘ta sir tutdilar, Jonson va Reygan davriga kelib esa onda-sonda xabarlar chiqib ketishiga yo‘l qo‘yildi. Faqat Reygan davridagina koinotdan kelayotgan tahdid muammosi mamlakat birinchi rahbari tomonidan tilga olindi. BMT Bosh Assambleyasining 42-sessiyasida so‘zga chiqqanda Reygan o‘zga sayyoraliklarning bostirib kelish xavfi haqida bir necha jumlani aytib yuboradi.

* * *

Prezident Trumen memuarlarida Arktikada tushunib bo‘lmaydigan va hatto juda g‘aroyib, sirli voqealar yuz bergani anglashiladi. V.Vasilev shu va shu singari ma’lumotlarni tahlil qilib, ularni 1950 yilning 6 dekabrida AQSh shimoli-sharqida NUJning urib tushirilishiga bog‘laydi. Buning oqibatida amerikaliklar o‘zga sayyoraliklar bilan bo‘ladigan jangga tayyorlana boshlaganlar. Trumen hatto mamlakatda favqulodda holat e’lon qiladi. Buni Koreya bilan boshlangan urushga yo‘yish ham mumkin, biroq o‘sha vaqtning harbiy-siyosiy vaziyati tahlili bu versiyani tasdiqlamaydi.

Amerikaliklarni halokatga uchragan NUJ qoldiqlarini o‘rganish natijalari qo‘rqitib yuborgan. Negaki, o‘zga sayyoraliklarning uchish apparati Yer yaqinida ishlash uchun harorat, bosim, atmosfera parametrlari va kurramizning boshqa o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda maxsus yaratilgani ayon bo‘ladi.

Vladimir Sergeevich ishonchli dalillar asosida shunday taxminni ham ilgari suradi: saksoninchi yillarning boshida o‘zga sayyoraliklar AQSh rahbariyatidan halokatga uchragan NUJ bo‘laklari va uchuvchilar jasadini qaytarishni so‘ragan bo‘lishi mumkin. Ular Nevada shtatidagi o‘zga sayyoraliklar ob’ekti saqlanayotgan yashirin ombor qo‘riqchilarini gipnoz holatiga solgani ham ehtimoldan xoli emas.

Ehtimol, shuning uchun ham saksoninchi yillarda “yulduzlar urushi” g‘oyasi urfga kirib, “PRO” (raketaga qarshi mudofaa) loyihasi ishlab chiqila boshlanadi. Bu loyiha sobiq ittifoqqa qarshi emas, balki koinotdan kelayotgan xavf – ehtimol tutilgan urushga qarshi ishlab chiqilgan. 2005 yili sobiq prezident Klinton shunday deydi: “Bu joy Nevada shtatida (o‘zga sayyoraliklar uchish apparati bo‘lagi va uchuvchilar jasadlari topilgan joy) bo‘lib, jiddiy ob’ekt sanaladi, u yerda haqiqatan ham kelib chiqishi o‘zga sayyoraliklarga xos artefaktlar mavjud”.

* * *

NUJlarni o‘rgangan harbiylar va mutaxassislar AQSh hududida noma’lum uchar jismlar ko‘proq bo‘ladigan joyni aniqladilar. Bu joy Alyaskaning shimoli-g‘arbidagi hudud bo‘lib, aynan shu joyda “Raketaga qarshi mudofaa” sistemasi qurilishi jarayonida atmosferaning yuqori qatlamlarini o‘rganish uchun kuchli antennalar tizimi yaratildi. Bu tizim to‘qsoninchi yillar oxirida ishga tushirildi va tezda ko‘plab mish-mishlarning urchib ketishiga sabab bo‘ldi. Ulardan birida aytilishicha, amerikaliklar ionosferani o‘rganish bahonasida kuchli geofizik qurol yaratishgan. Bu qurol ishga solinsa, suv toshqinlari, to‘fonlar, zilzilalar, Yevropa yoki Shimoliy yarim sharning istagan mamlakati ustida dovul-bo‘ronlar hosil qilishi mumkin ekan.

Bu taxmindan farqli o‘laroq, V.Vasilev Alyaskadagi bu inshootni NUJlarning kutilmaganda paydo bo‘lib qolishini kuzatish uchun mo‘ljalalangan, deb hisoblaydi.

* * *

Shu o‘rinda NUJlar nega aynan Alyaskada ko‘proq paydo bo‘ladi, degan savol kelib chiqadi. Negaki, dvigatel qurilmasi bo‘lmagan, buning ustiga elektromagnit to‘lqinlari orqali tutishga bo‘y bermaydigan NUJlar Yerga magnit kuchlari chizig‘i bo‘ylab tushib kelarkan. Bu magnit kuchlari shimoliy geomagnit qutbidan janubiy geomagnit qutbi tomon yo‘nalgan. Diskolyotlar, ya’ni NUJlar shu chiziqlar bo‘ylab xuddi poezd temir yo‘l ustida yurgandek sirpanib siljiydi. Bizga bir necha ming yorug‘lik yili qadarli olis bo‘lgan yulduz turkumlaridan uchib kelayotgan bunday apparatlarning harakat mexanizmi g‘oyasini fanga Kaliforniya texnologiya institutining ikki astrofizigi Kip Torin va Maykl Moris kiritishgan...

Amerikaliklar Alyaskada qurgan tizim yana 36 joydagi shunday stantsiya (ko‘proq AQSh va Buyuk Britaniya hududidagi) bilan bog‘langan bo‘lib, ular birgalikda NUJlar harakatini kuzatadi. Vladimir Vasilevning fikricha, amerikaliklar shu tizim yordamida “uchar likopcha”larning o‘z hududlari osmoniga kirishining oldini olishni mo‘ljallashgan.

* * *

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ilm-fan taraqqiyoti erishayotgan natijalar insoniyatni koinot qa’ridagi bizga noma’lum o‘zga sayyoralar bilan aloqa o‘rnatiladigan kunlarga tobora yaqinlashtirmoqda. Jahonning mashhur olimlari e’tirof etganlaridek, XXI asrda o‘zga sayyoralar bilan bordi-keldilar oddiy voqeaga aylanib qoladi va bu, shubhasiz, insoniyat tafakkurini ham misli ko‘rilmagan darajada yangilaydi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 14-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.