background
logotype

Stounxenjning siri ochildi

Londondan 130 kilometr janubi-g‘arbdagi Uiltshir grafligida joylashgan paleolit davriga oid jahonga mashhur tosh balballarning siri ochildi va ular haqida hozirgacha oldinga surilgan g‘ayritabiiy nazariyalar puchga chiqdi.

Xo‘sh, mazkur yodgorlik besh ming yil muqaddam nima maqsadda qurilgan edi? Olimlar bu savolga uzoq vaqt javob izlashdi. Turli farazlar ilgari surildi. Keng tarqalgan ekzotik taxminga ko‘ra, bu yodgorlik o‘zga sayyoraliklarning o‘ziga xos ijodi bo‘lib, ular go‘yo tarashlangan katta-katta toshlarni yerliklarga qandaydir shifrli “noma” sifatida o‘rnatib qoldirgan emish. Balki bu toshlar yuksak taraqqiyotga erishgan o‘ta qadim tsivilizatsiyaning mahsulidir?! Bu toshlar uyumini buyuk majusiy Merlin yashirinadigan makon, sehrgar jodugarlar yig‘ilib qurbonlik uyushtiradigan joy, deb tusmollaganlar ham bo‘ldi.

Olimlar esa, mazkur jumboqqa ilmiy yondashib, bu toshlar qadimgi astronomik rasadxona, degan xulosaga kelishdi. Stounxenj o‘ziga xos “diskoteka maydoncha”si bo‘lsa kerak, degan eng so‘nggi taxmin haqiqatga yaqinroqday tuyulgandi. Xadersfild universitetining akustika va musiqa texnologiyalari bo‘yicha eksperti professor R.Till olib borgan tadqiqotlar natijasi ko‘rsatishicha, Stounxenjdagi tosh megalitlar tovushni a’lo darajada qaytarar va kuchaytirar ekan. Ularning doirasimon joylashtirilgani esa, hayratga soladigan darajada akustika hosil qiladi. Dastlab olim hamkasbi B.Fazenda bilan birgalikda kompyuterda inshootning asl shaklini virtual tarzda yaratib, bunga ishonch hosil qilishdi. So‘ng ular Stounxenjning Vashington shtatidagi Merixill shahri atrofida aynan o‘zidek yaratilgan nusxasini borib ko‘rishdi va o‘zlari ilgari surgan g‘oyani shu joyda amalda sinab ko‘rishdi. Ayon bo‘lishicha, xalqa shaklida o‘rnatilgan toshlar doirasi markazidan chiqayotgan tovushlar inshootning istalgan nuqtasida juda aniq-tiniq eshitilarkan.

— Kuyning tezligi daqiqa sayin 160 zarbga yetganda aks-sado va uning ta’sirida maftunkor ohanglar hosil bo‘ladi, — deydi Till. — Bu o‘ziga xos ritm bo‘lib, aynan shu yerda odamlar juda tezkor raqslarga tushganidan dalolat beradi. Ehtimol, bu marosim raqslari bo‘lgandir?!

Nihoyat, bu masalada endilikda butunlay yangi nuqtai nazarlar ilgari surilmoqda. O‘n yil davomida olib borilgan arxeologik tadqiqotlardan so‘ng olimlar shunday xulosaga kelishdi: Stounxenj Britaniya hududida yashagan qavmlar birligi sharafiga tiklangan yodgorlik. “Stounxenj sohilbo‘yi loyihasi“ ustida ishlayotgan olimlar oldin aytilgan barcha taxminlarni rad etgan holda, mazkur yodgorlik uzoq vaqt mobaynida bir-biriga qarshi turib kelgan shimoldagi va g‘arbdagi qabilalarning yakdillikka erishuvi sharafiga qurilgan, degan fikrni ilgari surishmoqda. Ehtimol, janubiy Angliya va g‘arbiy Uelsdan keltirilgan bu yirik toshlardan ularning jamoa bo‘lib ziroatchilik bilan shug‘ullangan ajdodlari timsoli aks ettirilgandir?..

— Britaniya hududida tosh asrining so‘nggi davrida yashagan qabilalar aynan mazkur yodgorlik barpo etilgan vaqtda, ya’ni eramizdan oldingi uch minginchi va ikki yarim minginchi yilliklarda birlasha boshlaganlar, — deydi tadqiqot rahbari M.Pirson. — O‘sha davrning madaniyati ham butun orol bo‘ylab keng yoyilgan: bir xil andozadagi uylar, sopol buyumlar va boshqa uy-ro‘zg‘or jihozlari Orknidan to janubiy sohillarga qadar aynan o‘xshaydi. Stounxenj yodgorligi qurilishining o‘zi ham favqulodda keng miqyosli bo‘lgan: olis g‘arbiy Uelsdan yirik toshlarni tashib keltirib, ularni tarashlab o‘rnatishda minglab odamlar ishtirok etgan. Bunday ulkan miqyosdagi ishning o‘zi odamlarning yakdilligini, birgalikdagi harakatini taqozo etgani bois, yodgorlik o‘zaro birlashuv ramziga aylangan.

Olimning fikricha, aynan tosh yodgorlik uchun Uiltshir grafligidan joy tanlangani ham tasodif emas. Qadim zamonlardan bu joy xosiyatli sanalgan. Pirson va uning hamkasblari alohida e’tibor berganlaridek, toshlarning ikki qator qilib, quyoshning yozgi va qishki turishi mo‘ljalga olinib (quyoshning ekvatordan janubiy yoki shimoliy nuqta orqali o‘tishida eng uzoq turishiga moslab) o‘rnatilganida ham hikmat bor. Ya’ni bu joyning landshafti va relefi yozgi quyosh turishi vaqtida oftobning chiqishini hamda qishki quyosh turishi ­vaqtida uning botishini kuzatish imkonini bergan.

— Quyosh traektoriyasining yer relefi va landshafti yordamida odatdan tashqari bunday tabiiy nuqtalar bilan belgilanganini tasodifan ko‘rib qolib, shuni angladikki, qadimgi qabilalar bu joyni “olam markazi“, deb bilganlar, — deydi M. Pirson. — Stounxenj hududida quyoshning turishiga moslab sakkizta balbal joylashtirilgani (bu sonni boshqa biror joyda uchratmaganimiz) ham shundan dalolat beradi.

Olimlarning guvohlik berishicha, Stounxenj yodgorligi barpo etilgan 5 — 4,5 ming yil muqaddam quyoshning qishki turish davri yilning eng muhim vaqti hisoblangan.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 29-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.