background
logotype

Uyqu va salomatlik

— Insoniyat zamonaviy tamaddunning yangi-yangi bosqichlariga qadam qo‘ygani sari to‘yib uxlamaydigan kishilar soni oshib bormoqda. Bunga uyquni behuda vaqt o‘tkazish, deb hisoblovchilar ko‘paygani ham sabab bo‘lmoqda, — deydi akademik Yakov Levin. — Aslida bu noto‘g‘ri tushuncha. Ovqatlanish, muomala, hattoki ichkilik ichish madaniyati ham bor ekan, demakki, uyqu madaniyati ham bo‘lishi zarur. Aks holda salomatlikka ziyon yetadi.

Uyqu madaniyati hali u qadar shakllanmagan. Ko‘pchilik muayyan vaqtda yotib, muayyan vaqtda uyg‘onishni, uyqudan oldin sayr qilish, tunda so‘kinmaslik, yotishdan oldin to‘yib ovqatlanmaslik va ko‘p ichib qo‘ymaslikni uyqu madaniyati, deb tushunadi. Biroq juda kamchilik bunga rioya etadi. So‘ng esa: “Ko‘p ishlayman, harakatchanman, lekin negadir uyqumning mazasi yo‘q”, deya taajjublanishadi.

Tunda ishlashning zarari ko‘p. Biroq hayotning ham o‘z talabi bor. Shu bois, uyqu vaqtini ish uchun sarflash hollari yuz berishi tabiiy. Amerikalik mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, hozirgi zamon odamlari haftasiga uch soat kam uxlaydigan bo‘lishgan. Buning biror-bir yaxshi jihati yo‘q. Negaki, genetik jihatdan shakllangan mexanizmga ko‘ra, odamning quyosh botgandan so‘ng uyquga ketib, tongda uyg‘onishi tabiiy hol. Elektrning kashf etilishi mazkur xronobiologik muvozanatni o‘zgartirib yubordi. Holbuki, inson a’zoi badani uchun zarur gormonlarning aksariyati uyqu paytida hosil bo‘ladi. To‘yib uxlamaslik semirishga, ayollarda hayz tizimi va boshqa jarayonlar buzilishiga olib keladi.

Bundan tashqari, uxlaganda biz uyg‘oq paytimizda sarf etgan kuch-quvvatni tiklaymiz, ichki a’zolarimiz o‘z holatidan bosh miyaga xabar beradi. Agar odam muttasil (bir oydan ko‘proq) to‘yib uxlolmasa, bu uning intellektual imkoniyatlari kamayishi, xotirasi zaiflashishi va boshqa muammolar tug‘ilishiga olib keladi. Ginnesning rekordlar kitobida eng uzoq uxlamagan, ya’ni 264 soat (11 kecha-kunduz) davomida uyg‘oq holatda bo‘lgan odam qayd etilgan. Shu narsa ham ayonki, odam faqat besh kungacha uxlamay yurishi mumkin, biroq shundan so‘ng yurib borayotib, ko‘zi ochiq holda ham mizg‘ishga majbur bo‘ladi. Negaki, biologik jihatdan hamma narsadan uyquning ehtiyoji qattiq: odam suvsiz o‘n kunga, taomsiz esa bir oygacha ham chidashi mumkin. Biroq uyqusiz...

Tibbiyot nuqtai nazaridan odamga bir kunda 5,5-6 soatli uyqu yetarli bo‘lishi mumkin. Bundan ortig‘i esa, har bir odamning individual xususiyatlariga ko‘ra belgilanadi. Buni aniqlash uchun ta’til payti har kuni bir vaqtda yotib, istagancha uxlang. Bir necha kundan so‘ng, uyquga to‘ygach, aytaylik, ertalab soat o‘n birda emas, soat yettida uyg‘onadigan bo‘lasiz. Mana shu vaqt uyqungiz uchun eng kerakli muddat hisoblanadi. Bundan kami — kam, ortig‘i — ortiq!

Tadqiqotchilarning fikricha, agar odam yil davomida haftasiga hatto bir oqshom uyqudan qolib ishlasa ham bu uning salomatligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmas ekan. Ya’ni bu holda kishining xafaqon, me’da yarasi, qandli diabet kasalliklariga boshqalarga qaraganda besh marta ko‘proq chalinish ehtimoli bor. Shu bois bir oqshom uyqudan qolgan kishiga ikki kecha to‘yib uxlash tavsiya etiladi.

Ayrimlar uyqusi buzilganiga ko‘pam tashvishlanmaydi. Bugun bo‘lmasa ertaga uxlab olarman, deb bu holatga bee’tibor qarashadi. Aslida esa, bu organizmda kechayotgan jarayonlar me’yorida emasligiga nozik bir ishora. Ikkinchi xato esa alkogolli ichimlikdan uxlatuvchi vosita sifatida foydalanishda namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri, bunday ichimlikning ta’siri bor, biroq hech kim buning uchun zarur bo‘lgan o‘ttiz grammning o‘zi bilan kifoyalanmaydi-da... Uchinchi xatolik esa, uxlatuvchi dori-darmonlarga ro‘ju qo‘yishdir. Hozir bunday vositalarning organizmga ziyoni kamroq bo‘lgan yangi turlari chiqqan. Ulardan tanlab foydalansa bo‘ladi. 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 32-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.