background
logotype

Osmonning oq pardasi

Bolaligimda borliq hadsiz osmon cheksizday tuyulardi. Bag‘riga bolaligimni yashirgan cho‘lning osmoni tiniq ko‘k, kelinchakning moviy shohi ro‘moliday ko‘rkam bo‘lardi. Dashtning keng dalalarida bahor kezlari samoga tikilishni, o‘rkach-o‘rkach bulutlarni soatlab kuzatishni yaxshi ko‘rardim. Onam tabiatan kamgap, serfikr, sermulohaza, oqila ayol edi. Mening osmon haqidagi qiziqishlarim, bolalarcha o‘y-xayollarimni eshitib, «osmonning oq shohisi», «osmonning oq pardasi» haqida hikoyatlar aytib berardi. Jannati onam bu hikoyani o‘zi to‘qiganmi yoki birovdan eshitganmi, bilmayman.

Uning matal qilishicha, qadimda bir onaning to‘qqiz o‘g‘li bir qizi bo‘lgan ekan. O‘g‘illar ulg‘ayib otasidan qolgan mol-mulk, o‘rmonni, suvni bo‘lib olishibdi. Qobil o‘g‘illar yurtini bog‘u bo‘ston qilibdi, faqat bir nodoni o‘rmonga ega chiqib, daraxtlarni kesib, yog‘och qilib sotibdi. Nogahon nodon o‘g‘il yoqqan gulxandan o‘rmon yonib, osmonni tutun qoplab, tunda oy, yulduzlar ko‘rinmay qolibdi. Yolg‘iz qizi Oydinoy dashtga chiqib, yaratgandan olovni o‘chirishini so‘rabdi. Shunda sharros yomg‘ir quyib, o‘rmonda yana nihollar, dala-dashtda ko‘klik unib chiqibdi. Va chaqmoqdan ovoz kelibdi «Osmon bilan yer orasidagi pardani olov teshibdi...» Oydin qiz shosha-pisha sevgilisi tortiq qilgan oq ro‘molini shamolga uchiribdi. Shu-shu qizning ro‘moli osmonning oq pardasiga aylanibdi.

Onam aytgan o‘sha jo‘ngina ertak, “osmonning oq pardasi” haqida hali-hanuz o‘ylab yuraman. Rosti, onam menga osmonni anglatganmi, osmon onamni eslatadimi, anglay olmayman...

Anglagan haqiqatim, osmonning oq pardasi, bugun o‘ylasam, odamzodning tiriklik tirgagi, onamning jaydari qilib aytgani ozon qatlami ekan-da...

Onam aytgan chaqmoq, chaqnab yana borliq ko‘k tusga kirgani meni ko‘p o‘ylantiradi. Rivoyatlarda haqiqat bormi? Fanga ma’lumki, ozon momaqaldiroq bo‘lib, chaqmoq chaqqanda, ultrabinafsha nurlarning kislorodga ta’siri oqibatida hosil bo‘ladi.

Sayyoramizning havo qobig‘idagi kislorod havosidan doimiy ravishda ozon paydo bo‘lib turadi. Atmosferaning yuqori qatlamlari yerdan 20-40 kilometr balandlikda ozon hosil bo‘ladigan tabiiy makon hisoblanadi. Yerning stratosfera qismida ozon eng ko‘p to‘planadi va ozon qatlamini tashkil qiladi. Olimlarning ta’kidlashicha, atmosferada mavjud bo‘lgan ozon miqdori uch milliard tonnadan iborat bo‘lib, u havoning milliondan uch foizini tashkil etar ekan.

Afsuski, insoniyat o‘tgan asrda osmonni sanoat chiqindilari, is gazi bilan ifloslantirdi. Benzin bilan ishlaydigan avtomobillardan chiqqan gazlar, zavod va fabrikalardan havoga «tashlangan» tutunlar... Oqibatda osmonimizning “oq pardasi” yirtildi, tuynuklar hosil bo‘ldi. Natijada yer yuzidagi hayotni quyosh nuridan «panalab» turuvchi ozon tuynuklaridan oftobning o‘tkir ultrabinafsha nurlari tikka yerga tusha boshladi.

Qadimshunos olimlarning yozishicha, hayot dastavval Dunyo okeani suvlarida kislorodsiz muhitda paydo bo‘lgan ekan. Yer atmosferasini yorib o‘tgan o‘tkir ultrabinafsha nurlar uzoq davr mobaynida, taxminan, ikki million yil davomida, quruqlikda hayot rivojlanishiga yo‘l bermagan. Ozon taxminan 620 million yil avval paydo bo‘lgan, deb aytiladi. Biz bilamizki, borliqda (er bilan samo oralig‘ida) ozon qatlami vujudga kelgach, insoniyat dunyoga kelgan.

