background
logotype

Yilning eng so'nggi 11 ta texnologik yangiligi - Time 2006

Amerikaning Time jurnali joriy yilning 11 ta eng qiziqarli yuqori texnologik yangiliklari ro‘yxatini e’lon qildi. Atrofimizdagi olamni bizga yanada yaxshi, go‘zal va qulayroq qilib beradigan o‘ta murakkab texnika oddiy iste’molchi uchun mosdir. Zamonaviy texnologiya nafaqat yangi sohalarda qo‘llaniladi, ba’zan, ular ilgaridan bor hayotiy sohalarni o‘zgartirishga qodir.



Tunda ko‘rishga mo‘ljallangan avtomobil moslamasi
Mersedes-Benz S550 nafaqat radar, balki, tunda ko‘rishga mo‘ljallangan haqiqiy moslama bilan ham jihozlangan, Night View assist tizimi nurining maksimal uzunligi 150 metrga teng infraqizil fara va salondagi oq-qora tasvirli suyuq kristall ekrandan iborat. Monitor haydovchining qorong‘ida yo‘lni yaxshi ko‘rishiga yordam beradi.
Sotuvga chiqarilgan. Bahosi 85400 dollar.



Mototsikl xavfsizlik yostiqchasi
Mototsiklchilar ham avtohavaskorlar singari xavfsizlik vositalariga ega bo‘lishlari mumkin. Nonda kompaniyasi dunyoda ilk bor mototsikllar uchun xavfsizlik yostiqchalarini ishlab chiqardi. U xuddi avtomobildagi kabi bo‘lib, mototsikl old vilkasidagi bosim sensori signali bo‘yicha ochiladi. 
Tez kunda sotuvga chiqariladi.



Plyonkasiz yuqori sifat
Sanyo kompaniyasi yuqori sifatda tasvirga oladigan raqamli videokamera ishlab chiqardi. Bunday videokameralar yordamida ishlangan filmlarni hatto keng formatli televizorda ham ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, Xacti ND1 videokamerasida OLED organik nurli diodlar bilan qo‘llaniladigan yangi avlod texnologiyasi bo‘yicha yaratilgan ekran ham bor.
Sotuvga chiqarilgan. Bahosi 800 dollar.



Harakatlanadigan displeyli noutbuk
Intel kompaniyasi ekrani klaviaturaga nisbatan harakatlanadigan yangi noutbuk ishlab chiqardi. Displey ko‘z to‘g‘risigacha ko‘tarilishi yoki oldinga, klaviaturaning ustigacha siljishi mumkin. Harakatlanadigan monitorning yangi tizimi sayohatga ko‘p chiquvchilarga mo‘ljallangan.
Tizim Intel kompaniyasining hamkorlari joriy yilda ishlab chiqqan 1100 dollardan qimmatroq turadigan noutbuklarga o‘rnatilishi mumkin.



Ikki tomonlama noutbuk
Portativ kompyuterlar uchun Microsoft kompaniyasi ishlab chiqqan yangi tizim elektron pochtani o‘qish va hatto yopiq turgan noutbukdagi kompyuter musiqa pleerini boshqarish imkonini beradi. Yangi e-mail xabarlarini kompyuterning tashqi tomoniga o‘rnatilgan maxsus displeyda o‘qish mumkin. Slayd shou tizimi Windows Vista operatsion tizimi bilan ishlaydi hamda shu yil sotuvga chiqariladi.



Yumshoq klaviatura
Bozordagi  turli-tuman klaviaturalar qatoriga yumshoq portativ klaviatura ham qo‘shildi. Elektr o‘tkazgich mahsulotlari bilan shug‘ullanadigan Eleksen kompaniyasi istalgan paytda buklab, yig‘ib, cho‘ntakka solib qo‘yish mumkin bo‘lgan klaviatura ishlab chiqardi. 
2006 yil iyunidan sotuvga chiqariladi. Bahosi 150 dollar.



9 millimetr qalinlikdagi telefon
Yangi Samsung SGH-P 300 mobil telefon juda nozik, yupqa telefonlar qatorini boshlab bergan Motorola Razrning yanada nozik modeli bo‘lib, qalinligi bor-yo‘g‘i 9 millimetr. Garchi u elektron kalkulyatorga o‘xshasa-da, uch standartda ishlovchi, MP3- pleer va videoroliklar suratga olish mumkin bo‘lgan 1,3 megapikselli fotokamera o‘rnatilgan haqiqiy uyali telefon apparatidir.
Sotuvga chiqarilgan. Bahosi 600-700 dollar.



«Temir  erkak»
WowWee Robotics kompaniyasi Philips muhandislari bilan hamkorlikda «Temir erkak» — Smart Companion Operating Technology – SCOTY robotini yaratdi. Videokamera, Wi-Fi uzatkich  bilan jihozlangan mexanik xizmatkor og‘zaki buyruqlarni tushunadi, xo‘jayinga musiqa qo‘yib berishi yoki elektron pochta orqali kelgan xatni ovoz chiqarib o‘qib berishi mumkin. Bundan tashqari SCOTY uydagi tartibni saqlab, xo‘jayinga mehmonlar kelganini xabar qiladi. 
2006 yil sentyabrdan sotila boshlaydi. Bahosi 400 dollar.



Supermuzlatkich
Samsung  kompaniyasi  intellektual dasturlashtirilgan muzlatkich tayyorladi. To‘rt bo‘lmali apparatni sotib olgan kishi ikki quyi yashiklardagi temperaturani: 10 dan — 25 gradusgacha o‘zi tanlashi mumkin.
Sotilib boshlangan. Bahosi 3000 dollar.



Yashirin mikroto‘lqinli isitkich
Dekorativ panellarning panasiga o‘rnatiladigan muzlatkich va idish-tovoq yuvish mashinalari izidan oshxona yashigiga bemalol sig‘adigan mikroto‘lqinli isitkich ham paydo bo‘ldi. Sharp kompaniyasi mahsuloti bo‘lmish 28 litr hajmli Insight Pro mikroto‘lqinli isitkichni  yong‘in kelib chiqishidan qo‘rqmasdan bemalol standart oshxona yashigiga o‘rnatish mumkin.
2006 yil iyunidan sotuvga chiqariladi. Bahosi 850 dollar.



Vodoprovod krani suvning haroratini rang bilan ko‘rsatadi 
Delta kompaniyasi iste’molchiga suvning haroratini ranglar bilan ko‘rsatib turadigan kran ishlab chiqarmoqchi. Muhandislar, shu tariqa, iste’molchilarni tasodifiy kuyib qolishlardan ogohlantirmoqchilar. Brizo kraniga o‘rnatilgan elektron sensorlar suvning haroratini qo‘l ishorasi bilan o‘zgartirish imkonini beradi. 
Yaqin ikki yil ichida sotuvga chiqariladi. Bahosi 300 dan 500 dollargacha. 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.