OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

03.09.2005. BESLAN FOJEASIGA 1 YIL (arxiv)

2004 yilning 1 sentyabri Shimoliy Osetiyaning kichik shaharchasi aholisi — beslanliklar uchun g‘am-qayg‘u va kulfat kuni sifatida uzoq xotirlansa, ajab emas. Chunki shu kuni quvonch va hayajon bilan yangi o‘quv yilining ilk kunini bayram qilishga kelgan shahardagi 1-maktabning o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari bir guruh terrorchilar tomonidan garovga olingandi.

 Natijada qon to‘kildi, hali bu dunyoga to‘ymagan, yap-yangi kiyim kiyib, ne-ne orzu-umidlar bilan uyidan chiqqan bolakaylaru farzandi kamolini ilm olishda deb ularni qo‘lidan yetaklab kelgan ko‘plab ota-onalar mana shu fojea qurboniga aylandi.

Kuni kecha mana shu voqea sodir bo‘lganiga bir yil to‘ldi. Bir yil davomida beslanlik onalar hamma aybdorlar topilishini va jazolanishini talab qilib, bir necha bor Shimoliy Osetiya Oliy sudi binosi yonida tong ottirishdi. Mana shu voqeani o‘rganib, yetarli xulosa chiqarish, nobud bo‘lgan farzandlari ruhini shod etish uchun kurashish maqsadida tashkil etilgan “Beslan onalari” qo‘mitasi aybdorlar jazolanishini istaydi. Aytish joizki, ushbu qo‘mita o‘tgan yilning 1 sentyabridagi fojeada farzandlarini, yaqinlarini yo‘qotgan onalardan tashkil topgan.

“Biz hech narsadan shikoyat qilmaymiz va bu bizning haqiqatni izlash yo‘lidagi birinchi va so‘nggi qadamimiz emas, bundan keyin ham haqiqat ro‘yobga chiqishi uchun kurashamiz”, — deydi Interfaks axborot agentligi muxbiriga bergan intervyusida “Beslan onalari” qo‘mitasi raisi Susanna Dadieva.

Onalar nimadan norozi? Beslan fojeasi sabablari o‘rganildi va tirik holda qo‘lga olingan yagona aybdor Nurpashi Kulaev ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Nurpashi o‘z jazosini o‘tayapti. Ammo onalarning fikricha, Beslan fojeasini uyushtirganlar hali ham tirik va ular hali-hamon yana bir yovuzlikka tayyorlanmoqda. Garovga olishni uyushtirganlarning rahbarlari topilishi va ular ham jazoga tortilishi kerak. “Birinchi navbatda Kulaevni emas, aynan operativ shtab rahbarini topish kerak”, deyiladi onalarning Shimoliy Osetiya Ichki ishlar vazirligiga sud hukmidan norozi bo‘lib yozgan xatida. Interfaks ma’lumotlariga asoslanib, Bi-bi-sining yozishicha, xuddi shunday xat onalar tomonidan Rossiya bosh prokurori nomiga ham yo‘llangan. “Garovga olish chog‘ida operativ guruh a’zosi bo‘lganlar ustidan jinoiy ish qo‘zg‘ash kerak”, deyishmoqda ular. Qo‘mita faollari Nurpashi Kulaev ustidan olib borilayotgan sud jarayoni davomida tun bo‘yi ham sud binosi yonidan ketmagan. “Beslan onalari” garovga olinganlarni qutqarish chog‘ida faqatgina buyruqni bajaruvchilar halok bo‘lganligiga ishonishadi.

Bu onalar har haftada ikki kun Nurpashi Kulaev ustidan o‘tayotgan sud jarayonida qatnashdilar. “Nurpashi sud jarayonida ko‘zlarini yerdan uza olmay, oyoq kiyimini diqqat bilan “o‘rganib” o‘tirdi”, deb yozadi sudda qatnashgan Bi-bi-si muxbiri.

Sudda yuzlab guvohlar va Beslan fojeasidan aziyat chekkanlar so‘roq qilindi. 14 yoshli Malik Kalchakaev juda sekin va to‘xtab-to‘xtab boshidan o‘tkazganlarini aytib berdi. Unga bu fojeani eslash og‘ir edi. Malik “Garovga olinganimizning ikkinchi kuni hammamiz juda-juda chanqadik va ayollar bizga o‘z peshobimizni ichishimizni aytishdi. Kichkina bolalar ham peshob ichishga majbur edi”, dediyu ortiq gapira olmay, yig‘lab yubordi. Shu lahzalarda Nurpashi Kulaevga sudya Tamerlan Aguzarov “Eshit, Kulaev, eshit!” deganda ham hatto boshini ko‘tarmadi. Sud zalida o‘tirgan bir onaxon “U terrorchini menga beringlar, men uni burdalab tashlayman” deb baqirdi. Bunday xitoblar sud davomida odatiy holga aylandi.

“Biz asl haqiqatni bilishimiz kerak, — dedi Beslanda 9 yoshli o‘g‘lidan ayrilgan Zalima Guburova. — Agar haqiqat yuzaga chiqmas ekan, bunday fojealar takrorlanaveradi. Onalar bolasiz, bolalar onasiz qolaveradi”.

2 sentyabr kuni “Beslan onalari” Rossiya prezidenti V.Putin bilan uchrashadi. Ular bu sanani 11 oy kutishdi.

Eslatib o‘tamiz, 2004 yilning 1 sentyabrida terrorchilar Beslan shaharchasidagi 1-maktabni garovga olgan va uch kun davomida 1000 dan ortiq kishi garovda ushlab turilgandi. Fojea nihoyasidagi xulosalarga ko‘ra, 300 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan va ularning ko‘p qismini bolalar tashkil qilgandi.

Sharifa Madrahimova

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.