Bugunga kelib o‘z tomiga o‘zi «tosh» otgan odamzod buning oldini olish uchun qayg‘uryapti. Chunki hozirda ekologik vaziyat ancha murakkablashib boryapti. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bugun dunyoda odamlar quyosh nurlaridan ko‘zining to‘r pardasi xiralashishi, ultrabinafsha nurlarning tana terisiga salbiy ta’siri — so‘gal va o‘smalar paydo bo‘lishi, qon-tomirlarga ta’sir qilishi, immunitet pasayishi kabi xastaliklardan aziyat cheka boshladi.

«Ozon tuynugi» — ozon qatlamining teshilishiga ekologlarning ta’kidlashicha, vulqonlarning otilishi ham jiddiy sabab bo‘layapti. Chunki vulqon otilganda tarkibida oltingugurt birikmalari bo‘lgan gazlar havoga tarqaladi. Oltingugurt havodagi boshqa gazlar bilan aralashadi va ozon qatlamini yemiruvchi sulfatlarni hosil qiladi.

Yodga oling-a, 1991 yili Pinatubo vulqoni otilishi havoda sulfatlarning keskin oshishiga olib kelgandi. Afsuski, keyingi yarim asrda aviatsiya, kosmik raketalar ham ozon qatlamiga salbiy ta’sir eta boshladi. Tovushdan tez uchadigan samolyotdan azot oksidi otilib chiqadi va stratosfera ozoniga ta’sir etadi. Olimlar 1994 yilning 17 oktyabrida Antarktida ustida paydo bo‘lgan»ozon tuynugi»ni tasvirga tushirgan edi.

Sayyoramizda eng katta «osmon tuynugi» Yerning janubiy va shimoliy qutblarida qayd etilgan. 1957 yildan boshlab mutaxassislar shu teshikni Xalli qo‘ltig‘i, Antarktika, Britaniya antarktik stantsiyasida kuzatdilar. Olimlar so‘nggi paytlarda ozon tuynugi sayyoramizning janubiy yarim sharida ham shakllana boshlaydi, deya talqin etayaptilar.

Dunyo ekologlari Arktika ustida ham «ozon tuynugi»ning hosil bo‘lganini aniqladilar. Ularning ilmiy tadqiqotlari Arktikada qish mavsumining oxiri va erta bahorda stratosferada ozon hajmining 10-15 foizi yo‘qolib borayotganini ko‘rsatyapti. Afsuski ozon faqat qutb mintaqasidagina kamaydi, deb bo‘lmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, sayyoramizning shimoliy yarim shari ustida oxirgi 30 yil ichida ozon kontsentratsiyasi 3-5 foizga pasaygan. Shuningdek, Yerning janubiy yarim sharida ozon qatlamining siyraklashishi ekvator zonasida ham kuzatilgan. Ilmiy hisob-kitoblarga qaraganda yer yuzida yongan mahsulotlarning atmosferaga tashlanishi oqibatida 1500 tonnadan ortiq ozon yo‘qolishiga olib keladi.

O‘tgan asrning 30-yillaridan turmushimizga sovutgich uskunalar kirib kela boshlagan edi. Sovutgich tarkibidagi freonlar ozon qatlamini yemiruvchi moddalar sirasiga kiradi, ya’ni sovutgichlar ham osmonimizni “teshish”ga hissa qo‘shdi.

Ma’lumki, Monreal Protonomi qabul qilingach, unda qatnashuvchi mamlakatlar sovutgichlar ishlab chiqarishda ozonni yemiruvchi freonlardan voz kechish yo‘lini tanladilar. Rivojlangan mamlakatlar elektr energiyasini tejaydigan sovutgichlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, bizning respublikamiz ham.

Osmonning oq pardasi odamzodning hayotini muhofazalaydigan ne’matdir. Chunki ozon qatlami quyoshdan kelayotgan infraqizil nurlarning bir qismini yutib, tiriklik uchun kerakli miqdordagi qulay haroratni saqlab turadi.

Bir qarashda “ozon tuynuk”lari dunyoda bugun ro‘y berayotgan terrorizm, xunrezliklar, tabiiy ofatlar, daryolarga uzoqni o‘ylamay, o‘zboshimchalik bilan to‘g‘on solishlar oldida “biroz yumshoq” hodisaday tuyulishi mumkin. Ammo...

So‘nggi vaqtlarda jahon tibbiyoti “odamda immun tanqislikning oldini olish” kerak, deya jar solyapti. “Ozon tuynuk”lari esa tirik mavjudotlarda immunitet pasayishiga va uning tanqisligiga olib kelishini olimlar ta’kidlamoqda. Shunisi qiziqki, inson o‘z sog‘ligi ildiziga o‘zi “bolta” urib hosil qilgan “ozon yemirilishi”ga loqaydgina munosabatda bo‘ladi. Ortiqcha ultrabinafsha nurlanish mintaqasida joylashgan xududlarda, ayniqsa, yoz faslida nurlanishning salbiy ta’siri kuchayadi. Vaholanki, o‘tkir quyosh nurlari ko‘z gavharini xiralashtiradi, katarakta xastaligini keltirib chiqaradi.

