background
logotype

02.05.2007. Vladimir Putinning vorisi kim?

Rossiya parlamentiga maktub yuborgan president bu savolni ochiq qoldirishni afzal bildi


Rossiya jamiyati taruddudda. 2008 yili vakolat muddati yakunlanadigan prezident Vladimir Putin o‘rniga yangi davlat rahbarini saylash taraddudida. Rossiya davlat rahbarining ikkinchi prezidentlik muddati tugayotgan bir pallada mamlakatning katta va kichik siyosiy doiralarida voqealarning kelgusi rivoji qanday bo‘lishi qizg‘in muhokama qilinyapti. O‘tgan hafta prezident Vladimir Putin mamlakat qonun chiqaruvchi idorasi — Federal kengashga maktub yubordi. An’anaga ko‘ra har yili jo‘natiladigan ushbu murojaat xatida davlat rahbarining kim bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga ham javob olinishi kutilgan edi. Biroq  ko‘pchilikning kutganiga qarshi o‘laroq, prezident Putin parlamentga murojaatida undan keyingi rahbar kim bo‘lishi borasidagi munozaralarga munosabat bildirmaslikni ma’qul deb bildi. Agar Vladimir Putin o‘z merosxo‘ri nomini tilga olishni lozim topganda, ayni shu chiqishda aytishi kerak edi. Chunki bu taniqli siyosatdonning qonun chiqaruvchiga idoraga prezident sifatida yo‘llagan eng so‘nggi murojaati edi...

Rossiya rahbarining maktubi uning o‘tgan yetti yillik faoliyati borasida o‘ziga xos sarhisob bo‘ldi deyish mumkin. Parlament a’zolariga murojaatda Rossiya yaqin o‘tgan yillarda sanoat inqirozini bartaraf etib, dunyoning rivojlangan yirik o‘n davlati qatoriga kirgani ta’kidlangan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada oxirgi yillarda qashshoqlik darajasi ikki baravarga kamaydi, aholining daromadlari ham shuncha miqdorda ko‘tarildi.

Prezident Putin Rossiya saylov qonunchiligida kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar, ovoz berish tizimining demokratik talablardan kelib chiqib takomillashtirilganini inqilobiy hodisa sifatida baholagan. Yil oxirida Rossiyada parlamentning quyi palatasi — Davlat dumasiga saylov bo‘lishi rejalashtirilgan. Prezident ana shu siyosiy hodisa arafasida Rossiya ichki ishlariga tashqi davlatlarining ta’siri kuchayib borayotganidan xavotir bildirgan. Davlat rahbari Federatsiyani faqat tanqid qilish yo‘liga o‘tib olgan guruhlar Rossiya boyliklaridan oldingi davrlardagi kabi bemalol foydalanish va Fedaratsiyani siyosiy-iqtisodiy mustaqillikdan ayirishni maqsad qilishganini ta’kidladi.

Hozirda G‘arb mamlakatlarida Rossiya matbuot erkinligi, umuman, demokratiya tamoyillari chegaralanayotgan davlatlar qatorida tilga olinadi. Ana shu munosabatga o‘z e’tirozini bildirgan Vladimir Putin mamlakatda oxirgi yillarda ommaviy axborot vositalari miqdori keskin oshgani, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jonlangani, bu esa demokratik davlat yo‘lida erishilayotgan yutuqlar ekanini ta’kidlagan.

Prezident o‘z murojaatida mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga ham alohida to‘xtalgan. Xususan, yuqori iqtisodiy rivojlanish holatiga qaramasdan fuqarolar baribir uy-joy muammosini davlat yordamisiz hal qilisholmayotganini e’tirof etdi. Ana shu muammo yechimi yo‘lida bundan buyon neft va gaz savdosidan olinadigan daromadning salmoqli qismi aynan ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish uchun yo‘naltirilishini ma’lum qilgan.

Davlat rahbari o‘z maktubida sanoatning turli sohalari rivojlantirish, xom ashyo eksportidan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga o‘tish zarurligini ta’kidladi. Xususan, transport tizimini taraqqiy ettirish va Rossiyaning aviasozlik, kemasozlik borasidagi yetakchiligini qaytarish lozimligiga urg‘u berdi.

Zamonaviy dunyoda ilm-fan har qanday mamlakat taraqqiyotining birlamchi omillaridan biri sanaladi. Prezident Putin ham ana shu dolzarb masalaga e’tibor qaratgan. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda nanotexnologiyalar sohasini rivojlantirish uchun 180 milliard rubl ajratilishi ko‘zda tutilgan. Fanning qolgan yo‘nalishlariga ham shuncha miqdorda mablag‘ berilishi rejalashtirilgan.

Vladimir Putin parlamentga yo‘llagan maktubida yana bir kutilmagan ma’lumotni bildirdi. Bunga ko‘ra, endilikda Rossiya Yevropada qurolli kuchlarni qisqartirish borasidagi shartnomadan bir tomonlama chiqadi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan shov-shuv o‘laroq qabul qilingan qarorni Rossiya rahbari shunday izohlagan: qurollanishni chegaralash to‘g‘risidagi bitim 1990 yili Varshava shartnomasi tashkiloti va NATO o‘rtasida imzolangandi. O‘tgan davr mobaynida sharqiy harbiy blok tarqab ketdi. Bu bilan esa faoliyatini to‘xtatgan tashkilot doirasida tuzilgan bitimni amal qilishga asos ham qolmadi.

Shuningdek, Vladimir Putin qurollanishni chegaralash to‘g‘risidagi bitimdan chiqish qaroriga NATOning Rossiya chegaralariga qadar yetib kelgani, bu borada Shimoliy ittifoq Kreml bilan umuman hisoblashmayotgani ham sabab bo‘lganiga ishora qilgan.

Sobirjon YOQUBOV

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.