background
logotype

Tuxum sarig‘ining shifosi

Shimoliy Karolina universiteti olimlari tuxumni muntazam iste’mol qilish ayollarda ko‘krak saratonining oldini olishini aniqlashdi. Tuxum tarkibidagi xolin moddasi — V guruhiga doir darmondori shunday xususiyatga ega ekan. Tibbiyotda bu moddadan faqat saratonning oldini olish uchun emas, xotirani yaxshilash va aterosklerozni davolashda ham foydalaniladi. Tibbiyot xodimlariga ma’lumki, organizmdagi barcha to‘qimalar uchun xolin nihoyatda zarur bog‘lovchi vosita. Asab to‘qimalari esa, bu moddasiz normal faoliyat ko‘rsata olmaydi. Organizm bir kecha-kunduzda 455 milligramm xolin moddasi qabul qilsa, ko‘krak bezi o‘smasi hosil bo‘lish xavfi 24 foizga kamayadi.

Amerikalik olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bir dona tuxumda taxminan 125,5 mg. vitamin mavjud. Rossiyalik olimlar esa, organizmning bir kecha-kunduzda xolinga ehtiyojini qondirish uchun ikki dona tovuq tuxumini (tuxumning yuz grammida 570 mg. xolin moddasi mavjud, bitta tuxum o‘rtacha 47 gramm keladi) iste’mol qilish kifoya, deb hisoblashadi. Tuxum pishirilganda yoki qovurilganda xolin parchalanmaydi. Uning asosiy manbai tuxum sarig‘idir. Bedana tuxumida esa, xolin ko‘proq. Xolin faqat tuxumda emas, balki sut-qatiq mahsulotlari, yogurt, kefir, yog‘li slivka, qaymoq, suzma-tvorog va molning miyasida ham mavjud. Baliqda esa qaymoqdagi bilan teng miqdorda mavjud. O‘simlik yog‘lari tarkibida xolin u qadar ko‘p emas.

Miya faoliyatini yaxshilash, sut bezlari o‘smalarining oldini olish uchun ham tez-tez tuxum yeb turish zarur. Tuxumdan ­parhez saqlovchilar, xolinni hapdori sifatida ichgani ma’qul.

Kuz va qish oylarida to‘yib uxlolmaslik sababini professor T. Pilat shunday izohlaydi:

— Kuz va qish oylarida kunning yorug‘ vaqti nihoyatda qisqa, shuning uchun ko‘p vaqtimizni sun’iy yorug‘lik ta’sirida o‘tkazamiz. Bu esa tetiklik davrini uzaytiradi. Shunday qilib, ming yillar mobaynida shakllangan bioritm buziladi, organizmning “biologik soati” o‘tkir sun’iy yorug‘lik bilan ziddiyatga kirishadi. Keyingi paytda o‘tkazilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, sun’iy yorug‘lik organizmda melatonin gormoni ishlab chiqarilishini susaytiradi. Faol harakatda bo‘lish yoki dam olish, shuningdek, ovqatlanish vaqtini belgilashga yordam beruvchi “biologik soat” genlari ishi mana shu gormon miqdoriga bog‘liq. Uning yetishmasligi uyqu maromining buzilishiga olib keladi.

Lazer yordamidagi muolajaningfoyda vazararini doktor S.Agapkin shunday izohlaydi:

— Lazerning infraqizil nurlari biror to‘qimani shikastlamasdan, organizmning eng chuqur a’zolariga qadar yetib boradi. To‘qimalarning modda almashuv jarayonini faollashtirib, qon aylanishini yaxshilaydi, og‘riq qoldiruvchi va yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Lazerli muolaja qon va o‘smalar bilan bog‘liq xastaliklarda tavsiya etilmaydi.

www.aif.ru saytidan tarjima.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 3-son

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.