Ozon qatlamining yemirilishi terisiga, DNK tuzilishiga salbiy ta’sir etadi, turli teri xastaliklarini keltirib chiqaradi. Agar havoda mavjud ozon qatlami 10 foizga kamaysa, ushbu kasallanish ko‘rsatkichi 26 foizga ortadi.

Dunyo olimlari “ozon tuynuk”laridan saqlanishning chora-tadbirlarini yaratishyapti. Bu borada juda ko‘p ishlar qilinyapti. Ammo odamzod o‘z sog‘ligi ustida o‘zi qayg‘uribgina qolmay, uni bartaraf etishga ozmi-ko‘pmi hissasini qo‘shish ustida ham qayg‘ursa... foydadan holi bo‘lmaydi-da.

Odatda, biz ekologik muammolarning sababini uzoqdan axtaramiz. Havo atrof-muhitning ifloslanishi, suvning bug‘lanishiga olib keladigan hodisalarni ko‘rib, bunday holatga loqaydmiz. Ba’zan biz shaharliklar maishiy chiqindilar orasiga iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolgan lampochkalarni qo‘shib tashlab yuboraveramiz. Vaholanki, lampochkalar singanda atrof-muhit, havoni zaharlashini, ozon qatlamini yemiradigan gazlarga aylanishini bilsak-da, baribir tashlayveramiz.

Mana, bahor fasli eshik qoqib turibdi. Hademay kunlar isib, aholi yashash joylari, maktab, bog‘cha, tashkilot, idora, jamoat joylarida obodonchilik ishlari saranjomlay boshlanadi, maishiy chiqindi, shox-shabba, barglarini to‘plab orastalik o‘rnatiladi. Ba’zilar, ayniqsa, xonadonlaridan chiqqan yaproqlarni yoqib yuboradilar. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir tonna xazon yonganda atmosfera havosiga 30 kilogramm uglerod oksidi tashlanadi. Yoki bitum yoqilganda undan ajralib chiqqan qurum inson organizmida sil va saraton kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Qishloqqa borganimda ko‘p kuzatganman. Odamlar yoz oylarida pana-pastqam, past-baland joylarda qovjirab qolgan o‘t-o‘lanni, hosildan bo‘shagan maydonlardagi poyalarni yoqib yuborishadi. So‘rasangiz: “Kim biladi, odamlar aytadi-ki, yoqilsa yer osti va ustidagi hasharotlar yo‘qolib, yanagi yili hosil mo‘l bo‘larmish...”, deyishadi mujmal qilib.

Aslida-chi, hisob-kitoblarga qaraganda, 1 gektar maydonda don poyasi yoki boshqa chiqindi yonganda atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kilogramm kul, 20 kilogramm is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi tashlanadi. Oqibatda “odamlar aytganiday”, ertaga shu maydondan mo‘l hosil olish o‘rniga, tuproq strukturasi buzilib, eroziya kuchayadi...

Otam yer “tili”ni bilgan inson bo‘lganidanmi, bir hovuch tuproq, bir qarich yerning zoe ketishiga yo‘l qo‘ymasdi. “Tuproqning ham zavoli tutadi” derdi olovda kuygan dalani ko‘rsa...

Bilmadim, taraqqiyotmi, sershovqin shaharda yashab diydamiz qotib ketyaptimi, har holda ko‘p narsaga e’tibor bermaymiz. Biz shaharliklar, sof havo naqadar zarurligini bilamiz, hammasini tushunamiz, ammo loqaydligimiz bor-da... Bir chekkasi “ozon qatlamini” asrash uchun katta-katta ishlar qilish kerak, deb yana o‘zimizni oqlab, yupatib ham qo‘yamiz.

Osmonni siz va biz, hammamiz asraymiz. Yo‘qsa, bir kun kelib osmon ham odamzodni “o‘z hukmiga solishi” mumkin emasmi!

Yaqinda bolalikni izlabmi, qo‘msabmi, Mirzacho‘lga bordim. Ota uyim ustidagi bir parcha osmonga uzoq-uzoq tikildim. Nazarimda, u biroz munkayib qolganday, boshimga soyabonday... Osmon yuzidan nigohlarimning izini topgandayman... Qo‘llarim beixtiyor boshim uzra sirpanadi, sochlarimda sirg‘anadi. O‘ylab qolaman, “Oh qaniydi, Oydin qizning oq shohi ro‘moli bo‘lsayu, osmonning yuziga oppoq harir parda qilib tortib qo‘ysam...”

Saida Sayhun

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 7-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.