background
logotype

Yurak xastaligiga nima sabab bo‘ladi?

http://ziyouz.uz/images/yurak.jpg

Yurak-qon tomir xastaliklari har yili 17 milliondan ziyod kishini hayotdan olib ketadi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNYeSKO jahon ahli e’tiborini bugunga kelib yurak kasalliklari o‘ziga xos epidemiyaga aylanganiga qaratmoqda. Vaqtida xastalikning oldini olish, o‘z sog‘ligiga ongli munosabatda bo‘lish bu epidemiyadan saqlanish imkonini beradi.

Yurak-qon tomir kasalliklari va insult kelib chiqishiga, asosan, yuqori qon bosimi, qonda xolesterin va glyukoza miqdori oshishi, chekish, sabzavot va mevalarni yetarli darajada iste’mol qilmaslik, ortiqcha vazn, semirib ketish va jismoniy faollikning sustligi sabab bo‘ladi.

Yurak xastaliklarining oldini olish yo‘llari barcha uchun umumiy. Yurak doim sog‘lom bo‘lsin, desangiz quyidagilarga amal qiling:

— jismoniy faollik; istagan sport turi bilan shug‘ullanish; keksalar uchun, agar ilgari sport bilan faol shug‘ullanmagan bo‘lsa, kuniga 30-40 daqiqa yurish kifoya;

— to‘g‘ri ovqatlanish; qizil go‘sht, garnirlarni ortiqcha iste’mol qilmang, shirin, sho‘r va xamirli taomlardan qancha tiyilsangiz, shuncha yaxshi;

— kun tartibi va sog‘lom uyquga rioya etish; to‘yib, tiniqib uxlash; to‘shak, yostiq ortopedik jihatdan qulay va qattiq bo‘lsin;

— hissiyot va sezgi, organizmning noxush belgilariga e’tibor berib, muammoni shifokor yordamida vaqtida bartaraf etish;

— chekish, ichkilik ichish, asabiylashish, ortiqcha ovqatlanish kabi nojoiz odatlardan voz keching; ular yurakni zo‘riqtiradi;

— kayfiyat hamisha chog‘ bo‘lsin; ruhiy siqilish, asabiylashish yurak faoliyatiga ta’sir qiladi; o‘zingizni ulardan asrang;

— me’yorni unutmaslik; hayotda hamma narsada — ovqatlanish, sport, ish, piyoda sayrda, eng muhimi, me’yorni saqlang.

Yurak xastaliklari sekin rivojlanadi. Bosh og‘rig‘i, bosim oshib-tushishi, yurak atrofi simillab og‘rishi bu xastalikning ilk belgilari bo‘lishi mumkin. Shu sababli har bir-bir yarim yilda kardiolog shifokorga murojaat etish lozim. Ayniqsa, 45-50 yoshdan so‘ng organizmning barcha a’zolarini, xususan, yurakni alohida tekshirtiring. Agar yurak bilan bog‘liq holda quyidagi belgilar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling:

— ko‘krak qafasidagi og‘riq;

— bosh aylanish, terlash va darmonsizlik;

— sababsiz hushdan ketish;

— yurak urishi o‘zgarishi bilan birga lohaslik kuzatilganda;

— terida rangsizlik; oyoqlarda tez-tez shish paydo bo‘lsa;

— nafas siqilsa.

Yurak xastaliklarini davolashdan ko‘ra oldini olish oson. Shu sababli yuqorida sanalgan belgilarni charchoq yoki oddiy lohaslik, deb tushunmaslik kerak.

Yurakni sog‘lom holda saqlash uchun, akademik Leo Bokeriya ta’kidlaganiday, birinchi navbatda, to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor bering. Qizil go‘shtni ko‘p iste’mol qilmang. Ame­ri­ka astronavtlari amal qiladigan parhez yaxshi samara beradi. Ular iste’mol etadigan taomning asosini qaynatilgan go‘sht va baliq tashkil etadi. Go‘sht qaynaganda tarkibidagi yomon yog‘lar ko‘pik bilan chiqib ketib, yengil hazm bo‘ladi. Qaynatilgan sabzavotda kletchatka ko‘p to‘planadi. Bu taomlarga xamirli, shirin va sho‘r garnir tavsiya etilmaydi. Hayotingizni to‘g‘ri tashkil eting. O‘zingizga yoqadigan joyda yashang va ishlang, o‘zingizga yoqadigan odamlar bilan muomalada bo‘ling.

Kun tartibiga amal qiling va, albatta, to‘yib uxlang. Jismoniy faollikning o‘zingiz uchun qulay turini tanlang. Yurak xastaliklarining oldini olishda tabiiy usul bu — piyoda yurish. Piyoda sayr qon bosimi oshishining ilk davrida yaxshi samara beradi. Kuniga 30 daqiqa piyoda yurish kifoya. Hayotga hamisha umid va ishonch bilan qarang, hayotsevarlikni kanda qilmang.

Kayfiyat yomonligi ruhiy va kimyoviy asoslarga ega. Ular bir-biri bilan bog‘liq. Aytaylik, kayfiyat yomon, asabiy holatda bo‘lsa, uyqu ritmi ham buziladi. Uyqu uzuq-yuluq bo‘lsa testosteron, somatostatin kabi bir qator gormonlar ishlab chiqilishi to‘xtaydi. Bu gormonlar esa, o‘z navbatida, asab tizimi, shu jumladan, ish va yurak faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Salbiy hissiyotlarni jilovlash, hayotdan zavq olish san’atini egallash oson emas, biroq salomatlikni saqlash uchun juda zarur. Serjahl odamlar boshqalarning, ayni chog‘da, o‘zlarining hayotini ham zaharlaydi. Shu sababli asab buzilgan holatlarda autotrening va yoga mashqlari bilan shug‘ullangan afzal. Ko‘plar odatlanib qolganidek, divanda yotgancha televizor ko‘rish, bir shisha pivo yoki chipsa, chekish bilan hordiq chiqarish yaramaydi. Buning o‘rniga to‘shakka biroz cho‘zilib, ko‘zni yumgan holda ozroq dam olish maqsadga muvofiq.

Shuni ham aytish zarurki, O‘rta yer dengizi aholisi maxsus parhezga amal qilgani bois, yurak-qon tomir xastaliklariga 10 yil kech (59-63 yoshda) chalinarkan. Biroq boshqa iqlimlarda yashovchilarga tozalanmagan yormalar, qattiq navli bug‘doydan tayyorlangan makaron, zaytun yog‘i, meva va sabzavotdan iborat bu parhez qanday naf berishi ayon emas. Qaynatilgan go‘sht, baliq va sabzavotlar asosidagi amerika astronavtlari parhezi esa hammabopdir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 47-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.