background
logotype

Tabiiy antibiotiklar

Hapdorilarni bejiz zaharga mengzashmaydi, agar me’yordan sal oshsa ular zaharga aylanadi. Hapdori shaklidagi antibiotikning salbiy ta’siri esa, bundan ham battar. Shu bois, ularni bo‘lar-bo‘lmasga ichavermang. Negaki, tabiiy antibiotiklar yetarli. Tabiat yaratgan ne’matlar hapdorilardan ko‘ra ming bora afzal. Ularning ta’siri kuchli bo‘lmasa-da, kimyoviy usulda tayyorlangan doridan ko‘ra foydaliroq, ya’ni organizmga zarar qilmaydi. Shifobaxsh ­giyohdan tayyorlangan tabiiy antibiotikdan, avvalo, kasallikdan himoyalanish va uning oldini olish, qolaversa, og‘ir kechmayotgan xastalikni davolash maqsadida foydalanish zarur. Kasallik kuchaygan holdagina kimyoviy hapdorilarga o‘tish kerak.

Amalda barcha o‘simliklar o‘zida antibiotik modda ishlab chiqaradi. Biroq shunday giyohlar ham borki, ulardagi antibiotik moddalar organizmdagi kasallik qo‘zg‘ovchilarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, piyoz va sarimsoqni ko‘pchilik biladi. Quyida keng ommalashmagan giyohlarning shifobaxshligi xususida so‘z yuritamiz.

“Vera” aloesi. Aloening 250 turi mavjud. Biroq sahroda o‘suvchi “Vera” aloesini shifokorlar xush ko‘rishadi. Uning tarkibida 160 xil modda mavjud bo‘lib, jumladan, atsemanan moddasi ham virus, zamburug‘ bakteriyalarini qira olishi, ham immunitetni mustahkamlashi bilan e’tiborga loyiq. U kasallikdan himoyalovchi va davolovchi xosiyatlarga ega.

Qatiq, ma’danli suv, bijg‘itilgan karamni bo‘tqa qilib, ularga teng miqdorda “Vera” aloesi sharbatini qo‘shib ­kuniga bir yoki ikki qoshiqdan ichib yursangiz, shamollashdan saqlaydi.

Sabzavot va meva sharbatlari tayyorlashda unga aloe qo‘shsa ham bo‘ladi. Bozorlarda sotilayotgan boshqa turdagi aloelar va ularning suvda eritilgan yoki kontsentratlanganini xarid qilish tavsiya etilmaydi. Ularda kerakli tabiiy moddalar kam. Yaxshisi “Vera” aloesini gultuvakda o‘stiring. Bu oson va arzon.

Toshcho‘p. Bu giyohning tarkibida foydali moylar, antiseptiklar juda ko‘p. U shamollashga qarshi eng yaxshi vositadir. Qulayligi shundaki, toshcho‘pni bemalol choyga o‘xshatib damlasa bo‘ladi. Tuyilgan bir choy qoshiq toshcho‘pni 250 ml. qaynagan suvga solib damlab, efir moylari uchib ketmasligi uchun sochiq yopib qo‘ying. 15 daqiqadan so‘ng issig‘ida ichish zarur. Bu shamollashning oldini oladi. Bordiyu kasallik zo‘rayib, qattiq yo‘tal tutsa, kuniga 5 piyolagacha ham ichish mumkin.

Greypfrut donlari ekstrakti juda kuchli antibiotik hisoblanadi. Unda 800 xil bakteriya shtammlariga va 100 xil zamburug‘larga qiron keltiradigan quvvat bor. Biroq uy sharoitida greypfrut donlari ekstraktini tayyorlash qiyin. Yaxshisi uning tayyorini sotib oling. Faqat unutmangki, undan uzoq vaqt foydalanilsa, mikroorganizmlar o‘rganib qolishi mumkin.

Propolis. Mikroorganizmlar propolisga moslasha olmaydi. Shu jihati bilan u greypfrut donlari ekstraktidan afzal. Shamollashga chalinmaslik uchun propolisning o‘n tomchisini bir stakan suvda eritib, uch-to‘rt hafta kuniga uch mahaldan ichib yuring. Bu muolajani bir yilda bir necha bor takrorlang. Masalan, shamollash mavsumi, olis safar, ta’tillar, bayramlar oldidan.

Choy daraxtining moyi. Choy daraxtini choy butasi bilan adashtirmang. Bu shifobaxsh ne’mat ham ter chiqaradi. Antiseptik sifatida ko‘p dorilardan afzal.

Shamollashning oldini olish uchun choy daraxti moyini ichish shart emas, uning 3-4 tomchisini aromachiroqda bug‘latib, xonangizni dizenfektsiyalasangiz ham bo‘ladi. Bronxit va yo‘talda esa choy daraxti moyining 3-5 tomchisini bir osh qoshiq zaytun yog‘iga aralashtirib, ko‘krak va yelkaga surish zarur.

Bu o‘simliklar piyoz va sarimsoq bilan birga kuchli tabiiy antibiotiklar hisoblanadi. Biroq tsitruslar oilasiga mansub bergamot, dolchin, jambil, qora archa, lavanda (binafsharang gulli xushbo‘y o‘simlik), chinnigul, oregano, kalendula, xren va gorchitsa arashtirilgan limon ham tabiiy antibiotikdir. Ularni iste’mol qilish salomatlik uchun foydali.

“Sabzini qaymoq bilan birga iste’mol qilish kerak”, deydi shifokor Ye. Bondareva. Negaki, sabzida A darmondorisi bor, u yog‘da eriydigan vitaminlar guruhiga kiradi. Ya’ni sabzi me’dada yaxshi hazm bo‘lishi uchun, avvalo, o‘t zardobi bilan birikishi zarur. O‘tning ajralishi esa, o‘z navbatida, taomning yog‘liligiga bog‘liq. Taom qancha yog‘li bo‘lsa, o‘t shuncha ko‘p ajraladi. Sabzi yog‘li ne’matlarga kirmaydi, shu sababli uni iste’mol qilganda o‘t kam ajraladi va tabiiy ravishda sabzidagi A darmondorisi organizmga yaxshi singimaydi. Agar qirg‘ichdan chiqarilgan sabziga qaymoq yoki smetana aralashtirib iste’mol qilsangiz A darmondorisi nafidan ko‘proq bahramand bo‘lasiz.

Nonushtaga tuxum va... kartoshka. Amerikalik parhezshunos J. Smitning aytishicha, bu taomlar semirib ketishning oldini oladi. Biroq boshqa perhezshunoslar qishda uglevod va oqsillardan tiyilmaslikni ham maslahat berishadi. Makaron ham, yog‘siz go‘sht ham qish oylari organizm uchun quvvat bo‘ladi.

— Kartoshka tarkibida foydali biriktiruvchi to‘qimalar ko‘pligi uchun u ortiqcha vaznni yo‘qotishga ham yordam beradi, — deydi J. Smit. — Kartoshkadan tayyorlanadigan pecheniy esa nihoyatda foydali. Bir dona o‘rtacha pecheniyda 1500 milligramm kaliy, 6 gramm oqsil, 300 dan kamroq kaloriya bor. Ertalab yuguradigan, fitnes bilan shug‘ullanadiganlar uchun bir bo‘lak pishloq yoki yangi sabzavotlar bilan birga kartoshkadan qilingan pecheniy eng yaxshi notushta.

— Bundan tashqari, tuxumni ham unutmang, — deydi J.Smit. — Uning tarkibidagi oqsil va to‘yimli moddalar vaznni me’yorda ushlashga yordam beradi. Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, tuxumni xush ko‘ruvchilar kuniga 300 kaloriya kam energiya oladilar va bir oyda kamida bir kilo vazn yo‘qotishadi. Shu sababli nonushtada, albatta, bir-ikki dona tuxum yeyish kerak. Har kuni bo‘lmasa ham, haftada 3-4 marta tuxum iste’mol qilgan yaxshi.

AiF saytidan tarjima.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 9-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.